O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish, buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlangan.
Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali inson huquqlariga oid kafolatlarni to‘laqonli ta’minlash maqsadida, 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonunning 11-moddasi hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (bundan buyon matnda Konstitutsiya deb yuritiladi) 15-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini anglatadi.
Shunga ko‘ra, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatning mazmunini baholashi va Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozim.
Sudlar Konstitutsiya normasini tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmaganligi vaji bilan qo‘llashni rad etishga yo‘l quyilmasligiga e’tibor qaratishlari kerak.
Tushuntirilsinki, muayyan ishda qo‘llanilishi zarur bo‘lgan Konstitutsiyaning normasida boshqa normativ-huquqiy hujjatga havola qilinganda, ishni ko‘rib chiqayotgan sudlar Konstitutsiya va tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunga asoslanishi lozim.
2. Konstitutsiya 15-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari (Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi Paktlar va boshqalar) bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanilishiga e’tibor qaratilsin.
Bunda sudlar qonun hujjatlariga asosan xalqaro shartnoma O‘zbekiston Respublikasida ratifikatsiya qilinganligi yoxud kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari o‘tkazilganligiga, shuningdek, qo‘shimcha shartlar qo‘yilganligiga e’tibor qaratishi lozim.
Shu bilan birga, ishlarning ko‘rib chiqilishida xalqaro shartnoma normalari qo‘llanilgan hollarda qarorning asoslantiruvchi qismida ushbu xalqaro shartnoma normalariga havola qilinishi lozim.
3. Sudlarning e’tibori Konstitutsiyada hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda normativ-huquqiy hujjatni matbuot va rasmiy manbalarda e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy sharti ekanligi belgilanganligiga qaratilsin (30-modda birinchi qismi, 99-modda o‘n birinchi qismi).
Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish tartibi 2021-yil 20-apreldagi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-682-son, 2019-yil 10-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-591-son, 2017-yil 7-sentabrdagi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘RQ-443-son qonunlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1013-son qarorida belgilangan.
4. 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘RQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonunning 3 va 4-moddalariga muvofiq, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga zid bo‘lmagan qismi qo‘llaniladi;
Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qat’iy nazar, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan paytdan e’tiboran to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi.
Sudlar inobatga olishi kerakki, sud hujjatlarida huquqiy asos sifatida birinchi navbatda, qoida tariqasida, Konstitutsiyaning tegishli normalariga va undan keyin yuridik kuchiga qarab boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, basharti qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlangan taqdirda esa, faqatgina Konstitutsiyaning tegishli normalari qo‘llanilishi lozim.
Shu bilan birga, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq 2023-yil 1-mayga qadar qabul qilingan birinchi instansiya sudining sud hujjatlari yuqori instansiya sudlari tomonidan qayta ko‘rilayotganda ularda qo‘llanilgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiya normalariga mos kelmasligi aniqlanishi sud hujjatlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.
Bunda, Fuqarolik kodeksining 4-moddasi va “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 41-moddasi talablaridan kelib chiqib, fuqarolik ishlari bo‘yicha, iqtisodiy va ma’muriy sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda nizoli munosabat bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlari qachon vujudga kelganligi aniqlanishi kerak.
5. Konstitutsiyaning 20-moddasida insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi; insonning huquq va erkinliklari davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini tashkil etishi lozimligi belgilangan.
Shunga ko‘ra, sudlar davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari bilan munosabatlarda inson huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida mazkur organlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan insonga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda Konstitutsiyada belgilangan mutanosiblik prinsipiga rioya qilinganligini tekshirishlari lozim.
Bunda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 55-moddasida davlat organlari yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida yetkazilgan zarar ixtiyoriy ravishda qoplanmagan taqdirda, uning o‘rni manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tartibida davlat tomonidan qoplanishi kafolatlanganligi inobatga olinishi lozim.
6. Sudlar Konstitutsiyaning 20-moddasi talablaridan kelib chiqib, shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligini inobatga olishlari zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyat yoxud huquqbuzarlikning og‘ir-yengilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga hamda insonparvarlik tamoyillariga muvofiq bo‘lishi kerak.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
7. Sudlar muayyan ishlarni ko‘rishda Konstitutsiya 21-moddasidagi shaxsga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi haqidagi normaga rioya etilganligini tekshirishlari lozim.
Bunda qonunchilik deganda, nafaqat qonun hujjatlari, balki qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar ham nazarda tutilishi inobatga olinishi zarur.
8. Sudlar Konstitutsiyaning 28-moddasi talablariga muvofiq aybdorlikka oid barcha shubhalarni bartaraf qilishning imkoni yo‘qligi shaxsni aybsiz deb topishga asos bo‘lishini inobatga olishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaxsning o‘z aybini tan olganligi uning aybi sudda tekshirilgan boshqa dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina ayblov hukmi chiqarilishiga asos bo‘la oladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarori tahririda)
Jinoyat ishlarini yuritishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi, istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi, o‘zi va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi bilan bog‘liq Konstitutsiyada belgilangan shaxsiy huquq va erkinliklarini buzilishi protsessual qonun normalarining jiddiy buzilishi deb e’tirof etiladi.
