O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tasdiqlash haqida
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axboroti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilsin.
3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
2023-yil 5-dekabr,
KSQ-7-son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2023-yil 5-dekabrdagi KSQ-7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida
AXBOROTI
I. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi va konstitutsiyaviy islohotlar
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konstitutsiya) davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlash uchun huquqiy asos bo‘ldi.
Konstitutsiyaning referendum yo‘li bilan qabul qilinishi xalq hokimiyatchiligi prinsipining eng oliy ko‘rinishi sifatida unga yuqori legitimlik bag‘ishlaydi. Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarni yaratdi.
Konstitutsiya bilan milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari, davlat hokimiyati, ijtimoiy-siyosiy institutlarning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yangicha yondashuvlar belgilab berildi. Xususan, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatchilik tamoyillari o‘zgarmas qoida sifatida mustahkamlandi.
Ijtimoiy davlat konstitutsiyaviy prinsipidan kelib chiqib, davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish maqsadida davlatning ijtimoiy roli va majburiyatlari sezilarli darajada oshirildi, ijtimoiy adolat hamda birdamlik prinsiplari joriy etildi.
Konstitutsiyada huquqiy davlat prinsipidan kelib chiqib, “inson — jamiyat — davlat” tizimi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar bilan mustahkamlandi. Xususan, unda ilk marotaba insonlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat qonunga muvofiq va sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi, “sukut saqlash” huquqi, huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik, yetarlilik prinsiplariga asoslanishi, inson va davlat organlari o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi mustahkamlandi.
Insonning uy-joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari ham kuchaytirildi. Xususan, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u ko‘rgan zararlarning o‘rni oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi davlat tomonidan Konstitutsiya darajasida kafolatlanishi fuqarolarning mustaqil konstitutsiyaviy huquqi hamda boshqa konstitutsiyaviy iqtisodiy huquqlarini amalga oshirish kafolati sifatida namoyon bo‘ladi.
Konstitutsiyada demokratik davlat prinsipini ta’minlash bo‘yicha muhim qoidalar belgilandi. Xususan, unda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o‘rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari ajratilishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli joriy etildi. Bu davlat hokimiyati samaradorligini yanada oshirish hamda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini hududiy darajada tatbiq etish imkonini beradi.
Konstitutsiyada fuqarolar va yuridik shaxslarga sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga (keyingi o‘rinlarda — Konstitutsiyaviy sud) shikoyat qilish (sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingandan so‘ng) hamda fuqarolarga inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish (davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingandan so‘ng) konstitutsiyaviy huquqlarining taqdim etilishi davlat tomonidan fuqarolarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish masalasiga jiddiy munosabat bildirayotganligini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi va huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi mamlakatda so‘z erkinligi muhitining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamladi. Shu bilan birga Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgar ekanligi belgilanganligini inobatga olib, ommaviy axborot vositalarini ishonchli manbalardan tekshirilgan, xolis va to‘g‘ri axborotni tarqatishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiya xalqimiz tafakkurining mahsuli sifatida fuqarolarning dunyoqarashi va huquqiy ongini sezilarli darajada yuksaltirdi, ayniqsa, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladigan huquqiy hujjat sifatida qabul qilinishi natijasida kundalik hayotda Konstitutsiyaga murojaat qilinishi o‘z navbatida davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirdi.
Konstitutsiya global va mintaqaviy tahdidlarga javob berishi hamda mamlakatda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya jarayonlari uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lishi bilan bir qatorda uning normalarini amalga oshirish davlat organlari oldiga keng ko‘lamli va mas’uliyatli vazifalar qo‘yishini ham qayd etish zarur.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini vakolatli davlat organlari bilan birgalikda fuqarolarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga oid konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish mexanizmlarining mazmun-mohiyatini ochib berish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga chaqiradi;
2) dunyoviy davlat konstitutsiyaviy prinsipining belgilanishi fuqarolarning vijdon erkinligini to‘laqonli ta’minlashi uchun xizmat qilishini qayd etadi hamda ushbu prinsipning mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini kengaytirishni tavsiya etadi, shuningdek, dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlaydi hamda uni umummilliy qadriyat sifatida qonun darajasida qabul qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.
II. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar
Konstitutsiyani hayotga to‘laqonli tatbiq etish va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash uning normalarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini qonunchilikda aks ettirish bo‘yicha huquq ijodkorligi faoliyatini uzluksiz va tizimli tarzda tashkil etishni taqozo etadi. Bu Konstitutsiyaning mamlakat Asosiy qonuni sifatida regulyativ (tartibga soluvchi) rolini to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyada belgilangan demokratiya, erkinlik, tenglik, qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik, inson, uning hayoti, sha’ni va qadr-qimmati kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlar hamda prinsiplar qonunchilikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va mazmunini belgilab beradi.
Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-67-sonli Farmonining qabul qilinishi, u bilan 89 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanishi, Konstitutsiyaning ustuvor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini amalga oshirish bo‘yicha 5 ta ekspertlik kengashlari tuzilganligi Konstitutsiyani realizatsiya qilishda tizimli yondashuvni ta’minlaganligini qayd etadi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi uning qoida va normalari boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan ustuvorligini, davlat organlari va mansabdor shaxslar, fuqarolar va tashkilotlar uchun majburiy ekanligini hamda huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotida bosh mezon ekanligini anglatadi.
Konstitutsiyaning mamlakatning butun hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi uning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishini, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qat’i nazar qo‘llanilishini anglatadi.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari, ayniqsa, sudlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani bevosita qo‘llagan holda qarorlar qabul qilish amaliyotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, sud amaliyoti tahlili Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning 15 152 ta, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning 4 454 ta, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarning 2 225 ta hamda ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlarning 684 ta hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola qilganliklarini ko‘rsatmoqda.
Xususan, sudlar tomonidan ko‘proq Konstitutsiyaning 26, 27, 28, 29, 31 (jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar), 15, 20, 26, 29, 31, 33, 41, 42, 46, 47, 55, 60, 62 — 68, 76 — 78, 80 (fuqarolik ishlari sudlar), 15, 16, 55, 65 — 68, 99, 134, 138 (iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlar) hamda 15, 20, 21, 29, 30, 40, 41, 46, 54, 55, 65 — 67, 138-moddalariga (ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlar) murojaat etilmoqda.
Konstitutsiyaviy sud umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi amaliyotining keng yo‘lga qo‘yilishiga Oliy sud Plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi muhim sharoit yaratganligini ta’kidlaydi.
Konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi uning normalarini qonun va qonunosti hujjatlarda rivojlantirilishi zaruratini inkor etmaydi. Konstitutsiyada belgilangan normalar huquq ijodkorligi subyektlari tomonidan yangi qonunchilik hujjatlarini qabul qilish orqali yanada rivojlantirilishi lozim. Xususan, Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingandan so‘ng 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari unga muvofiqlashtirildi. Konstitutsiyaviy sud bu qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastlabki qadamlar ekanligini hamda ushbu jarayon izchil davom ettirilishi lozimligini, qayd etadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-188-sonli Farmoni bilan qonunosti hujjatlarni, shu jumladan, idoraviy hujjatlarni Konstitutsiyaga mazmunan muvofiqlashtirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosini to‘liq ta’minlash muhim amaliy ahamiyatga ega.
Konstitutsiyaviy sud davlat organlari va mansabdor shaxslar e’tiborini O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 1-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq, Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qat’i nazar bevosita amal qilishini inobatga olishlari lozimligiga qaratadi. Bunda u yoki bu masala bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinmaganligi Konstitutsiyaning tegishli normasini qo‘llashni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
Ayni paytda Konstitutsiyani to‘laqonli amalga oshirishning yana bir muhim sharti bu — konstitutsiyaviy huquq-tartibotga davlat organlari va mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar tomonidan har tomonlama rioya etishdir.
