Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga Aʼzo-davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sherikchilik va Hamkorlik toʻgʻrisida
Bitim
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI, bir tomondan,
va “Aʼzo-davlatlar” deb ataluvchi Yevropa Hamjamiyatini taʼsis etuvchi Shartnomaning, Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasini taʼsis etuvchi Shartnomaning va atom energiyasi boʻyicha Yevropa Hamjamiyatini taʼsis etuvchi Shartnomaning Ahdlashuvchi Tomonlari
BELGIYA QIROLLIGI,
DANIYA QIROLLIGI,
GERMANIYA FEDERATIV RESPUBLIKASI,
GRETSIYA RESPUBLIKASI,
ISPANIYA QIROLLIGI,
FRANSIYA RESPUBLIKASI,
IRLANDIYA,
ITALIYA RESPUBLIKASI,
LYUKSEMBURG BUYuK GERSOGLIGI,
NIDERLANDIYA QIROLLIGI,
AVSTRIYA RESPUBLIKASI,
PORTUGALIYA RESPUBLIKASI,
FINLYaNDIYA RESPUBLIKASI,
ShVETSIYA QIROLLIGI,
BUYuK BRITANIYA VA ShIMOLIY IRLANDIYA QOʻShMA QIROLLIGI
va bundan keyin “Hamjamiyat” deb ataluvchi EVROPA HAMJAMIYATI, EVROPA KOʻMIR VA POʻLAT BIRLAShMASI va ATOM ENERGIYASI BOʻYIChA EVROPA HAMJAMIYATI ikkinchi tomondan;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni va ular uchun umumiy qadriyatlarni eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyatning bu aloqalarni mustahkamlash va ular oʻrtasida ilgari, xususan, 1989-yil 18-dekabrda imzolangan Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi bilan Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyati va atom energiyasi boʻyicha Yevropa Hamjamiyati oʻrtasida savdo, tijorat va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim bilan oʻrnatilgan munosabatlarni chuqurlashtiradigan va kengaytiradigan sherikchilik va hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish istagi borligini tan olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlarning sherikchilik asosining oʻzagini tashkil etadigan siyosiy va iqtisodiy erkinliklarni mustahkamlashga oid majburiyatlarini eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligini, suverenitetini va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlash Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga hissa qoʻshishini tan olib,
Tomonlarning xalqaro tinchlik va barqarorlikni saqlashga va shuningdek munozarali masalalarni tinch yoʻl bilan hal qilishga, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (EXHT) doiralarida hamkorlik qilishga sodiqliklarini eʼtiborga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat hamda unga Aʼzo-davlatlar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashining (EXHK) Yakunlovchi aktida, keyinchalik Madrid va Vena uchrashuvlarining yakunlovchi hujjatlarida, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha EXHK Bonn konferensiyasi, yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi hujjatida va EXHKning 1992-yildagi “Oʻzgarishlar vaqtining daʼvati” nomli Xelsinki hujjatida aks ettirilgan barcha prinsip va qoidalarni toʻla-toʻkis qoʻllash toʻgʻrisidagi qatʼiy majburiyatlarini eʼtiborga olib,
huquqning ustunligi va inson huquqlarini, xususan kam sonli millatlarga mansub shaxslarning huquqini hurmat qilish, erkin va demokratik saylovlarga va bozor iqtisodiyoti yaratish uchun iqtisodiy erkinlikka ega boʻlgan koʻp partiyali tizim yaratishning birinchi darajali ahamiyati borligiga ishonch hosil qilib,
ushbu sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim toʻla bajarilishining Oʻzbekiston Respublikasidagi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlarni davom ettirish va amalga oshirishga va shuningdek hamkorlik uchun, ayniqsa EXHK Bonn konferensiyasi nuqtai nazaridan, zarur boʻlgan omillarni kiritishga koʻmaklashishiga amin boʻlib,
mintaqaning gullab-yashnashiga va barqarorligiga koʻmaklashish maqsadida qoʻshni davlatlar bilan ushbu Bitim nazarda tutgan sohalarda mintaqaviy hamkorlik jarayonlarini ragʻbatlantirish istagini bildirib,
oʻzaro qiziqish uygʻotadigan ikki tomonlama va xalqaro masalalar boʻyicha muntazam siyosiy muloqot oʻrnatish va rivojlantirishni xohlab,
Oʻzbekistonning Yevropa institutlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatishga intilishini tan olib va qoʻllab-quvvatlab,
Oʻzbekiston Respublikasiga, jumladan, energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashish zaruriyatini hisobga olib va shu munosabat bilan Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlarning energetika mahsulotlarini eksport qilishga teng sharoitlar yaratish uchun yondashishlariga muhim ahamiyat berib; Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa energetika xartiyasiga va Energetika xartiyasi boʻyicha Shartnomaning va energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha Energetika xartiyasi protokolining va atrof-muhit muhofazasining tegishli jihatlari toʻla bajarilishiga sodiqligini tasdiqlab,
Hamjamiyatning iqtisodiy hamkorlik uchun sharoit yaratish va imkoni boricha texnikaviy yordam koʻrsatish istagini hisobga olib,
Oʻzbekiston Respublikasining asta-sekin Yevropaga yaqinlashishini va shuningdek Yevropada va qoʻshni mintaqalarda keng hamkorlik qilishini va uning ochiq xalqaro savdo tizimiga tobora kirib borishini aks ettiruvchi Bitimning foydali ekanini eʼtiborga olib,
Tomonlarning savdoni Butunjahon savdo tashkiloti (VTO) qoidalariga muvofiq erkinlashtirish majburiyatlarini hisobga olib va Oʻzbekistonning VTOga aʼzo boʻlishi ular orasidagi savdo munosabatlarini yanada jadallashtirishga xizmat qilishini eʼtiborga olib,
amaliy va investitsiya faoliyatlariga taʼsir koʻrsatuvchi sharoitlarni va kompaniyalar taʼsis etish, mehnat faoliyati, xizmatlar koʻrsatish va kapitallar harakati kabi sohalarning sharoitlarini yaxshilash zaruratini anglab,
ushbu Bitim Tomonlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar uchun, xususan, iqtisodiy qayta qurish va texnologik modernizatsiyalash uchun muhim hisoblanadigan savdo va investitsiyalarni rivojlantirishga yangi shart-sharoitlar yaratib berishiga qatʼiy ishonch hosil qilib,
atrof-muhit sohasida Tomonlar oʻrtasidagi mavjud oʻzaro bogʻliqlikni eʼtiborga olib atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yaqindan hamkorlik oʻrnatishni xohlab,
nolegal immigratsiyaning oldini olish va nazorat qilish boʻyicha hamkorlik ushbu Bitimning birinchi darajali vazifalaridan biri ekanligini tan olib;
madaniy hamkorlik va axborot oqimining kengayishiga koʻmaklashishni istab;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu bilan, bir tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi va ikkinchi tomondan, Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlar oʻrtasida sherikchilik taʼsis etiladi. Bu sherikchilik maqsadlari:
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligi va suverenitetini qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining oʻz demokratiyasini mustahkamlash, iqtisodiyotini rivojlantirish va bozor munosabatlariga oʻtishga erishish borasidagi intilishlarini qoʻllab-quvvatlash;
Tomonlar oʻrtasidagi siyosiy munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi siyosiy muloqot uchun tegishli doiralarni taʼminlash;
Tomonlar oʻrtasidagi savdo, investitsiyalar va oʻzaro mos iqtisodiy munosabatlarga koʻmaklashish va shu yoʻsinda Tomonlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ragʻbatlantirish;
qonun chiqaruvchi iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, fuqarolik, ilmiy, texnologik va madaniy hamkorlik uchun asoslarni taʼminlash;
Oʻzbekistonda qonun ustunligiga asoslangan fuqarolik jamiyati qurilishiga koʻmaklashishdan iboratdir.
I BOʻLIM
UMUMIY PRINSIPLAR
UMUMIY PRINSIPLAR
2-modda
Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida, Xelsinki Yakunlovchi aktida va yangi Yevropa uchun Parij xartiyasida belgilangan demokratiya, xalqaro huquq va inson huquqlarini, shuningdek bozor iqtisodiyoti prinsiplarini, jumladan, EXHKning Bonn konferensiyasi hujjatlarida ifodalangan prinsiplarni hurmat qilish Tomonlar ichki va tashqi siyosatining asosi hisoblanadi va sherikchilikning va ushbu Bitimning muhim elementini tashkil qiladi.
3-modda
Tomonlar oʻzlarining kelgusida gullab-yashnashlari va barqarorliklari uchun Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqining parchalanishi natijasida yuzaga kelgan, bundan keyin “Mustaqil davlatlar” deb ataladigan, yangi mustaqil davlatlar Xelsinki Yakunlovchi akti va xalqaro huquq prinsiplari asosida va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari ruhida oʻzaro hamkorlik oʻrnatishlari va uni rivojlantirishlari hamda ushbu jarayonni rivojlantirish uchun barcha chora-tadbirlarni koʻrishlari kerakligini muhim deb hisoblaydilar.
II BOʻLIM
SIYOSIY MULOQOT
SIYOSIY MULOQOT
4-modda
Tomonlar oʻrtasida muntazam siyosiy muloqot oʻrnatiladi, Tomonlar uni rivojlantirish va faollashtirishni niyat qiladilar. Siyosiy muloqot Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasidagi yaqinlashishni kuzatib boradi va mustahkamlaydi, Oʻzbekiston Respublikasida sodir boʻlayotgan siyosiy va iqtisodiy oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlaydi va hamkorlikning yangi shakllarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashadi. Siyosiy muloqot:
Oʻzbekiston Respublikasining Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlar bilan va, shu tariqa, umuman demokratik davlatlar Hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlaydi. Ushbu Bitim asosida erishiladigan iqtisodiy yaqinlashish yanada faol siyosiy aloqalar oʻrnatishga olib keladi;
umumiy xavotirlikka sabab boʻluvchi xalqaro masalalarga oid nuqtai-nazarlarni tobora yaqinlashtirishga, bu bilan mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
Tomonlarning demokratiya prinsiplariga rioya qilish, inson huquqlarini, jumladan kam sonli millatlarga mansub shaxslarning huquqlarini hurmatlash, himoya qilish va ragʻbatlantirish masalalari boʻyicha hamkorlikka intilishlarini, agar zarur boʻlsa, ishga taalluqli masalalar boʻyicha maslahatlashishlar oʻtkazishlarini koʻzda tutadi.
Bunday muloqot mintaqaviy asosda oʻtkazilishi mumkin.
5-modda
Vazirlar darajasidagi siyosiy muloqot 78-moddaga muvofiq taʼsis etiladigan Hamkorlik kengashi doirasida, boshqa hollarda esa oʻzaro kelishuv asosida oʻtkaziladi.
6-modda
Tomonlar siyosiy muloqotning boshqa tartiblari va mexanizmlarini, xususan, uning quyidagi shakllarini belgilaydilar:
bir tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi vakillari va, ikkinchi tomondan, Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlar vakillari oʻrtasida katta mansabdor shaxslar darajasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazish;
Tomonlar oʻrtasidagi diplomatik kanallarning, jumladan, ikki tomonlama va BMT, EXHT majlislari kabi koʻp tomonlama darajadagi tegishli aloqalarning imtiyozlaridan va boshqa imkoniyatlaridan toʻla foydalanish;
har qanday boshqa vositalar, shu jumladan bu muloqotni mustahkamlash va rivojlantirishga koʻmaklashadigan ekspertlar uchrashuvlari imkoniyati.
7-modda
Parlament darajasidagi siyosiy muloqot 83-moddaga muvofiq taʼsis etiladigan Parlament hamkorligi qoʻmitasi doirasida oʻtkaziladi.
III BOʻLIM
TOVARLAR SAVDOSI
TOVARLAR SAVDOSI
8-modda
1. Tomonlar bir-birlariga:
import va eksport uchun bojxona poshlinalariga va yigʻimlariga, jumladan, bunday poshlina va yigʻimlarni yigʻish usullariga;
bojxona rasmiylashtirishi, tranzit, tovar omborlari va transportda tashishga tegishli qoidalarga;
import qilinayotgan tovarlarga bevosita yoki bilvosita qoʻllanadigan soliqlar va boshqa har qanday turdagi ichki yigʻimlarga;
bunday toʻlovlarni toʻlash va oʻtkazish usullariga;
ichki bozorda tovarlarni sotish, xarid qilish, transportda joʻnatish, tarqatish va foydalanishga doir qoidalarga nisbatan hamma sohalarda eng qulay rejim yaratib beradilar.
2. 1-paragraf qoidalari:
a) boj ittifoqi yoki erkin savdo zonasi tuzish maqsadida yoxud shunday ittifoq yoki zona tuzilgani munosabati bilan beriladigan imtiyozlarga;
b) VTO qoidalariga va boshqa xalqaro kelishuvlarga muvofiq ayrim mamlakatlarga rivojlanayotgan mamlakatlar foydasini koʻzlab beriladigan imtiyozlarga;
v) chegara yaqinidagi savdoni yengillashtirish maqsadida qoʻshni mamlakatlarga beriladigan imtiyozlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
3. 1-paragraf qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi VTOga kirgan kuni yoki 1998-yil 31-dekabrida tugaydigan oʻtish davri mobaynida, qaysi biri oldin roʻy berishiga bogʻliq holda, Oʻzbekiston Respublikasi tarafidan 1-Ilovada belgilangan, SSSR tarqab ketganidan keyin tashkil topgan boshqa mamlakatlarga berilgan imtiyozlarga nisbatan qoʻllanmaydi.
9-modda
1. Tomonlar erkin tranzit prinsipi ushbu Bitim maqsadlariga erishishning muhim sharti ekanligiga rozi boʻldilar.
Shu munosabat bilan har bir Tomon oʻz hududi orqali boshqa Tomon boj hududidan chiqqan yoki boj hududi uchun moʻljallangan tovarlarning erkin tranzitini taʼminlaydi.
