O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrug‘i
Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 15-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3379]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2022-yil 18-iyul,
33-son
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2022-yil 18-iyuldagi 33-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini tashkil etish va amalga oshirish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
mijozlar — kripto-birja bilan kripto-birjada kripto-aktivlar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun shartnoma tuzadigan jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar;
kliriig — kripto-birja mijozlarining o‘zaro majburiyatlarini belgilash, aniqlashtirish va hisobga olishga doir operatsiyalar majmuasi, shuningdek ular o‘rtasida amalga oshiriladigan o‘zaro hisob-kitoblar;
kotirovkalash varag‘i — kripto-birja tomonidan belgilangan mezonlarga mos keladigan hamda kripto-aktivlar savdolariga ruxsat etilgan kripto-aktivlar ro‘yxati;
hisob-kitob-kliring palatasi (bundan buyon matnda HKKP deb yuritiladi) — kliring elektron tizimi orqali kripto-birja bitimlari bo‘yicha kliring, hisob-kitob va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishni ta’minlovchi kripto-birjaning tarkibiy bo‘linmasi;
HKKP ikkilamchi hisobvarag‘i — kripto-birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda xaridorlar va sotuvchilarning mablag‘larini saqlash hamda bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar o‘tkazish uchun ochilgan kripto-birjaning talab qilib olinguncha ikkilamchi depozit hisobvaraqlari;
foydalanuvchining individual raqami (bundan buyon matnda FIR deb yuritiladi) — kliring ishtirokchisiga beriladigan maxsus xos raqam;
virtual hisobvaraq — kripto-birjaning HKKPda kliring bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun ochilgan maxsus hisobvaraq;
to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasi — kripto-birjaning elektron platformasi tarkibidagi kripto-aktivlarni sotib olish va sotish bo‘yicha bitimlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan elektron maydoncha;
o‘zaro o‘zgarmas tokenlar savdosi maydonchasi — kripto-birja elektron platformasi tarkibidagi o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni chiqarish va muomalaga kiritish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan elektron maydoncha;
token — kripto-aktivning bir turi bo‘lgan, smart-kontrakt asosida boshqariladigan, ma’lum bir aktivga bo‘lgan majburiyatni yoki mulk huquqini tasdiqlash uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridagi hisob birligi;
smart-kontrakt — raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma;
ta’minlangan token — biror-bir moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlangan token;
o‘zaro o‘zgarmas token — moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlanmagan, mulkdorning raqamli shakldagi noyob kontentga (matn, audiovizual, musiqiy, fotografik asarlar, shuningdek tasviriy san’at asarlari va boshqalar) bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi kripto-aktivning alohida turi;
barqaror token — qiymati xorijiy valyutaning nominal qiymatiga teng bo‘lgan ta’minlangan tokenning turi;
tokenni chiqarish — tokenning paydo bo‘lishiga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar;
ta’minlangan tokenni chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish — chiqarilgan ta’minlangan tokenlarni listing qilish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazish;
listing — kripto-birja tomonidan kripto-aktivlarni kripto-birjaning elektron platformasida muomalaga chiqarish uchun ruxsat berish jarayoni;
delisting — kripto-birja tomonidan listing qilingan kripto-aktivlarni kripto-birjaning elektron platformasida muomaladan chiqarish jarayoni;
ta’minlangan tokenning dastlabki taklifini joylashtirish — faoliyatni moliyalashtirish va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida kripto-birjaning elektron platformasida ta’minlangan tokenlarni sotish uchun muomalaga chiqarish;
kripto-hamyon — kripto-aktivlarni saqlash va boshqarish uchun mo‘ljallangan dasturiy yoki dasturiy-texnik vosita;
kripto-hamyon manzili — ma’lumotlarning taqsimlangan reyestridagi kripto-aktivlarni bir kripto-hamyondan boshqasiga yuborish va qabul qilish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun ishlatiladigan raqamlar, harflar va belgilardan tashkil topgan noyob kombinatsiya;
kliring ishtirokchisi — aksept yo‘llagan va mazkur Qoidalarda belgilangan tartibda HKKPda ro‘yxatdan o‘tgan kripto-birja mijozi;
savdolar ishtirokchilari — kripto-birja tomonidan kripto-aktivlar savdolarida qatnashishga ruxsat etilgan mijozlar;
kripto-aktivlar savdolari — kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) xorijiy valyutada oldi-sotdi yoki bir turdagi kripto-aktivlarni boshqa turdagi kripto-aktivlarga ayirboshlash bitimlarini tuzish jarayoni;
kripto-birjaning elektron platformasi — kripto-birjaning quyidagilar amalga oshiriladigan axborot tizimi va (yoki) dasturiy-apparat majmuasi:
kripto-aktivlar savdolarida qatnashish uchun talabnomalarni qabul qilish, nazorat qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash uchun talabnomalarni qabul qilish, nazorat qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etish uchun talabnomalarni qabul qilish, nazorat qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
kripto-aktivlarning listingi va delistingini amalga oshirish;
ta’minlangan tokenlarning dastlabki taklifini joylashtirish va saqlash;
o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni muomalaga kiritish;
kripto-aktivlarni sotib olishga, sotishga va (yoki) ayirboshlashga qaratilgan bitimlarni amalga oshirish;
kripto-aktivlar narxlarni e’lon qilish;
kripto-aktivlar bilan bitimlar tuzilishi natijasida savdolar ishtirokchilarining majburiyat va talablarini belgilash, shuningdek ushbu bitimlarning ijrosini ta’minlash;
kripto-aktivlar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha hisobot hujjatlarini tayyorlash va shakllantirish;
kripto-aktivlar bilan bitimlarni tuzish va ijrosi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish bilan bog‘lik boshqa vazifalar;
kripto-aktivlarni sotish va sotib olishga qaratilgan yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) — kripto-birja elektron platformasining to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) xorijiy valyutada sotish va sotib olishga qaratilgan, umumiy miqdori bitimni tuzish kunida bazaviy hisoblash miqdorining uch ming baravaridan ortiq bo‘lgan operatsiya;
kripto-aktivlar haqida insayder axborot — kripto-aktivlar, ularni yaratgan va joylashtirgan shaxslar, kripto-aktivlar bilan tuzilgan bitimlar haqidagi ommaviy bo‘lmagan hamda unga ega bo‘lgan shaxslarni boshqa mijozlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan axborot;
kripto-aktivlar narxlari bilan hiyla-nayrang ishlatish — kripto-aktivlarning narxlarini amaldagi bozor sharoitlariga nisbatan sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish maqsadida kripto-aktivlarga talab va (yoki) taklif, kripto-aktivlarning bozor narxlari yoki savdo hajmlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan harakatlarning amalga oshirilishi;
kripto-birjaning oxirgi benefitsiar mulkdori — kripto-birjani bevosita yoki bilvosita ta’sis etuvchi yoxud uning ustav jamg‘armasidagi (kapitalidagi) ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2. Kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan yuridik shaxs mazkur faoliyatni mazkur Qoidalar va maxsus normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq amalga oshirishi lozim.
