Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati bilan bogʻliq nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5633-sonli “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi (T.A. Xudaybergenov) ikki hafta muddat ichida Xalq qabulxonalarining sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi tartibini tasdiqlasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.A. Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 19-fevral,
PQ-4197-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalarining (bundan buyon — Xalq qabulxonasi) asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalq qabulxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (bundan buyon — Boʻlinmalar) tuzilmasi tarkibiga kiradi, yuridik shaxs hisoblanmaydi, oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlmaydi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda oʻz nomidan boshqa shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish huquqiga ega emas.
Xalq qabulxonasi oʻz nomi yozilgan dumaloq muhr, shtamp va blankalarga ega boʻladi.
3. Xalq qabulxonasi Boʻlinmalar oldida hisobdor boʻladi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni tatbiq etilmaydigan, shu jumladan koʻrib chiqish tartibi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarni Xalq qabulxonasi koʻrib chiqmaydi.
2-bob. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
5. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi amal qilishini taʼminlash;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga (bundan buyon — davlat organlari) murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda, toʻliq, xolis, oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, shuningdek uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolarning hal etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolar hamda Xalq qabulxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalariga (bundan buyon — tuman (shahar) Xalq qabulxonalari) kelib tushgan, tegishliligi boʻyicha davlat organlariga yuborilgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi va hal etilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali oʻtkazish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolar va murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (bundan buyon — sektorlar), davlat organlarining uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;
viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri) miqyosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari roʻyxatini koʻrib chiqish va kelishib berish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari aʼzolaridan iborat ishchi guruhlarning hududlarni mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantirish faoliyatini muvofiqlashtirish;
qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosini nazorat qilish;
sektorlar faoliyatini hamda mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularning ijrosini nazorat qilish;
har chorakda sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun axborot kiritish, ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisobotini eshitishda ishtirok etish;
davlat organlarining nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashish bilan bogʻliq ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatlari koʻrsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;
hududlarda murojaatlar bilan ishlash, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar oʻtkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda hududlardagi ijtimoiy muhitni oʻrganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash choralarini koʻrish;
faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirib borish, ularni uslubiy va axborot-tahliliy materiallari bilan, shuningdek hududiy davlat organlari bilan hamkorligini taʼminlash.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni, shuningdek yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan belgilanadigan funksiyalarni amalga oshiradi.
6. Zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Xalq qabulxonasi quyidagi huquqlarga ega:
sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish;
sektorlar, davlat organlari hududiy boʻlinmalarining uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli oʻrganish;
sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish;
davlat organlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
oʻz faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun davlat organlari mutaxassislarini jalb qilish;
davlat organlaridan oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan axborotlar hamda hujjatlarni soʻrash va olish;
davlat organlari tomonidan ular faoliyati, koʻrsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish;
murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan, shuningdek murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlamagan shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritish;
zarurat tugʻilganda muammolarni hal qilish hamda murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra qabul qilingan qarorlarning ijrosini joylarga chiqib oʻrganish;
tuman (shahar) Xalq qabulxonalari faoliyatini oʻrganish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Xalq qabulxonasi quyidagilarga majburdir:
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda bevosita ishtirok etish;
sektorlar faoliyati, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish natijalari, tegishli hududdagi aholi kayfiyati toʻgʻrisida har chorakda kamida bir marta Boʻlinmalarga axborot kiritish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish natijalari, murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni muntazam ravishda Boʻlinmalarga kiritib borish;
oʻz faoliyatida qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlar talablari va qoidalariga qatʼiy amal qilish;
mavjud axborot tizimlaridan samarali foydalanish, oʻz dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etish;
belgilangan tartibda sektorlar va davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
8. Xalq qabulxonasi xodimlari oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun javobgar boʻladi.
3-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etish va uning ish tartibi
9. Xalq qabulxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir boshchilik qiladi.
Xalq qabulxonasi mudiri Xalq qabulxonasi faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
10. Xalq qabulxonasining boshqa xodimlari Boʻlinmalar bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
11. Xalq qabulxonasining xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi, ularga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xodimlariga belgilangan ish haqi toʻlash hamda moddiy ragʻbatlantirish tartibi va shartlari qoʻllaniladi.
Xalq qabulxonalari boshqaruv xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandida nazarda tutilgan qoidalar tatbiq etiladi.
12. Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlari, Xalq qabulxonalari xodimlarining lavozim yoʻriqnomasi, Xalq qabulxonasi xodimlarining odob-axloq qoidalari va boshqa lokal hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Xalq qabulxonasida mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq besh kunlik ish haftasi belgilanadi.
14. Xalq qabulxonasida soat 9.00 dan 18.00 gacha ish hamda soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik vaqti belgilanadi. Zarur hollarda, murojaatchilar tushlik vaqtida ham qabul qilinishi mumkin.
15. Xalq qabulxonasi aholi uchun qulay shart-sharoitlarga, shu jumladan kirish yoʻllari, asosiy kirish joyi, panduslar, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, “Ona va bola”, sogʻliqni saqlash organlari bilan kelishilgan holda jalb qilinadigan malakali shifokor, psixolog va hamshira navbatchiligi tashkil qilingan tibbiyot xonalari, shuningdek sanitariya-gigiyena xonalariga ega boʻlishi lozim.
16. Murojaatchilar bilan ishlash xonasi, qoida tariqasida, Xalq qabulxonasiga alohida kirish qismiga ega boʻlgan binoning (inshootning) birinchi qavatiga joylashtiriladi.
17. Xalq qabulxonasi binosining (inshootining) kirish tomoniga quyidagi maʼlumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtiriladi:
Xalq qabulxonasining ish tartibi va xizmat koʻrsatuvchi telefon raqami;
sektorlar hududi, faoliyati va rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sektorlar va davlat organlari rahbarlari tomonidan sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar oʻtkazish jadvallari;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish boʻyicha tasdiqlangan reja-jadvallar;
ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan davlat dasturlari va loyihalar, ularning bajarilishi holati haqidagi maʼlumotlar;
aholi eʼtiboriga yetkazilishi zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
18. Xalq qabulxonasi murojaatchilar uchun axborot stendlari bilan jihozlanadi, ular maʼlumotlar bilan tanishish uchun qulay boʻlgan joyga oʻrnatiladi va erkin tanishish mumkin boʻlgan shakldagi maʼlumotlarga ega boʻladi.
Xalq qabulxonasi videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlanishi mumkin.
4-bob. Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarni qabul qilish tartibi
19. Xalq qabulxonasida murojaatlar ogʻzaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta aloqa vositasi orqali qabul qilinadi.
20. Murojaatchi shaxsan murojaat qilgan taqdirda Xalq qabulxonasida navbat boʻyicha tartib raqamini oladi va kutish uchun ajratilgan joyda Xalq qabulxonasi xodimining chaqirishini kutadi.
21. Murojaatchi chaqirilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi murojaatda koʻrsatilgan tegishli maʼlumotlar uning shaxsi va vakolatini tasdiqlovchi hujjatda koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan mosligini tekshiradi.
Xalq qabulxonasi xodimi tekshirish yakunlari boʻyicha murojaatni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi” axborot tizimiga (bundan buyon — Virtual qabulxona) kiritadi, u orqali murojaatga oʻziga xos roʻyxat raqami beradi.
Murojaat roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi muallifga uning soʻroviga koʻra murojaat qabul qilingani toʻgʻrisida murojaat nusxasiga oʻziga xos roʻyxat raqamini yozib, tegishli qaydni qoʻyadi.
22. Yozma va pochta aloqasi orqali olingan murojaatlar Xalq qabulxonasi xodimi tomonidan elektron shaklga oʻtkaziladi (skanerlanadi) va Virtual qabulxonaga kiritilib, ularga oʻziga xos roʻyxat raqamlari beriladi.
23. Murojaatda koʻtarilgan masala tegishli hudud miqyosida hal etilishi mumkin boʻlgan hollarda, murojaat Virtual qabulxonaga kiritilishi bilan bir vaqtning oʻzida shu mintaqada faoliyat yuritayotgan davlat organiga yuboriladi. Bunda ushbu murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan nazorat Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish
24. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish Boʻlinmalar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Boʻlinmalar:
Xalq qabulxonalari faoliyatini har yili belgilangan tartibda baholaydi, yil yakunlariga koʻra faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan Xalq qabulxonalari xodimlarini bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlash masalasini koʻrib chiqadi;
Xalq qabulxonasini kerakli normativ-uslubiy va axborot-tahlil materiallari bilan taʼminlaydi;
Xalq qabulxonasi mudiri va xodimlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish ishlarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati toʻgʻrisida axborot-tahlil materiallarini tayyorlaydi;
Xalq qabulxonalari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati samaradorligini oʻrganadi, tahlil qiladi hamda umumlashtiradi, ishning sifatli shakl va uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasining davlat organlari, jamoat, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
Xalq qabulxonasi ishlarini takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasi xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Xalq qabulxonasi faoliyatining tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnika jihatidan taʼminlanishi tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Xalq qabulxonasi xodimlari mansab vazifalarini amalga oshirish jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan murojaatchilarga oid maʼlumotlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shart.