2. GATTning V moddasi 2-, 3-, 4-, 5-bandlarida tavsiflangan qoidalar Tomonlar oʻrtasida qoʻllanadi.
3. Ushbu moddadagi qoidalar Tomonlar oʻrtasida kelishib olingan maxsus sektorlarga, xususan transport va mahsulotga, tegishli har qanday alohida qoidalarga zarar yetkazilmaydigan holda qoʻllanadi.
10-modda
Tomonlarni bogʻlab turadigan, tovarlarni vaqtincha olib kirish boʻyicha xalqaro konvensiyalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga zarar yetkazmagan holda har bir Tomon, bundan tashqari, ikkinchi Tomonni vaqtincha olib kiriladigan tovarlarga import yigʻimlari va poshlinalaridan ozod qiladi, bunday hollarda unga aloqador har qanday shu masala boʻyicha xalqaro konvensiyalarda belgilangan rasmiy tadbirlarga, oʻz qonunchiligiga muvofiq ish koʻradi. Shunday har qanday konvensiyadan kelib chiqadigan tegishli Tomon qabul qilgan majburiyatlar shartlari inobatga olinadi.
11-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasidan kelib chiqqan tovarlar Hamjamiyatga miqdoran cheklanmay va ekvivalent taʼsir choralarisiz, ushbu Bitimning 13-, 16- va 17-moddalari qoidalariga zarar yetkazmagan holda, olib kiriladi.
2. Hamjamiyatdan kelib chiqqan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasiga miqdoran cheklanmay va ekvivalent taʼsir choralarisiz, ushbu Bitimning 13-, 16- va 17-moddalari qoidalariga zarar yetkazmagan holda, olib kiriladi.
12-modda
Tomonlar oʻrtasida tovarlar bozor narxlarida sotiladi.
13-modda
1. Agar har qanday tovar mahalliy shu turdagi yoki bevosita raqobatdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazadigan yoki zarar yetkazish xavfini tugʻdiradigan katta miqdorda yoki sharoitlarda import qilinsa, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Hamjamiyat, kimning manfaatlariga daxl qilinishidan kelib chiqib, quyidagi tartib va shartlarga muvofiq tegishli chora-tadbirlar koʻrishlari mumkin.
2. Har qanday chora-tadbir koʻrilishidan oldin yoki 4-paragraf qoʻllanayotgan hollarda, choralar koʻrilgandan soʻng mumkin qadar tezroq, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Hamjamiyat, holatdan kelib chiqib, Hamkorlik qoʻmitasiga ikkala Tomon uchun, XI boʻlimda nazarda tutilgani kabi, maqbul qarorlarga kelish maqsadida barcha zaruriy maʼlumotlarni taqdim etadi.
3. Agar Hamkorlik qoʻmitasiga vaziyatni tartibga solish boʻyicha harakatlar toʻgʻrisida murojaat qilingan sanadan keyin 30 kun ichida Tomonlarning maslahatlashuvlari natijasida bir bitimga kelinmasa, maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻragan Tomon zararning oldini olish yoki uni bartaraf qilish uchun zarur hajmga va muddatga tegishli tovarlar importini erkin cheklashi yoxud boshqa mos choralar koʻrishi mumkin.
4. Ushlab turish qoplanishi qiyin zarar keltirishi mumkin boʻlgan ogʻir vaziyatlarda Tomonlar, shunday choralar koʻrilganidan keyin darhol maslahatlashishlar oʻtkazishni taklif etish sharti bilan, maslahatlashishlar oʻtkazilishiga qadar choralar koʻrishlari mumkin.
5. Ushbu moddaga muvofiq choralar tanlashda Tomonlar ular ichida ushbu Bitim maqsadlariga erishish uchun kam zarar keltiradiganlarini afzal koʻradilar.
6. Ushbu moddada hech narsa har qanday Tomonning GATTning VI moddasiga, GATTning VI moddasini qoʻllash toʻgʻrisidagi Bitimga, GATTning VI, XVI va XXIII moddalarini talqin etish va qoʻllash toʻgʻrisidagi Bitimga yoki ichki qonunchilikka muvofiq antidemping yoki kompensatsion choralar koʻrishiga zarar yetkazmaydi yoki biron-bir darajada taʼsir oʻtkazmaydi.
14-modda
Tomonlar ular oʻrtasida tovarlar savdosi boʻyicha tuzilgan ushbu Bitimdagi qoidalarni, vaziyat imkoniyatiga qarab, jumladan Oʻzbekiston Respublikasining VTOga kirishi natijasida yuzaga kelgan ahvolga qarab, rivojlantirishni koʻrib chiqish majburiyatini oladilar. Hamkorlik qoʻmitasi Tomonlarning har birining tartiblariga muvofiq Tomonlar oʻrtasida bitim tuzish orqali amalga kirishi mumkin boʻlgan oʻzgartirishlar boʻyicha Tomonlarga tavsiyalar berishi mumkin.
15-modda
Bitim tovarlar importi, eksporti va tranzitini ijtimoiy axloq, ijtimoiy siyosat yoki jamoat xavfsizligi; kishilar salomatligi va hayotini, hayvonlar yoki oʻsimliklar hayotini muhofaza qilish; tabiiy resurslarni muhofaza qilish; milliy badiiy, tarixiy yoki arxeologik boyliklarni asrash yoxud intellektual, industrial va tijorat mulkini asrash yoki oltin yoki kumushga tegishli qoidalar nuqtai nazaridan oqlangan taqiq yoki cheklashlarni istisno qilmaydi. Biroq bunday taqiq yoki cheklashlar oʻzboshimchalik bilan qilingan kamsitish yoki Tomonlar oʻrtasida savdoni yashirincha cheklash vositasiga aylanmasligi kerak.
16-modda
Ushbu Boʻlim Qurama Nomenklaturaning 50 — 63-boblari qoidalariga boʻysunadigan toʻqimachilik tovarlari savdosiga nisbatan qoʻllanmaydi. Bunday tovarlar savdosi 1995-yil 4-dekabrda dastlabki tasdiqlashdan oʻtgan va shartli ravishda 1996-yil 1-yanvardan qoʻllanadigan alohida Bitim boʻyicha tartibga solinadi.
17-modda
1. Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasini taʼsis etgan Shartnoma amaliga boʻysunadigan tovarlar savdosi ushbu Boʻlim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi, 11-modda bundan mustasno.
2. Bir tomondan, Oʻzbekiston Respublikasi vakillaridan, va, ikkinchi tomondan, Hamjamiyat vakillaridan tarkib topgan koʻmir va poʻlat masalalari boʻyicha Muloqot guruhi taʼsis etiladi.
Muloqot guruhi muntazam ravishda koʻmir va poʻlatga doir barcha masalalar boʻyicha Tomonlarni qiziqtiruvchi maʼlumotlarni ayirboshlaydi.
18-modda
Yadro materiallari savdosi atom energiyasi boʻyicha Yevropa Hamjamiyati va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida tuziladigan alohida Bitim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV BOʻLIM
TADBIRKORLIK FAOLIYATI VA INVESTITSIYaLAR TOʻGʻRISIDA QOIDALAR
TADBIRKORLIK FAOLIYATI VA INVESTITSIYaLAR TOʻGʻRISIDA QOIDALAR
I BOB
Mehnat faoliyatiga taalluqli shartlar
Mehnat faoliyatiga taalluqli shartlar
19-modda
1. Hamjamiyat va Aʼzo-davlatlar, har bir Aʼzo-davlatda amalda boʻlgan qonunlar, shartlar va tartiblarga rioya qilgan holda, Aʼzo-davlat hududida qonuniy asoslarda ishga qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga beriladigan rejim ish sharoiti, taqdirlash va ishdan boʻshatish borasida, fuqarolik belgisiga qarab oʻzining fuqarolariga qaraganda hech qanday kamsitishga yoʻl qoʻymasligini taʼminlaydilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan shartlar va qoidalarga rioya qilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda ishga qabul qilingan Aʼzo-davlatlar fuqarolariga beriladigan rejim ish sharoiti, taqdirlash va ishdan boʻshatish borasida, fuqarolik belgisiga qarab oʻzining fuqarolariga qaraganda hech qanday kamsitishga yoʻl qoʻymasligini taʼminlaydi.
20-modda
Hamkorlik kengashi, tadbirkorlar faoliyati sharoitlari uchun EXHKning Bonn konferensiyasi hujjatida koʻrsatilganlarini ham qoʻshganda, Tomonlarning xalqaro majburiyatlariga mos keladigan qanday qulayliklar yaratilishi mumkinligini koʻrib chiqadi.
21-modda
Hamkorlik Kengashi ushbu Bitimning 19- va 20-moddalarini qoʻllash masalalari boʻyicha tavsiyalar beradi.
II BOB
Kompaniyalarning taʼsis etilishi va faoliyatiga taalluqli shartlar
Kompaniyalarning taʼsis etilishi va faoliyatiga taalluqli shartlar
22-modda
1. Hamjamiyat va uning Aʼzo-davlatlari oʻzbek kompaniyalarini taʼsis etish uchun, 24(d)-moddada belgilanganidek, har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalariga beriladigandan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
2. II Ilovada qayd etilgan shartlarga zararsiz holda, Hamjamiyat va uning Aʼzo-davlatlari ularning hududlarida taʼsis etilgan Oʻzbekiston kompaniyalarining shoʻba kompaniyalariga ularning faoliyatiga nisbatan Hamjamiyatning boshqa kompaniyalariga yaratilayotgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadilar.
3. Hamjamiyat va uning Aʼzo-davlatlari oʻzlarining hududlarida tashkil qilingan Oʻzbekiston kompaniyalarining filiallariga, ularning faoliyatiga nisbatan har qanday uchinchi mamlakatning kompaniyalari filiallariga yaratilayotgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadilar.
4. III Ilovada qayd etilgan shartlarga zararsiz holda, Oʻzbekiston Respublikasi Hamjamiyat kompaniyalarini taʼsis qilish uchun 24(d)-moddada belgilanganidek, oʻzbek kompaniyalari yoki har qanday uchinchi mamlakat kompaniyalariga yaratilayotgan rejimdan kam boʻlmagan qaysi biri yaxshiroq boʻlishiga qarab, oʻshandek qulay rejim yaratadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining hududida tashkil qilingan Hamjamiyat shuʼba kompaniyalari va filiallariga, oʻzining kompaniyalari va filiallariga yoki har qanday uchinchi mamlakat shuʼba kompaniyalari va filiallariga yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan, ularning faoliyatiga nisbatan qaysi biri yaxshiroq boʻlishiga qarab, oʻshandek rejim yaratadi.
23-modda
1. 22-moddadagi qoidalar havo transporti, ichki suv transporti va dengiz transportiga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Ammo xalqaro dengiz transporti xizmatlari koʻrsatish boʻyicha kemachilik agentliklari amalga oshirayotgan faoliyat turlariga, shu jumladan dengiz yelkasidan foydalaniladigan aralash operatsiyalarga, nisbatan har bir Tomon oʻz hududida boshqa Tomon kompaniyalariga oʻzining kompaniyalariga yoki uchinchi mamlakat kompaniyalarining shoʻba kompaniyalari yoki filiallariga beriladigandan kam boʻlmagan, qaysi birlari yaxshiroq boʻlishiga qarab, oʻshandek qulay sharoitlar yaratib berilishi asosida taʼsis etilgan va faoliyat koʻrsatayotgan shoʻba kompaniyalari yoki filiallari shaklida tijoraviy hozir boʻlishiga ruxsat beradi.
Bunday faoliyat quyidagilarni oʻz ichiga oladi, ammo bular bilan chegaralanib qolmaydi:
a) marketing va dengiz transporti xizmatlari, bu xizmatlar amal qilyaptimi yoki xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki xizmatlarni tarqatuvchi amaldagi biznes-kelishuvni qoʻllab-quvvatlovchi xizmatlarni yetkazib beruvchilar tomonidan taklif qilinganmi, bundan qatʼiy nazar, va isteʼmolchilar bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa qiladigan xizmatlar bilan bogʻliq xizmatlarni sotish;
b) xarid qilish va qaysi-bir transport va u bilan bogʻliq xizmatlardan yoki ularning isteʼmolchilarining schyoti hisobidan (va ularni isteʼmolchilarga olib-sotish) transportning har qanday turi bilan koʻrsatiladigan ichki transport xizmatini qoʻshib aralash yuk tashish bilan bogʻliq xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻlgan, jumladan, ichki dengiz, avtomobil va temir yoʻl transportidan foydalanish;
c) transport hujjatlari, bojxona hujjatlari yoki tashilayotgan tovarlarning kelib chiqishi va xususiyatlariga aloqador boshqa hujjatlarni tayyorlash;
d) ishga aloqador axborotlarni har qanday vositalar bilan, jumladan kompyuterlashgan axborot tizimlari va maʼlumotlarni elektron almashish (telekommunikatsiyalarga taalluqli har qanday kamsitmovchi cheklab qoʻyishlarga rioya qilgan holda) vositalar bilan, taqdim etish;
e) har qanday kemachilik agentligi bilan har qanday amaliy kelishuvni tuzish, jumladan, kompaniya aksiyalari paketida qatnashish va mahalliy miqyosda yollangan xodimlarni (yoki, agar xizmatchilar xorijiy boʻlganlarida, ushbu Bitimning tegishli qoidalariga muvofiq) tayinlashda qatnashish;
f) kompaniyalar nomidan kemalarning kirishini yoki zarurat tugilganda yuklarni qabul qilishni tashkil etish boʻyicha harakat qilish.