9. Sudlarning e’tibori Konstitutsiyaning 29-moddasi to‘rtinchi qismiga asosan qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilsin.
Tushuntirilsinki, Konstitutsiyada mustahkamlangan shaxsiy huquq va erkinliklarni hamda qonunlarda belgilangan tartiblarni buzgan holda yoxud qonunlarda nazarda tutilmagan harakatlar natijasida to‘plangan dalillar qonunni buzgan holda olingan dalillar deb e’tirof etilishi lozim.
10. Konstitutsiyaning 29-moddasiga muvofiq har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan bo‘lib, qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi lozim.
Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.
Shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinishini, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish huquqiga ega.
Shaxsiy erkinlik va daxlsizlikni kafolatlovchi konstitutsiyaviy normalarni buzilishi holatlariga baho berishda sudlar Oliy sud Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-son qarorida berilgan tushuntirishlarga amal qilishi lozim.
Sudlarning e’tibori shaxsga advokat yordamidan foydalanish bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqi tushuntirilmasdan yoki uning bunday huquqlaridan amalda foydalanishi uchun real sharoit yaratib berilmasdan turib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilishi natijasida olingan dalillarning maqbul emas (yaroqsiz) deb topilishiga va bunday dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratilsin.
11. Sudlar inobatga olishlari kerakki, 2023-yil 1-maydan boshlab shaxsning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqining cheklanishiga, uy-joyida tintuv o‘tkazilishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Fuqarolarning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi, uy-joy daxlsizligi huquqlarining cheklanishi bilan bog‘liq holda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv faoliyati natijalari mazkur tadbirlar sudning ruxsati asosida hamda 2012-yil 25-dekabrdagi “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-344-son Qonunga muvofiq amalga oshirilgandagina ishda dalil sifatida foydalanilishi mumkin bo‘ladi.
12. Sudlarning e’tibori Konstitutsiyaning 139-moddasi ikkinchi qismida sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi kafolatlanganligiga qaratilsin.
Konstitutsiyaning ushbu normasi hamda Jinoyat protsessual kodeksining 20-moddasi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 273-moddasi, Fuqarolik protsessual kodeksining 11-moddasi, Iqtisodiy protsessual kodeksining 10-moddasi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 12-moddasiga muvofiq sudlar ishda ishtirok etuvchi shaxslarga o‘z ona tilida yoki o‘zi biladigan boshqa tilda og‘zaki yoki yozma arz qilish, ko‘rsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda so‘zlash hamda tarjimon xizmatidan foydalanish huquqlarini tushuntirishlari lozim.
13. Konstitutsiyaning 16-moddasida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari Konstitutsiya asosida va uni ijro etish yuzasidan qabul qilinishi, birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Muayyan ishlarda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga zidligi aniqlangan taqdirda sudlar Oliy sudga shu masalada Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish yuzasidan taklif kiritishlari lozim.
Tushuntirilsinki, Konstitutsiyaviy sudning tegishli normativ-huquqiy hujjatning bir qismini Konstitutsiyaga zid deb topish haqidagi qarori sudlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatning qolgan qismi qo‘llanilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
14. Sudlar nizolarni ko‘rish davomida idoraviy normativ-huquqiy hujjat shaxsning Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqlari va manfaatlariga zidligi aniqlanganda, manfaatdor shaxsga bunday hujjatni to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 22-bobi tartibida Oliy sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishlari lozim.
Sudlar inobatga olishlari kerakki, idoraviy normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiya prinsip va normalariga zidligi uni Oliy sud tomonidan manfaatdor shaxsning arizasiga asosan to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘ladi.
15. Sudlar ishlarni ko‘rish natijalari bo‘yicha Konstitutsiya normalari hamda shaxslarning kafolatlangan huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligini aniqlagan har bir holat bo‘yicha qonun buzilishini keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni puxta o‘rganib, tegishli mansabdor shaxslarning qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi)ga xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishi lozim.
16. Barcha sudlar, qonunchilikni qo‘llayotgan davlat organlari, korxona, muassasa va tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar mazkur Plenum qarori tushuntirishlariga so‘zsiz rioya etsin.
17. Oliy sudning sudlov hay’atlari, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlar mazkur Plenum qarori mazmun-mohiyatini quyi sudlarga tushuntirish yuzasidan seminar-mashg‘ulotlar o‘tkazishlari va yagona amaliyotni shakllantirishga e’tibor qaratishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2023-yil 23-iyun,
16-son