Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishning samarali tizimini yaratish, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarni hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu qaror bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq tushunchalarni yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga beriladigan himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, shuningdek, amaldagi qonunchilik hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 11-apreldagi OʻRQ-829-son Qonuniga muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
qarorlarda qoʻllanilgan xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq tushunchalarni Qonunga muvofiqlashtirish;
tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga beriladigan himoya orderining muddati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi belgilanganligi munosabati bilan amaldagi qonunchilik hujjatlarini muvofiqlashtirish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi samaradorligini oshirish.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 31-avgust,
434-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash haqida” 2014-yil 22-sentabrdagi 269-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “davlat reyestri” soʻzlari “axborot tizimi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilovada:
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Vasiylik va homiylik faoliyati:
a) voyaga yetmaganlarga nisbatan — tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari tomonidan;
b) sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan fuqarolarga nisbatan, shuningdek, sogʻligining holatiga koʻra homiy tayinlashga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan — tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan amalga oshiriladi”;
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari vasiylik va homiylik sohasida oʻz vakolatlari doirasida”;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini yuritadi, shuningdek, davlat statistika hisobotini tegishli davlat statistika organiga qonunchilikda belgilangan shaklda va muddatlarda taqdim etadilar;
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi, ularning joylashtirilganligi hamda mol-mulki haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritadilar”;
oʻn toʻrtinchi va oʻn beshinchi xatboshilar tegishincha oʻn beshinchi va oʻn oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻn oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
6-bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarni, shuningdek, sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni aniqlaydilar hamda ularning hisobini yuritadilar;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar hamda sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlarning axborot bazasini yuritadilar, maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlumotlar bazasiga kiritish uchun taqdim etadi, shuningdek, davlat statistika hisobotini tegishli davlat statistika organiga qonun hujjatlarida belgilangan shaklda va muddatlarda taqdim etadilar;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar hamda sogʻligʻi holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydilar;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarni vasiylik yoki homiylikka, sogʻligʻining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan shaxslarni esa homiylikka joylashtirilishini taʼminlaydilar”;
7-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
8-bandning oltinchi xatboshisida va 38-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “davlat reyestri” soʻzlari tegishli kelishikdagi “axborot tizimi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
39-bandning uchinchi xatboshisidagi “tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi,” soʻzlari “tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari, tibbiyot birlashmalarining vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyati”;
41-banddagi “tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining” soʻzlari “tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
42 va 43-bandlardagi “, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
44-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan va sogʻligʻining holatiga koʻra homiylikka muhtoj boʻlgan voyaga yetgan fuqarolarni aniqlash hamda ularning hisobini yuritish;
vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar va ularga tegishli mol-mulkning, shuningdek, vasiy yoki homiy boʻlish istagini bildirgan shaxslarning hisobini yuritish, sogʻligining holatiga koʻra homiylik belgilanishiga muhtoj boʻlgan voyaga yetgan fuqarolar, ularni joylashtirish haqidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun tuman, shahar hokimligiga taqdim etish”;
49 va 50-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
51-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51.Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari huzuridagi vasiylik va homiylik boʻyicha komissiyalar tarkibi tibbiyot birlashmasi rahbari buyrugʻi bilan tasdiqlanadi”;
56-bandning birinchi xatboshisidagi va 61-banddagi “voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar” soʻzlari “tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
73-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“73. Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida Oʻzbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash choralarini koʻrishi shart.
Ota-ona uch oydan ortiq boʻlmagan muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketayotganida oʻz bolasini qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirishi shart. Bu holda vasiylik yoki homiylik agar bolaning manfaatlari uchun zarur boʻlsa, belgilanadi.
