O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
TIJORAT BANKLARI TOMONIDAN FERMER XO‘JALIKLARIGA BO‘LG‘USI HOSILNI GAROVGA OLGAN HOLDA KREDIT BERISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 16-aprelda 1337-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 19-avgustdagi 347-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 1337-5, 19.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-oktabrdagi PF-3342-sonli “2004—2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-sonli “2004—2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2004—2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklariga bo‘lg‘usi hosilni garovga olgan holda kredit berish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olingan kundan 10 kun o‘tgach amalga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-mart,
563-son
Tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklariga bo‘lg‘usi hosilni garovga olgan holda kredit berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-oktabrdagi PF-3342-son “2004 — 2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi, 2012-yil 22-oktabrdagi PF-4478-son “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son “2004 — 2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tijorat banklari tomonidan fermer xo‘jaliklariga bo‘lg‘usi hosilni garovga olgan holda kredit (keyingi o‘rinlarda — kredit) berish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom asosida kreditlar davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga qaytarishlik, to‘lovlilik, ta’minlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Davlat ehtiyoji uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib bermaydigan fermer xo‘jaliklarini kreditlash Kichik tadbirkorlik subyektlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2546, 2013-yil 27-dekabr) asosida amalga oshiriladi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olgan fermer xo‘jaliklariga g‘alla yetishtirish uchun “O‘zdonmahsulot” tayyorlov korxonalari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomasi summasining 30 foizigacha miqdorida, ushbu kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olmagan fermer xo‘jaliklariga kontraktatsiya shartnomasi summasining 80 foizigacha miqdorida kredit berilishi mumkin.
Jamg‘arma kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olgan paxta xomashyosi yetishtiradigan fermer xo‘jaliklariga ushbu kredit kontraktatsiya shartnomasi summasining 20 foizgacha miqdorida, ushbu kredit liniyalari hisobidan imtiyozli kredit olmagan fermer xo‘jaliklariga beriladigan kredit miqdori kontraktatsiya shartnomasi summasining 70 foizigacha miqdorda beriladi.
3. Kreditlar mazkur Nizomda belgilangan shartlar asosida kreditni qaytarishga qodir bo‘lgan qarz oluvchilarga shartnoma asosida 1,5 yilgacha (18 oy) bo‘lgan muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz mijozning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i joylashgan manzil bo‘yicha beriladi.
4. Kreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkalari miqdori qarz oluvchi va bank o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga ko‘ra kredit shartnomasi asosida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tijorat banklari ushbu kreditlar bo‘yicha imtiyozli foiz stavkalari belgilash borasida qaror qabul qilish huquqiga egalar.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan to‘ldirilgan (ro‘yxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
5. Kreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlar uchun beriladi:
qishloq xo‘jaligi texnikasi, ehtiyot qismlar va uskunalarni xarid qilish;
yonilg‘i-moylash materiallarini xarid qilish;
mineral o‘g‘it, o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari, veterinariya dori-darmonlari sotib olishga
MTP, muqobil MTP, shirkat xo‘jaliklari, SIU (suv iste’molchilari uyushmalari), boshqa xo‘jalik subyektlari xizmatlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
(5-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
g‘alla hosilini o‘rish va paxta xomashyosi yig‘im-terimi xarajatlari uchun to‘lovlar;
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan to‘ldirilgan (ro‘yxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
bevosita g‘alla va paxta xomashyosi ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar uchun.
II. Kreditlarni rasmiylashtirish tartibi
6. Kredit olish uchun fermer xo‘jaligi uning asosiy depozit hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatayotgan bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:
kredit olish uchun ariza;
tayyorlov tashkilotlari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari nusxalari;
pul oqimi tahlili majburiy tarzda ko‘rsatilgan biznes-reja;
qarz oluvchining tegishli davlat soliq inspeksiyasiga taqdim qilgan oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-shakl), shuningdek 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar to‘g‘risida hisobot (2-shakl);
(6-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
kreditni qaytarish ta’minoti.
