Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVIning
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOSHQARUVIning
Qarori
Temir yoʻl transporti yoʻlovchilarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 2-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3233]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-noyabrdagi 489-son “Temir yoʻl stansiyalarida bojxona nazoratini va nazorat postlarini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2012-yil 13-apreldagi 109-son “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda 2019-yil 18-noyabrdagi 912-son “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Temir yoʻl transporti yoʻlovchilarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat Bojxona qoʻmitasi raisi M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
01-02/12-10-son
Moliya vaziri T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
14-son
Transport vaziri E. GANIYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
7-son
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 20-mart,
3/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi va Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 20-martdagi 01-02/12-10, 14, 7, 3/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Temir yoʻl transporti yoʻlovchilarining qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq temir yoʻl transportida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib oʻtayotgan vagon kuzatuvchilari hamda yoʻlovchilarning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bagaj — yoʻlovchiga shaxsan tegishli boʻlgan, unga poyezdda yurishi tugagach zarur boʻlgan va tashish uchun bagaj vagonida chipta boʻyicha qabul qilinuvchi buyumlar;
bojxona nazorati — Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro shartnomalariga rioya etilishini taʼminlash uchun bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan, shu jumladan xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilgan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui;
bojxona nazorati zonasi — bojxona hududining bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida tashkil qilinadigan, maxsus ajratib va belgilab qoʻyilgan qismi bojxona nazorati zonasidir;
Keyingi tahrirga qarang.
bojxona rasmiylashtiruvi — bojxona chegarasidan olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalari ustidan bojxona nazoratini taʼminlash uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan oʻtkaziladigan bojxona operatsiyalari majmui;
valyuta — chet el valyutasi va Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasi;
valyuta qimmatliklari — chet el valyutasi, nominali chet el valyutasida ifodalangan qimmatli qogʻozlar va toʻlov hujjatlari, norezidentlar tomonidan chiqarilgan, nominalga ega boʻlmagan qimmatli qogʻozlar, sof quyma oltin;
yoʻlovchi — temir yoʻl transportida yurishni amalga oshirish uchun chiptaga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi — notijorat maqsadlar uchun moʻljallangan, deklaratsiyalanadigan tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtayotgan jismoniy shaxs tomonidan toʻldiriladigan va bojxona organiga taqdim etiladigan hujjat;
yoʻlovchi tashish poyezdi — temir yoʻl qatnovi aloqalarining barcha turlarida yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan poyezd. Bunda yoʻlovchi tashish poyezdi tarkibida bagaj, pochta va (yoki) pochta-bagaj vagonlari ham boʻlishi mumkin;
qoʻl yuki — oʻz oʻlchamlari va vazniga koʻra (uchta oʻlchovi yigʻindisi boʻyicha 180 sm dan, qoidaga koʻra vazni 36 kg dan, ikki yotoq oʻrinli vagonlar uchun esa — 50 kg dan oshmaydigan boʻlishi kerak) oʻram turi va xilidan qatʼi nazar, yengil koʻtarib yuriladigan, yoʻlovchi vagonlarida ularni joylashtirish uchun moʻljallangan joylarga qiyinchiliksiz joylashtiriladigan yuklar va buyumlar;
temir yoʻl vokzali — temir yoʻl stansiyasidagi yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish, poyezdlar harakatini boshqarish va xizmatchi xodimlarni joylashtirish uchun moʻljallangan bino yoki binolar, inshootlar va qurilmalar kompleksi;
temir yoʻl stansiyasi — poyezdlar va boshqa transport vositalari bilan texnologik operatsiyalar (qabul qilish va joʻnatish, manyovr ishlari va shu kabilar)ni, shuningdek bagaj, yuk bagajini qabul qilish va taqdim etish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi umumiy foydalanish temir yoʻl transporti boʻlinmasi;
tovar — bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan har qanday koʻchar mol-mulk, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta qimmatliklari va boshqa qimmatli qogʻozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk obyektlari, transport vositasi;
chipta — umumiy foydalaniladigan temir yoʻl transportida yoʻlovchi tashish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi tashish hujjati.