27. Xalq qabulxonasi xodimlari davlat sirini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni, konfidensial maʼlumotlarni tashkil etadigan hujjatlarni va (yoki) axborotlarni oshkor qilish, ulardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish yoxud uchinchi shaxslarga, shu jumladan vakolatli organlarga taqdim etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
28. Xalq qabulxonasiga kelib tushgan yozma murojaatlarni saqlash Xalq qabulxonasi tomonidan belgilangan tartibda taʼminlanadi.
29. Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablarini buzish, shuningdek tuhmat va haqorat mazmunidagi murojaatlarni taqdim etish belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalarining (bundan buyon — Xalq qabulxonasi) asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi, shuningdek faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalq qabulxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (bundan buyon — Boʻlinmalar) tuzilmasi tarkibiga kiradi, yuridik shaxs hisoblanmaydi, oʻz mulkida, xoʻjalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega boʻlmaydi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish hamda oʻz nomidan boshqa shaxslar bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish huquqiga ega emas.
Xalq qabulxonasi oʻz nomi yozilgan dumaloq muhr, shtamp va blankalarga ega boʻladi.
3. Xalq qabulxonasi Boʻlinmalar hamda tegishli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari oldida hisobdor boʻladi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
4. “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni tatbiq etilmaydigan, shu jumladan koʻrib chiqish tartibi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, iqtisodiy protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarni Xalq qabulxonasi koʻrib chiqmaydi.
2-bob. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
5. Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini toʻlaqonli himoya qilishga qaratilgan uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlash va hal qilish, shuningdek murojaatlar bilan ishlashning samarali tizimi amal qilishini taʼminlash;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Hukumatga, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlariga, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga (bundan buyon — davlat organlari) murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratish;
Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning qonun hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilgan holda, toʻliq, xolis, oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi, shuningdek uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolarning hal etilishini tashkil etish va nazorat qilish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolar hamda Xalq qabulxonasiga kelib tushgan, tegishliligi boʻyicha davlat organlariga yuborilgan murojaatlarning koʻrib chiqilishi va hal etilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining qabullarini davlat organlarining mansabdor shaxslari ishtirokida, shu jumladan videokonferensaloqa orqali oʻtkazish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda aniqlangan muammolar va murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish;
hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar (bundan buyon — sektorlar), davlat organlarining uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish;
tuman (shahar) miqyosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladigan aholi punktlari roʻyxatini koʻrib chiqish va kelishib berish;
oʻzi boshchilik qiladigan sektorlar shtablari aʼzolaridan iborat ishchi guruhlarning hududlarni mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qilish, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantirishda bevosita ishtirok etish;
qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosini nazorat qilish;
sektorlar faoliyatini hamda mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashda, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish va ularning ijrosini nazorat qilish;
har chorakda sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli xalq deputatlari Kengashlari majlisida muhokama qilish uchun axborot kiritish, ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisobotini eshitishda ishtirok etish;
davlat organlarining nogironligi boʻlgan shaxslar, kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga koʻmaklashish bilan bogʻliq ishlarini muvofiqlashtirish;
davlat xizmatlari koʻrsatish faoliyatini muvofiqlashtirish;
mahallalar hududlari holatini “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratishda ishtirok etish;
hududlarda murojaatlar bilan ishlash, sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar oʻtkazish tizimini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarni jalb qilgan holda hududlardagi ijtimoiy muhitni oʻrganish hamda aholi muammolarini hal qilishda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni taʼminlash choralarini koʻrish;
hududiy davlat organlari, shuningdek faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni, shuningdek yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan belgilanadigan funksiyalarni amalga oshiradi.
6. Zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun Xalq qabulxonasi quyidagi huquqlarga ega:
sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etish;
sektorlar, davlat organlari hududiy boʻlinmalarining uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli oʻrganish;
sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy boʻlinmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini ragʻbatlantirish yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy javobgarlikka tortish boʻyicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish;
davlat organlariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
oʻz faoliyatini amalga oshirishga koʻmaklashish uchun davlat organlari mutaxassislarini jalb qilish;
davlat organlaridan oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan axborotlar hamda hujjatlarni soʻrash va olish;
davlat organlari tomonidan ular faoliyati, koʻrsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga toʻliq va tezkor yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan choralar koʻrish;
murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddatlarini buzgan, shuningdek murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlamagan shaxslarni javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritish;
zarurat tugʻilganda muammolarni hal qilish hamda murojaatlarni koʻrib chiqish natijalariga koʻra qabul qilingan qarorlarning ijrosini joylarga chiqib oʻrganish.
Xalq qabulxonasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7. Xalq qabulxonasi quyidagilarga majburdir:
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganishda bevosita ishtirok etish;
sektorlar faoliyati, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish natijalari, tegishli hududdagi aholi kayfiyati toʻgʻrisida har chorakda kamida bir marta tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga axborot kiritish;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish natijalari, murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish asosida qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni muntazam ravishda tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga kiritib borish;
oʻz faoliyatida qonun hujjatlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlar talablari va qoidalariga qatʼiy amal qilish;
mavjud axborot tizimlaridan samarali foydalanish, oʻz dasturiy-apparat vositalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etish;
belgilangan tartibda sektorlar va davlat organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish.
Xalq qabulxonasining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
8. Xalq qabulxonasi xodimlari oʻz zimmasiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi uchun javobgar boʻladi.
3-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etish va uning ish tartibi
9. Xalq qabulxonasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari tavsiyasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan mudir boshchilik qiladi.
Xalq qabulxonasi mudiri qabulxona faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
10. Xalq qabulxonasining boshqa xodimlari Boʻlinmalar bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
11. Xalq qabulxonasining xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi, ularga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari xodimlariga belgilangan ish haqi toʻlash hamda moddiy ragʻbatlantirish tartibi va shartlari qoʻllaniladi.
Xalq qabulxonalari boshqaruv xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi toʻgʻrisidagi nizomning 26-bandida nazarda tutilgan qoidalar tatbiq etiladi.
12. Xalq qabulxonalari faoliyatini baholash tartibi va mezonlari, Xalq qabulxonalari xodimlarining lavozim yoʻriqnomasi, Xalq qabulxonasi xodimlarining odob-axloq qoidalari va boshqa lokal hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Xalq qabulxonasida mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq besh kunlik ish haftasi belgilanadi.
14. Xalq qabulxonasida soat 9.00 dan 18.00 gacha ish hamda soat 13.00 dan 14.00 gacha tushlik vaqti belgilanadi. Zarur hollarda, murojaatchilar tushlik vaqtida ham qabul qilinishi mumkin.
15. Xalq qabulxonasi aholi uchun qulay shart-sharoitlarga, shu jumladan kirish yoʻllari, asosiy kirish joyi, panduslar, kutish va fuqarolarni qabul qilish zallari, ish kabinetlari, “Ona va bola”, sogʻliqni saqlash organlari bilan kelishilgan holda jalb qilinadigan malakali shifokor, psixolog va hamshira navbatchiligi tashkil qilingan tibbiyot xonalari, shuningdek sanitariya-gigiyena xonalariga ega boʻlishi lozim.
16. Murojaatchilar bilan ishlash xonasi, qoida tariqasida, Xalq qabulxonasiga alohida kirish qismiga ega boʻlgan binoning (inshootning) birinchi qavatiga joylashtiriladi.
17. Xalq qabulxonasi binosining (inshootining) kirish tomoniga quyidagi maʼlumotlar aks ettirilgan peshlavha joylashtiriladi:
Xalq qabulxonasining ish tartibi va xizmat koʻrsatuvchi telefon raqami;
sektorlar hududi, faoliyati va rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sektorlar va davlat organlari rahbarlari tomonidan sayyor shaxsiy va ommaviy qabullar oʻtkazish jadvallari;
uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish boʻyicha tasdiqlangan reja-jadvallar;
ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan davlat dasturlari va loyihalar, ularning bajarilishi holati haqidagi maʼlumotlar;
aholi eʼtiboriga yetkazilishi zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
18. Xalq qabulxonasi murojaatchilar uchun axborot stendlari bilan jihozlanadi, ular maʼlumotlar bilan tanishish uchun qulay boʻlgan joyga oʻrnatiladi va erkin tanishish mumkin boʻlgan shakldagi maʼlumotlarga ega boʻladi.