7. Olinadigan kreditning qaytarish ta’minoti sifatida qarz oluvchi bankka o‘ziga uzoq muddatga ijaraga berilgan yerdan joriy yilda olinadigan bo‘lg‘usi hosilni ta’minot sifatida taqdim etadi.
Bunda bank va fermer xo‘jaligi o‘rtasida bo‘lajak hosilni garovi shartnomasi imzolanadi. Shartnomada garovga qo‘yilgan hosilni “O‘zdonmahsulot” va “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi tayyorlov korxonalariga va boshqa xo‘jalik subyektlariga sotishdan tushgan barcha pul mablag‘lari birinchi navbatda ushbu kreditlar va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni to‘lashga yo‘naltirilishi to‘g‘risidagi shartlar belgilab qo‘yiladi.
(7-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 27-fevraldagi 4/2-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-4, 22.03.2016-y.) tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 12-son, 114-modda)
Shuningdek, garov shartnomasiga fermer xo‘jaligi tomonidan bo‘lg‘usi hosilni kredit bergan bank-benefitsiar foydasiga ixtiyoriy sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisini ilova etishi shart.
8. Kredit so‘rab, mazkur Nizomning 6 va 7-bandlarida ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlarni ilova qilgan holda, berilgan arizaning bankka kelib tushgan kundan boshlab, ushbu ariza bo‘yicha bank tomonidan kredit berish yoki rad qilish haqida xulosa berish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 6-iyundagi 12/10-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-3, 18.06.2015-y.) tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 24-son, 324-modda)
9. Kredit shartnomasi tuzilganidan so‘ng kredit bo‘limi boshlig‘i (xodimi), beriladigan kreditning miqdori, muddati va foiz stavkasini ko‘rsatgan holda, ssuda hisobvarag‘ini ochish to‘g‘risida buxgalteriyaga farmoyish beradi.
III. Kreditlarni berish, hisobini yuritish va kreditni qaytarish tartibi
10. Bank va fermer xo‘jaligi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolanib, u amalga kiritilganidan keyin, bank fermer xo‘jaligi uchun alohida ssuda hisobvarag‘ini ochadi va undan qarz oluvchining to‘lov topshiriqnomalari asosida faqat naqd pulsiz shaklda to‘lovlarni amalga oshirish yo‘li bilan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, ushbu Nizomning 5-bandida keltirilgan ekinlarni yetishtirish xarajatlarining har bir turini moliyalashtirish uchun beriladigan kreditlarning eng ko‘p miqdorini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan har yilgi hosil uchun tasdiqlangan agrotexkartalardan kelib chiqqan holda belgilash tavsiya etiladi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining 2005-yil 9-aprel, 6/3-son qaroriga muvofiq xatboshi bilan to‘ldirilgan (ro‘yxat № 1337-1, 30.04.2005-y.) — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 17-18-son, 137-modda)
11. Berilgan kreditlar 13301 — “Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan g‘allani yetishtirish uchun berilgan qisqa muddatli kreditlar” va 14301 — “Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta xomashyosini yetishtirish uchun berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
12. Alohida ssuda hisobvaraqlari bo‘yicha berilgan kreditlar kredit bo‘limining farmoyishiga binoan muddatli majburiyatlar bilan rasmiylashtiriladi, ular to‘liq so‘ndirilgunga qadar kreditlash muddatlariga bog‘liq holda 91901 — “Qarzdorlarning qisqa muddatli kreditlar bo‘yicha majburiyatlari”, 91905 — “Qarzdorlarning uzoq muddatli kreditlar va lizinglar bo‘yicha majburiyatlari” deb nomlangan hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
13. Tijorat banklari tomonidan kreditdan foydalanishning butun muddati davomida doimiy monitoring amalga oshiriladi va u qarz oluvchi tomonidan uning loyihasi va kredit shartnomasi shartlarining amalga oshirilishiga har tomonlama ko‘maklashishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Banklar tomonidan monitoring amalga oshirilish tartibi, berilgan kreditlar boshqa maqsadlarda ishlatilgan qarzdorga nisbatan qo‘llaniladigan javobgarlik choralari kredit shartnomasida belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
14. Monitoring jarayonida fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilayotgan ekinlar holati va ularni parvarishlash bo‘yicha zarur agrotexnika ishlarining o‘tkazilishi va kreditdan samarali hamda maqsadli foydalanish bo‘yicha joylarga borib o‘rganishlar o‘tkazib turiladi. Ekinlar (to‘liq yoki qisman) mavjud bo‘lmagan yoki ular ahvolining qoniqarsizligi, jumladan, agrotexnika tadbirlarining muddatida amalga oshirilmasligi, ekin maydonini begona o‘tlar bosib ketgani, sug‘orilmaganlik natijasida ekinlarni nobud bo‘lish xavfi vujudga kelgani va shunga o‘xshash holatlar sababli yetarli hosil to‘planmasligi xavfi vujudga kelsa, bank kreditlashni to‘xtatadi hamda berilgan kredit va unga hisoblangan foizlarni muddatidan oldin undirib oladi. Ushbu holatlar kredit shartnomasida kelishib olingan bo‘lishi lozim.
15. Kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi, ularni undirish oyda bir marta, kredit shartnomasida kelishilgan sanada amalga oshiriladi. Olingan kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarning qoldig‘i va asosiy qarz to‘lovi qarz oluvchining maxsus 23210, 23220-sonli hisobvaraqlariga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini tayyorlov korxonalariga sotishdan tushgan mablag‘lar hisobidan birinchi navbatda amalga oshiriladi. Bunda hisoblangan foizlar kredit bo‘yicha qarzdan oldin undirib olinadi.
Fermer xo‘jaliklari kredit bo‘yicha asosiy qarz va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatdan oldin qaytarish huquqiga egalar.
16. Qarzdorning 23210, 23220-sonli maxsus hisobvarag‘idagi mablag‘lar olingan kredit va unga hisoblangan foizlarni to‘lash uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, foizlar va kredit qoldig‘ini undirish qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘ida mavjud mablag‘lar hisobidan qonunchilikda belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.
Bunda hisoblangan foizlar va kredit qoldig‘i muddati o‘tgan ssudalar hisobvarag‘i orqali undirib olishga taqdim etiladi, u bo‘yicha muddatli majburiyatnomalar esa 2-kartotekaga joylashtiriladi
17. Qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘ida hisoblangan foizlar va kredit qoldig‘ini undirish uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda qarzdorlik Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada (ro‘yxat raqami 2342, 2012-yil 15-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 11-son, 127-modda) belgilangan tartibda undiriladi. Kreditlarni qaytarishda birinchi navbatda foizlar undiriladi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 9-iyundagi 17/4-sonli qarori (ro‘yxat raqami 1337-2, 22.06.2012-y.) tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 25-son, 287-modda)
18. Agar qarzdor tomonidan yetishtirilgan hosilni sotishdan tushgan mablag‘lar va uning talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘laridagi mablag‘lari bank kreditini va hisoblangan foizlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishga yetarli bo‘lmagan taqdirda, bank bo‘lg‘usi hosilni sug‘urtasi to‘lovidan olingan mablag‘larni kreditni va hisoblangan foizlar to‘lovini amalga oshirishga yo‘naltiradi.
Hosilni sotishdan hamda sug‘urta to‘lovlaridan tushgan mablag‘lar hisoblangan foizlar va kreditni qaytarishga yetmagan taqdirda bank tomonidan kredit va hisoblangan foiz qoldig‘i O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabridagi 422-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarning kreditlari bo‘yicha qarzdorlik o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish tartibi”da belgilangan tartibda undirib olinadi.
19. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi, Yer resurslari davlat qo‘mitasi hamda Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi bilan kelishildi.
Moliya vaziri M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri A. JO‘RAYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi raisi M. ASQAROV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Yer resurslari davlat qo‘mitasi raisi E. QURBONOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi raisi S. QOBILOV
Toshkent sh.,
2004-yil 27-fevral.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 15-son, 182-modda, 2005-y., 17-18-son, 137-modda; 2012-y., 25-son, 287-modda; 2015-y., 24-son, 324-modda; 2016-y., 12-son, 114-modda)