3. Kripto-birja:
kripto-birja elektron platformasining zarur darajada ishlashini ta’minlashga;
kripto-birja va mijozlarning kripto-birjadagi pul mablag‘lari, kripto-aktivlarning alohida hisobi yuritilishi va saqlanishini ta’minlash, bunda ikki va undan ortiq mijozlarning pul mablag‘larini kripto-aktivlarning qo‘shma hisobi yuritilishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
har kuni kun yakuni bo‘yicha mijozlar tomonidan amalga oshirilgan bitimlar (operatsiyalar) haqida barcha ma’lumotlarning zaxira nusxasini yaratishga;
mazkur Qoidalar talablariga muvofiq mijozlarning kripto-aktivlar savdolariga buyurtmalarini ularni bajarish imkoni mavjud bo‘lganda, shu jumladan kripto-birja elektron platformasida qarshi buyurtmalar mavjud bo‘lganda ijrosini ta’minlashga;
kripto-birja elektron platformasining zarur darajada axborot xavfsizligini ta’minlashga;
kripto-birja ishchilari va ular tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida bevosita kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan shaxslarning kripto-birja faoliyatini tartibga soluvchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari va kripto-birja tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlarini (bundan buyon matnda lokal hujjat deb yuritiladi) bilish darajasini doimiy oshirib borishga;
kripto-birja mijozlarining kripto-birjadagi pul mablag‘lari, kripto-aktivlarni qaytarish (o‘tkazish) haqidagi ko‘rsatmalarini, shuningdek mijozlarning boshqa ko‘rsatma va harakatlari amalga oshirilishini ta’minlashga;
kripto-birja elektron platformasi orqali operatsiyalarni amalga oshirishda savdolar ishtirokchilariga ularni majburiy identifikatsiyadan o‘tkazish mexanizmini joriy etganidan va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarga muvofiq boshqa choralarni qo‘llaganidan so‘ng ruxsat berishga;
kripto-aktivlarni reklama qilishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilishga;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablarni bajarishga majbur.
Kripto-birja quyidagi jarayonlarni tartibga solishni nazarda tutuvchi qoidalarni ishlab chiqib, tasdiqlashi lozim:
kripto-aktivlarni listingi va delistingi;
faoliyatni moliyalashtirishga va investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ta’minlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish;
o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni muomalaga kiritish.
4. Kripto-birja kripto-aktivlar savdolari bilan bog‘liq bitimlar ustidan doimiy nazoratni amalga oshiradi.
Kripto-birja tomonidan qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalarning buzilganligi aniqlanganda, ularni to‘xtatish hamda kelgusida qaytarilmasligi bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
Kripto-birja tomonidan aniqlangan qonunchilik hujjatlari va mazkur Qoidalar buzilishining har bir fakti haqidagi axborot ushbu fakt aniqlangan sanadan boshlab kamida besh yil davomida saqlanishi lozim.
Vakolatli organning so‘rovnomalari bo‘yicha kripto-birja so‘rovnomani olgan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmasdan vakolatli organga qonunchilik hujjatlarining buzilish fakti haqidagi axborotni taqdim etishi lozim.
Jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, kripto-birja darhol vakolatli organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma ravishda xabar berishga majbur.
5. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari kripto-birjaning elektron platformasida:
kripto-aktivlar bilan kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarining barcha turlarini milliy valyutada, jumladan kripto-aktivlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida sotish va sotib olishga qaratilgan bitimlarni amalga oshirishi;
O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bilan faqatgina kripto-aktivlarni sotishga doir operatsiyalarni xorijiy valyutada amalga oshirish huquqiga ega.
Sotib olish obyekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligidir.
6. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni xorijiy kripto-birjalar va platformalarda boshqa turdagi kripto-aktivlarga ayirboshlashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni xorijiy kripto-birjalar va platformalarda ayirboshlanganligi natijasida qabul qilingan kripto-aktivlar o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining (bundan buyon matnda xizmatlar provayderlari deb yuritiladi) elektron platformalarida sotiladi.