24-modda
Mazkur Bitimning maqsadlari uchun:
a) “Oʻzbekiston kompaniyasi” yoki mos ravishda “Hamjamiyat kompaniyasi” Oʻzbekiston Respublikasi yoki Aʼzo-davlat qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan va oʻzining roʻyxatdan oʻtkazilgan idorasiga yoki markaziy maʼmuriyatiga ega boʻlgan yoki xoʻjalik faoliyatining asosiy joyi Oʻzbekiston Respublikasi yoki mos ravishda Hamjamiyat hududida boʻlgan kompaniyani bildiradi. Biroq, agar Oʻzbekiston Respublikasi yoki mos ravishda Aʼzo-davlatlar qonunlariga muvofiq tashkil etilgan kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi yoki mos ravishda Hamjamiyat hududida faqat oʻzining roʻyxatdan oʻtkazilgan idorasiga ega boʻlsa, agar uning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi yoki tegishli ravishda Aʼzo-davlatlardan birining iqtisodiyoti bilan aniq va doimiy bogʻlangan boʻlsa, bu kompaniya Oʻzbekiston kompaniyasi yoki tegishli ravishda Hamjamiyat kompaniyasi hisoblanadi;
b) kompaniyaning “Shoʻba kompaniyasi” haqiqatda ushbu kompaniya tomonidan nazorat qilinuvchi kompaniyani bildiradi;
c) kompaniyaning “Faoliyati” yuridik shaxs hisoblanmagan, boʻlinma boʻlib ajralib chiqqan, doimiylik alomatlariga ega boʻlgan, masalan, asosiy kompaniyadan ajralib chiqqan, boshqarmasi va moddiy jihozlari bor, uchinchi tomonlar bilan amaliy munosabatlarni quyidagi tartibda amalga oshiruvchi, yaʼni, uchinchi tomonlar zarur paytda asosiy kompaniya bilan huquqiy aloqada boʻladigan, bosh ofisi xorijda joylashgan bu asosiy kompaniya bilan bevosita ish olib bormasdan asosiy kompaniyadan ajralgan boʻlsa ham, shu boʻlinmada ishni yurgiza oladigan boʻlinmani bildiradi;
d) “Taʼsis qilish” mazkur moddaning a) paragrafida ular belgilab quyilganidek, Oʻzbekiston Respublikasida yoki tegishli ravishda Hamjamiyatda filiallar va shoʻba kompaniyalar tuzish yoʻli bilan iqtisodiy faoliyatga kirishish boʻyicha Oʻzbekiston kompaniyalari yoki Hamjamiyat kompaniyalari huquqini bildiradi;
e) “Faoliyat” iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni bildiradi;
f) “Iqtisodiy faoliyat” sanoat, tijorat yoki professional tusdagi faoliyatni bildiradi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi va tegishlicha Hamjamiyat tashqarisida joylashib olgan Oʻzbekiston Respublikasi yoki Aʼzo-davlat fuqarolari tomonidan va Oʻzbekiston Respublikasining yoki Hamjamiyatning tashqarisida taʼsis etilgan va Oʻzbekiston Respublikasi yoki tegishlicha har qanday Aʼzo-davlat fuqarolari tomonidan nazorat qilinadigan kemachilik kompaniyalari ham xalqaro dengiz transporti, shu jumladan dengiz yelkasidan foydalaniladigan aralash operatsiyaga nisbatan, agar ularning kemalari Oʻzbekiston Respublikasida yoki Aʼzo-davlatda ularning tegishli qonunlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, ushbu Bobda va III Bobda nazarda tutilgan qoidalaridan foydalanadilar.
25-modda
1. Ushbu Bitimning har qanday boshqa qoidalariga qaramasdan, Tomonlar ehtiyotkorlik choralarini koʻrishga, shu jumladan investorlar, omonatchilar, sugʻurta polislari egalari, moliyaviy xizmatlar bilan taʼminlovchining ishonchli shaxslarini himoya qilish boʻyicha choralar yoki moliya tizimining barqarorligi va yaxlitligi uchun zarur choralarni koʻrishga toʻsqinlik qilmasliklari kerak. Agar bunday choralar ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq boʻlmasa, Tomon ulardan ushbu Bitim boʻyicha olgan majburiyatlarini bajarishdan qutulish vositasi sifatida foydalanmasligi kerak.
2. Ushbu Bitimda hech bir narsa Tomondan yakka buyurtmachi schyotlari va ishlari haqida maʼlumot yoki davlat idoralari ixtiyoridagi har maxfiy yoki patentli maʼlumot taqdim etish boʻyicha talab sifatida talqin qilinmasligi kerak.
3. Ushbu Bitimning maqsadlari uchun “moliya xizmatlari” IV Ilovada koʻrsatilgan faoliyatni bildiradi.
26-modda
Ushbu Bitim qoidalari har bir Tomonning uchinchi mamlakat bozoriga kirish boʻyicha koʻrgan choralariga xilof harakatlarning oldini olish uchun, ushbu Bitim qoidalariga asosan, zarur choralar koʻrishiga zarar yetkazmaydi.
27-modda
1. Ushbu Boʻlimning I Bobi qoidalariga qaramasdan, Hamjamiyat yoki Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli hududlarda taʼsis etilgan Oʻzbekiston Respublikasi kompaniyasi yoki Hamjamiyat kompaniyasi, taʼsischi mamlakatlardagi amaldagi qonunchilikka rioya qilib, oʻzi yoki oʻzining shoʻba kompaniyalari yoki filiallari orqali Oʻzbekiston Respublikasi hududida, Oʻzbekiston Respublikasi yoki Aʼzo-davlatlar fuqarolari hisoblangan Hamjamiyat xodimlarini ishga yollashga haqlidir, bu holda xodimlar, asosiy xodim boʻlishi kerakki, bu tushuncha ushbu moddaning 2-paragrafida belgilangan, shuningdek, ular mutlaqo kompaniyalar yoki filiallar tomonidan yollangan boʻlishlari kerak. Bunday xodimlarning yashashi va ishlashiga berilgan ruxsatnomalar muddati yollanuv davridan oshmasligi lozim.
2. Yuqorida qayd etilgan, shu oʻrinda va bundan keyin “tashkilotlar” deb ataladigan kompaniyalarning asosiy xodimlari quyida koʻrsatilgan toifalardagi “firma ichida oʻtkazish tartibida ishlovchi shaxslar” hisoblanadi (bu tushuncha ushbu moddaning 2 b)-paragrafida aniqlab berilgan), buning uchun ushbu tashkilot yuridik shaxs hisoblanishi, soʻz yuritilayotgan shaxslar esa uning tomonidan yollangan boʻlishi yoki bunday oʻtkazish vaqtigacha kamida bir yil mobaynida uning sheriklari boʻlishi (aksiyalarning nazorat paketi egalaridan tashqari) kerak:
a) tashkilotda yuqori lavozimni egallagan, eng avvalo umumiy nazorat ostidagi muassasani boshqaruvchi yoki asosan direktorlar yoki aksionyerlar kengashidan yoki boshqa unga teng idoradan koʻrsatmalar oluvchi shaxs, jumladan:
muassasa, boʻlim yoki muassasa sektori rahbarlari;
boshqa rahbarlar, professional yoki boshqaruv boʻgʻin xodimlari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiruvchi hamda nazorat qiluvchi shaxslar;
shaxsan ishga qabul qilish va boʻshatishga yoki ishga qabul qilish, boʻshatish yoki boshqa kadrlar masalasida tavsiyalar berishga vakolatli shaxslar;
boʻshatish yoki boshqa kadrlar masalasida tavsiyalar berishga vakolatli shaxslar;
b) tashkilotda ishlovchi va muassasaga, tadqiqot asbob-uskunalariga, texnikaga xizmat koʻrsatish yoki boshqaruv uchun juda zarur bilimlarga ega boʻlgan shaxslar. Bu bilimlar, shu muassasa uchun maxsus xarakterdagi bilimlar bilan bir qatorda, maxsus texnika bilimlarini, shu jumladan boʻlishini talab qiluvchi faoliyat turi yoki ish turi yoki savdoga taalluqli boʻlgan yuqori darajali malakaga qarab baholanadi;
c) “Firma ichida oʻtkazish tartibida ishlovchi shaxs”, Tomonlardan birining hududidagi tashkilotda ishlovchi va iqtisodiy faoliyat doirasida vaqtincha boshqa Tomon hududiga oʻtkazuvchi, bu tashkilot Tomonning biri hududida faoliyatning asosiy joyiga ega boʻlishi, bu tashkilotning muassasasi (filial, shuʼba korxona) oʻtkazishni amalga oshirmogʻi, xuddi shunday iqtisodiy faoliyatni boshqa Tomonning hududida amalga oshiruvchi jismoniy shaxs sifatida belgilanadi.
28-modda
1. Tomonlar bir-birining kompaniyalarining taʼsis etilishi va faoliyati uchun sharoitlarni Bitim imzolanishi kunidan oldingi kundagi vaziyatga qaraganda ancha cheklab qoʻyishi mumkin boʻlgan chora va harakatlarning oldini olish uchun bor imkoniyatlaridan foydalanadilar.
2. Ushbu modda qoidalari 36-modda qoidalariga hech qanday zarar yetkazmaydi, 36-moddaga toʻgʻri keluvchi vaziyatlar faqat uning qoidalari bilan tartibga solinadi, boshqa har qanday qoidalar mustasno qilinadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati 42-modda qoidalari asosida va hamkorlik va sheriklik ruhida ish olib borib, Hamjamiyatni oʻzining yangi qonunlarini taklif etish yoki Hamjamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatuvchi shuʼba korxonalari yoki filiallarini taʼsis etish yoki ularning faoliyati uchun Bitim imzolanadigan kundan oldingi vaziyatga nisbatan koʻproq cheklovchi boʻlishi mumkin boʻlgan yangi tartibga solish normalarini qabul qilish niyati toʻgʻrisida xabardor qilishi kerak. Hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasidan shunday qonunchilik yoki tartibga soluvchi normalar loyihalarini taqdim etishni talab qilishi va bu loyihalar boʻyicha maslahatlashishi mumkin.
4. Oʻzbekiston Respublikasida joriy etilgan yangi qonunchilik yoki qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida taʼsis etilgan shoʻba korxonalar va filiallar faoliyati uchun sharoitlarni Bitim imzolangan sanadan oldin mavjud boʻlgan vaziyatga nisbatan ancha cheklab quyadigan boʻlsa, ushbu qonunchilik yoki qoida Hamjamiyatning Oʻzbekiston Respublikasi hududida tegishli hujjatning kuchga kirishidan oldin taʼsis etilgan filiallari va shoʻba kompaniyalariga, u kuchga kirgandan keyin 3 yil mobaynida tatbiq qilinmaydi.
III BOB
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasida transchegara xizmatlari koʻrsatish
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasida transchegara xizmatlari koʻrsatish
29-modda
1. Ushbu Bobning shartlariga muvofiq Tomonlar, vakili uchun xizmatlar moʻljallangan Tomon hududida joylashgan oʻzbek kompaniyalari va Hamjamiyat kompaniyalarining Tomonlar xizmat koʻrsatish sektorlarining rivojlantirishini eʼtiborga olib, xizmat koʻrsatishlarini taʼminlash uchun zarur choralar koʻrishi majburiyatini oladilar.
2. 1-paragrafni amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar Hamkorlik qoʻmitasi tomonidan beriladi.
30-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida bozorga yoʻnaltirilgan xizmatlar sektorini rivojlantirish maqsadida hamkorlik qiladilar.
31-modda
1. Tomonlar dengiz transportiga nisbatan tijorat asosida monesiz xalqaro bozorga va transportda yuk tashishlarga kirish prinsipini samarali qoʻllash majburiyatini oladilar:
a) yuqorida koʻrsatilgan qoida Birlashgan Millatlar Tashkilotining liniya konferensiyalari uchun Axloq Kodeksi toʻgʻrisidagi Konvensiyasidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga, ushbu Bitim Tomonlariga nisbatan qanday qoʻllanilgan boʻlsa, zarar yetkazmaydi. Konferensiya ishtirokchilari boʻlmagan liniya operatorlari tijorat asosidagi xususiy raqobatchilik prinsipiga amal qilganlari taqdirda konferensiya bilan raqobatlashish huquqiga ega boʻladilar.
b) Tomonlar sochiladigan va suyuq yuklar bilan savdo qilishning asosiy shartlaridan biri sifatida erkin raqobatchilik muhiti prinsipiga sodiq ekanliklarini tasdiqlaydilar.
2. Tomonlar 1-paragrafdagi prinsiplarni qoʻllashda:
a) ushbu Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab har qanday Aʼzo-davlat va sobiq SSSR oʻrtasida yuk tashishni taqsimlash xususida ikki tomonlama bitimlarning har qanday qoidalarini oʻzlarining oʻzaro savdo-sotiqlarida qoʻllamaydilar;
b) uchinchi mamlakatlar bilan kelgusidagi ikki tomonlama bitimlarga yuk tashishni taqsimlash toʻgʻrisidagi ahdlashuvlarni kiritmaydilar, ammo bu narsa shunday alohida hollarda liniya yuklari hususidagi bunday ahdlashuvlar ehtimolini mustasno qilmaydiki, bunda ushbu Bitimning u yoki bu Tomoniga qarashli liniya kemachilik kompaniyalari tegishli uchinchi mamlakatga yoki shunday mamlakatlardan yuk tashishni amalga oshirish uchun oʻzgacha tarzda real imkoniyatga ega boʻlmasliklari mumkin;
c) sochiladigan va suyuq yuklar bilan savdo qilish toʻgʻrisida kelgusidagi ikki tomonlama bitimlarda yuklarni taqsimlash normalarini taqiqlaydilar;
d) ushbu Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab bir tomonlama barcha choralar bekor qilinadi hamda dengiz orqali xalqaro yuk tashish sohasida erkin xizmatlar koʻrsatilishiga yashirincha cheklashlar yoki unga kamsituvchi taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan maʼmuriy, texnikaviy va boshqa gʻovlarni bartaraf etadilar.