Konstitutsiya normalarining buzilishi holatlari jamoatchilikning Konstitutsiyaga ishonchi, undan kutgan orzu-umidlariga va shu orqali davlatga, amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan Konstitutsiyani hayotga tatbiq etish yuqori darajadagi huquqiy ong va madaniyatni taqozo etadi hamda ushbu jarayon Konstitutsiyani ijtimoiy ongning, birinchi navbatda davlat xizmatchilari ongining bir qismiga aylanishi bilan chambarchas bog‘liq.
Konstitutsiyaviy sud bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan 2023-yil 15-mayda Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinganligini hamda uning doirasida 10 mingga yaqin targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilganligi, bepul onlayn kurs yaratilganligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligidan kelib chiqib, Adliya vazirligi hamda boshqa huquq ijodkorligi subyektlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda uning Konstitutsiyaga muvofiqligi nuqtai nazardan baholashni eng asosiy, birlamchi mezon sifatida alohida belgilab qo‘yishni muhim deb hisoblaydi;
2) Konstitutsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash masalasini davlat xizmatchilarini, shu jumladan, huquqni qo‘llovchilar, sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish tizimining muhim qismi sifatida mustahkamlashni tavsiya etadi;
3) vazirlik va idoralarning e’tiborini qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishda faqatgina unga zid bo‘lgan normalarni qayta ko‘rib chiqish emas, balki ularni Konstitutsiyaga mazmunan (mohiyatan) moslashtirish zarurligiga qaratadi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud vazirlik va idoralarni 2023-yil 6-noyabrda Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan Qonunchilikni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini to‘laqonli amalga oshirishga chaqiradi;
4) Hukumatni, vazirlik va idoralarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PF-188-sonli Farmonida belgilangan vazifalarni, xususan, inson huquq va erkinliklarini cheklash, mulkdor mol-mulkidan mahrum etilishi asoslari va tartibi faqat qonunlar bilan belgilanishi mumkinligi haqidagi Konstitutsiya talabidan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardagi normalarni qonun darajasiga ko‘tarishni jadallashtirishga da’vat qiladi;
5) tegishli konstitutsiyaviy normalarni maqsadli auditoriyalarga mo‘ljallagan holda doimiy tushuntirib borish, fuqarolar, huquqni qo‘llovchilar, mansabdor shaxslar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining konstitutsiyaviy-huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, yoshlarni konstitutsiyaviy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlarni davom ettirish lozim, deb hisoblaydi;
6) huquqshunoslik yo‘nalishida darsliklar va boshqa qo‘llanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishni jadallashtirish lozimligini qayd etadi;
7) Konstitutsiya kuni bayramini xalqqa yaqinlashtirish va uni keng nishonlash orqali aholida Konstitutsiyaga hurmat ruhini shakllantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralarni ushbu bayram doirasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tadbirlarda faol ishtirok etish va shu orqali yurtimizda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlashga chaqiradi.
III. Konstitutsiyaviy sud tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qo‘llash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
Konstitutsiyaviy odil sudlov orqali huquqiy tizim sifati yaxshilanadi, demokratik-huquqiy davlat uchun muhim bo‘lgan fundamental qadriyatlarni kafolatlovchi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjat sifatida Konstitutsiya ustuvorligi va huquqiy himoyasi sud tartibida ta’minlanadi.
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sud ish yurituvida Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, fuqaro va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni har tomonlama va sifatli ko‘rib chiqish kabi yondashuvlarga asoslanadi.
Konstitutsiyaviy sud qarorlarida qonunchilikni rivojlantirish uchun muhim huquqiy yondashuvlarni shakllantiradi hamda qonunchilikdagi Konstitutsiyaga zid normalarni bartaraf etish choralarini belgilaydi. Ushbu jarayonda vakolatli davlat organlarining fikri, ilmiy tadqiqotlar natijalari hamda olimlar, ekspert va mutaxassislarning xulosalari o‘rganiladi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda ularning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquq va erkinliklariga bevosita taalluqli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshiriladi va baholanadi.
Har bir shaxsning konstitutsiyaviy shikoyat orqali konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish huquqining mustahkamlanishi ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim omili bo‘lmoqda.