7. Kripto-birja kripto-depozitariy faoliyatini mazkur faoliyat turi uchun alohida litsenziya olgan holda amalga oshirish huquqiga ega. Bunda, kripto-birja mazkur faoliyat doirasida ta’minlangan tokenlarni chiqarish va (yoki) chiqarilgan tokenlarni ro‘yxatga olishi mumkin.
Kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish jarayonida kripto-birja tomonidan ta’minlangan tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish, ta’minlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish va muomalaga kiritish, jumladan quyidagilarni:
kripto-birjada ta’minlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirgan shaxs tomonidan shartnoma majburiyatlarida nazarda tutilgan hollarda va miqdorda qaytib sotib olinishini ta’minlash;
chiqarilgan tokenlarning nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “davlat tomonidan ta’minlangan”, “davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan”, “O‘zbekiston”, “o‘zbek”, “milliy”, “so‘m (UZS)” hamda O‘zbekiston Respublikasi shaharlarining nomlarini to‘liq yoki qisqartirilgan shaklda, shuningdek ularning birliklaridan foydalangan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatishni taqiqlashni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlashi lozim.
8. Kripto-birja kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirishda:
ta’minlangan tokenlarni chiqarishni ro‘yxatga olish va joylashtirishga qaratilgan faoliyatni amalga oshiradigan yuridik shaxslarning rahbarlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda ularning vakillarini mazkur Qoidalarning 14-bandida nazarda tutilgan shaxslar toifasiga kirish yoki kirmasligini aniqlashga;
ta’minlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish maqsadida ularni ta’minlash uchun kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mulkning haqiqatda mavjudligini tekshiruvdan o‘tkazishga majbur.
9. Kripto-birjalarda:
barqaror tokenlarni chiqarish va chiqarishni ro‘yxatga olish;
tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish maqsadida ta’minlanmagan tokenlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish, joylashtirish va muomalaga kiritish taqiqlanadi.
10. O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) xorijiy valyutaga sotish va sotib olish hamda kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarini xizmatlar provayderlaridan tashqarida amalga oshirish taqiqlanadi, bundan qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.
11. Kripto-birjada tuzilgan bitimlar bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga kripto-birja elektron platformasida amalga oshirilgan kripto-aktivlar savdolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asos bo‘ladi.
2-bob. Mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi
12. Kripto-birja mijozlar bilan munosabatlarni shartnoma asosida o‘rnatadi.
Shartnomada kuyidagilar nazarda tutilishi lozim:
mazkur Qoidalarning 4-bandida nazarda tutilgan ma’lumotlarni vakolatli organga yuborilishi;
mijozlar bilan muzokaralarning audio- yoki videoyozuvi ularning roziligi bilan olib borilishi, shu jumladan yozishmalarning yozib borilishi hamda ushbu ma’lumotlarning kamida besh yil davomida saqlanishi;
mazkur Qoidalarning 5-bandida nazarda tutilgan talablar;
mazkur Qoidalar va qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa talablar.
13. Mijoz bilan munosabatlarni o‘rnatish uchun kripto-birja quyidagi ma’lumotlarni so‘rab oladi:
jismoniy shaxsdan — shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
yakka tartibdagi tadbirkordan — shaxsini tasdiqlovchi va davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi hujjatlar nusxasi;
yuridik shaxsdan — davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi hujjat nusxasi, joylashgan joyi, rahbariyati haqidagi hamda ta’sis hujjatlaridagi ma’lumotlar;
mijoz bilan aloqa o‘rnatish uchun kontakt ma’lumotlar (elektron pochta manzili va boshqa kontakt ma’lumotlar);
qonunchilik hujjatlari, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa ma’lumotlar.
14. Quyidagilar bilan kripto-birja munosabat o‘rnatishga haqli emas:
voyaga yetmagan shaxslar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarning ro‘yxatiga kiritilgan shaxslar.
15. Kripto-birja va uning mijozi o‘rtasida munosabat o‘rnatilganda. mijozga kripto-birja elektron platformasida mijoz, uning kripto-birjada saqlanayotgan pul mablag‘lari hamda kripto-aktivlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan hisobga olish yozuvi (akkaunt) yaratiladi.
Bir mijozga ikki va undan ortiq hisobga olish yozuv (akkaunt)larni ochish taqiqlanadi.
16. Qonunchilik hujjatlari yoki mazkur Qoidalarga zid bo‘lmaganda, kripto-birja o‘z nomi va hisobidan kripto-aktivlar savdolarni amalga oshirish uchun har qanday mijozga kripto-aktivlar savdosi ishtirokchisi maqomini taqdim etishga (kripto-aktivlar savdosiga ruxsat etishga) haqli.
17. Kripto-birja jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan mijozlarga quyidagi ma’lumotlarni yetkazishga majbur:
mijoz bilan munosabat o‘rnatish shartlari, shu jumladan tegishli shartnoma matni (bunda kripto-birja mijozga kripto-birjaga to‘lanayotgan mukofotning undirish shakli, miqdori va tartibini tushuntirishi lozim);
kripto-birja tomonidan kripto-aktivlarni listing qilishga qaratilgan bitimlarni amalga oshirish (tashkil etish) jarayonida “White paper” deklaratsiyasining mazmuni.
18. Mazkur Qoidalarning 16-bandida ko‘rsatilgan ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslarga ular bilan munosabatlar o‘rnatish jarayonida yoki undan oldin og‘zaki yoki yozma shaklda yetkazilishi kerak.