32-modda
Tomonlar oʻrtasida ularning tijorat ehtiyojlariga javob beradigan, transport munosabatlarini muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirish maqsadida oʻzaro bozorga kirib borish hamda transport, yoʻl, temir yoʻl, havo, dengiz yoʻllari orqali xizmatlari koʻrsatish, agar ular mavjud boʻlsa, shartlari ushbu Bitim kuchga kirgandan keyin Tomonlarning maxsus bitimlari bilan izohlanishi mumkin.
IV BOB
Umumiy qoidalar
Umumiy qoidalar
33-modda
1. Ushbu Boʻlimning qoidalari ijtimoiy siyosat, jamoat xavfsizligi yoki jamiyat sogʻligʻini saqlash sabablari boʻyicha asoslangan cheklashlarni hisobga olgan holda qoʻllaniladi.
2. Bu qoidalar Tomonlar hududida, hatto vaqti-vaqti bilan boʻlsa-da, rasmiy vakolatlarni bajarish bilan bogʻliq faoliyatga nisbatan qoʻllanilmaydi.
34-modda
Ushbu Boʻlim maqsadlari uchun Bitimda Tomonlarga kelish, boʻlish, ishlash, mehnat shartlari hamda jismoniy shaxslar uyushmalari va xizmatlarni yetkazib berishga taalluqli qonunlarni va boshqa normativ hujjatlarni qoʻllanishda hech narsa toʻsqinlik qilmaydi, faqat bunda ular oʻz qonunlari va normativ hujjatlarini ushbu Bitimning alohida qoidaga ega tufayli har qanday Tomon oladigan afzalliklarni bekor qiladigan yoki cheklaydigan tarzda qoʻllamasliklari shart. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoida 33-moddaning qoʻllanilishiga ziyon yetkazmaydi.
35-modda
Oʻzbekiston kompaniyalari bilan Hamjamiyat kompaniyalari nazoratida boʻlgan va ular toʻla birgalikda egalik qilayotgan kompaniyalar ham ushbu Boʻlimning II, III va IV Boblaridagi afzalliklardan foydalanadilar.
36-modda
Xizmatlar savdosi Bosh bitimi (GATS) qamrab oladigan sektorlar yoki tadbirlarga dahldor boʻlgan GATSning tegishli majburiyatlari bir oy ilgarigi kunda kuchga kirganidan boshlab, Tomonlarning har qandayiga aslo birinchi Tomon GATSning tegishli qoidalariga muvofiq bergan rejimdan qulayroq boʻlishi mumkin emas. Bu narsa har bir xizmat sektoriga, kichik xizmat sektoriga va xizmatlarni yetkazib berish turlariga taalluqlidir.
37-modda
Hamjamiyat, unga Aʼzo-davlatlar yoki Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy integratsiya toʻgʻrisidagi bitimlar boʻyicha olingan majburiyatlarga muvofiq va GATS 5-moddasining prinsiplariga muvofiq beradigan rejim II, III, va IV Boblarning maqsadlari uchun eʼtiborga olinmaydi.
38-modda
1. Ushbu Boʻlimning qoidalariga muvofiq beriladigan eng qulay rejim Tomonlar ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi bitimlar yoki soliq masalalariga oid boshqa bitimlar asosida berayotgan yoxud kelgusida beradigan soliq imtiyozlariga nisbatan qoʻllanilmaydi.
2. Ushbu Boʻlimda hech narsa shunday talqin etilmasligi kerakki, Tomonlarning ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisidagi bitimlar yoki soliq masalalariga oid boshqa bitimlarning yoxud ichki soliq qonunchiligining soliq qoidalariga muvofiq uni toʻlamaslik yoki soliq toʻlashdan boʻyin tovlashning oldini olish maqsadini koʻzlovchi har qanday chora-tadbirlar qabul qilinishiga yoxud amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilmasligi zarur.
3. Ushbu Boʻlimda hech narsa Oʻzbekiston Respublikasining yoki Aʼzo-davlatlarning soliq qonunchiligidagi tegishli qoidalarni qoʻllanish chogʻida ularga ayni bir xil ahvolda boʻlmagan, jumladan, turli joylarda istiqomat qiladigan soliq toʻlovchilarni farqlashlari uchun toʻsiq sifatida talqin etilmasligi kerak.
39-modda
27-moddaga ziyon yetkazilmagan holda, II, III va IV Boblarning bironta ham qoidasi quyidagi huquqni beradigan qoida sifatida talqin etilmaydi:
Oʻzbekiston Respublikasining yoki tegishli ravishda Aʼzo-davlatlarning fuqarolariga — Hamjamiyatning yoxud tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasining hududiga istalgan holda va jumladan, ulush egasi yoki kompaniyadagi sherik, yoxud uning menejeri yoki uning xodimi, yoxud xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki ularni qabul qilib oluvchi sifatida kelish yoxud u yerda boʻlish;
Hamjamiyatning shoʻba kompaniyalariga yoki Oʻzbekiston kompaniyalarining filiallariga Hamjamiyat hududida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ishga yollash;
Oʻzbekiston shoʻba kompaniyalariga yoki Hamjamiyat kompaniyalarining filiallariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida Aʼzo-davlatlarning fuqarolarini ishga yollash;
Oʻzbekiston kompaniyalariga yoki shoʻba kompaniyalariga yoxud Oʻzbekiston kompaniyalarining Hamjamiyatdagi filiallariga Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmish ishchilarni kontraktlar boʻyicha faoliyat koʻrsatish uchun vaqtincha ishlashga yuborish;
Hamjamiyat kompaniyalariga yoki Oʻzbekiston shoʻba kompaniyalariga yoxud Hamjamiyat kompaniyalarining filiallariga Aʼzo-davlatlarning fuqarolari boʻlmish ishchilarni shartnomalar boʻyicha faoliyat koʻrsatish uchun vaqtincha ishlashga yuborish.
V BOB
Joriy toʻlovlar va kapitallar
Joriy toʻlovlar va kapitallar
40-modda
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida va Hamjamiyatda yashayotganlar oʻrtasida toʻlov balansining joriy hisob-kitobi boʻyicha tovarlar, xizmatlarning va jismoniy shaxslarning harakati bilan bogʻliq boʻlgan, ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladigan har qanday toʻlovlarni erkin almashtiriladigan valyutada oʻtkazishga ruxsat berish majburiyatini oladilar.
2. Toʻlov balansining kapital hisob-kitobi boʻyicha bitimlar borasida, ushbu Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab, qabul qiluvchi mamlakatning qonunlariga muvofiq tashkil etilgan kompaniyada amalga oshiriladigan bevosita investitsiyalar hamda II Bobning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladigan investitsiyalar shaklida kapitalning erkin harakati va ana shu investitsiyalar hamda ulardan olingan har qanday foydaning oʻtkazilishi yoki tugatilishi taʼminlanadi.
3. 2- va 5-paragraflarga zarar yetkazilmagan holda ushbu Bitim kuchga kirgan paytdan boshlab Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida va Hamjamiyatda istiqomat qiluvchilar oʻrtasida kapital harakatiga va u bilan bogʻliq joriy toʻlovlarga hech qanday yangi cheklashlarni joriy etmaydilar va mavjud shartlarni ogʻirlashtirmaydilar.
4. Tomonlar ushbu Bitimning maqsadlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat oʻrtasida 2-paragrafda koʻrsatilgandan boshqa kapitallarning harakatini yengillashtirish xususida bir-birlari bilan maslahatlashib oladilar.
5. Ushbu moddaning qoidalariga nisbatan, Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) toʻgʻrisidagi Bitim moddalarining VIII moddasiga muvofiq tushunilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi valyutasining toʻla erkin ayirboshlashi joriy etilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi ayrim hollarda qisqa muddatli va oʻrta muddatli moliyaviy kreditlarni berish yoki jalb etish bilan bogʻliq valyuta cheklashlarini bunday kreditlar berilishi borasida Oʻzbekiston Respublikasi zimmasiga yuklangan va Oʻzbekiston Respublikasining XVFdagi maqomiga muvofiq ruxsat berilgan darajada qoʻllanishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi bunday cheklashlarni hech kimni kamsitmasdan qoʻllaydi. Cheklashlar shunday qoʻllanilishi kerakki, ushbu Bitimga yetkaziladigan ziyon nihoyatda kam boʻlsin. Oʻzbekiston Respublikasi shunday chora-tadbirlar joriy etilgani haqida va ularning har qanday oʻzgarishlari toʻgʻrisida Hamkorlik kengashini oʻz vaqtida xabardor qiladi.
6. 1- va 2-paragraflarga ziyon yetkazmasdan, ayrim vaziyatlarda, Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasidagi kapital harakati Oʻzbekiston Respublikasida yoki Hamjamiyatda valyuta kursi sohasidagi siyosatni yoxud kredit-pul siyosatini amalga oshirish uchun jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirayotgan yoki shunday qiyinchilik tugʻdirish xavfini solayotgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi yoxud tegishli ravishda Hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasida kapital harakatiga nisbatan himoya choralarini joriy etish qatʼiy zarur boʻlib qolsa, olti oydan oshmaydigan davr mobaynida shunday choralarni joriy etishlari mumkin.
VI BOB
Intellektual, sanoat va tijorat mulkini muhofaza qilish
Intellektual, sanoat va tijorat mulkini muhofaza qilish
41-modda
1. Ushbu moddaning qoidalarini va V Ilovani hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu Bitim kuchga kirgandan keyin besh yillik muddat tugagach, intellektual, sanoat va tijorat mulki egalarining huquqlarini himoya qilishda Hamjamiyatdagi darajaga mos keladigan himoya darajasiga, shu jumladan, mazkur huquqlarni kuchaytirish borasida samarali vositalarga erishish maqsadida bunday huquqlarni himoya qilishni yaxshilab boraveradi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgandan keyin besh yil oʻtgach, Oʻzbekiston Respublikasi V Ilovaning 1-paragrafida aytib oʻtilgan intellektual, sanoat va tijorat mulkiga egalik huquqlari toʻgʻrisidagi koʻp tomonlama konvensiyalarga qoʻshiladi, qoʻshilgan ushbu konvensiyalarning tegishli shartlariga binoan ularga Aʼzo-davlatlar yoki ular amalda Aʼzo-davlatlar tomonidan qoʻllaniladi.
V BOʻLIM
QONUNChILIK SOHASIDAGI HAMKORLIK
QONUNChILIK SOHASIDAGI HAMKORLIK
42-modda
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasining mavjud va boʻlajak qonunlarining Hamjamiyat qonunlari bilan yaqinlashuvi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning muhim sharti deb biladilar. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz qonunlarining Hamjamiyat qonunlariga mos kelishiga asta-sekin erishishga harakat qiladi.
2. Qonunlarning yaqinlashuvi jarayoni, xususan, huquqning quyidagi sohalariga tatbiq etiladi: boj huquqi, tadbirkorlik faoliyati, banklar qonunlari va boshqa moliyaviy xizmatlar, buxgalteriya hisobi va kompaniyalarni soliqqa tortish, intellektual mulk, telekommunikatsiyalar sohasidagi qonunlar, ish joyida mehnatni muhofaza qilish, moliyaviy xizmatlar, raqobat qoidalari, jumladan, savdo bobidagi barcha paragraflar, davlat xaridi, odamlar salomatligi va hayotini, hayvonlar va oʻsimliklarni himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, bilvosita soliqqa tortish, texnik meʼyorlar va andozalar, yadro huquqi, transport, telekommunikatsiyalar.
3. Hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasiga quyidagilarni oʻz ichiga olgan tadbirlarni amalga oshirish uchun texnikaviy koʻmak beradi:
ekspertlar almashish;
operativ axborot, jumladan, tegishli qonunlar boʻyicha axborot bilan taʼminlash;
seminarlar uyushtirish;
qonunlarni ishlab chiqish va koʻllashda qatnashayotgan xodimlarni tayyorlash va oʻqitish;
tegishli sektorlarda Hamjamiyat qonunlarini tarjima qilishda yordam berish.
4. Tomonlar, ular oʻrtasida savdo munosabatlari mavjud boʻlgan taqdirda, raqobat toʻgʻrisidagi tegishli qonunlarni qoʻllash yoʻllarini oʻrganib chiqishga rozidirlar.
VI BOʻLIM
IQTISODIY HAMKORLIK
IQTISODIY HAMKORLIK
43-modda
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat iqtisodiy islohotlar jarayoniga koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasini tiklash va barqaror rivojlantirish maqsadida iqtisodiy hamkorlik oʻrnatadilar. Bunday hamkorlik mavjud oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi.
2. Siyosat va boshqa tadbirlar, Oʻzbekiston Respublikasida barqaror rivojlanish va uygʻun ijtimoiy taraqqiyot ehtiyojlardan kelib chiqib, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishga hamda iqtisodiyotni qayta qurishga koʻmaklashadigan qilib ishlab chiqiladi, ular ekologiya borasidagi mulohazalarni ham toʻla-toʻkis hisobga oladi.
3. Hamkorlik, jumladan, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni, mehnat resurslarini rivojlantirishni, korxonalarni (xususiylashtirish, investitsiya va moliyaviy xizmatni rivojlantirish ham shunga kiradi), qishloq xoʻjaligini va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni, energetika va fuqarolar yadro xavfsizligini, transport, pochta xizmati va telekommunikatsiyalarni, turizmni, atrof-muhitni muhofaza qilishni va mintaqaviy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga oladi.