Ota-ona uch oydan ortiq muddatga yashash joyidan, shu jumladan, chet davlatga vaqtincha chiqib ketishidan kamida bir oy oldin oʻz bolasiga vasiy yoki homiy tayinlash toʻgʻrisidagi arizani oʻzi vaqtincha yoki doimiy yashayotgan hududning vasiylik va homiylik organiga berishi kerak”;
90-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vasiy yoki homiyning oʻz vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning taʼminotiga doir xarajatlarining oʻrni vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs mablagʻlari hisobidan qoplanadi, bu mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda esa, vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning taʼminoti uchun vasiy va homiyga qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa tayinlanishi mumkin”;
“Subyektlar” ustuning birinchi blokidagi “mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari” soʻzlari chiqarib tashlansin;
v) 2-ilovaning matnidagi tegishli kelishikdagi “davlat reyestri” soʻzlari tegishli kelishikdagi “axborot tizimi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 3-ilovaning 2-bandi beshinchi xatboshisidagi “davlat reyestri” va “tuman, shahar hokimligiga” soʻzlari tegishincha “axborot tizimiga” va “tuman (shahar) hokimligining bolalarni himoya qilish shuʼbasiga” soʻzlari bilan almashtiril sin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida” 2016-yil 27-apreldagi 123-son qarorida:
a) 2-ilovaning 12-bandi beshinchi xatboshisidagi “voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyaning” soʻzlari “bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilovaning 12-bandi beshinchi xatboshisidagi “voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyaning” soʻzlari “bolalar masalalari boʻyicha komissiyaning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 158-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.03.2025-y., 09/25/158/0235-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-iyundagi 320-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.06.2024-y., 09/24/320/0423-son)
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 322-son qarori bilan tasdiqlangan Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar va maʼmuriy huquqbuzarlik yoʻli bilan maʼnaviy, jismoniy yoki mulkiy zarar yetkazilgan shaxslarni markazlashtirilgan hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
12-banddagi “Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalarning” soʻzlari “Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
34-banddagi “Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalar” soʻzlari “Tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-noyabrdagi 971-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyiga oʻquvchilarni tanlab olish, oʻqishga qabul qilish va oʻqishdan chetlatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 34-bandidagi “tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyaga” soʻzlari “tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shuʼbalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi 3-son qarori bilan tasdiqlangan Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 12-bandning birinchi xatboshisidagi “jabrlanuvchilarning” soʻzi “, shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 21-bandda:
“b” kichik band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi ishlayotgan yoki taʼlim olayotgan tashkilot rahbari taqdimnomani olganidan keyin uch ish kuni ichida jabrlanuvchi hamda tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs oʻrtasidagi bevosita aloqani bartaraf etishga qaratilgan harakatlarni amalga oshiradi”;
birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida ijtimoiy reabilitatsiya qilishga hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olishga doir tadbirlar oʻtkazadi”;
beshinchi xatboshi tegishincha oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
23-banddagi “koʻpi bilan oʻttiz kungacha” soʻzlari “bir yilgacha muddatga jinoyat ishlari boʻyicha sud tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
24-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24. Tazyiq va zoʻravonlik yoki ularni sodir etish xavfi bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli hududda tazyiq va zoʻravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan profilaktika (katta) inspektori tomonidan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga koʻra bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish boʻyicha materiallar tayyorlanadi hamda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi”;
25-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda, zoʻravonlik sodir etgan shaxslar zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturidan oʻtadi”;
28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi arizaning qonuniy vakili, vasiylik yoki homiylik organining vakili hozirligida koʻrib chiqiladi”;
33-banddagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga” soʻzlari “Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning yigirmanchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-avgustdagi 529-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.08.2024-y., 09/24/529/0652-son)
“Subyektlar” ustuni 6-pozitsiyasidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Tadbirlar” ustuni 8-pozitsiyasidagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasiga” soʻzlari “Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-avgustdagi 473-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi toʻgʻrisidagi nizomning 63-bandi ikkinchi xatboshisidagi “voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tuman (shahar) komissiyalariga” soʻzlari “bolalar masalalari boʻyicha komissiyalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2021-yil 3-iyundagi 339-son qarorida:
3-bandning b-kichik bandidagi “Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasi” soʻzlari “Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ilovaning 5-bandi birinchi xatboshisidagi “Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha tuman (shahar) idoralararo komissiyasi” soʻzlari “Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-son qarori bilan tasdiqlangan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola — ota-onalik huquqidan mahrum qilinganligi yoki cheklanganligi, bedarak yoʻqolgan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi yoxud muomalaga layoqati cheklanganligi, bolani tarbiyalashdan yoki uning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan boʻyin tovlaganligi, shu jumladan, uzrsiz sabablarga koʻra oʻz bolasini tugʻuruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga oʻxshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortganligi yoxud ota-ona qaramogʻi mavjud boʻlmagan boshqa holatlar sababli ota-ona yoki yagona ota (ona) qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola”.
11. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish hamda oʻquvchilarni bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasidan boshqasiga oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentining 50-bandidagi “tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyani” soʻzlari “bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasini” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son; 19.06.2024-y., 09/24/320/0423-son; 27.08.2024-y., 09/24/529/0652-son; 13.03.2025-y., 09/25/158/0235-son)