Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 563-moddasiga muvofiq voyaga yetmagan sudlanuvchi shartli hukm qilingan yoxud unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan taqdirda, unga jamoat tarbiyachisi tayinlash masalasi koʻrib chiqilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ularning ota-onasiga (yoki oʻrnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda amaliy yordam koʻrsatish voyaga yetmagan shaxslarga tayinlanadigan jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi etib belgilansin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
a) jamoat tarbiyachisi quyidagi toifalardagi voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanishi mumkin:
sud tomonidan majburlov choralari qoʻllanilgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan;
ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni oʻtagan;
nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj boʻlgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari.
Oldingi tahrirga qarang.
b) jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tomonidan qabul qilinadi;
(3-bandning b-kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
v) jamoat tarbiyachisi Komissiyaning taqdimnomasiga asosan tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda bitta voyaga yetmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi mumkin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-iyun,
339-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3 iyundagi 339-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachilarini tayinlash tartibini belgilaydi.
2. Jamoat tarbiyachilarining asosiy vazifasi nazoratsiz va qarovsiz qolgan hamda huquqbuzarlik yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan voyaga yetmagan shaxslar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek, ularning ota-onasiga (yoki oʻrnini bosuvchi shaxslarga) voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalashda amaliy yordam koʻrsatishdan iborat.
3. Jamoat tarbiyachisi faoliyati bola bilan ishlashda individual yondashuv hamda ixtiyoriylik asosida begʻaraz amalga oshiriladi.
2-bob. Jamoat tarbiyachisini tayinlash tartibi
4. Voyaga yetmagan shaxslarning jamoat tarbiyachisi (keyingi oʻrinlarda — jamoat tarbiyachisi) etib 30 yoshga toʻlgan, birinchi navbatda voyaga yetmagan shaxslar bilan kamida ikki yil ishlash tajribasiga ega boʻlgan, jinsi, oilaviy ahvolidan qatʼi nazar, oʻzining hayotiy tajribasi va axloqiy fazilatlari bilan voyaga yetmaganlarga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan, oʻz zimmasiga voyaga yetmagan shaxslarni tarbiyalash vazifasini olishga tayyor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi tayinlanishi mumkin.
Voyaga yetmagan qizlarga nisbatan ayol jinsiga mansub boʻlgan jamoat tarbiyachisi tayinlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Bolalar masalalari boʻyicha tuman (shahar) komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) yoshlar ishlari, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, madaniyat, turizm va sport, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda voyaga yetmagan shaxslar bilan ishlaydigan boshqa tashkilotlarning takliflari asosida jamoat tarbiyachilari nomzodlari roʻyxatini shakllantiradi.
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Bunda Komissiya masʼul kotibi nomzodlar roʻyxatini shakllantirish va har yili yangilab borish uchun masʼul hisoblanadi.
6. Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachisini tanlash va tayinlash haqidagi qaror Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
7. Jamoat tarbiyachisi quyidagi toifalardagi voyaga yetmaganlarga nisbatan tayinlanishi mumkin:
sud tomonidan majburlov choralari qoʻllanilgan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan;
ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan;
ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan qaytgan yoki tarbiya koloniyalarida jazoni oʻtagan;
nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
bolani tarbiyalashda yordamga muhtoj boʻlgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari.
8. Komissiya shartli hukm qilingan hamda ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan voyaga yetmaganlarga nisbatan sud qarori asosida jamoat tarbiyachisini tayinlaydi.
9. Komissiya sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran besh kun muddat ichida voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlaydi.
Sudning tegishli qarori talab etilmaydigan holatlarda Komissiya mutasaddi tashkilotlarning (Komissiya aʼzolarining) taqdimiga asosan besh kun muddat ichida voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlashi mumkin.
10. Komissiya jamoat tarbiyachisini tayinlashda har bir holatda individual tartibda, sodir etilgan qilmish, voyaga yetmagan shaxsning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi va boshqa omillarni inobatga oladi.