Kripto-birja veb-saytining bosh sahifasida mazkur Qoidalarning ilovasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar joylashtirilishi lozim.
3-bob. Kripto-aktivlar savdolarini tashkil etish
19. Kripto-birja mijozlarga o‘zining elektron platformasiga kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlashga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish uchun kirishga ruxsat berish orqali kripto-aktivlar savdosini tashkillashtiradi.
Kripto-birjaning elektron platformasiga kirishga ruxsat faqatgina shartnoma asosida taqdim etiladi.
Mazkur Qoidalar va lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktivlar savdolari qoidalarini buzganligi uchun savdolar ishtirokchisi safidan chiqarilgan mijoz uch oy davomida savdolar ishtirokchisi bo‘la olmaydi.
Mijozlarning kripto-aktivlar savdolariga, jumladan kripto-birjaning boshqa xizmatlari (“spot”, “marjinal” savdolari va boshqalar) va mahsulotlariga kirishiga ruxsat berish, shuningdek kripto-aktivlar savdolari ishtirokchilari safidan chiqarish lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
20. Kripto-birja:
kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish jarayoni shaffofligi, shuningdek ularning natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar ijrosini ta’minlashi;
kripto-birjaning elektron platformasida ta’minlangan tokenlarni dastlabki taklifini joylashtirish maqsadida ta’minlangan tokenlarni ta’minlash uchun kiritilgan moddiy va (yoki) boshqa mulkning haqiqatda mavjudligini tekshiruvdan o‘tkazishi shart.
21. Kripto-birja mazkur Qoidalar va lokal hujjatlarga muvofiq kripto-aktivlar haqida insayder axborotlarni ishlatish, ularning narxlari bilan hiyla-nayranglarni aniqlash, oldini olish, to‘xtatishga, shuningdek ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan choralarni ko‘rishi shart.
Kripto-aktivlar haqidagi insayder axborotdan foydalanish deganda mazkur axborotdan shaxsiy maqsadlarda, shu jumladan o‘z nomi va hisobidan kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etish maqsadida foydalanish, shuningdek uchinchi shaxslarga taqdim etish tushuniladi, bundan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Kripto-aktivlar haqidagi insayder axborotga ega bo‘lgan shaxslarga kuyidagilar kiradi:
kripto-aktivlarni yaratgan va joylashtirgan tashkilotning boshqaruv organlari a’zolari va boshqa ishchilari;
kripto-aktivlarni yaratgan va listingni amalga oshirgan shaxs;
kripto-aktivlarni yaratgan va joylashtirgan shaxsga yoki savdo ishtirokchisiga auditorlik xizmatini ko‘rsatadigan auditorlik tashkilotining xodimlari;
o‘zining xizmat mavqeyi, mehnat majburiyatlari yoki kripto-aktivlarni yaratgan va joylashtirgan shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida mazkur ma’lumotga ega bo‘lgan boshqa shaxslar.
22. Kripto-birja lokal hujjatlariga muvofiq faqatgina o‘zining kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etishi to‘g‘risidagi ma’lumotni oshkor qilganidan, uning ishtiroki tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar ko‘rilganidan va oshkor qilinganidan so‘ng kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etish huquqiga ega.
23. Bitimlarni tuzish uchun savdo ishtirokchisi yoki kripto-birja kripto-birjaning elektron platformasida kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash haqidagi talabnomani joylashtiradi.
Kripto-aktivni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash haqidagi talabnomani berish tartibi lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
Mijozlarning kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash haqidagi talabnomasi kripto-birja tomonidan ularning talablariga javob beradigan qarshi talabnoma mavjud bo‘lganida ijro etilishi shart. Talabnomalarning bajarilishini qarshi talabnoma mavjud bo‘lganidan keyin kechiktirish, ularning shartlarini o‘zgartirish yoki bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
24. Kripto-aktivlar bilan savdoni (hisob-kitoblarni) amalga oshirish uchun savdolar ishtirokchisi HKKPga tegishlicha pul mablag‘lari va (yoki) kripto-aktivlarni o‘tkazadi.
Savdolar ishtirokchisining pul mablag‘lari va kripto-aktivlari kripto-birja hamda boshqa savdolar ishtirokchilarining pul mablag‘lari va kripto-aktivlaridan alohida hisobga olinishi kerak.
25. Kripto-birja har kuni kripto-aktivlar savdolarida qatnashgan har bir mijoz bo‘yicha kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash yuzasidan tuzilgan bitimlar va ularning summasi, shuningdek kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash haqidagi talabnomalar ijro etilganligi va ijro etilmaganligi to‘g‘risida hisobot tuzishi lozim.
Hisobot tuzilganidan keyin har bir mijoz tomonidan amalga oshirilgan bitim va operatsiyalarga ularni qayd qilish uchun noyob kod beriladi.
Hisobot tayyorlangan kundan boshlab besh yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlanishi shart. Hisobotlarni saqlash tartibi lokal hujjatlar bilan belgilanadi. Hisobotlarga tuzatish va o‘zgartirishlar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kripto-birja hisobotni quyidagilarga beg‘araz shartlar asosida taqdim etishi shart:
mijozlarga — tegishli so‘rovni olgan sanadan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmagan holda, ularga tegishli hajmda;
vakolatli organga — uning so‘rovida ko‘rsatilgan hajmda va muddat davomida.
26. Kripto-birja kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha tuzilgan bitimlarning bajarilishini ta’minlaydi.