2. Temir yoʻl vokzallari va temir yoʻl stansiyalarida bojxona nazorati zonalari belgilanadi.
Bojxona nazorati zonasiga yoʻlovchilarni kiritish (bojxona nazorati zonasidan yoʻlovchilarni chiqarish) ularda shaxsni tasdiqlovchi hujjat va chipta hamda Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomada (roʻyxat raqami 2606, 2014-yil 5-avgust) (bundan buyon matnda Yoʻriqnoma deb yuritiladi) nazarda tutilgan hollarda belgilangan tartibda toʻldirilgan (rasmiylashtirilgan) yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi mavjud boʻlgan taqdirda qatʼiy ravishda bojxona rasmiylashtiruvining belgilangan joylarida amalga oshiriladi.
3. Temir yoʻl stansiyasi xodimlarining bojxona nazorati zonasiga kirishi hamda yoʻlovchi tashish poyezdlarini qabul qilish, joʻnatish, ularni texnik koʻrikdan oʻtkazish va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarini bajarishi bojxona organiga temir yoʻl stansiyasi maʼmuriyati tomonidan taqdim etilgan xodimlar roʻyxatlari asosida amalga oshiriladi.
Temir yoʻl stansiyasi xodimlari bojxona nazorati zonasiga tegishli guvohnomalar va koʻkrak belgilarini koʻrsatgan holda xizmat yoʻli orqali kiritiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasidan joʻnab ketayotgan va Oʻzbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish bojxona nazorati zonasidagi maxsus xonalarda (koʻrikdan oʻtkazish joylari) yoki yoʻlovchi tashish poyezdlarida ularning toʻxtab turish vaqtida amalga oshiriladi.
Yoʻlovchilar, ularning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona nazoratidan oʻtkazish va rasmiylashtirish temir yoʻl maʼmuriyati bilan kelishilgan holda temir yoʻl vokzallari yoki Davlat chegarasida joylashgan temir yoʻl stansiyalarida amalga oshirilishi mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 162-moddasiga muvofiq yoʻlovchilar tomonidan ishlab chiqarish yoki tijorat maqsadlari uchun moʻljallangan tovarlarni, shuningdek ularning manziliga kelayotgan notijorat maqsadlardagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda (bundan pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno) bojxona rasmiylashtiruvining umumiy qoidalari qoʻllaniladi.
Yoʻlovchilar tomonidan qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajida notijorat maqsadlarda olib oʻtilayotgan tovarlarning, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan shunday tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori qonun hujjatlarida belgilangan bojsiz olib kirish normasi va aksiz soligʻi solinmaydigan olib kirish normasidan ortiq boʻlsa, ortiq qismiga nisbatan bojxona toʻlovlari toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda bojxona rasmiylashtiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 247-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi, bundan bojxona toʻlovlari jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni deklaratsiyalashda toʻlangan hollar mustasno.
6. Yoʻlovchilarning qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini bojxona koʻzdan kechiruvi va bojxona koʻrigi uchun mazkur Nizomda belgilangan vaqt meʼyorlaridan kelib chiqqan holda, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan sifatli va oʻz vaqtida oʻtkazish maqsadida bojxona organlari temir yoʻl stansiyasi (vokzali) maʼmuriyati bilan birgalikda oʻzaro harakat tartibini belgilaydilar. Bunda ushbu tartib quyidagi talablarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) Davlat chegarasida joylashgan temir yoʻl stansiyalarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun turish davomiyligi bojxona organlari bilan kelishilgan holda temir yoʻl stansiyasi maʼmuriyati tomonidan belgilanadi. Bunda oʻtkazish punktlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yoʻlovchi tashish poyezdining temir yoʻl stansiyasiga kirib kelishi vaqtida boshlanishi va uning harakatlanish grafigiga koʻra joʻnab ketishiga 5 daqiqa qolganida tugashi lozim. Bu haqda yoʻlovchi tashish poyezdining brigadiri yoki temir yoʻl vokzallarida, stansiyalarida va temir yoʻl chiptalarini sotib olish vaqtida yoʻlovchilar ogohlantiriladi;
b) temir yoʻl vokzali xodimlari va yoʻlovchi tashish poyezdi brigadasi aʼzolari bojxona organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida temir yoʻl vokzali va yoʻlovchi tashish poyezdlarida yoʻlovchilarga kelgusidagi bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishning tartiblari (shu jumladan, boshlanish vaqti) toʻgʻrisida xabardor etish;
v) bojxona koʻzdan kechiruvi va bojxona koʻrigi uchun belgilangan vaqt meʼyorlari, bunda:
bitta yoʻlovchining qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarining bojxona koʻrigi, bojxona koʻzdan kechiruvi hamda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish vaqti 1,5 daqiqa ichida amalga oshiriladi, zarur hollarda mazkur muddat bojxona organi tomonidan 5 daqiqagacha uzaytirilishi mumkin;
yoʻlovchini shaxsiy koʻrikdan oʻtkazish vaqti 30 daqiqa ichida;
bitta bagajning bojxona koʻrigi va (yoki) bojxona koʻzdan kechiruvi 10 daqiqa va alohida kuzatib boriladigan (bagaj, pochta va (yoki) pochta-bagaj vagonlaridagi) bagajni — 30 daqiqa ichida amalga oshiriladi.