4. Mintaqaviy hamkorlikka koʻmaklashadigan chora-tadbirlarga alohida ahamiyat beriladi.
5. Hamkorlikning ushbu Bitimda koʻzda tutiladigan iqtisodiy va boshqa shakllari Yevropa Hamjamiyati Kengashining Mustaqil davlatlarga texnikaviy yordam berish hususidagi tegishli normativ hujjatlari asosida Tomonlar oʻzaro kelishadigan ustuvorliklarni hisobga olgan holda, mumkin boʻlgan joylarda Hamjamiyat tomonidan texnikaviy yordam bilan qoʻllab-quvvatlanishi mumkin. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga uning muvofiqlashtirish ishlari va tadbirlarida texnikaviy yordam koʻrsatilishi mumkin.
44-modda
Tovarlar va xizmatlar bilan savdo-sotiq sohasidagi hamkorlik
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi amalga oshirayotgan xalqaro savdo-sotiq VTO qoidalariga muvofiq ravishda boʻlishini taʼminlash maqsadida hamkorlik qiladilar.
Bunday hamkorlik savdo jarayoniga bevosita aloqador boʻlgan quyidagi aniq masalalarni oʻz ichiga oladi, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining qonun va qoidalarini VTO tartiblariga muvofiqlashtirish va, shu bilan, ushbu tashkilotga aʼzo boʻlish uchun sharoitlarni imkoni bor darajada tez hosil qilish. Bunday hamkorlik quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
savdo siyosati va savdo-sotiq masalalarini, jumladan, toʻlovlar va hisob-kitob qilish mexanizmini ishlab chiqish;
mos qonunlar loyihalarini tayyorlash.
45-modda
Sanoat sohasidagi hamkorlik
1. Bu hamkorlik, xususan, quyidagilarga yordam berishga qaratilgan:
ikkala mamlakat xoʻjalik yuritish subyektlari oʻrtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish;
Oʻzbekistonning oʻz sanoatini qayta qurish ishlarida Hamjamiyatning ishtiroki;
boshqaruvni yaxshilash;
sanoat mahsulotlari sifatini yaxshilash;
xomashyo materiallari sohasida ishlab chiqarish va qayta ishlash vositalarini rivojlantirish va qayta ishlash imkoniyatlarini oshirish;
tegishli tijorat meʼyorlari va amaliyotini, jumladan mahsulot marketingini rivojlantirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
mudofaa sanoatini konversiyalash;
boshqaruv xodimlarini tayyorlash.
2. Ushbu modda qoidalari majburiyatlar xususida Hamjamiyat raqobat qoidalarini qoʻllashga taʼsir qilmaydi.
46-modda
Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish
1. Hamjamiyat va Aʼzo-davlatlar tegishli vakolatlari va huquqlari doirasini hisobga olgan holda hamkorlik birinchi navbatda investitsiyalarni himoya qilishni yaxshilash, mablagʻ oʻtkazish va investitsiya imkoniyatlari toʻgʻrisidagi axborotlarni ayirboshlash yoʻli bilan ham mamlakatning oʻzidagi, ham xorijdagi xususiy investitsiyalar uchun qulay muhitni vujudga keltirishga qaratilgan.
2. Bunday hamkorlikning maqsadi, xususan:
zarur boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Aʼzo-davlatlar oʻrtasida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida bitim tuzish;
zarur boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hamjamiyatga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasida ikki tomonlama soliq solishga yoʻl quymaslik toʻgʻrisida bitim tuzish;
Oʻzbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratish;
barqaror va biznesga mos keladigan huquq va shart-sharoit yaratish, investitsiya sohasidagi qonunlar, meʼyorlar va maʼmuriy amaliyot toʻgʻrisida axborot ayirboshlash;
inter alia, investitsiya imkoniyatlari, savdo yarmarkalari, koʻrgazmalar, savdo haftaliklari va boshqa tadbirlar toʻgʻrisidagi axborotlarni ayirboshlash hisoblanadi.
47-modda
Davlat yoʻli bilan xarid qilish
Tomonlar davlat yoʻli bilan xarid qilish, jumladan, tendyerlarni eʼlon qilish yoʻli bilan xarid qilish doirasida tovarlar va xizmatlar uchun bitimlarni ochiq-oydin va raqobatli taqdim etish uchun shart-sharoit yaratishda hamkorlik qiladilar.
48-modda
Standartlash hamda standartlarga moslikni tekshirish sohasidagi hamkorlik
1. Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik sifat sohasini qamraydigan xalqaro standartlar, prinsiplar va yoʻnalishlarga muvofiq ravishda amalga oshiriladi. Bu borada zarur harakatlar standartlarga moslikni tekshirish sohasida oʻzaro eʼtirofning rivojlanishiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mahsuloti sifatining yaxshilanishiga koʻmaklashadi.
2. Buning uchun Tomonlar texnikaviy yordamga doir loyihalarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladilar, bu hamkorlik:
shu sohalarda ixtisoslashgan tashkilotlar va muassasalar bilan zarur hamkorlikka yordamlashadi;
Hamjamiyatning texnikaviy meʼyorlaridan foydalanishga, Yevropa standartlarini va tekshirish tadbirlarini qoʻllashga koʻmaklashadi;
sifatni boshqarish sohasida tajriba va texnikaviy axborot ayirboshlashga yoʻl ochadi.
49-modda
Xom ashyo va kon-qazilma sanoati
1. Tomonlar kon-qazilma va xomashyo tarmoqlarida investitsiyalarni koʻpaytirish va savdo-sotiq qilish maqsadida hamkorlik qiladilar.
2. Bu hamkorlik, xususan, quyidagi sohalarda amalga oshiriladi:
kon-qazilma sektorining va rangli metallurgiya sektorining istiqbollariga doir axborot ayirboshlash;
hamkorlik uchun normativ-huquqiy bazani yaratish;
savdo-sotiq masalalari;
ekologiyaga doir qonunlarni qabul qilish va bajarish;
kasb bilan bogʻliq tayyorgarlik;
kon-qazilma sanoatida xavfsizlik.
50-modda
Ilm-fan va texnologiya sohasidagi hamkorlik
1. Tomonlar resurslar mavjudligini, oʻzlarining tegishli dasturlaridan bir xil tarzda foydalanishni hisobga olgan holda va intellektual mulk, sanoat va tijorat mulki huquqlarini samarali himoya qilishning tegishli darajasini taʼminlash sharti bilan oʻzaro manfaatdorlik asosida fuqarolarning maqsadlarini kuzlab ilmiy tadqiqotlar va texnologiya ishlanmalari sohasida hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2. Ilmiy-texnikaviy hamkorlik:
ilmiy-texnikaviy axborot ayirboshlashni;
ilmiy-texnikaviy ishlanmalar sohasida birgalikdagi tadbirlarni;
kasb tayyorgarligi boʻyicha tadbirlar hamda har ikki tomondan ilmiy-texnikaviy ishlanmalarda ishtirok etuvchi olimlar, tadqiqotchilar va texnologlarni oʻzaro ayirboshlash dasturi boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Bunday hamkorlik kadrlarni oʻqitish va/yoki tayyorlash tadbirlari shakliga kirgan taqdirda 51-modda qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tomonlar fan va texnika sohasida oʻzaro bitimlar asosida boshqa shaklda hamkorlik qilishlari mumkin.
Hamkorlikning mazkur yoʻnalishi boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish chogʻida ommaviy qirgʻin qurollarini ishlab chiqishda va/yoki ishlab chiqarishda qatnashayotgan yoki qatnashgan olimlarni, muhandislarni, tadqiqotchilar va texnologlarni qayta tayyorlashga alohida eʼtibor beriladi.
3. Mazkur moddaga muvofiq hamkorlik maxsus ahdlashuvlar asosida amalga oshiriladi. Bunday ahdnomalar yuzasidan muzokaralar har bir tomon qabul qilgan va, inter alia, intellektual mulk, sanoat va tijorat mulki huquqlarini himoya qilishga doir tegishli qoidalarni oʻz ichiga oladigan tartibga muvofiq olib boriladi va tuziladi.
51-modda
Taʼlim va kasb tayyorgarligi
1. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida davlat sektorida ham, xususiy sektorda ham umumiy taʼlim tayyorgarligi saviyasi va kasb malakasini oshirish maqsadida hamkorlik qiladilar.
2. Bu hamkorlik, xususan, quyidagi sohalarga qaratiladi:
Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim tizimini va kadrlar tayyorlashni takomillashtirish, shu jumladan, oliy uquv yurtlarini va oliy maʼlumot haqidagi diplomlarni sertifikatsiyalash;
davlat sektorida va xususiy sektorda rahbarlarni va keyinchalik aniqlanadigan ustuvor yoʻnalishlardagi davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslarini tayyorlash;
oliy uquv yurtlari oʻrtasida, shuningdek oliy oʻquv yurtlari bilan firmalar oʻrtasidagi hamkorlik;
oʻqituvchilar, bitiruvchilar, boshqaruv xodimlari, yosh olimlar hamda tadqiqotchilar va umuman yoshlarning mobilligi;
tegishli taʼlim muassasalari doirasida Yevropa tadqiqotlari sohasida oʻqitishga koʻmaklashish;
Hamjamiyat tillarini oʻrganish;
oliy maʼlumotli sinxron tarjimonlar malakasini oshirish;
jurnalistlarni professional tayyorlash;
oʻqituvchilarni tayyorlash.
3. Tomonlardan birining boshqa Tomonning taʼlim va kasb tayyorgarligi sohasida tegishli dasturlarda ishtirok etishi imkoniyati ularning tegishli ish tartiblari qoidalari asosida koʻrib chiqilishi mumkin, bunda zarur hollarda talab qilinadigan tashkilot doiralari tuzilishi va Oʻzbekiston Respublikasining Hamjamiyatning “TEMPUS” dasturida qatnashishi asosida hamkorlik rejalari ishlab chiqilishi mumkin.
52-modda
Qishloq xoʻjaligi va agrosanoat sektori
Ushbu sohadagi hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi va agrosanoat sektorida modernizatsiyalashga, tarkibiy qayta qurishga va xususiylashtirishga va yangilashga, atrof-muhitga avaylab munosabatda boʻlishni taʼminlaydigan sharoitda Oʻzbekiston Respublikasi mahsulotlari uchun ichki va xalqaro bozorlarni rivojlantirishga qaratiladi. Bunda ishlab chiqarish sifatini yaxshilashga, agrobiznesni rivojlantirishga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va taqsimlashga eʼtibor beriladi. Tomonlar oʻz sanitariya va fitosanitariya andozalarining bir-biriga mos boʻlishiga erishishga harakat qiladi.
53-modda
Energetika
1. Hamkorlik Yevropada energetika bozorlarini asta-sekin integratsiyalash asosida bozor iqtisodiyoti prinsiplari va Yevropa energetika xartiyasi negizida amalga oshiriladi.
2. Bunday hamkorlik, xususan, energetika siyosatini shakllantirish va rivojlanishga qaratiladi. U boshqalar qatori quyidagi sohalarni oʻz ichiga oladi:
bozor iqtisodiyoti shartlariga muvofiq ravishda energetika sektorini boshqarishni va tartibga solishni takomillashtirish;
iqtisodiy va ekologik nuqtai nazardan maqbul sharoitda elektr bilan taʼminlashni va elektr bilan taʼminlash xavfsizligini yaxshilash;
energiyani tejashni va energiya samaradorligini rivojlantirish hamda energiyadan foydalanish samaradorligi Energetika Xartiyasi bayonnomasini va u bilan bogʻliq ekologiya jihatlarini qoʻllash;
energetika infrastrukturasini modernizatsiyalash;
energetika sohasida energiyaning barcha turlarini yetkazib berish va undan foydalanish texnologiyasini takomillashtirish;
energetika sektorida boshqaruv va texnik tayyorgarlik;
energetika materiallari va mahsulotlarining transportda tashilishi va tranziti;
koʻpayib borayotgan energetika savdosini rivojlantirish va investitsiyalar uchun zarur boʻlgan keng miqyosdagi tashkiliy, huquqiy, fiskal va boshqa sharoitlarni joriy etish;
gidroenergetika va boshqa energetika resurslarini rivojlantirish.
3. Tomonlar energetika sektoridagi investitsiya loyihalariga, ayniqsa, energiya resurslarini ishlab chiqishga va neft va gaz quvurlarini yoki energetika mahsulotlarini uzatishning boshqa vositalarini qurish va yaxshilashga taalluqli loyihalar xususida axborot ayirboshlaydilar. Tomonlar energetika sektoriga investitsiyalar qilish va ularni tartibga solish shakllari sohasida hamkorlikka alohida ahamiyat beradilar. Ular energetika sektoriga investitsiyalarga nisbatan IV Boʻlim va 46-modda qoidalarini imkoni boricha samaradorlik bilan qoʻllash maqsadida hamkorlik qiladilar.
54-modda
Atrof-muhit va odamlar salomatligi
1. Yevropa energetika xartiyasini va 1993-yilning aprelidagi Lyutsern Konferensiyasi va 1995-yilning oktyabridagi Sofiya konferensiyasining deklaratsiyalarini, Energetika xartiyasi boʻyicha shartnomani, ayniqsa uning 19-moddasini hamda energiyadan foydalanish samaradorligi va u bilan bogʻliq ekologiya jihatlari boʻyicha Energetika xartiyasi bayonnomasini eʼtiborga olib, Tomonlar atrof-muhitni va odamlar salomatligini muhofaza qilish sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar.
