oʻzbekiston respublikasi bilan italiya respublikasi oʻrtasida
Qoʻshma Deklaratsiya
Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan davlat reyestrida 4530-CN-2023-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi.]
Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston va Italiya xalqlarining chuqur tarixiy aloqalarini, ikki teng va doʻst davlatlar sifatida Tomonlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon samarali hamkorlik anʼanalarini taʼkidlab,
davlat suvereniteti, mustaqillik, hududiy yaxlitlik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik kabi oʻzaro hurmat prinsiplariga asoslangan yuqori darajadagi va koʻp qirrali munosabatlar, shuningdek, turli sohalarda oʻzaro ishonch va manfaatlarning mosligini eʼtiborga olib,
1997-yil 3-mayda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida hamkorlik prinsiplari toʻgʻrisida imzolangan Qoʻshma deklaratsiya hamda 1997-yil 17-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Shartnoma qoidalarining yuqori ahamiyat kasb etishini eʼtirof etib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi, Xelsinki Yakunlovchi Aktida belgilangan maqsad va prinsiplarga hamda Yevropa va Osiyoda tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlarini himoya qilish va davlatlararo samarali hamkorlikni rivojlantirishni targʻib qiluvchi boshqa hujjatlarga boʻlgan oʻzaro sodiqlikni tasdiqlab,
demokratiya, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga boʻlgan oʻzaro sodiqlikni qayd etib,
barcha davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi kabi xalqaro huquqning asosiy prinsiplariga asoslangan xalqaro tartibni hurmat qilish zarurligini eʼtirof etib,
uzoq istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish hamda uni oʻzaro manfaatli boʻlgan yangi sohalar doirasida yanada kengaytirishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida bayon qiladilar:
1. Tomonlar ushbu bilan ikki davlat va jamiyat oʻrtasida ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilganligini eʼlon qiladilar.
2. Bunday strategik sheriklik quyidagi sohalardagi kengaytirilgan hamkorlikni oʻz ichiga oladi:
(1) Siyosiy hamkorlik
ikki tomonlama aloqalar, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish maqsadida tashqi ishlar vazirlari yoki vakolatli vazir oʻrinbosarlari hamraisligida Tomonlarning vakillari ishtirokida har ikki yilda kamida bir marta navbat bilan Oʻzbekiston va Italiyada oʻtkaziladigan Strategik muloqotni yoʻlga qoʻyish;
ikki yillik hamkorlik dasturlarini qabul qilish orqali Tomonlarning tashqi siyosiy idoralari darajasida ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar boʻyicha muloqot va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazish;
1996-yil 21-iyunda Florensiya shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, Yevropa Hamjamiyatlari va ularga aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim doirasida erishilgan yuqori natijalarni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni imzolash va uning kuchga kirishi masalalari yoʻlida Italiyaning yanada qoʻllab-quvvatlashi;
Oʻzbekiston va Italiya parlamentlari oʻrtasida hamkorlik va muntazam almashinuvni yanada rivojlantirish, qonunchilik organlarining tegishli doʻstlik guruhlari, shu jumladan, koʻp tomonlama parlament forumlari orqali aloqalarni qoʻllab-quvvatlashni ragʻbatlantirish;
savdo, iqtisodiy va madaniy hamkorlik hamda turizm sohalarida hududlararo munosabatlarni rivojlantirish maqsadida ikkala mamlakatning hududlari va shaharlari oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va ularni kengaytirish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash;
almashinuvlarni kengaytirish va hamkorlikka koʻmaklashish maqsadida tashqi siyosat sohasidagi tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalar oʻrtasida yaqin aloqalarni ragʻbatlantirish;
“Italiya — Markaziy Osiyo” formati doirasida barcha manfaatdor tashkilotlarni jalb etgan holda muloqot va oʻzaro aloqalarni, mazkur platformada koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish tashabbuslarini oʻzaro qoʻllab quvvatlashni kuchaytirish;
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shu jumladan, Tomonlar aʼzo boʻlgan ixtisoslashgan idoralar va muassasalar, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni mustahkamlash va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash;
(2) Mudofaa va xavfsizlik, shuningdek, huquq sohalarida hamkorlik
1999-yil 26-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida mudofaa sohasida hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Bitimga binoan, shuningdek, “Tinchlik yoʻlida sheriklik” dasturi doirasida ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish;
uyushgan jinoyatchilik, terrorizm hamda narkotik vositalar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda amaliy hamkorlikni mustahkamlash;
huquqiy axborotni almashinuvi va huquqiy hujjatlar qoʻllanilishi sohasida hamkorlikni amalga oshirish;
1997-yil 17-sentabrda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Shartnomada koʻrsatilgan sohalarda muayyan bitimlar tuzish maqsadida muzokara jarayonlarini davom ettirish;
(3) Savdo va iqtisodiy hamkorlik
1997-yil 3-mayda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Qoʻshma deklaratsiya va boshqa amaldagi hukumatlararo bitimlarda nazarda tutilgan usullar va shakllar orqali Tomonlarning manfaatlarini oʻzaro hurmat qilish, tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplari asosida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish;