Savdolar ishtirokchisi tomonidan kripto-aktivlar savdolarida kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha bitim tuzilganda, kripto-birja ushbu bitimning ijro summasini (soni) ushbu savdolar ishtirokchisining HKKP ikkilamchi hisobvarag‘ida yoki kripto-hamyoni manzilida saqlanayotgan pul mablag‘lari, kripto-aktivlaridan ayirib tashlashi hamda savdolar ishtirokchisining kontragentiga biriktirishi lozim.
Kripto-birja mijozdan olinadigan mukofotni undirishni kripto-aktivlar savdolarida qatnashish shartnomasida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida amalga oshiradi.
27. Kripto-birja mijozning roziligi asosida uning pul mablag‘lari va kripto-aktivlari bilan mijozning topshiriqlari (ko‘rsatmalari) mavjud bo‘lmaganda, o‘z nomidan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab quyidagi hollarda bitimlar tuzishga haqli:
kripto-birjaning likvidlilikka ta’minlashga, ya’ni mijozlari oldidagi qabul qilingan (yoki qabul qilinishi rejalashtirilgan) majburiyatlarini bajarishi uchun uning mijozi bo‘lmagan kontragentlaridan pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni olganida;
mazkur bitimlarning tuzilishi natijasida kripto-birjaning mijozlaridan olingan pul mablag‘lari va kripto-aktivlarni to‘liq hajmda qaytarib berishga yetarli ishonch hosil qilganida.
Tomonlar kelishgan muddatda pul mablag‘lari va kripto-aktivlar kripto-birja tomonidan qaytarilishi lozim. Mijozning mablag‘larini ishlatganlik uchun shartnomada foiz undirish nazarda tutilishi mumkin.
28. Kripto-birja o‘zining elektron platformasida tegishli miqdordagi kripto-aktivlarni (yoki shunga teng miqdordagi boshqa kripto-aktivlarni) tomonlar kelishgan muddatda qaytarib berish sharti bilan o‘zining kripto-aktivlarini mijozlariga bitimlarni tuzish va majburiyatlarini bajarish uchun ishlatishga ruxsat berish huquqiga ega. Kripto-birja o‘zining kripto-aktivlaridan mijozlar tomonidan foydalanganlik uchun foiz undirishga haqli.
4-bob. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolarni amalga oshirish
29. Kripto-birja mijozlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasiga kirishga ruxsat berish orqali kripto-aktivlarni sotish va sotib olishga qaratilgan operatsiyalarni amalga oshirishni tashkillashtiradi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar maydonchasiga kirishga ruxsat mazkur Qoidalar va lokal hujjatlar bilan belgilangan talablarga muvofiq alohida shartnoma asosida taqdim etiladi.
30. Kripto-birja kripto-aktivlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolarning amalga oshirish jarayoni shaffofligi, shuningdek ularning natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar ijrosini ta’minlashi lozim.
31. Mijozning yirik bitimlari faqatgina to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida kripto-aktivlarni sotish natijasida olingan mablag‘larni mijozning unga xizmat ko‘rsatadigan tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
32. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar maydonchasida bitimlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
kripto-aktivlarni sotuvchi o‘zining shaxsiy kabinetida kripto-aktivlarning narxiga bo‘lgan talablari va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankidagi hisobvaraq rekvizitlarini ko‘rsatgan holda kripto-aktivlarni sotish uchun buyurtma tuzadi;
kripto-birja sotuvchining kripto-aktivlarini bitim amalga oshirilguniga yoki sotuvchining mazkur kripto-aktivlarni qaytarish haqidagi so‘rovnomasi qabul qilinguniga qadar to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida saqlab turadi;
xaridor buyurtmani qabul qilib, mablag‘larni sotuvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraqqa milliy yoki xorijiy valyutada o‘rnatilgan tartibda o‘tkazadi;
xaridor o‘zining shaxsiy kabineti orqali mablag‘larning o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasini o‘tkazmaning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat sifatida taqdim etadi (ilova qiladi);
sotuvchi o‘zining hisobini tekshirib, mablag‘larning to‘liq qabul qilinganiga ishonch hosil qiladi hamda shaxsiy kabinetida kripto-birjaga kripto-aktivlarni xaridorga jo‘natilishiga ruxsat beradi.
Kripto-birja to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida mablag‘larni kripto-birjaning HKKP orqali o‘tkazgan holda o‘zining va (yoki) topshiriq shartnomasi asosida mijozlarning nomidan hamda hisobidan kripto-aktivlar bilan savdo-sotiq bitimlarini amalga oshirish huquqiga ega.
33. Bitimni bekor qilish, mablag‘larni qaytarish yoki boshqa nizolar tomonlar o‘rtasida muzokaralar yo‘li bilan o‘rnatilgan tartibda hal qilinadi.
34. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolar maydonchasida kripto-aktivlarni sotish va sotib olish bo‘yicha bitimlarni tuzish sotuvchi va xaridorning o‘zaro kelishuviga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
35. Kripto-birja to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida bitimlarni amalga oshirganlik uchun foiz belgilashi va undirishi mumkin.
36. Kripto-birja mazkur Qoidalarga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq to‘g‘ridan to‘g‘ri savdolar maydonchasida tomonlar o‘rtasida bitimlarning zarur tarzda tashkil etilishi uchun javobgardir.
5-bob. Mijozlar bilan vositachilik munosabatlari asosida bitimlar tuzish
37. Kripto-birja quyidagi tartibda mijozlarning manfaatlarini ko‘zlab, birja bitimlari orqali vositachilik munosabatlarini o‘rnatib, kripto-aktivlarni sotish, sotib olish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha bitimlarni tuzish huquqiga ega:
topshiriq shartnomasi asosida mijozlarning nomi va hisobidan;
komissiya shartnomasi asosida o‘zining nomidan va mijozlarning hisobidan;
qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa usulda.