Xususan, 2022-2023-yillarda jami 2 850 nafar fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan. Mazkur ko‘rsatkich ham Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutining Konstitutsiyani amalga oshirishning ta’sirchan va samarali vositasi, qonunchilikning konstitutsiyaviy legitimligini mustahkamlashda fuqaroviy faollikning muhim shakli sifatida shakllanganligini ko‘rsatmoqda.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarida akkreditatsiyadan o‘tkazish, mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibi, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sud hujjatlarini qayta ko‘rish asoslari, fuqarolik protsessida isbotlash va dalillarni taqdim etish majburiyati, aholining bank muassasalarida omonatda turgan pul mablag‘larini indeksatsiya qilish, homiylikni amalga oshirishga bo‘lgan huquq, uy-joyga bo‘lgan huquq bilan bog‘liq masalalarda normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish so‘ralgan.
Murojaatlarning 14 ta ma’muriy-hududiy birliklar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, eng ko‘p murojaat Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan kelib tushgan.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi qonun chiqaruvchi tomonidan bunday murojaatga qo‘yilgan talablar, ularni ro‘yxatga olish, ko‘rib chiqish, dastlabki tarzda o‘rganish hamda ko‘rib chiqish uchun qabul qilish tartibining “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunda aniq belgilab berish orqali ta’minlanadi.
Konstitutsiyaviy sudga “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun talablariga muvofiq bo‘lmagan shikoyatlar bilan murojaat etish holatlari saqlanib qolmoqda. Natijada 2022-yilda — 11 ta, 2023-yilda — 4 ta murojaatlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun talablariga zid rasmiylashtirilganligi sababli ko‘rib chiqish rad qilingan.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud fuqarolarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish borasidagi huquqiy xabardorlik darajasini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Xususan, bu borada tegishli tushuntirishlar, ko‘rgazmali izohlar bilan birga Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2022-2023-yillarda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 119 ta qonun va 1384 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshirildi.
Konstitutsiyaviy nazorat tartibida tekshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud hujjatlarida zamonaviy konstitutsionalizm amaliyotini hisobga olgan holda huquqiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha konstitutsiyaviy-doktrinal yondashuvlar bayon etilgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning aniq yo‘nalishlari ko‘rsatib berilgan, huquqiy normalarni qo‘llashning konstitutsiyaviy-huquqiy masalalariga e’tibor qaratilgan.
Masalan, Konstitutsiyaviy sudning 2023-yil 13-martda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023-yil 10-martdagi 3017-IV-son “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida” qarorining Konstitutsiyaga muvofiqligi ko‘rib chiqildi.
Konstitutsiyaviy sud murojaatni har tomonlama va to‘liq o‘rganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorining mazmuni bo‘yicha Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish uchun Qonunchilik palatasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilish hamda referendumni tayinlash tartibiga rioya etilganligi, shuningdek, loyihada referendum predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar mavjudligiga aniqlik kiritishga e’tibor qilgan. Konstitutsiyaviy sud tomonidan mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topilgan.
Konstitutsiyaviy sud huzurida maslahat organi sifatida jamoatchilik asosida ilmiy-maslahat kengashi faoliyat ko‘rsatib, u Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga oid masalalar, shu jumladan, Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni himoya qilish mexanizmlari samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar kiritadi. Xususan, Ilmiy-maslahat kengashi 2022-2023-yillarda 9 ta masala bo‘yicha takliflar kiritgan va ular Konstitutsiyaviy sud tomonidan qaror qabul qilishda inobatga olingan.
Yuqoridagilar asosida Konstitutsiyaviy sud:
1) fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish institutini fuqarolar uchun yanada qulay qilish, ularning konstitutsiyaviy-huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, konstitutsiyaviy sud ish yurituvi doirasida fuqarolarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish masalalari ustida ishlash ham ushbu institut orqali mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlashga ko‘maklashadi, deb hisoblaydi hamda vakolatli davlat organlari bilan bu boradagi hamkorlikni kuchaytiradi;
2) kelgusi yilda Ilmiy-maslahat kengashi tarkibiga kiritilgan olim va mutaxassislarning malakasini oshirish, ularning ishtirokida Konstitutsiyaga bag‘ishlangan ilmiy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi.
