Namangan viloyati Namangan tumani hokimining
qarori
Tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6, 25-moddalari, “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq transport vositalarining 2019-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar tegishli tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Tumanda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish quyidagi davriylikka muvofiq belgilansin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — joriy yilning 1-martidan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — joriy yilning 1-sentabridan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi joriy yilning 1-martidan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi joriy yilning 1-fevralidan 31-avgustgacha oʻtkazilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman mudofaa boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi va Davlat xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
6. Majburiy texnik koʻrik davomida komissiya tarkibida ish olib boruvchi xodimlarning doimiy ish joylaridagi oylik ish haqlari saqlanib qolinsin.
7. Mazkur qaror “Istiqlol” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin, ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
8. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari B. Bekxodjayev zimmasiga yuklansin.
Tuman hokimi Sh. DAVRANOV
Namangan t.,
2019-yil 27-yanvar,
216-son