38. Kripto-birja mazkur Qoidalarning 37-bandida nazarda tutilgan bitimlarni:
o‘zining elektron platformasida;
boshqa chet el kripto-birjalarining elektron platformalarida va savdo tizimlarida tuzishga haqli.
Kripto-birja mazkur bitimlarni tuzishda mijozlarning manfaatlarini ko‘zlab:
qonunchilik hujjatlariga va mijozlar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilgan holda vijdonan, oqilona va malakali tarzda harakat qilishi;
mijozlarni bitimlar bilan bog‘liq tavakkalchiliklar, ularni har birining mohiyati va darajasi to‘g‘risida xabardor qilishi;
mijozlar uchun eng maqbul shartlar asosida va eng yaxshi narxda bitimlar tuzishi;
tegishli kripto-aktivlar uchun narxlar bozor narxidan sezilarli darajada farq qilgan (10 foizdan ortiq) taqdirda, agar har bir alohida holat bo‘yicha mijoz bilan kelishilgan bo‘lmasa, bitimlar tuzmasligi lozim.
Bunda, kripto-birja kripto-aktivlar uchun bozor narxini aniqlash tartibini mijoz bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatib o‘tishi shart.
6-bob. Kripto-birjada hisob-kitob-kliriig operatsiyalarini o‘tkazish tartibi
1-§. HKKPiiig maqomi, funksiyalari, huquq va majburiyatlari
39. HKKP kripto-birjaning tarkibiy bo‘linmasi bo‘lib, yuridik shaxs maqomiga ega emas hamda kripto-birja nomidan mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan har qanday mustaqil operatsiya va harakatlarni sodir etish huquqisiz ish olib boradi.
40. HKKP quyidagi asosiy funksiyalarni bajaradi:
kliring ishtirokchilarini ro‘yxatga oladi;
kliring ishtirokchilariga hisobvaraqlarning ochilishi va yuritilishini ta’minlaydi;
bitimlar bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlaydi;
o‘zaro majburiyatlarini belgilaydi, aniqlashtiradi va hisobga oladi, shuningdek kliring ishtirokchilarining tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlari hisobini alohida-alohida yuritadi;
kliring yakunlariga ko‘ra, zarur axborotni shakllantiradi va kliring ishtirokchilariga taqdim etadi;
kliring amalga oshirilayotgan bitimlar, kliring natijalari to‘g‘risidagi axborotning qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq saqlanishini ta’minlaydi;
tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
kripto-birja hisob raqamiga pul tushumlari kirimini ta’minlaydi.
41. HKKP quyidagi huquqlarga ega:
kliring o‘tkazish usulini mustaqil tanlash;
kliring ishtirokchisi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, shuningdek kripto-birjaning arbitraj va/yoki intizom komissiyalarining kliring ishtirokchisiga kripto-aktivlar savdosi qoidalari yoki shartnomaviy majburiyatlarni buzganlik uchun jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lganda aybdor kliring ishtirokchisining virtual hisobvarag‘idan jarima summasini akseptsiz tartibda hisobdan chiqarish;
bitimlar qayd etilishi bilan kripto-birjaning vositachilik yig‘imlarini hisobdan chiqarish;
kliring ishtirokchilaridan hisob-kitob-kliring operatsiyalari uchun zarur axborot olish.
42. HKKP quyidagilarga majbur:
faqat kripto-birjada ro‘yxatga olingan bitimlar va ular bilan bog‘liq operatsiyalar (vositachilik yig‘imlari va qonunchilikka muvofiq boshqa xarajatlar) bo‘yicha hisob-kitob va o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
har bir kliring ishtirokchisi majburiyatlarining hisobi alohida-alohida yuritilishini ta’minlash;
bitim mazmuni to‘g‘risidagi axborotning maxfiyligini ta’minlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan holatlardan tashqari, ushbu axborotni kliring ishtirokchilarining roziligisiz uchinchi shaxslarga taqdim etmaslik.
43. HKKP tomonidan kripto-birja elektron platformasida amalga oshirilayotgan operatsiyalar bo‘yicha barcha harakatlar, shu jumladan kripto-birja elektron platformasi ishtirokchilarning virtual hisobvarag‘idagi mablag‘lar hisobi bo‘yicha vazifalar olib borilishi lozim.
44. HKKP va kliring ishtirokchilariga HKKP hisobvaraqlaridagi mablag‘lardan foydalangan holda, pulli talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
2-§. Kliring ishtirokchilarini ro‘yxatga olish
45. HKKP lokal hujjatlarda ko‘rsatilgan barcha zarur hujjatlarni olganidan keyin bir ish kuni davomida kripto-birja mijoziga bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni va talab huquqlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan FIRni beradi hamda tegishli virtual hisobvaraqni ochadi.
46. HKKP mazkur Qoidalarning 69-bandida nazarda tutilgan holatlarda kliring ishtirokchisiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatadi.
3-§. HKKPda hisobvaraqlarni yuritish tartibi
47. Kripto-birja xizmat ko‘rsatuvchi bankda kliring ishtirokchilarining pul mablag‘lari hisobi uchun mo‘ljallangan HKKP ikkilamchi hisobvarag‘ini ochadi, ularning hisobi HKKPda alohida virtual hisobvaraqlarda yuritiladi.