IV. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash, uni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar va takliflar
O‘tgan davrda konstitutsiyaviy sud ish yurituvi davomida, shuningdek, Ilmiy-maslahat kengashi tomonidan kiritilgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish yuzasidan bir qator masalalar aniqlandi.
1. Konstitutsiya ustuvorligi, inson va fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquq va erkinliklarini ta’minlash o‘z navbatida qonuniylik va huquq ustuvorligiga ta’sir etayotgan omillarni vakolatli davlat organlari tomonidan o‘z vaqtida aniqlash va tezkor chora ko‘rishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud aholi murojaatlarida ko‘tarilgan konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash bilan bog‘liq quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratadi:
bola huquqlari buzilishi holatlari kuzatilayotganligini inobatga olib, bolalarni turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklardan himoya qilish, bu borada ota-onalar, ta’lim tashkilotlari, boshqa mutasaddi idoralar mas’uliyatini oshirish, tegishli qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq;
mulk huquqi kafolatlariga rioya etmaslik holatlari sezilarli kamaygan bo‘lsa-da, hali bu sohada muammolar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarining ushbu masalalarda huquqiy madaniyatini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mulk huquqi buzilishi holatiga mutlaqo toqatsiz munosabatini shakllantirish, bu borada profilaktik choralarni kuchaytirish zarur;
ba’zi hududlarda tadbirkor o‘z mahsulotini viloyat hududidan erkin olib chiqib ketishda to‘sqinliklarga uchrashi holatlarini e’tiborga olib, barcha mas’ullardan tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishi bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatlarga so‘zsiz rioya etish talab etiladi.
Ushbu holatlar yuzasidan Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquqlarga rioya etmaslik holatlari vakolatli davlat organlari diqqat-e’tibori markazida bo‘lishi kerakligi, bu bilan bog‘liq har bir holat zudlik bilan o‘rganilishi hamda buzilgan huquqlarni tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishi lozimligini ta’kidlaydi, shuningdek, Hukumatni va mas’ul tashkilotlarni faqatgina aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish bilan cheklanmasdan, ularni yuzaga keltirgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rib borishga chaqiradi.
2. Konstitutsiyaviy sud sudlarga muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolatining berilishini zamonaviy o‘zbek konstitutsionalizmini rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida baholaydi.
Ushbu institut sudlar faoliyatida u yoki bu normativ-huquqiy hujjatning konstitutsiyaviy-huquqiy mazmunini asossiz toraytirib yoki kengaytirib qo‘llash ehtimolining oldini oladi, shu orqali konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlaydi, fuqarolarning odil sudlovga erishish, sud himoyasida bo‘lish kabi konstitutsiyaviy huquqlarining samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga sudlar tomonidan ushbu vakolatdan hozirga qadar foydalanilmaganligi uning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rish, xususan, ushbu vakolatni amalga oshirish tartibiga oid huquqiy asoslarni ishlab chiqish zaruratidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud Oliy sudga ushbu muhim konstitutsiyaviy institutni amalga oshirish tartib-taomillarini batafsil tartibga soluvchi huquqiy asoslarni ishlab chiqish va shu orqali odil sudlovni amalga oshirishda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash choralarini ko‘rishni tavsiya etadi.
3. Konstitutsiyada belgilangan muhim normalardan biri bu — huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda mutanosiblik, yetarlilik konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etish hisoblanadi. Ushbu konstitutsiyaviy norma qonunchilik hujjatlaridagi huquqiy ta’sir choralarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
Har qanday huquqiy ta’sir chorasi shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari hamda davlat va jamiyatning ommaviy manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashi lozim. Huquqiy ta’sir choralari asoslangan, adolatli, zarur va o‘z maqsadiga erishish uchun yetarli hajmda bo‘lishi lozim. Huquqiy ta’sir choralari fuqarolarning huquq va erkinliklarini asossiz, ya’ni ta’sir chorasi maqsadiga erishish mumkin bo‘lgan me’yordan ortiqcha darajada cheklamasligi kerak.