savdo, iqtisodiy va sanoat hamkorligi hamda eksport kreditlari boʻyicha Hukumatlararo ishchi guruhning aniq kelishuvlarga erishgan holda uning majlislarini kamida ikki yilda bir marta oʻtkazish orqali tizimli faoliyatini kuchaytirish;
“GSP+” imtiyozli tizimi doirasida Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport qilish imkoniyatlaridan foydalanish hisobiga oʻzaro savdo hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston sanoati uchun Italiyadan uskunalar va ilgʻor texnologiyalarni yetkazib berishni yanada koʻpaytirish;
iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlari — energetika, transport, turizm infratuzilmasi, tibbiyot, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va metallurgiya, qurilish materiallari va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, mebel, charm, toʻqimachilik va ipak mahsulotlari, avtomobillar va ehtiyot qismlari, meva va sabzavotlarni qayta ishlash, vinochilik, chorvachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash va diversifikatsiya qilish;
Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va Italiyaning “assa Depositi e Prestiti SpA” investitsiya banki kabi ikki tomonlama iqtisodiy loyihalarda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, agentliklar va jamgʻarmalarning yanada faol ishtirok etishi orqali oʻzaro investitsiyalarni koʻpaytirish va himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
ikki davlatda ishbilarmonlik tashkilotlarining vakolatxonalarini ochish, qoʻshma korxonalar tashkil etish, delegatsiyalar almashish, biznes-forum va seminarlar oʻtkazish, tematik koʻrgazmalarda birgalikda ishtirok etish, savdo uylarini yaratish va boshqa iqtisodiy faoliyat orqali ikki mamlakat ishbilarmonlik tashkilotlari, jumladan, kichik va oʻrta biznes oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni ragʻbatlantirish;
xalqaro iqtisodiy, tijorat va moliya muassasalari hamda forumlari doirasidagi hamkorlikni kengaytirish;
Oʻzbekistondagi ishlab chiqarish korxonalari ishchilari va muhandis-texnik xodimlarini Italiya sanoat tarmogʻining soʻnggi ishlanmalari va amaliy bilimlarini oʻzlashtirish va amaliyotda qoʻllash uchun tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekistonda oʻquv markazlarini ochish orqali Italiya sanoat texnologiyalarining samarali transferi sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish.
(4) Madaniyat, fan, taʼlim va turizm
1997-yil 3-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy va ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Bitim qoidalariga muvofiq madaniy-gumanitar hamkorlikning mavjud va yangi shakllarini ragʻbatlantirish;
koʻrgazmalar, madaniy va sanʼat tadbirlari, shu jumladan, oʻzbek va italyan tillarini oʻrgatish va tarqatish orqali madaniy hamkorlikni hamda bir-birining madaniy merosi va yutuqlarini kengroq yoritishni ragʻbatlantirish;
arxeologik, badiiy va madaniy merosni saqlash, muhofaza qilish, ulardan foydalanish va qayta tiklash sohasida axborot, tajriba, qoʻshma nashrlar va ekspertlik tashriflarini almashish orqali qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, qoʻshma korxonalar tashkil etish, olimlar va mutaxassislar almashinuvi hamda boshqa hamkorlik shakllarini qoʻllab-quvvatlash;
ilgʻor texnika va innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun fundamental va amaliy fanlar boʻyicha hamkorlikni hamda ilmiy va tadqiqot muassasalari oʻrtasida, shu jumladan, stipendiya va grant dasturlari orqali almashinuvlarni ragʻbatlantirish;
taʼlim muassasalari oʻrtasida sheriklik aloqalarini mustahkamlash, talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi, qoʻshma oʻquv dasturlari, fakultet va oliy taʼlim muassasalarini tashkil etish orqali oliy taʼlim sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishni taʼminlash;
qoʻshma tashabbuslar orqali madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish;
madaniyat, taʼlim, ommaviy axborot vositalari, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot, yoshlar va sport sohalarida fuqarolar, xususan, yoshlar va yoshlar ittifoqlari oʻrtasidagi doʻstlikni faollashtirish orqali “xalq diplomatiyasi”ni mustahkamlash;
1997-yil 3-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida imzolangan Bitim hamda 1999-yil 23-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi havo qatnovi toʻgʻrisidagi imzolangan Bitim qoidalari asosida ikki davlat oʻrtasida turistik oqimni koʻpaytirish va turizm tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni hamda muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni ragʻbatlantirish.
3. Tomonlar har bir aniq sohada hamkorlik shakllari va yoʻnalishlarini kelishib oladilar. Mazkur Deklaratsiyani amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Italiya Respublikasi Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tarafidan muvofiqlashtiriladi.
4. Tomonlarning strategik hamkorligi boshqa biron-bir davlat yoki davlatlar guruhiga qarshi qaratilmagan hamda ular ishtirokchi boʻlgan ikki va koʻp tomonlama xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi. Mazkur Strategik sheriklik xalqaro shartnoma hisoblanmaydi va shuning uchun xalqaro huquqqa muvofiq huquq va majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Rim shahrida 2023-yil 8-iyunda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida qabul qilindi.
(imzolar)