O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarga zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmoni bilan:
davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat va magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning (keyingi o‘rinlarda — yosh mutaxassislar) lavozim maoshiga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
Boshqaruv samaradorligi agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar hamda davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilishi;
(1-bandg “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-noyabrdagi 732-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)
yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanishi Agentlik, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6168-son Farmoni bilan tasdiqlangan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi (keyingi o‘rinda — Jamg‘arma) to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qo‘llash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish belgilanganligi;
v) Jamg‘arma tomonidan xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlar, tajribali ekspertlar va tadqiqotchilar uchun ochiq ro‘yxatdan o‘tish elektron platformasi ishga tushirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, yosh mutaxassislarga qo‘shimcha ustamalar miqdori belgilanishida nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining (TNE (The Times Nigher Education World University Rankings), QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), ARWU (Academic Ranking of World Universities) yuqori 500 talik ro‘yxatidagi eng yuqori o‘rinda joy olgan xorijiy oliy ta’lim tashkiloti inobatga olinadi.
3. 2022-yil iyun oyidan boshlab xorijdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan hamda yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan O‘zbekiston yoshlarining (keyingi o‘rinlarda — yosh vatandoshlar) O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlari hamda ularning hududiy bo‘linmalarida ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida quyidagicha tizim joriy etilsin:
yosh vatandoshlarni faoliyati davomida Vazirlar Mahkamasining “Davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va fuqarolarga ijara shartnomasi shartlari asosida berishni tartibga solishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qaroriga asosan yashash uchun xizmat turar joylari bilan ta’minlash;
davlat organlari va tashkilotlarida kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan yosh vatandoshlarga uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya (keyingi o‘rinlarda — subsidiya) berish. Bunda:
subsidiya berish Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan tartib orqali amalga oshiriladi;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari yosh vatandoshlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi, mehnat staji yetarliligi va uy-joyga muhtojligi haqidagi ma’lumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlab olish bo‘yicha komissiyaga taqdim etadi.
Mazkur bandning beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan ma’lumotnomaga asosan yosh vatandoshlarga ijtimoiy mezonlar bo‘yicha 30 ball beriladi.
4. Jamg‘arma Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar yosh vatandoshlarning ma’lumotlarini o‘z ichiga oladigan “Yosh vatandoshlar reyestri” avtomatlashtirilgan axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimi) yaratsin va Jamg‘armaning xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlar, tajribali ekspertlar va tadqiqotchilar uchun ochiq ro‘yxatdan o‘tish elektron platformasiga integratsiya qilsin.
Bunda:
axborot tizimini ishga tushirish va yuritish bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘armaning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
axborot tizimida xorijiy davlatlardagi yosh vatandoshlar va yosh mutaxassislarning ochiq ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati, ularning dunyoqarashini kengaytirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur ko‘nikmalarni egallashga qaratilgan maxsus o‘quv kurslari, ilmiy va amaliy tadbirlar, onlayn uchrashuvlar, interaktiv vazifalar joy olishi nazarda tutiladi.
5. Tashqi ishlar vazirligi Jamg‘arma va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-iyundan boshlab doimiy ravishda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassis va yosh vatandoshlarning axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘maklashib borsin.
6. Agentlik davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda:
axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tgan yuqori malakali, ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik sifatlariga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlar bilan aloqalar o‘rnatish va ularni ishga taklif qilish choralarini ko‘rsin;
Jamg‘arma bilan birgalikda yosh kadrlarni malakasini oshirish va stajirovkadan o‘tish uchun belgilangan tartibda rivojlangan xorijiy davlatlarga yuborish choralarini ko‘rsin.
Xorijiy davlatda tajriba orttirish bilan bog‘liq xarajatlar vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yilsin.
Agentlik mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borsin.
7. Agentlikning quyidagicha tartibni o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifi inobatga olinsin:
har yili 1-martga qadar davlat organlari va tashkilotlari o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan malakali yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash yuzasidan asoslangan takliflarni (faoliyat samaradorligini baholash va ish natijadorligini tahlil qilish asosida) Agentlikka taqdim etadi;
har yili 1-aprelga qadar Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining takliflari asosida yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash yuzasidan tavsiyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etadi.
Bunda yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlar Agentlik tomonidan ularning bilim darajasi hamda rahbarlik sifatlarini baholash orqali saralab olinadi va rahbarlik lavozimlari zaxirasiga kiritiladi.
8. Ushbu qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari belgilansin.
9. Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-mart,
101-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.03.2022-y., 09/22/101/0203-son; 19.11.2025-y., 09/25/732/1062-son)