2. Bu sohadagi hamkorlikdan maqsad atrof-muhitning yomonlashuviga qarshi kurash boʻlib, xususan quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
atrof-muhitning ifloslanishi darajasini samarali kuzatib borish va uning holatiga baho berish; atrof-muhitning holati toʻgʻrisidagi axborot tizimi;
suv va havoning joylarda, mintaqada, ulkan miqyosda ifloslanishiga qarshi kurash;
ekologik tiklash;
energiyani barqaror, taʼsirchan va ekologiya jihatidan samarali ishlab chiqarish va foydalanish;
sanoat obyektlarining xavfsizligi;
kimyoviy preparatlar tasnifi va ulardan xavfsiz foydalanish;
suv sifati;
chiqitlar miqdorini kamaytirish, ularni qayta ishlash va xavfsiz yoʻqotish, Bazel konvensiyasi meʼyorlarini qoʻllash;
qishloq xoʻjaligi, tuproq eroziyasi va kimyoviy moddalar bilan ifloslanishning ekologik taʼsiri;
oʻrmonlar muhofazasi;
biologik xilma-xillikni, qoʻriqxonalarni saqlab qolish, biologik resurslardan barqaror foydalanish va ularni boshqarish;
yerdan foydalanishni rejalashtirish, jumladan, shaharsozlikni rejalashtirish va qurishni;
iqtisodiy va soliqqa oid vositalardan foydalanish;
jahon miqyosida iqlim oʻzgarishi;
ekologik taʼlim va madaniyat;
hududdan tashqariga ham ekologik taʼsirga baho berishda “Espoo” konvensiyasi qoidalarini qoʻllash.
3. Tomonlarning hamkorligi xususan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
falokatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish;
axborot va ekspertlarni, jumladan, “sof” texnologiyalarni topshirish, biotexnologiyalardan xavfsiz va ekologiya jihatdan oʻzini oqlaydigan holda foydalanish sohasidagi axborot va ekspertlarni ayirboshlash;
birgalikdagi tadqiqot faoliyati;
qonunlarni Hamjamiyat andozalariga qadar takomillashtirish;
mintaqa darajasidagi hamkorlik, jumladan, atrof-muhit boʻyicha Yevropa agentligi doirasidagi va xalqaro darajadagi hamkorlik,
ayniqsa jahonshumul va iqlim muammolariga taalluqli, shuningdek barqaror taraqqiyotga erishish maqsadidagi strategiyalarni ishlab chiqish,
atrof-muhitga koʻrsatilayotgan taʼsirni tadqiq etish.
4. Tomonlar sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha, ayniqsa yuqumli kasalliklarning oldini olish va ular bilan kurashishda va onalik va bolalikni muhofaza qilishda texnik yordam berish yoʻl bilan hamkorlikni rivojlantirishga intiladilar.
55-modda
Transport
Tomonlar transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar.
Bu hamkorlik, inter alia, Oʻzbekiston Respublikasida transport tizimlari va tarmoqlarini tarkibiy jihatdan qayta qurishga va modernizatsiyalashga, transport tizimlarining maqsadga muvofiq boʻlgan joylarda yanada ulkanroq transport tizimiga mos kelishini taʼminlashga va ustuvor loyihalarni aniqlash va tayyorlash va ularni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlarini izlashga qaratiladi.
Hamkorlik, inter alia, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
yoʻl transporti, temir yoʻl portlar, aeroportlar va shahar yoʻlovchilar tashish transportini boshqarishni va ularning faoliyatini modernizatsiyalash;
temir yoʻl suv, shosseli yoʻl aeroport va aeronavigatsiya infrastrukturasini yangilash va rivojlantirish, jumladan ikkala tomonni ham qiziqtiradigan asosiy transport yoʻllarini va transportning mazkur turlari boʻyicha transyevropa yoʻllarini, ayniqsa “TRASEKA” loyihasiga daxldor yoʻllarni modernizatsiyalash;
aralash yuk tashishni ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
qoʻshma ilmiy-tadqiqot dasturlarini va taraqqiyot dasturlarini ragʻbatlantirish;
transport siyosatini, jumladan transport sektorini xususiylashtirish masalalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun, qonunlarni va tegishli tashkiliy asoslarni ishlab chiqish.
56-modda
Pochta xizmati va telekommunikatsiyalar
Tomonlar oʻzlarining tegishli maʼmurlari va vakolatlari doirasida quyidagi sohalarda hamkorlikni kengaytiradilar va mustahkamlaydilar:
telekommunikatsiya va pochta xizmati sektorini rivojlantirish siyosati va yoʻllarini belgilash;
telekommunikatsiya va pochta xizmati tarif siyosati va marketingi prinsiplarini rivojlantirish;
texnologiyalar bilan almashish va “nou-xau”, xususan umumyevropa texnik standartlari borasidagi texnologiya va “nou-xau”larni uzatish, sertifikatsiya tizimini takomillashtirish;
telekommunikatsiya va pochta xizmati loyihalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish va investitsiyalarni jalb etish;
Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya va pochta xizmati tizimini, boshqa hamma narsadan tashqari kichik sektorlar faoliyatini erkinlashtirish vositasi bilan yaxshilash;
telekommunikatsiyalarni ilgʻor sohalarda, ayniqsa elektron axborot uzatishda ishlatish;
kommunikatsiya tizimlarini boshqarish va ularni “optimallash”;
telekommunikatsiya va pochta xizmatidan va radiochastota sektoridan foydalanishni tartibga solishning tegishli asoslarini barpo etish;
telekommunikatsiya va pochta xizmati xodimlarini bozor sharoitida ishlashga oʻrgatish.
57-modda
Moliyaviy xizmatlar va soliq institutlari
1. Moliyaviy xizmatlar sohasidagi hamkorlikning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasini oʻzaro hisob-kitobning jahonda tan olingan tizimlariga jalb etishdir. Texnik koʻmaklashish quyidagilarga qaratiladi:
aksiyalar va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish;
bank va moliya xizmatlarini mukammallashtirish, kredit resurslari umumiy bozorini yaratish, Oʻzbekiston Respublikasini oʻzaro hisob-kitobning jahonda tan olingan tizimlariga jalb etish;
Hamjamiyat kompaniyalari Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta sektorida qoʻshma korxonalarni taʼsis etishda qatnashishi uchun qulay asos yaratuvchi sugʻurta xizmatini, inter alia, shuningdek, eksport kreditlarini sugʻurta qilishni rivojlantirish.
Hamkorlik ayniqsa Oʻzbekiston Respublikasi bilan Aʼzo-davlatlar oʻrtasida moliya xizmati sohasidagi munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashadi.
2. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida soliq tizimi va soliq institutlarini rivojlantirish yoʻlida hamkorlik qiladilar. Bu hamkorlik soliq masalalari boʻyicha axborot va tajriba almashish va soliq siyosatini aniqlash va amalga oshirish masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlar tayyorlashni oʻz ichiga oladi.
58-modda
Korxonalarni tarkibiy oʻzgartish va xususiylashtirish
Tomonlar xususiylashtirishning iqtisodiyotni barqaror sogʻlomlashtirishdagi muhim ahamiyatini hisobga olgan holda zarur tashkiliy, qonunchilik va metodologiya tuzilmalarini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilishga rozidirlar. Asosiy eʼtibor xususiylashtirish jarayonining tartibli va aniq boʻlishiga qaratiladi.
Texnik koʻmaklashish, inter alia, quyidagilarga qaratiladi:
xususiylashtirish jarayonini aniqlash va uni boshqarishda koʻmaklashish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tashkiliy tuzilishlarini yanada rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xususiylashtirish strategiyasini yanada rivojlantirish, bajarishning qonuniy tuzilmasi va mexanizmi ham shu jumlaga kiradi;
yerdan foydalanish, yerga egalik qilish va yerni xususiylashtirish sohasida bozor yondashuvlarini rivojlantirish;
xususiylashtirishga tayyor boʻlmagan korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish;
xususiy tadbirkorlikni, ayniqsa kichik va oʻrta korxonalar sektoridagi tadbirkorlikni rivojlantirish;
xususiylashtirish investitsiya jamgʻarmalari tizimini rivojlantirish.
Hamkorlikning maqsadi, shuningdek, Hamjamiyatni Oʻzbekistonga investitsiya qilishni rivojlantirish uchun sharoit yaratishga koʻmaklashishdir.
59-modda
Mintaqaviy rivojlanish
1. Tomonlar mintaqaviy rivojlanish va yer tuzish masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni mustahkamlaydilar.
2. Shu maqsadda Tomonlar milliy, mintaqaviy va mahalliy maʼmurlar oʻrtasida mintaqaviy rivojlanish va yer tuzish siyosati masalalari, shuningdek mintaqaviy siyosatni ishlab chiqish usullari boʻyicha axborot almashuvini ragʻbatlantiradilar. Bunda noqulay sharoitlarda joylashgan mintaqalarni rivojlantirish muammolariga alohida eʼtibor beriladi.
Tomonlar, shuningdek, inter alia, mintaqaviy rivojlanishni ragʻbatlantirish usullari va shakllari bilan almashish maqsadida tegishli mintaqalar va mintaqaviy rivojlanish uchun masʼul boʻlgan davlat tashkilotlari oʻrtasidagi toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarga koʻmaklashadilar.
60-modda
Ijtimoiy sohadagi hamkorlik
1. Tomonlar sogʻliqni saqlash va xavfsizlik masalalarida hamkorlikni, inter alia, sogʻliqni saqlash va xodimlar xavfsizligi darajasini oshirish maqsadida rivojlantiradilar.
Hamkorlik jumladan:
xavf katta boʻlgan sohalardagi faoliyatga alohida eʼtibor qaratgan holda sogʻliqni saqlash va xavfsizlik muammolari boʻyicha taʼlim berish va kasb tayyorgarligini;
kasb kasalliklari va kasb faoliyatining sogʻliq uchun zararli boʻlgan boshqa oqibatlarining oldini olish boʻyicha profilaktik tadbirlarni ragʻbatlantirish va takomillashtirishni;
yirik avariyalar xavfining oldini olish va zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash chora-tadbirlarini;
ish sharoitlari, sogʻliqni muhofaza qilish va xodimlar xavfsizligiga doir asosiy bilimlarni tuplash maqsadidagi tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi.
2. Tomonlarning ishga joylashtirish masalalari boʻyicha hamkorligi jumladan:
mehnat bozorini optimallashtirishga;
ishga joylashtirish masalalari boʻyicha xizmat koʻrsatish va maslahat berish tizimlarini yangilashga;
tarkibiy oʻzgartirish dasturlarini rejalashtirish va ularni boshqarishga;
mahalliy ishga joylashtirish tizimlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirishga;
ish bilan taʼminlashning “egiluvchan” dasturlari boʻyicha, bunga yakka mehnat faoliyati va tadbirkorlikni ragʻbatlantirish masalalarini ham qoʻshgan holda, axborot almashishga texnik yordamni oʻz ichiga oladi.
3. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy muhofaza tizimini rejalashtirish va bu sohada islohotlar oʻtkazishni oʻz ichiga oladigan, inter alia, aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor beradilar.
Bunday islohotlardan maqsad Oʻzbekiston Respublikasida bozor iqtisodiyotiga xos boʻlgan va ijtimoiy himoyaga oid faoliyatning barcha yoʻnalishlarini oʻz ichiga oluvchi ijtimoiy mexanizmlarni rivojlantirishdir.
61-modda
Turizm
Tomonlar oʻzlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytiradilar va rivojlantiradilar. Bu hamkorlik:
turistik xizmatlar savdosini yengillashtirishni;
oʻzaro axborot almashishni koʻpaytirishni;
“nou-xau” almashinuvini;
qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganishni;
rasmiy turistik organlar hamkorligini, zarur materiallar bilan taʼminlash ham shu jumlaga kiradi;
turizmni rivojlantirish uchun xodimlarni oʻqitishni oʻz ichiga oladi.
62-modda
Kichik va oʻrta korxonalar
1. Tomonlar kichik va oʻrta korxonalarni (KOʻK), ularning birlashmalarini rivojlantirish va mustahkamlashga hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat kichik va oʻrta korxonalari hamkorligini ragʻbatlantirishga harakat qiladilar.
2. Hamkorlik, xususan, quyidagi sohalarda texnik yordamni oʻz ichiga oladi:
kichik va oʻrta korxonalar uchun qonunlar bazasini ishlab chiqish;
kichik va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur boʻlgan infrastrukturani takomillashtirish; Oʻzbekiston Respublikasidagi kichik va oʻrta korxonalar oʻrtasida kommunikatsion tarmoqlarni barpo etish hamda kichik va oʻrta korxonalarni moliyaviy taʼminlash uchun zarur boʻlgan malakaga oʻrgatish;
marketing, buxgalteriya hisobi va mahsulot sifati ustidan nazorat sohalarida taʼlim berish.
63-modda
Axborot va axborot infrastrukturasi
Tomonlar axborotni qayta ishlashning zamonaviy usullarini, uning vositalarini qoʻshgan holda qoʻllab-quvvatlaydilar. Ular samarali oʻzaro axborot almashishni ragʻbatlantirish boʻyicha kerakli ishlarni qiladilar. Jamoatchilikni Hamjamiyat va Oʻzbekiston Respublikasi haqidagi asosiy axborot bilan tanishtirishga qaratilgan dasturlarga ustuvor eʼtibor qaratiladi, imkoni boʻlganda intellektual mulk huquqi saqlanib qolgan holda maʼlumotlar bazasiga yoʻl ochiq boʻlishi ham mumkin.
64-modda
Isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish
Tomonlar oʻzlarining isteʼmolchi huquqini himoya qilish tizimlari oʻrtasida muvofiqlikka erishishga qaratilgan mustahkam hamkorlikni boshlaydilar. Bunday hamkorlik qonunchilik ishi va tashkiliy islohot haqidagi axborotni ayirboshlash, xavfli mahsulotlar haqida oʻzaro axborot almashish boʻyicha doimiy tizimni oʻrnatish, axborotni, xususan isteʼmolchiga taklif etilayotgan narx haqidagi, mahsulotlar va xizmatlar tavsifi haqidagi axborotni yaxshilashni, isteʼmolchi manfaatlari vakillarini ayirboshlashni yoʻlga qoʻyishni va isteʼmolchini himoya qilish siyosatini muvofiqlashtirishni oshirish, seminarlar va uquv kurslari tashkil etishni oʻz ichiga olishi mumkin.