11. Komissiyaning jamoat tarbiyachisini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorida quyidagilar koʻrsatiladi:
jamoat tarbiyachisi toʻgʻrisida maʼlumot;
jamoat tarbiyachisi tayinlanayotgan voyaga yetmagan toʻgʻrisida maʼlumot;
jamoat tarbiyachisini tayinlash asoslari (holat mazmuni);
jamoat tarbiyachisini tayinlash muddati;
jamoat tarbiyachisining hisobdorligi;
qaror yuzasidan shikoyat qilish tartibi.
Komissiya voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisini tayinlash toʻgʻrisida qabul qilingan qaror bilan bolaning ota-onasini (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni) tanishtiradi.
Komissiya voyaga yetmaganga jamoat tarbiyachisi tayinlanganligi haqida manfaatdor tashkilotlarni (sud, ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqalarni) xabardor qiladi.
Jamoat tarbiyachisi voyaga yetmaganlarning fikri hisobga olinib, ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan kelishgan holda tayinlanadi.
Bitta voyaga yetmagan shaxsga bitta jamoat tarbiyachisi tayinlanishi mumkin.
12. Quyidagilar jamoat tarbiyachisi etib tayinlanishi mumkin emas:
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi toʻgʻrisida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlgan shaxslar;
muqaddam sudlangan hamda sudlanganlik holati belgilangan tartibda tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar;
jinoyat protsessida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;
ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki ota-onalik huquqlari cheklangan shaxslar;
ota-onalik huquqlarini suiisteʼmol qilgan, bola bilan shafqatsiz muomalada boʻlgan shaxslar;
surunkali alkogolizm yoki giyohvandlikka ruju qoʻygan shaxslar;
doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar;
sobiq tutingan ota-onalar yoki farzandlikka oluvchilar, agar bolalarni tarbiyaga olish toʻgʻrisidagi kelishuv yoki farzandlikka olish bekor qilingan boʻlsa;
oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi yoxud oʻz huquqlarini suiisteʼmol qilganligi uchun vasiy yoki homiy majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
sogʻligʻi tufayli jamoat tarbiyachisi majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.
13. Voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi uch oygacha boʻlgan muddatga tayinlanadi, mazkur muddat Komissiya tomonidan jamoat tarbiyachisining hisobotini eshitish natijalariga koʻra, bir marotaba koʻpi bilan uch oygacha uzaytirilishi mumkin.
3-bob. Jamoat tarbiyachisi hamda voyaga yetmaganlarning huquq va majburiyatlari
14. Jamoat tarbiyachisi quyidagi huquqlarga ega:
voyaga yetmagan shaxsni yashash va oʻqish joyi boʻyicha borib koʻrish;
voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻrish;
voyaga yetmagan bilan yakka tartibda ishlash dasturida (keyingi oʻrinlarda — Dastur) belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda mutasaddi tashkilot va muassasalardan metodik hamda amaliy yordam olish;
Komissiyadan voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarni talab qilib olish;
Komissiyaning voyaga yetmagan shaxsga oid yigʻilishlarida qatnashish hamda fikr va takliflar bildirish.
