Xorazm viloyati hokimining
qarori
Viloyat hududidagi chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun yangi tariflarni belgilash toʻgʻrisida
“Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-noyabrdagi PF-5580-son Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan “Qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish qoidalari”, Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qoʻllanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 14-avgustdagi “Aholiga sotiladigan yoqilgʻi, energiya va koʻrsatiladigan xizmatlar chakana narxlari hamda tariflarini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi 381-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Xorazm viloyat “Toza Hudud” davlat unitar korxonasining tuman (shahar) filiallari hududidagi qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlovlar, shuningdek, yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yangi toʻlov tariflari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Mahalla fuqarolar yigʻini raislari hamda koʻp xonadonli uylarda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga Xorazm viloyat “Toza Hudud” davlat unitar korxonasi tuman (shahar) filiallari tomonidan aholidan chiqindilarni toʻplab olib ketganligi uchun toʻlovlarni vaqtida toʻlanishida yaqindan amaliy yordam koʻrsatishlari tavsiya qilinsin.
3. Viloyat moliya bosh boshqarmasi (M. Iskandarov) viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi (B. Panayev) bilan birgalikda budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan tashkilotlarning harajatlar smetasida qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini tashib chiqarish xarajatlari boʻyicha belgilangan normativlar asosida zarur mablagʻlarni rejalashtirilishini taʼminlasinlar.
4. Mazkur qaror Xorazm viloyat xokimligining rasmiy nashri hisoblangan “Xorazm hakiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalarida eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
5. Viloyat hokimligining “Axborot xizmati” (Sh. Qarriyev) mazkur qarorni hokimlikning veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin.
6. Xorazm viloyat hokimining 2018-yil 2-iyundagi 384q-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari K. Igambergenov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim F. ERMANOV
Urganch sh.,
2019-yil 16-mart,
146q-son