Bojxona koʻrigi va/yoki bojxona koʻzdan kechiruvining amalga oshirish davomiyligi huquqbuzarlik holati aniqlanganda temir yoʻl stansiyasi navbatchisi bilan kelishilgan holda uzaytirilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Yoʻlovchilar hamda ularning qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish
7. Yoʻlovchilarning qoʻl yuki, bagaji, valyutasi va valyuta qimmatliklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi bojxona nazorati zonasida belgilangan tartiblarga asosan amalga oshiriladi. Yoʻlovchilarning qoʻl yuklari nazoratning texnik vositalari yordamida tekshiruvdan oʻtkaziladi hamda bojxona qonun hujjatlariga muvofiq bojxona nazoratining soddalashtirilgan shakllari qoʻllanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Yoʻlovchilarning bojxona nazorati yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi (Yoʻriqnomada toʻldirilishi majburiy hisoblangan hollarda), shaxsni tasdiqlovchi hujjat va chipta asosida amalga oshiriladi. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz harakatlanayotgan yoʻlovchilarning bojxona chegarasini kesib oʻtishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Yoʻlovchilarning bagaji, qoʻl yuki hamda boshqa qimmatliklarining rasmiylashtiruvi toʻldirilishi majburiy boʻlgan hollarda Yoʻriqnomada belgilangan tartibda toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi.
Yoʻlovchi bojxona deklaratsiya ikki nusxada toʻldiriladi va uning bir nusxasi bojxona organida qoladi, ikkinchi nusxasi esa deklaratsiyani toʻldirgan yoʻlovchiga beriladi.
10. Agar bojxona chegarasi orqali oʻtayotgan va bojxona nazorati zonasida boʻlgan har bir shaxs bojxona hududiga olib kirish yoki ushbu hududdan olib chiqish taqiqlangan tovarlarni yoxud bojxona qonun hujjatlarida belgilangan tartibni buzgan holda olib oʻtilayotgan tovarlarni yonida yashirmoqda va ularni oʻz ixtiyori bilan taqdim etmoqchi emas, deb taxmin qilishga asoslar boʻlgan taqdirda bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan ushbu shaxs shaxsiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtgan yoʻlovchilar oʻtib ketayotgan yoʻlovchi tashish poyezdi temir yoʻl stansiyasiga kelguniga qadar bojxona nazorati zonasida boʻladi va bojxona nazorati zonasini asossiz tark etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Yoʻlovchi tashish poyezdi brigadasi aʼzolari hamda ularning qoʻl yukini, bagajini, valyutasini va valyuta boyliklarini bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkazish mazkur Nizom bilan yoʻlovchilarga nisbatan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Yoʻlovchi tashish poyezdida qoʻl yuki va bagaj tashishning alohida qoidalari
13. Qoʻl yukini yoʻlovchilar uchun moʻljallangan joylarga, shuningdek oʻtirgʻichlar oʻrtasidagi oʻtish joylari, yoʻlaklar, vagon maydonchalari (tamburlar)ga joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilangan jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali bojxona toʻlovlari toʻlamasdan olib oʻtishning miqdor va davriylik normalaridan ortiq boʻlgan tovarlar qoʻl yuki yoki bagaj hisobiga kirmaydi hamda ushbu normalardan ortiq olib oʻtilganda mazkur tovar egasidan bojxona toʻlovlari undiriladi.
