Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning klaster usuli yoʻlga qoʻyildi, klasterlarga ajratilgan qishloq xoʻjaligi maydonlarining hajmi ekin turlari boʻyicha paxta-toʻqimachilikda — 67 foizni, chorvachilikda — 8 foizni, meva-sabzavotchilikda — 7,5 foizni tashkil etmoqda.
Klaster usulida yetishtirilgan xomashyoni qayta ishlash natijasida tayyor mahsulot koʻrinishida isteʼmolchiga yetkazib berish imkonini bermoqda.
Bugungi kunda respublikamizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. 2010-yilda eksportning 11,3 foizi paxta tolasi hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2018-yilga kelib ushbu koʻrsatkich 1,6 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, sohada ayniqsa meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirishda samarali bozor mexanizmlari tizimli yoʻlga qoʻyilmaganligi, ilmiy yondashuvning yetarli emasligi tarmoqning mavjud imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmasligiga olib kelmoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yongʻoqdan 5 baravar koʻp daromad olish imkoniyati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, meva-sabzavot va uzumchilik sohasida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni oʻzlashtirish, paxta, gʻalladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishni koʻpaytirish, shuningdek, bogʻ, tokzor va issiqxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-martdagi “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4239-son qaroriga asosan:
Jizzax, Samarqand, Toshkent va Fargʻona viloyatlarining 8 ta tumanida jami 41 ta meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi birlashmalari tashkil etilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etgan holda 2020-yilda Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarining 22 ta tumanida 31 ta, 2021-yilda respublika boʻyicha 100 ta qishloq xoʻjaligi birlashmalari tashkil etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishda klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha klasterlarni (keyingi oʻrinlarda — meva-sabzavot klasteri) tashkil etish tashabbuskor, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama kelishuv (keyingi oʻrinlarda — uch tomonlama kelishuv) asosida amalga oshiriladi;
meva-sabzavot klasterini tashkil etish boʻyicha tashabbuskorlar, qoida tariqasida, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar orasidan, ularning tajribasi va imkoniyatlaridan kelib chiqib tanlab olinadi, bunda birinchi navbatda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash boʻyicha toʻliq ishlatilmayotgan quvvatlarni ishga tushirish nazarda tutiladi;
meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetishtiruvchilarni meva-sabzavot klasterlariga biriktirish ular bilan qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar hamda tuman hokimligi oʻrtasida ixtiyoriylik asosida tuziladigan mahsulot yetkazib berish shartnomalari orqali amalga oshiriladi;
meva-sabzavot klasteri ishtirokchilari — mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlar mahsulot yetkazib berish shartnomalari orqali tartibga solinadi;
mahsulot yetkazib berish shartnomalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlari tomonidan qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarning takliflari asosida qabul qilinadigan meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorlar va uch tomonlama kelishuv shartlari asosida tuziladi hamda tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi;
mahsulot yetkazib berish shartnomalari fuqarolik qonun hujjatlari talablari asosida tuziladi, ularda shu jumladan mahsulot narxini haqiqiy xarajatdan kelib chiqib aniqlash, xarid qilinadigan mahsulot uchun oldindan ajratiladigan avans mablagʻlari hisobiga mahsulot yetishtiruvchilarni urugʻ, koʻchat, mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash materiallari va boshqa resurslar bilan taʼminlash, agrotexnika va agrokimyo xizmatlari koʻrsatish, yangi innovatsion texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha tavsiyalar berish, axborot-maslahat xizmatlari koʻrsatish nazarda tutiladi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 ta tumanning barchasidagi mavjud bogʻ va tokzorlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin;
oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra samarasiz bogʻ va tokzorlarni yangilash yuzasidan har bir tuman kesimida manzilli roʻyxatlarni shakllantirsin va tasdiqlasin, bunda 2020-yil davomida yaroqsiz bogʻ va tokzorlarni, 2021 — 2025-yillarda esa kam hosilli, eskirgan va samarasiz bogʻ va tokzorlarni yangilash nazarda tutilsin;
yangi bogʻ va tokzorlarni barpo etish ularni oldindan aniq meva-sabzavot klasteriga yoki qishloq xoʻjaligi birlashmasiga biriktirilishini, iqtisodiy jihatdan samaradorligini nazarda tutgan holda amalga oshirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan ochiq yer maydonlari, hosildorligi past boʻlgan paxta va gʻalladan boʻshagan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar joylashgan yerlarda intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish hamda ularni aholiga lizing va kredit shartlari asosida, shu jumladan tijorat banklari va lizing kompaniyalari orqali berish, keyinchalik ular negizida qishloq xoʻjaligi birlashmalari va meva-sabzavot klasterlari tuzish ishlarini tashkil qilsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son)
6. Intensiv bogʻ va tokzorlar tashkil etish loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklariga ushbu loyihalar uchun kreditlar ajratishda bogʻ va tokzorlar hosilga kirgunga qadar (turiga koʻra) asosiy qarz boʻyicha imtiyozli davr belgilash tartibini joriy etish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tijorat banklari bilan birgalikda:
meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish tizimini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari keng jalb qilinishini;
xalqaro moliya institutlarining jalb qilingan mablagʻlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimida mahsulot yetishtiruvchilar, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarga manzilli yetib borishini taʼminlasin.
8. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi qoshidagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan — qishloq xoʻjaligi birlashmalari aʼzolari va meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratishga;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi PF-6263-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan — ishsiz fuqarolar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari va tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritishi uchun subsidiyalar ajratishga ruxsat berilsin.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-apreldagi PF-95-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan moliyaviy yordam turlarini ajratishning aniq mexanizmini belgilash maqsadida ushbu jamgʻarmalar faoliyatini tartibga soluvchi hukumat qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4850-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.10.2020-y., 07/20/4850/1358-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi yangi yongʻoq mevali bogʻlarni tashkil etish va ularda pista, bodom, yongʻoq mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, moliyalashtirish va amalga oshirish boʻyicha tashabbuskorlarni aniqlash, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar va moliyaviy yordam turlaridan foydalanishda ularga koʻmaklashish choralarini koʻrsin.
10. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining qoʻllanilganligi mahsulot yetishtiruvchilar, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa manbalar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, vazirlik va idoralar huzuridagi jamgʻarmalar hamda oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash dasturlari hisobidan moliyaviy koʻmak berilishini istisno qilmaydi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Transport vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, “Oʻzagrokimyohimoya” AJ, “Oʻzkimyosanoat” AJ:
a) bir oy muddatda meva-sabzavot va uzum mahsulotlarining eksport geografiyasini kengaytirish, eksportdagi tarif va notarif baryerlarni kamaytirish yuzasidan “yoʻl xarita”sini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Unda quyidagilar nazarda tutilsin:
meva-sabzavot va uzum mahsulotlarining turlari boʻyicha noanʼanaviy bozorlar, xususan, Xitoy, Koreya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksportni koʻpaytirish;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan import bojlari va aksiz soligʻi stavkalarini qoʻllashda imtiyoz va chegirmalar berish toʻgʻrisida muzokaralar oʻtkazish;
temir yoʻl, avtomobil va havo transportida yuklarni tashishda undiriladigan toʻlovlarni kamaytirish;
xalqaro darajada tan olingan standartlar talablariga mos mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish, meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini ushbu standartlar talablari asosida qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar qamrovini kengaytirish, eksportbop mahsulotlarni xalqaro talablar asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish;
“sogʻlomlik” sertifikati boʻlmagan urugʻ va koʻchatlarni import qilish hamda ekishni toʻxtatish;
meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mineral oʻgʻitlar sotish va zararkunandalarga qarshi kurashish boʻyicha samarali tizim tashkil etish, ularning faoliyatida ekologik xavfsizlik talablariga rioya qilinishini taʼminlash;
b) amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritsin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba tariqasida:
tegishli hududda meva-sabzavot va uzum turlarini joylashtirishda yetishtiriladigan mahsulot hajmi bogʻlar va tokzorlar tuproqlarining bir bonitet baliga nisbatan hisoblangan normativ hosildorligi (keyingi oʻrinlarda — normativ hosildorlik) asosida aniqlanadi;
mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan normativ hosildorlik talablariga rioya etilishi ular ishtirokida tuzilgan shartnomalar, davlat statistika hisobotlari hamda vakolatli organlarning axborot tizimlaridagi maʼlumotlar yordamida hududiy qishloq xoʻjaligi organlari tomonidan monitoring qilinadi;
oʻtkazilgan monitoring natijalari har yili kamida bir marta xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi:
mazkur bandga asosan oʻtkazilgan monitoring natijalarini xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilish ishlarini samarali tashkil etishga koʻmaklashsin;
oʻtkazilgan monitoring natijalarini umumlashtirish asosida 2021-yil 1-martga qadar Vazirlar Mahkamasiga yer uchastkalaridan samarasiz foydalanayotgan yer uchastkalari egalariga nisbatan xalq deputatlari tuman kengashlarining qarorlariga asosan taʼsirchan choralar koʻrish mexanizmini joriy etish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
13. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda — meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan 55 ta tumanni alohida mahsulot turiga ixtisoslashtirish, ularda faoliyat yuritadigan meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi birlashmalari va meva-sabzavot klasterlari faoliyatining samarali tashkil etilishi hamda 2020-yilda 26 ming gektar kam hosilli va yaroqsiz bogʻlar oʻrnida intensiv usulda 7 ming gektarida gilos, 8 ming gektarida yongʻoq va shaftoli, 8,5 ming gektarida oʻrik va anor hamda 2,5 ming gektarida olxoʻri bogʻlari tashkil etilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi A.A. Xaitov — kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xoʻjaligi birlashmalari faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilishi, meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirishda aholi tomorqalaridan samarali foydalanilishini taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Oʻ. Umurzoqov — meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish tizimini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini maqsadli jalb qilish, eksport qiluvchi va ularga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini samarali tashkil etish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov — yongʻoq mevali bogʻlar tashkil etish, ularda pista, bodom, yongʻoq singari mahsulotlar yetishtirish va eksport qilish hajmini kengaytirish uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi direktori N.E. Najimov — yaroqsiz bogʻ, issiqxona va tokzorlar joylashgan yerlarda yangidan intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish, keyinchalik bir hududda ijaraga olingan ekin maydonlari negizida qishloq xoʻjaligi birlashmalari va meva-sabzavot klasterlarini tashkil etish uchun;
(13-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyuldagi PF-6263-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son)
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari A.E. Ergashev — mazkur qarorda nazarda tutilgan moliyaviy yordam turlarini oʻz vaqtida va manzilli taqdim etishda Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini zarur moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari S.S. Xodjayev — toʻqsonbosti usulida yetishtiriladigan va ertaki ekinlarning oʻz vaqtida ekilishi, ularda belgilangan turdagi va hajmdagi mahsulotlarning toʻliq yetishtirilishi uchun shaxsan javobgar boʻlishi belgilansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
2020-yilda tashkil etiladigan meva-sabzavot klasterlari faoliyatini manzilli qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi;
Intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish hamda ularni aholiga lizing va kredit shartlari asosida berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi;
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi hukumat qarorlarini qabul qilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning ijrosini, sabzavot-polizchilik, bogʻdorchilik, uzumchilik va issiqxona xoʻjaliklari egalariga, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin;
meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mazkur qaror talablarining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilib borsin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-dekabr,
PQ-4549-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-dekabrdagi PQ-4549-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4161-son qarorining 5-bandida:
a) quyidagi mazmundagi beshinchi — yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish;
umumiy qiymatining kamida 15 foizi loyiha tashabbuskori tomonidan moliyalashtiriladigan uzumchilik yoʻnalishidagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha boʻlgʻusi hosil, tokzor va (yoki) yer uchastkasiga boʻlgan huquqni garovga olgan holda kafillik taqdim etish;
uzum koʻchatlarini shpalerga koʻtarish uchun subsidiyalar ajratish”;
b) beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4246-son qarorining 6-bandida:
a) quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish”;
b) toʻqqizinchi — oʻn birinchi xatboshilar tegishlicha oʻninchi — oʻn ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-maydagi PQ-4707-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.05.2020-y., 07/20/4707/0545-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2019-y., 07/19/4549/4143-son; 07.05.2020-y., 07/20/4707/0545-son, 19.05.2020-y., 07/20/4716/0598-son, 07.10.2020-y., 07/20/4850/1358-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.07.2021-y., 06/21/6263/0685-son, 16.12.2021-y., 06/21/34/1164-son; 01.04.2022-y., 06/22/95/0267-son, 10.06.2022-y., 06/22/150/0516-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son; 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)