48. HKKP kliring ishtirokchilarining virtual hisobvaraqlari hisobini yuritadi.
49. Kliring ishtirokchisining virtual hisobvarag‘ini yopish HKKP tomonidan hisobvaraq egasi (yoki uning huquqiy vorisi) topshirig‘i bo‘yicha amalga oshiriladi, mazkur Qoidalarning 69-bandidagi hollar bundan mustasno.
50. Virtual hisobvaraqni yopishdan oldin undagi qoldiq pul mablag‘lari bankdagi hisobvaraq egasining hisob raqamlariga uning topshirig‘iga ko‘ra o‘tkaziladi.
Virtual hisobvaraqni yopish faqat hisobvaraqda qoldiq pul mablag‘lari bo‘lmaganda amalga oshiriladi.
51. Virtual hisobvaraq rekvizitlarini o‘zgartirish kliring ishtirokchisining nomi yoki boshqa rekvizitlari o‘zgarganda amalga oshiriladi.
52. Virtual hisobvaraq egasi HKKPda quyidagilar bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga haqli:
pul mablag‘larini (pul mablag‘larining bir qismini) virtual hisobvaraqdan xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi o‘zining hisobvarag‘iga qaytarish;
agar bitim kripto-birja lokal hujjatlari va qonunchilik hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa bitim bo‘yicha kliringni amalga oshirish.
53. HKKP faqat bitimlar tuzilishi va bajarilishi bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha virtual hisobvaraqlar orqali pul mablag‘lari o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.
4-§. Kliring ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
54. Kliring ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
kripto-birja tomonidan ro‘yxatga olingan bitimlar bo‘yicha kliringda ishtirok etish;
virtual hisobvaraqning holati, majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risida zarur axborotni olish;
kripto-birja va kontragentlar oldidagi pul majburiyatlarini muddatidan oldin bajarish;
o‘z virtual hisobvarag‘idagi bo‘sh pul mablag‘larini o‘zining xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisobvarag‘iga chiqarish.
55. Kliring ishtirokchisining majburiyatlari:
HKKPga mazkur Qoidalarga muvofiq ishonchli axborotni berish;
shartnoma bekor qilingan taqdirda, shartnoma bekor bo‘lgunga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarni bajarish;
axborot maxfiyligi tartibiga rioya qilish;
mazkur Qoidalarda belgilangan talablarga rioya qilish.
56. HKKPning kliring ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorligi kliring xizmati ko‘rsatish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
57. Kripto-birja va kliring ishtirokchilari o‘rtasidagi kliring va hisob-kitob bo‘yicha, shuningdek kliring ishtirokchilarining shartnomaviy majburiyatlari bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi.
5-§. Kliringni o‘tkazish tartibi
58. Kliring ishtirokchilari ro‘yxatdan o‘tganlaridan keyin HKKPning kripto-birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochilgan ikkilamchi hisobvarag‘iga kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etish hamda o‘z majburiyatlarini bajarish uchun pul mablag‘larini o‘tkazadilar.
59. Kliring ishtirokchisi zakalat sifatida va/yoki bitimlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun pul mablag‘larini kripto-birjaga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi HKKPning ikkilamchi hisobvarag‘iga ishtirokchining virtual hisobvarag‘iga kirim qilish uchun o‘tkazadilar. Zakalat miqdori lokal hujjatlar bilan belgilanadi.
60. HKKP har bir kliring ishtirokchisining pul mablag‘lari va majburiyatlarini ularning virtual hisobvaraqlarida alohida hisobga oladi.
61. Kliring ishtirokchilarining HKKP virtual hisobvaraqlaridagi mablag‘lari quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:
bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq ular o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitob uchun;
savdo sessiyalarida ishtirok etish uchun zakalat sifatida;
mijozning topshirig‘iga ko‘ra — kliring ishtirokchisining mablag‘larini unga xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi hisobvarag‘iga qaytarish uchun;
birja xizmatlariga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun;
bitimlarning tuzilishi va bajarilishi bilan bog‘liq boshqa holatlarda.
Bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar faqat kliring elektron tizimi orqali amalga oshiriladi, bundan mazkur Qoidalarning 4-bobida belgilangan hollar mustasno.
62. Elektron kliring tizimi har bir savdo sessiyasidan oldin buyurtmalarning ta’minlanganligi bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi. Buyurtmalarning ta’minlanganligini nazorat qilish savdo sessiyalari doirasida tuziladigan bitimlarga buyurtmalar bo‘yicha amalga oshiriladi.
63. Kliring elektron tizimi tuzilgan bitimlar reyestriga asosan kliring ishtirokchilarining majburiyatlarini belgilaydi va zakalatlarga taqiq qo‘yadi. Kripto-birjaning vositachilik yig‘imlari kripto-birja tomonidan belgilangan tariflarga asosan ushlab qolinadi.
64. Bitim ro‘yxatga olingandan so‘ng xaridor shartnomada belgilangan muddatlarda bitim bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq qoplash uchun HKKPning ikkilamchi hisobvarag‘iga qo‘shimcha mablag‘lar o‘tkazishi shart. Ushbu summaga HKKP tomonidan majburiyatlarning sotuvchi tomonidan to‘liq bajarilguniga qadar taqiq qo‘yiladi.
65. To‘lovlar amalga oshirilgan bitimlar ro‘yxati sotuvchiga kripto-aktivlarni o‘tkazib berish uchun asos bo‘ladi.
66. Kliring ishtirokchisi — sotuvchi tomonidan kripto-aktivlar o‘tkazib berilganligi haqida HKKPga darhol axborot beriladi. Ushbu bitim bo‘yicha sotuvchi va xaridorlarning pul mablag‘lari kliring ishtirokchisi — xaridorning kripto-hamyon manziliga kripto-aktivlar o‘tkazib berilganligi tasdiqlanmagunga qadar taqiqda qoladi.
