Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining
buyrugʻi
Temir yoʻl kesishmalaridan foydalanish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 28-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3363-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi 806-son “Yoʻl harakati sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2022-yil 10-martdagi 4-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Temir yoʻl kesishmalaridan foydalanish qoidalariga (roʻyxat raqami 3363, 2022-yil 19-aprel) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2022-y., 10/22/3363/0322-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-fevral,
2-son
Kelishildi:
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2025-yil 15-fevral
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2025-yil 19-fevraldagi 2-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Temir yoʻl kesishmalaridan foydalanish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandda:
uchinchi xatboshidagi “asosiy yoʻllar” degan soʻzlar “asosiy temir yoʻllari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻlda harakatlanish jarayonida va uning ishtirokida sodir boʻlgan, fuqarolar vafot etgan yoki ularning sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, transport vositalari, inshootlar, yuklar shikastlangan yoxud boshqa moddiy zarar yetkazilgan hodisa;
yoʻl harakati ishtirokchisi — yoʻl harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yoʻlovchisi yoki piyoda sifatida bevosita ishtirok etayotgan shaxs”;
yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qatnov qismi — yoʻlning relssiz transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan qismi;”;
toʻqqizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“piyoda — transport vositasidan tashqarida boʻlgan va yoʻlda biror-bir yumush bilan band boʻlmagan shaxs. Nogironligi boʻlgan shaxslarning dvigatelsiz aravachasida harakatlanayotgan, velosiped, moped, mototsikl, elektromototsikl, skuter, individual harakatlanish vositalari, chana, aravacha va bolalar yoki nogironligi boʻlgan shaxslar aravachasini yetaklagan, shuningdek, harakatlanish uchun rolikli konkilar, dvigatelsiz samokatlar va boshqa shularga oʻxshash vositalardan foydalanayotgan shaxslar ham piyodalarga tenglashtiriladi;”;
oʻn toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“transport vositasi — yoʻlovchilarning, bagajning, yuk bagajining, yuklarning, pochta va kuryerlik joʻnatmalarining yoki maxsus ishlarni amalga oshirish uchun uskunalarning yoʻllarda harakatlanishi yoki tashilishi uchun moʻljallangan qurilma;”;
oʻn sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“haydovchi — transport vositasini boshqaruvchi shaxs. Transport vositasini boshqarish oʻrgatilayotganda oʻrgatuvchi shaxs haydovchi hisoblanadi. Ot aravani boshqarayotgan hamda hayvonlarni minib harakatlanayotgan shaxslar haydovchiga tenglashtiriladi;”.
2. 2-bandning “a” kichik bandi birinchi va ikkinchi xatboshilari, “v” kichik bandining birinchi xatboshisi hamda 10-banddagi “qatnashchilari” va “qatnashchilarining” degan soʻzlar tegishli ravishda “ishtirokchilari” va “ishtirokchilarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 21-bandning “g” kichik bandidagi “asosiy yoʻllar” degan soʻzlar “asosiy temir yoʻllari” degan soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.03.2025-y., 10/25/3363-2/0211-son)