65-modda
Bojxona ishi
1. Hamkorlikdan maqsad savdo va yarmarka savdosi munosabati bilan qabul qilishni hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyatning bojxona tizimini moslashtirishga erishishni nazoratda tutadigan barcha qoidalarni kafolatli ijro etishdan iborat.
2. Hamkorlik, jumladan:
axborot almashishni;
ish usullarini takomillashtirishni;
aralash nomenklatura va yagona maʼmuriy hujjatni joriy etishni;
Hamjamiyat va Oʻzbekiston Respublikasining tranzit tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqani;
tovarlarni tashish borasida nazorat va rasmiyatchiliklarni soddalashtirishni;
bojxona axborotining zamonaviy tizimlarini joriy etishga koʻmaklashishni;
seminarlar va uquv dasturlarini tashkil etishni oʻz ichiga oladi.
Zarur hollarda texnik jihatdan koʻmak beriladi.
3. Ushbu Bitim, jumladan, uning VIII Boʻlimida koʻzda tutilgan boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga ziyon yetkazmagan holda maʼmuriy organlar oʻrtasida bojxona ishlari boʻyicha oʻzaro yordam ushbu Bitimga ilova qilinayotgan Protokol qoidalariga muvofiq tarzda amalga oshiriladi.
66-modda
Statistika sohasidagi hamkorlik
Bu sohadagi hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlar jarayonini qullab-quvvatlash va uni kuzatish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish uchun zarur boʻlgan samarali statistika tizimlarini rivojlantirishga qaratiladi.
Tomonlar, xususan, quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
Oʻzbekistonning statistika tizimini xalqaro usullar, standartlar va tasniflashga moslashtirish;
statistika axborotini ayirboshlash;
iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va boshqarish uchun zarur boʻlgan makro- va mikroiqtisodiy maʼlumotlar bilan taʼminlash.
Shu munosabat bilan Hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasiga texnik yordam berish yoʻli bilan bunga koʻmaklashadi.
67-modda
Iqtisodiyot
Tomonlar oʻzlarining iqtisodiyot tizimlarining asoslarini oʻzaro tushunishni yaxshilash boʻyicha hamkorlik, bozor iqtisodiyoti sharoitida iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yoʻli bilan iqtisodiy islohotlar va iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish jarayonlariga koʻmaklashadilar. Shu maqsadda Tomonlar makroiqtisodiy koʻrsatkichlar va prognozlar boʻyicha axborot ayirboshlaydilar.
Hamjamiyat:
maslahat va texnikaviy yordam berish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtisodiy islohotlar jarayoniga koʻmaklashish;
optimal iqtisodiy modellarni loyihalashtirish uchun “nou-xau” almashuvini tezlashtirish maqsadida iqtisodchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashish, shuningdek iqtisodiy siyosat sohasidagi tadqiqotlar va ishlanmalar natijalarini keng tarqatishni taʼminlash;
iqtisodiy modellarni ishlab chiqishda Oʻzbekistonning imkoniyatlarini yaxshilash uchun texnikaviy yordam koʻrsatadi.
VII BOʻLIM
DEMOKRATIYA VA INSON HUHUQLARI MASALALARI BOʻYIChA HAMKORLIK
DEMOKRATIYA VA INSON HUHUQLARI MASALALARI BOʻYIChA HAMKORLIK
68-modda
Tomonlar qonunni, xalqaro huquq hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti prinsiplariga muvofiq ravishda inson huquqi va asosiy erkinliklari muhofazasini, qonun ustunligini mustahkamlash uchun zarur boʻlganlarini ham oʻz ichiga oladigan demokratik institutlarni barpo etish va mustahkamlashga oid barcha masalalar boʻyicha hamkorlik qiladilar.
Hamkorlik, inter alia, tegishli qonunchilik va qoidalarni ishlab chiqish; bunday qonunchilikni tatbiq etish; sud hokimiyatining faoliyati; odil sudlov masalalarida davlatning tutgan oʻrni va saylov tizimi faoliyatiga qaratilgan texnik koʻmaklashish dasturlari shaklida yuz beradi. Bu, zarur boʻlgan hollarda, oʻqitishni ham oʻz ichiga olishi mumkin. Tomonlar oʻzlarining milliy, mintaqaviy va sud organlari, parlamentariylari va nodavlat tashkilotlari oʻrtasidagi aloqalar va ayirboshlashlarni kengaytiradilar.
VIII BOʻLIM
GʻAYRIQONUNIY FAOLIYATNING OLDINI OLISh HAMDA QONUNGA XILOF IMMIGRATSIYANING OLDINI OLISh VA UNI NAZORAT QILISh BORASIDAGI XDMKORLIK
GʻAYRIQONUNIY FAOLIYATNING OLDINI OLISh HAMDA QONUNGA XILOF IMMIGRATSIYANING OLDINI OLISh VA UNI NAZORAT QILISh BORASIDAGI XDMKORLIK
69-modda
Tomonlar gʻayriqonuniy faoliyatning, chunonchi:
iqtisodiyot sohasidagi gʻayriqonuniy faoliyatning, shu jumladan, korrupsiya muammolarining;
tovarlarning har xil turlariga, shu jumladan, sanoat chiqindilariga, qurol-aslahalarning noqonuniy olib oʻtilishiga doir qonunga xilof bitishuvlarning;
soxtalashning oldini olish maqsadida hamkorlik qiladilar.
Sanab oʻtilgan sohalardagi hamkorlik oʻzaro maslahatlashuvlar oʻtkazishga va uzviy birgalikda harakat qilishga asoslanadi hamda texnikaviy va maʼmuriy koʻmaklashishni, shu jumladan:
gʻayriqonuniy faoliyatning oldini olish sohasida milliy qonun aktlari loyihalarini ishlab chiqishni;
axborot markazlari tashkil etishni;
gʻayriqonuniy faoliyatning oldini olish ishlarida qatnashuvchi tashkilotlar ishining samaradorligini oshirishni;
xodimlarni oʻqitishni, tadqiqot bazasini rivojlantirishni;
gʻayriqonuniy faoliyatga toʻsiq boʻladigan oʻzaro maqbul chora-tadbirlarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.
70-modda
Pul mablagʻlarining chetga chiqarib yuborilishi
1. Tomonlar, umuman jinoiy faoliyatdan, xususan, giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyatlardan keladigan daromadlar chetga chiqarib yuborilishida oʻz moliyaviy tizimlaridan foydalanilishining oldini olish maqsadida bor kuch-gʻayratlarini ishga solish va hamkorlik qilish zarurati bilan rozidirlar.
2. Bu sohadagi hamkorlik pul chetga chiqarib yuborilishining oldini olishda Hamjamiyat tomonidan va ushbu masala yuzasidan oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda, shu jumladan, Moliyaviy faoliyat boʻyicha maxsus guruh (FATF) tomonidan qabul qilingan standartlarga teng boʻlgan maqbul standartlar ishlab chiqilishi maqsadida maʼmuriy va texnikaviy koʻmaklashishni oʻz ichiga oladi.
71-modda
Narkotiklar
Tomonlar oʻzlarining tegishli maʼmurlari va vakolatlari doirasida qonunga xilof ravishda giyohvand va psixotrop moddalar ishlab chiqarilishi, yetkazib berilishi va muomalaga chiqarilishiga qarshi kurash, shu jumladan ular tarkibining kimyoviy substansiyalari tarqalishining oldini olish, shuningdek, giyohvand moddalardan foydalanishning oldini olish va uni kamaytirish maqsadida amalga oshiriladigan siyosat va chora-tadbirlar samaradorligini oshirish borasida hamkorlik qiladilar. Mazkur masalalar boʻyicha hamkorlik oʻzaro maslahatlashishlarga va giyohvandlik bilan bogʻliq turli sohalardagi maqsad va chora-tadbirlarni Tomonlar oʻrtasida uzviy muvofiqlashtirishga asoslanadi.
72-modda
Qonunga xilof immigratsiya
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Aʼzo-davlatlar qonunga xilof immigratsiyaning oldini olish va uni nazorat etish borasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar. Shu maqsadda:
Oʻzbekiston Respublikasi Aʼzo-davlatning iltimosiga binoan uning hududida qonunga xilof ravishda boʻlib turgan oʻz fuqarolarini rasmiyatchiliklarsiz qayta qabul qilishga rozilik beradi;
Aʼzo-davlat Hamjamiyatning maqsadlari yoʻlida Oʻzbekiston Respublikasining iltimosiga binoan uning hududida qonunga xilof ravishda boʻlib turgan oʻz fuqarolarini rasmiyatchiliklarsiz qayta qabul qilishga rozilik beradi.
Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi va Aʼzo-davlatlar oʻz fuqarolarini tegishli shaxsiy guvohnomalar bilan taʼminlaydilar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi iltimos qilgan Aʼzo-davlatlar bilan fuqarolarni qayta qabul qilish boʻyicha maxsus majburiyatlarning tartibga solib borilishini, shu jumladan har qanday Aʼzo-davlatning hududiga Oʻzbekiston Respublikasidan borgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga har qanday Aʼzo-davlatdan kelgan boshqa davlatning fuqarolarini va bu davlatlarning fuqaroligiga ega boʻlmagan shaxslarni qayta qabul qilish majburiyatini oʻz ichiga oluvchi ikki tomonlama bitimlar tuzishga rozilik beradi.
3. Hamkorlik qoʻmitasi yashirin immigratsiyaning oldini olish va uni nazorat qilish maqsadida yana qanday birgalikdagi harakatlarni amalga oshirish mumkinligi masalasini koʻrib chiqadi.
IX BOʻLIM
MADANIYAT SOHASIDAGI HAMKORLIK
MADANIYAT SOHASIDAGI HAMKORLIK
73-modda
Tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish, yengillashtirish kengaytirish majburiyatini oladilar. Moʻljallanganda Hamjamiyatning yoki Aʼzo-davlatlarning bittasi yoki bir nechtasining madaniyat sohasidagi hamkorlik dasturi hamkorlik mavzusi boʻlishi mumkin va oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi kelgusi faoliyat rivojlanishi mumkin.
X BOʻLIM
MOLIYA SOXDSIDAGI HAMKORLIK
MOLIYA SOXDSIDAGI HAMKORLIK
74-modda
Ushbu Bitim maqsadlariga erishish uchun va uning 75-, 76-, 77-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Hamjamiyat tomonidan koʻrsatiladigan muvaqqat moliyaviy yordamdan foydalanadi. Bunday koʻmak Oʻzbekiston Respublikasida iqtisodiyot sohasidagi oʻzgarishlarni jadallashtirish uchun grantlar shaklidagi texnikaviy yordam tarzida koʻrsatiladi.
75-modda
Bu moliyaviy yordam Hamjamiyat Kengashining tegishli reglamentida belgilangan TASIS dasturi doirasida amalga oshiriladi.
76-modda
Hamjamiyat koʻrsatadigan moliyaviy yordamning maqsadi va sohasi indikativ dasturda belgilab beriladi. Bu dastur Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlarini, sektorlarning katta-kichikligi va islohotlar rivojini eʼtiborga olgan holda Tomonlar oʻrtasida muvofiqlashtirilishi lozim boʻlgan ustun tomonlarni oʻzida ifoda etadi.
Tomonlar bu toʻgʻrida Hamkorlik kengashini xabardor qiladilar.
77-modda
Mavjud resurslardan optimal foydalanish maqsadida Tomonlar Hamjamiyat tarafidan koʻrsatiladigan texnik yordam boshqa manbalardan, chunonchi, Aʼzo-davlatlar, boshqa davlatlar hamda Xalqaro rekonstruksiya va rivojlanish banki, Yevropa rekonstruksiya va rivojlanish banki tomonidan koʻrsatiladigan yordam bilan uzviy muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishini taʼminlaydilar.
XI BOʻLIM
INSTIGGUTSIONAL, UMUMIY VA YAKUNIY QOIDALAR
INSTIGGUTSIONAL, UMUMIY VA YAKUNIY QOIDALAR
78-modda
Ushbu bilan Hamkorlik kengashi taʼsis etilib, ushbu Bitim bajarilishi ustidan kuzatuvni amalga oshiradi. Kengash bir yilda bir marta vazirlar darajasida majlis oʻtkazadi. U Bitim doirasida yuzaga keladigan barcha asosiy masalalarni va ushbu Bitim maqsadlariga erishish nuqtai nazaridan oʻzaro manfaatli boʻlgan har qanday ikki tomonlama yoki xalqaro masalalarni oʻrganadi. Hamkorlik kengashi ikki Tomonning oʻzaro roziligi bilan tegishli tavsiyalar berishi ham mumkin.
79-modda
1. Hamkorlik kengashi bir tarafdan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolaridan, boshqa tarafdan Yevropa Ittifoqi Kengashi aʼzolari va Yevropa Hamjamiyati Komissiyasi aʼzolaridan tarkib topadi.
2. Hamkorlik kengashi oʻzining ish tartibi qoidalarini belgilaydi.
3. Hamkorlik kengashida raislik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi va Hamjamiyat vakili tomonidan navbatma-navbat amalga oshiriladi.
80-modda
1. Hamkorlik kengashi oʻz vazifalarini bajarishida unga Hamkorlik qoʻmitasi yordam beradi. Hamkorlik qoʻmitasi, odatda katta mansabdor shaxslar darajasidagi bir tarafdan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining vakillaridan va boshqa tarafdan Yevropa Ittifoqi Kengashi aʼzolari va Yevropa Hamjamiyati Komissiyasi vakillaridan tarkib topadi. Hamkorlik qoʻmitasida raislik qilish Oʻzbekiston Respublikasi vakili va Hamjamiyat vakili tomonidan navbatma-navbat amalga oshiriladi.