Konstitutsiyaviy sud shu nuqtai nazardan jinoiy va ma’muriy jazo choralari, moliyaviy sanksiyalar, neustoyka (penya, jarima) hamda boshqa huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qiladi.
Bu borada Konstitutsiyaviy sud Hukumat va Oliy Majlisning uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish (JK 2444-moddasi) uchun jinoiy javobgarlikni yengillashtirish, shu jumladan, ma’muriy preyuditsiya kiritish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda bu konstitutsiyaviy mutanosiblik va yetarlilik prinsiplarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.
4. Konstitutsiyada odil sudlovni ta’minlovchi davlat hokimiyatining alohida tarmog‘i sifatida sud hokimiyatining roli va mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Bu o‘z navbatida huquqiy davlatchilik, Konstitutsiya va huquq ustuvorligi, konstitutsiyaviy huquq-tartibotni ta’minlash va fuqarolarni sud himoyasida bo‘lishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaning 136-moddasi talablaridan kelib chiqib, qonun hujjatlarida sud qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda sudya o‘z lavozimini saqlab qolishi kafolatlarini belgilash va ushbu huquqni amalga oshirish tartibini aniqlashtirish lozimligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-300-sonli qarorida belgilangan tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini ko‘rib chiquvchi alohida tergov sudyalari institutini joriy etish, ushbu jarayonni jadallashtirish hamda tergov sudyalarini o‘qitish va malakasini oshirib borish bo‘yicha alohida tizim yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Konstitutsiyaviy sud viloyat, tuman (shahar) sudyalarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari oldida axborot berish amaliyoti sudyaning mustaqilligi va xolisligiga raxna solishi mumkinligini inobatga olib, vakolatli davlat organlarini ushbu amaliyotni bekor qilishga chaqiradi.
5. Konstitutsiyada ilk marotaba davlat jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilandi.
Aholidan kelib tushgan takliflardan kelib chiqib, alohida jinoyatlar, birinchi navbatda firibgarlik bo‘yicha jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishda sudlanuvchi tomonidan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararning qoplanilganligini inobatga olish talabini kiritish orqali jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashlash maqsadga muvofiq.
6. Konstitutsiyaviy sud dastlabki (ex-ante) konstitutsiyaviy nazorat tartibida konstitutsiyaviy qonunlar, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish vakolatiga ega.
Biroq, qonunchilikda ushbu institutni amalga oshirish tartibi va mexanizmlari belgilab berilmaganligini inobatga olib, shuningdek, qonunchilikda huquqiy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Konstitutsiyaviy sud Oliy Majlis palatalariga ushbu institutni amalga oshirish tartibini belgilashni tavsiya etadi.
7. Konstitutsiyaviy sud xorijiy mamlakatlarda normativ-huquqiy hujjatlarni to‘g‘ri qo‘llashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida keng qo‘llaniladigan Konstitutsiya, qonun va qonunosti hujjatlari normalariga sharh berish amaliyoti mamlakatimizda keng uchramasligiga e’tibor qaratadi hamda bu ko‘p jihatdan normativ-huquqiy hujjatlarga sharh berish uslubiyoti ishlab chiqilmaganligi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi.
Shuni inobatga olib, Konstitutsiyaviy sud Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda Konstitutsiya, qonun va qonunosti hujjatlari normalariga sharh berish uslubiyotini ishlab chiqishni taklif qiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari e’tiborini ular normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va qabul qilish jarayonida Konstitutsiya, uning normalari, prinsiplari va g‘oyalari ustunligidan kelib chiqishlari lozimligiga qaratadi.
Shu bilan birga Konstitutsiyaviy sud barcha davlat organlarini Konstitutsiyani amalga oshirish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlashda mas’uliyatni to‘laqonli his qilishga, shu jumladan, o‘z faoliyatida Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarning cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, konstitutsiyaviy huquqlar buzilishining har qanday holatlari bo‘yicha tezkor va qat’iy choralarni ko‘rib borishga chaqiradi.
Zero, faqat barcha davlat organlarining konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlari mamlakatda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi to‘g‘risidagi umuminsoniy prinsiplarning amalga oshirilishini kafolatlaydi.