15. Bagaj yoʻlovchining chiptasiga koʻra boradigan manzilidan uzoq boʻlmagan joygacha hamda bagajni qabul qilib olish va topshirish boʻyicha operatsiyalarni amalga oshiradigan temir yoʻl stansiyasigacha tashiladi.
16. Qoʻl yuki sifatida koʻzdan kechirishdan oʻtmagan hamda vagon va yoʻlovchilarga zarar yetkazishi yoki ularni ifloslantirishi mumkin boʻlgan buyumlar, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan xavfli moddalar va buyumlar roʻyxatiga kiritilgan buyumlar yoʻlovchi tashilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-bob. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishda temir yoʻl maʼmuriyati va uning xodimlarining majburiyatlari
17. Temir yoʻl maʼmuriyati va xodimlari:
bojxona organlari taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan yoʻlovchilar uchun qoʻl yuki, bagaji, valyuta va valyuta qimmatliklarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilgan eslatmalar ishlab chiqish va axborot peshtaxtalariga joylashtirish. Bunda, chiptalarni sotish joylarida, temir yoʻl vokzallari va temir yoʻl stansiyalarida yoʻlovchilarni bu toʻgʻrisida xabardor boʻlishini;
yoʻlovchilarning valyutasi, valyuta qimmatliklari va qoʻl yukini bojxona nazoratidan oʻtkazishni amalga oshirish uchun yoʻlovchi poyezdlarining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 24-noyabrdagi 489-son qarorining 1-ilovasida koʻrsatilgan temir yoʻl stansiyalarida kelishilgan harakat jadvaliga muvofiq yoʻlovchi tashish poyezdlarining toʻxtashini;
xorijga chiqib ketayotgan va xorijdan kirib kelayotgan temir yoʻl tarkibini bojxona koʻzdan kechiruvidan oʻtkazish uchun temir yoʻl stansiyasi yoki vokzalidagi bojxona nazorati zonasiga yetkazilishini;
yoʻlovchilarning qoʻl yuki hamda bagajiga asosli shubha tugʻilganda, shuningdek yoʻlovchi poyezd tarkibida egasiz (tegishli hujjati boʻlmagan) tijorat tovarlari mavjudligi aniqlanganda, bu toʻgʻrisida bojxona organi xodimlari xabardor qilinishini;
bir vaqtning oʻzida bitta temir yoʻl stansiyasiga ikki va undan ortiq poyezd tarkibining kirib kelishi yoki chiqib ketishini istisno qiladigan yoʻlovchi tashish poyezdlarining harakat jadvali ishlab chiqilishini;
koʻzda tutilmagan toʻxtashlarni va tezlikning kamayishini istisno qiladigan choralarni (bundan yengib boʻlmas kuch holatlari mustasno) koʻrishni;
yoʻlovchi tashish poyezdlari harakatlanganda yoʻlovchilarning tushib qolishi (chiqib olishi) va tovarlarning yuklab ortilishiga (yuklab tushirilishiga) yoʻl qoʻymaslikni;
temir yoʻl stansiyasi yoki temir yoʻl vokzalidagi bojxona nazorati zonasida bank xizmatlari va valyuta ayirboshlash uchun alohida xonalar ajratishni;
temir yoʻl vokzali va stansiyalarida yoʻlovchilar oqimidan kelib chiqib, yoʻlovchilar uchun yuk tashuvchilar va perron nazoratchilari sifatli xizmat koʻrsatishini tashkillashtirishni;
yoʻlovchilar tomonidan tashilayotgan qoʻl yuki va bagajini tortish uchun temir yoʻl stansiyalari va vokzallarida tarozilar oʻrnatilishi hamda ushbu tarozilardan bepul foydalanilishini;
yoʻlovchilarning qonun hujjatlarida belgilangan normadan ortiqcha qoʻl yukini tashish uchun yoʻlovchi tashish poyezdlari tarkibiga qoʻshimcha bagaj vagonlari kiritilishini taʼminlashi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Bojxona organlari hamda temir yoʻl stansiya va vokzallari xodimlari yoʻlovchilar va yoʻlovchilarni tashish poyezdi brigadasi aʼzolari tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya etilishida bir-biriga koʻmak berib boradi.
5-bob. Yakuniy qoida
19. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.05.2020-y., 10/20/3233/0540-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 08.08.2022-y., 10/22/3233-1/0722-son; 12.03.2025-y., 10/25/3233-2/0234-son)