Xalq qabulxonasi videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlanishi mumkin.
4-bob. Xalq qabulxonasi tomonidan murojaatlarni qabul qilish tartibi
19. Xalq qabulxonasida murojaatlar ogʻzaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta aloqa vositasi orqali qabul qilinadi.
20. Murojaatchi shaxsan murojaat qilgan taqdirda Xalq qabulxonasida navbat boʻyicha tartib raqamini oladi va kutish uchun ajratilgan joyda Xalq qabulxonasi xodimining chaqirishini kutadi.
21. Murojaatchi chaqirilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi murojaatda koʻrsatilgan tegishli maʼlumotlar uning shaxsi va vakolatini tasdiqlovchi hujjatda koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan mosligini tekshiradi.
Xalq qabulxonasi xodimi tekshirish yakunlari boʻyicha murojaatni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi” axborot tizimiga (bundan buyon — Virtual qabulxona) kiritadi, u orqali murojaatga oʻziga xos roʻyxat raqami beradi.
Murojaat roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin Xalq qabulxonasi xodimi muallifga uning soʻroviga koʻra murojaat qabul qilingani toʻgʻrisida murojaat nusxasiga oʻziga xos roʻyxat raqamini yozib, tegishli qaydni qoʻyadi.
22. Yozma va pochta aloqasi orqali olingan murojaatlar Xalq qabulxonasi xodimi tomonidan elektron shaklga oʻtkaziladi (skanerlanadi) va Virtual qabulxonaga kiritilib, ularga oʻziga xos roʻyxat raqamlari beriladi.
23. Murojaatda koʻtarilgan masala tegishli hudud miqyosida hal etilishi mumkin boʻlgan hollarda, murojaat Virtual qabulxonaga kiritilishi bilan bir vaqtning oʻzida shu mintaqada faoliyat yuritayotgan davlat organiga yuboriladi. Bunda ushbu murojaatlarning koʻrib chiqilishi ustidan nazorat Xalq qabulxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish
24. Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi hamda Boʻlinmalar tomonidan amalga oshiriladi, ular:
Xalq qabulxonalari faoliyatini har yili belgilangan tartibda baholaydi, yil yakunlariga koʻra faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga erishgan Xalq qabulxonalari xodimlarini bir martalik pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlash masalasini koʻrib chiqadi;
Xalq qabulxonasini kerakli normativ-uslubiy va axborot-tahlil materiallari bilan taʼminlaydi;
Xalq qabulxonasi mudiri va xodimlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish, lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish ishlarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati toʻgʻrisida axborot-tahlil materiallarini tayyorlaydi;
Xalq qabulxonalari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etadi;
Xalq qabulxonasi faoliyati samaradorligini oʻrganadi, tahlil qiladi hamda umumlashtiradi, ishning sifatli shakl va uslublarini joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasining davlat organlari, jamoat, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlaydi;
Xalq qabulxonasi ishlarini takomillashtirish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Xalq qabulxonasi xodimlarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Xalq qabulxonasi faoliyatining tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnika jihatidan taʼminlanishi tegishliligicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
26. Xalq qabulxonasi xodimlari mansab vazifalarini amalga oshirish jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan murojaatchilarga oid maʼlumotlardan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shart.
27. Xalq qabulxonasi xodimlari davlat sirini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni, konfidensial maʼlumotlarni tashkil etadigan hujjatlarni va (yoki) axborotlarni oshkor qilish, ulardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish yoxud uchinchi shaxslarga, shu jumladan vakolatli organlarga taqdim etishga haqli emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
28. Xalq qabulxonasiga kelib tushgan yozma murojaatlarni saqlash Xalq qabulxonasi tomonidan belgilangan tartibda taʼminlanadi.
29. Murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari, shu jumladan mazkur Nizom talablarini buzish, shuningdek tuhmat va haqorat mazmunidagi murojaatlarni taqdim etish belgilangan tartibda javobgarlikka olib keladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi PQ-4197-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2721-son qarorida:
a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”;
b) muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4904-son Farmonini samarali amalga oshirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari (bundan buyon — Xalq qabulxonalari) faoliyatini tashkil etish maqsadida:”;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4102-son qaroriga 1-ilovaning 19-bandi va 2-ilovaning 14-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi F-4872-son farmoyishining rus tilidagi matnida 3-bandining ikkinchi xatboshisi va unga ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 07/19/4197/2641-son)