15. Jamoat tarbiyachisi quyidagilarga majbur:
har bir voyaga yetmaganga individual yondashgan holda uning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda voyaga yetmaganlarning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ning taklifini olgan holda Dastur tuzish va Komissiya bilan kelishish;
voyaga yetmaganning Dasturda belgilangan chora-tadbirlarga rioya etishi ustidan nazorat qilish;
voyaga yetmagan shaxsning gʻayriijtimoiy xulq-atvorini tuzatish, mavjud salbiy odatlarini bartaraf etish va huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olish choralarini koʻrish;
voyaga yetmaganni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, unda mehnatsevarlik, masʼuliyat, fidoyilik, dunyoqarashi keng, mustaqil va komil inson boʻlishga intilish tuygʻularini shakllantirish;
voyaga yetmaganlarning oʻqishini davom ettirish, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularning toʻgaraklarda ishtiroki, hordiq chiqarishi, bandligini taʼminlash choralarini koʻrish;
ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan voyaga yetmaganni tarbiyalash, ularning hayoti va kelajagi uchun javobgar ekanligi borasida tushuntirish ishlari olib borish;
voyaga yetmagan shaxs tomonidan Dasturda belgilangan chora-tadbirlar bajarilmagan taqdirda, bu haqida Komissiyaga xabar berish;
ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, bu haqida Komissiyaga xabar berish;
har oyda Komissiyaga amalga oshirilgan ishlar va bolada kuzatilayotgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etish.
16. Voyaga yetmagan shaxs:
voyaga yetmagan shaxs jamoat tarbiyachisining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan Komissiyaga shikoyat qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
jamoat tarbiyachisini almashtirish toʻgʻrisida Komissiyaga murojaat qilish va qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa huquqlarga ega.
(16-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan shaxs Dasturga amal qilishi va unda belgilangan chora-tadbirlarni bajarishi hamda qonunchilik hujjatlariga rioya qilishi lozim.
(16-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4-bob. Jamoat tarbiyachisini almashtirish va faoliyatini tugatish tartibi
17. Jamoat tarbiyachisi quyidagi holatlarda almashtiriladi:
jamoat tarbiyachisi oʻz vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda;
voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan Komissiyaga jamoat tarbiyachisi ustidan tushgan shikoyatlar asosida;
voyaga yetmagan yoki jamoat tarbiyachisi yashash joyini oʻzgartirganda (voyaga yetmagan shaxs va jamoat tarbiyachisining bevosita muloqoti qiyinlashgan hollarda);
jamoat tarbiyachisi oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortganida.
18. Jamoat tarbiyachisining faoliyati Komissiya qarori bilan quyidagi hollarda tugatiladi:
jamoat tarbiyachisi tayinlash muddati tugaganda;
voyaga yetmagan shaxs oʻn sakkiz yoshga toʻlganda yoki emansipatsiya qilinganda;
voyaga yetmagan shaxs ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganda;
voyaga yetmagan shaxs boshqa davlatga doimiy yashash uchun ketganda;
voyaga yetmagan shaxs vafot etganda.
Jamoat tarbiyachisini almashtirish yoki uning faoliyatini tugatish haqida Komissiya qaror qabul qiladi.
5-bob. Jamoat tarbiyachisi faoliyatini nazorat qilish
19. Jamoat tarbiyachilarining faoliyati ustidan nazorat Komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
20. Komissiya:
jamoat tarbiyachisining Dastur boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlarini eshitib boradi;
voyaga yetmagan uchun Dasturdagi chora-tadbirlarni oʻzgartirish yoki unga qoʻshimcha chora-tadbirlar kiritish masalasini koʻrib chiqadi;
jamoat tarbiyachisining voyaga yetmagan bilan olib borayotgan yakka tartibdagi ishlarining ahvolini tekshirib boradi;
voyaga yetmaganlar, ularning ota-onasidan (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslardan) Komissiyaga jamoat tarbiyachisi ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Yuklatilgan vazifalarni faol va vijdonan bajargan hamda ijobiy natijalarga erishgan jamoat tarbiyachilari Komissiyaning taqdimnomasiga asosan tuman (shahar) hokimliklari tomonidan mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha miqdorda bitta voyaga yetmagan shaxs uchun bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi, shuningdek, unga nisbatan boshqa ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin.
Tuman (shahar) boʻyicha pul mukofotining yillik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmasligi kerak.
22. Voyaga yetmagan shaxslarga jamoat tarbiyachisi biriktirilganligi ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarni voyaga yetmagan bolani tarbiyalash va uning xatti-harakatlari uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/339/0516-son, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)