6-§. Tuzilgan kripto-birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash tartibi
67. Tuzilgan bitimlarni yopish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim bo‘yicha majburiyatlar lozim darajada bajarilganda;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi va xaridor tomonidan bitim bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda va ular tomonidan jarima to‘langandan so‘ng;
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridor jarima to‘lab yoki to‘lamasdan bitimni yopishga o‘zaro rozi bo‘lganda;
arbitraj komissiyasining qaroriga ko‘ra:
kliring ishtirokchilari — sotuvchi va xaridorning shartnomada ko‘rsatilgan muddat davomida e’tirozlari bo‘lmaganda, jarimalarsiz.
68. Agar shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan keyin kliring ishtirokchisi bitim bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasa, HKKP:
xaridor tomonidan shartnomada belgilangan to‘lov to‘lanmaganligi uchun shartnomani bekor qiladi;
arbitraj komissiyasining qaroriga ko‘ra kripto-aktivlarning o‘tkazib berilmaganligi uchun shartnomani bekor qiladi;
kliring ishtirokchisi — sotuvchi yoki xaridorning hisobvarag‘iga, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganligi uchun zakalat miqdoridagi jarimani o‘tkazadi.
7-§. Kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatish
69. Quyidagi holatlarda HKKP kliring ishtirokchisiga kliring xizmati ko‘rsatishni to‘xtatadi va uning virtual hisobvarag‘ini yopadi:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma bekor qilinganda;
kliring ishtirokchisi tugatilganda;
sud va boshqa vakolatli organlarning qaroriga ko‘ra.
70. Kripto-birja pul mablag‘larini HKKP orqali o‘tkazish, savdolar ishtirokchisi nomiga hisobga olingan kripto-aktivlarni uning bank hisobvarag‘iga yoki kripto-hamyon manziliga ushbu ishtirokchi talabiga binoan kripto-aktivlar savdosida ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tartib va muddatga muvofiq o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiya shubhali deb topilgan taqdirda, pul o‘tkazmalari hamda kripto-aktivlarni o‘tkazib berish kripto-birja tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishning oldini olish choralari ko‘rilganidan keyin amalga oshiriladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
71. Mazkur Qoidalar talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalariga
ILOVA
ILOVA
Kripto-birja veb-saytiga joylashtiriladigan
AXBOROT
1. Kripto-birja to‘g‘risidagi umumiy ma’lumot (boshqaruvchilar, yaratilish tarixi va boshqalar).
2. Vakolatli organ tomonidan belgilangan talablarga javob beradigan kripto-aktivlarni sotishning umumiy shartlari.
3. Kripto-birja faoliyatida vujudga keladigan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish tartibi haqidagi lokal hujjat.
4. Kripto-birja harakati (harakatsizligi)dan norozi bo‘lganda, mijoz qaysi harakatlarni amalga oshirishga haqli ekanligi to‘g‘risida ma’lumot (shu jumladan, mijozning sudga murojaat qilish va mediatsiya orqali nizoni hal qilish imkoniyati haqidagi huquqi ko‘rsatilishi lozim).
5. Qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hajmda kripto-birja faoliyatining reklamasida ko‘rsatilishi talab qilinadigan ma’lumot.
6. Kripto-aktivlar savdolari bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar:
a) kripto-aktivlarni sotish vaqti, kotirovkalash varag‘i;
b) kripto-aktivlar bilan kripto-birja elektron platformasida ilgari amalga oshirilgan bitimlardagi narxlar haqida (tarixiy kotirovkalar). Ushbu narxlar joylashtirish (oshkor qilish) sanasidan oldingi uch yildan kam bo‘lmagan davr bo‘yicha, agar kripto birja faoliyatini boshlaganiga uch yildan ko‘p o‘tmagan bo‘lsa, uning butun faoliyat davri bo‘yicha ko‘rsatiladi;
v) kripto-birjaning kripto-aktivlar savdolarida ishtirok etganligi va kripto-birja tomonidan qabul qilingan ushbu ishtirok natijasida kelib chiqadigan manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha choralar haqida;
g) kripto-birja, uning xodimlari, ta’sischisi (ishtirokchisi) yoki oxirgi benefetsiar mulkdorining egaligida bo‘lgan, kripto-aktivlar savdolariga ruxsat etilgan kripto-aktivlar to‘g‘risidagi ma’lumot quyidagi holatlarda e’lon qilinishi shart:
agar kripto-birja, uning xodimi, ta’sischisi (ishtirokchisi) yoki oxirgi benefetsiar mulkdorining egaligidagi kripto-aktivlarning soni kripto-birjadagi kripto-aktivlarning umumiy sonining besh va undan ko‘p foizini tashkil qilsa;
kripto-birja, uning xodimi, ta’sischisi (ishtirokchisi) yoki oxirgi benefetsiar mulkdori kripto-aktivlarni o‘z manfaatiga ko‘ra chiqarish uchun buyurtmachi bo‘lganda va (yoki) kripto-aktivlarni chiqarganda.
7. Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalariga muvofiq hisobotlarni saqlash (deponentlash) bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan tashkilotning nomi, joylashgan joyi, elektron pochta manzili va telefon raqami haqidagi ma’lumot.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.08.2022-y., 10/22/3379/0743-son)