Hamkorlik kengashi oʻzining ish tartibi qoidalarida Hamkorlik qoʻmitasining vazifalarini belgilaydi. Bu vazifalar Hamkorlik kengashi majlislarini tayyorlashni, shuningdek qoʻmita faoliyat koʻrsatishi tartibini oʻz ichiga oladi.
2. Hamkorlik kengashi oʻzining har qanday vakolatini Hamkorlik qoʻmitasiga topshirishi mumkin. Hamkorlik qoʻmitasi Hamkorlik kengashi majlislari oraligʻidagi vorislikni taʼminlaydi.
81-modda
Hamkorlik kengashi oʻz vazifalarini bajarishida koʻmak berishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa maxsus qoʻmita yoki boshqa idora tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin va bunday qoʻmitalar yoki idoralarning tarkibini hamda vazifalarini, shuningdek, ular faoliyat koʻrsatishi tartibini belgilab beradi.
82-modda
Ushbu Bitim doirasida GATT/VTO moddasiga havola qilingan qoida xususida kelib chiqadigan har qanday masalani oʻrganish chogʻida Hamkorlik kengashi GATT/VTO Ahdlashuvchi Tomonlari odatda GATT/VTOning mazkur moddasi xususida beradigan talqinlarini imkon qadar eʼtiborga oladi.
83-modda
Ushbu bilan Parlamentlar hamkorligi Qoʻmitasi taʼsis etiladi. Bu qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Parlamenti va Yevropa Parlamenti aʼzolari uchun uchrashuvlar hamda fikr almashish anjumani hisoblanadi. Uning uchrashuvlari qoʻmitaning oʻzi belgilaydigan intervallar bilan oʻtkaziladi.
84-modda
1. Parlament hamkorligi Qoʻmitasi bir tarafdan Oʻzbekiston Respublikasi Parlamenti aʼzolaridan va boshqa tarafdan Yevropa Parlamenti aʼzolaridan tarkib topadi.
2. Parlament hamkorligi Qoʻmitasi oʻzining ish tartibi qoidalarini belgilaydi.
3. Parlament hamkorligi Qoʻmitasida Oʻzbekiston Respublikasi Parlamentining aʼzosi va Yevropa Parlamentining aʼzosi Qoʻmita belgilagan ish tartibining qoidalariga muvofiq tegishlicha navbatma-navbat raislik qiladilar.
85-modda
Parlament hamkorligi Qoʻmitasi ushbu Bitim Hamkorlik kengashida qanday qoʻllanayotganligi toʻgʻrisida tegishli axborot berilishini soʻrashi mumkin. Hamkorlik kengashi oʻz navbatida qoʻmitaga soʻralgan axborotni taqdim etishi kerak.
Parlament Hamkorligi Qoʻmitasi Hamkorlik kengashining tavsiyanomalaridan xabardor qilinadi.
Parlament hamkorligi Qoʻmitasi Hamkorlik kengashiga tavsiyalar berishi mumkin.
86-modda
1. Har bir Tomon ushbu Bitim doirasida ikkinchi Tomonning jismoniy va huquqiy shaxslari oʻzlarining individual huquqlari va mulk huquqlarini, jumladan, intellektual mulkka, sanoat va tijorat mulkiga doir huquqlarini himoya qilish maqsadida Tomonlarning vakolatli sudlari va maʼmuriy idoralariga murojaat etishlari uchun oʻz fuqarolariga yaratib berganlariga nisbatan kamsitishlarga yoʻl qoʻyilmaydigan sharoitlarni taʼminlab berish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
2. Tomonlar oʻzlarining tegishli vakolatlari doirasida:
Hamjamiyatning va Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida tuzilgan tijorat va hamkorlik bitimlariga bogʻliq holda kelib chiqadigan nizolarni bartaraf etish uchun hakamlikdan foydalanilishini ragʻbatlantiradilar;
nizo hakamlikka topshirilgan taqdirda, agar taraflar tanlagan hakamlik markazining qoidalarida oʻzga tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, nizolashuvchi har bir taraf, fuqaroligidan qatʼi nazar, oʻz hakamini tayinlashga va raislik qiluvchi uchinchi hakam yoki yagona hakam uchinchi davlatning fuqarosi boʻlishi mumkinligiga rozilik beradi;
oʻz xoʻjalik subyektlariga ularning kontraktlariga nisbatan oʻzaro kelishuvga muvofiq huquq belgilashni tavsiya qiladilar;
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro savdo komissiyasi (YuNSITRAL) ishlab chiqqan hakamlik qoidalaridan foydalanilishini va 1958-yil 10-iyunda Nyu-Yorkda qabul qilingan Chet el hakamlik qarorlarini eʼtirof etish va ijro qilish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga aʼzo boʻlgan davlatning istalgan markazida hakamlik oʻtkazilishini ragʻbatlantiradilar.
87-modda
Ushbu Bitimdagi hech bir qoida Tomonlardan birining:
a) oʻz xavfsizligi tub manfaatlariga zid keladigan maʼlumotlar oshkor boʻlishining oldini olish uchun zarur deb hisoblangan;
b) basharti harbiy maqsadlar uchun maxsus moʻljallanmagan tovarlar raqobatining shart-sharoitlarini yomonlashtirmasa, qurol-yarogʻ, oʻq-dori yoki harbiy maqsadlar uchun moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarilishi yoki ular savdo-sotigʻiga yoxud mudofaa maqsadlaridagi tadqiqotlar, ishlanmalar yoki ishlab chiqarishga daxldor;
c) qonun va tartibni saqlashga daxldor jiddiy ichki qoidabuzarliklar yuz berganda, urush vaqtida yoki urush xavfini tugʻdiruvchi xalqaro keskinlik jiddiy ravishda kuchayganda yoki tinchlik va xalqaro xavfsizlikni saqlash yoʻlida oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish maqsadida;
d) ikki maqsadni koʻzlovchi sanoat tovarlari va texnologiyalari ustidan nazorat boʻyicha oʻzining xalqaro majburiyatlarini bajarish uchun zarur deb hisoblaganda har qanday chora-tadbir koʻrishiga toʻsiq boʻlmaydi.
88-modda
1. Ushbu Bitim qamrab oladigan sohalarda va uning har qanday maxsus qoidalariga zarar yetkazmagan holda:
Oʻzbekiston Respublikasi Hamjamiyatga nisbatan qoʻllaydigan ahdlashuvlar Aʼzo-davlatlar, ularning fuqarolari yoxud kompaniyalari yoki firmalari oʻrtasida hech qanday kamsitishga sabab boʻlmasligi;
Hamjamiyat Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan qoʻllaydigan ahdlashuvlar Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari yoxud kompaniyalari yoki firmalari oʻrtasida hech qanday kamsitishga sabab boʻlmasligi kerak.
2. 1-paragraf qoidalari Tomonlarning oʻzaro bir xil vaziyatga ega boʻlmagan, jumladan, bir xil joyda yashamaydigan soliq toʻlovchilarga nisbatan soliq qonunchiligi tegishli qoidalarini qoʻllashlariga monelik qilmaydi.
89-modda
1. Har bir Tomon ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin etishga doir har qanday nizoni Hamkorlik kengashiga oshirishi mumkin.
2. Hamkorlik kengashi nizoni tavsiya yoʻli bilan hal etishi mumkin.
3. Agar nizoni 2-paragrafga muvofiq hal etishning imkoni boʻlmasa, istalgan Tomon ikkinchi Tomonga vositachi tayinlanganligi toʻgʻrisida maʼlum qilishi mumkin; bunday holda ikkinchi Tomon ikki oy ichida ikkinchi vositachini tayinlashi lozim. Ushbu ish tartibining maqsadlari yoʻlida Hamjamiyat va unga Aʼzo-davlatlar nizodagi bir taraf hisoblanadilar.
Hamkorlik kengashi uchinchi vositachini tayinlaydi.
Vositachilarning tavsiyalari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Bunday tavsiyalar Tomonlar uchun majburiy hisoblanmaydi.
90-modda
Tomonlar ushbu Bitimni talqin etish yoki qoʻllashga yoxud Tomonlar oʻrtasidagi munosabatlarning boshqa ahamiyatga molik jihatlariga taalluqli har qanday masalani muhokama etish uchun Tomonlardan istalgan birining soʻrovi boʻyicha tegishli vositalar orqali jadal maslahatlar oʻtkazishga rozilik beradilar.
91-modda
Ushbu Bitim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi uchun yaratib berilayotgan rejim Aʼzo-davlatlar bir-birlari uchun yaratib beradigan rejimdan sira ham ustun emas.
92-modda
Ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida “Tomonlar” atamasi, bir tarafdan, Oʻzbekiston Respublikasini va boshqa tarafdan, tegishli vakolatlariga qarab, Hamjamiyat yoki unga Aʼzo-davlatlarni yoxud Hamjamiyat hamda unga Aʼzo-davlatlarni anglatadi.
93-modda
Ushbu Bitimda qanday koʻlamda qamrab olinganligiga qarab, tegishli masalalar Yevropa energetika xartiyasiga doir Shartnoma va unga ilova tarzidagi Protokollar bilan tartibga solinadi, bunday Shartnoma va Protokollar kuchga kirganidan keyingina, ushbu Bitimda qamrab olingan masalalarga nisbatan, biroq ana shu Shartnoma va Protokollarda nazarda tutilgan darajada tatbiq etiladi.
94-modda
Ushbu Bitim dastlabki oʻn yillik davr uchun tuzildi. Agar Tomonlardan biri ikkinchi Tomonga ushbu Bitim muddati tugashidan olti oy oldin uni denonsatsiya qilish toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilmasa, Bitim muddati yil sayin oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
95-modda
1. Tomonlar ushbu Bitimga binoan oʻz zimmalariga olgan majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan har qanday umumiy yoki muayyan chora-tadbirlar koʻradilar. Ular Bitimda kelishilgan maqsadga erishilishini kuzatib boradilar.
2. Agar Tomonlardan biri, ikkinchi Tomon Bitimga binoan oʻz zimmasidagi majburiyatlarni bajarmadi, deb topsa, tegishli chora-tadbirlar koʻrishi mumkin. Chora-tadbirlar koʻrishdan oldin u Hamkorlik kengashiga Tomonlar uchun maqbul yechimni qidirib topish maqsadida vaziyatni izchil oʻrganib chiqish uchun zarur boʻlgan tegishli maʼlumotlarni taqdim etadi, alohida zudlik taqozo etadigan hollar bundan mustasno.
Bunday chora-tadbirlar tanlashda ushbu Bitim amal qilishiga imkon qadar kamroq putur yetkazadiganlariga ustunlik beriladi. Agar, ikkinchi Tomon talab qilsa, Hamkorlik kengashi bu chora-tadbirlardan darhol xabardor qilinadi.
96-modda
I, II, Sh, IV, V Ilovalar Protokol bilan birgalikda mazkur Bitimning ajralmas qismini tashkil etadi.
97-modda
Ushbu Bitimda jismoniy shaxslar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun nazarda tutilgan tegishli huquqlarga erishilmaguncha, Bitim, bir tarafdan, Oʻzbekiston Respublikasini, boshqa tarafdan, bir yoki bir necha Aʼzo-davlatni oʻzaro bogʻlovchi bitimlarda nazarda tutilgan huquqlarga daxl qilmaydi, Hamjamiyat vakolati doirasiga kiradigan sohalar va ushbu Bitimdan kelib chiqadigan majburiyatlariga zarar yetkazmagan holda Aʼzo-davlatlarning vakolat doirasiga kiradigan sohalar bundan mustasno.
98-modda
Ushbu Bitim, bir tarafdan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida, boshqa tarafdan Yevropa Hamjamiyati, Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasi hamda Yevropa atom energiyasi Hamjamiyatini taʼsis etish toʻgʻrisidagi shartnomalar tatbiq etiladigan hududlarda hamda ana shu shartnomalarda nazarda tutilgan shartlarda qoʻllanadi.
99-modda
Yevropa Ittifoqi Kengashining Bosh kotibi ushbu Bitimning depozitariysi hisoblanadi.
100-modda
Ushbu Bitim har biri oʻzbek va daniya, niderland, ingliz, fin, fransuz, nemis, grek, italyan, portugal, ispan va shved tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega va ular Yevropa Ittifoqi Kengashining Bosh kotibiga topshiriladi.
101-modda
Ushbu Bitimni Tomonlar oʻzlarining protseduralariga muvofiq maʼqullashlari lozim.
Ushbu Bitim Tomonlar Yevropa Ittifoqi Kengashi Bosh kotibining birinchi paragrafda koʻrsatilgan tartib bajarilganligi toʻgʻrisida xabardor qilgan sanadagi oydan keyin keladigan ikkinchi oyning birinchi kunidan kuchga kiradi.
Bitim kuchga kirganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi va Hamjamiyat oʻrtasidagi munosabatlarda 1989-yil 18-dekabrda Bryusselda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi bilan Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyati hamda Yevropa Atom Energiyasi Hamjamiyati oʻrtasida imzolangan savdo-sotiq, tijorat va iqtisodiyot boʻyicha Hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim oʻrnini egallaydi.
102-modda
Ushbu Bitim kuchga kirishi uchun zarur tartib-qoidalar bajarilishi nihoyasiga yetkazilgan taqdirda Bitim ayrim qismlarining qoidalarini Hamjamiyat va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi oraliq Bitim vositasida 1996-yildan amalga kiritish zarur boʻladi, Tomonlar bunday hollarda “Bitimning kuchga kirish sanasi” degan atama oraliq Bitimning kuchga kirish sanasini anglatishiga rozilik beradilar.
(imzolar)