O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-iyundagi 380-sonli “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 2-fevraldagi PF-5325-son Farmoniga muvofiq hamda jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, farzand tarbiyasiga oid masalalarda ota-onalarning malakasini oshirishda yordam berish, bu borada oilalardagi mavjud muammolarni bartaraf etish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risida namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi ijro apparati manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini samarali tashkil etish hamda ota-onalarning bilimlarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni o‘tkazish bo‘yicha metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin.
3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda mazkur qaror bilan tasdiqlangan namunaviy nizom asosida barcha fuqarolar yig‘inlari huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalarining nizomlarini qayta ko‘rib chiqsin;
“Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalarining faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlar va mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘inlari binolarida zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi:
“Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalari faoliyatining doimiy monitoringini olib borsin hamda ushbu monitoring natijalari bo‘yicha har chorakda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari yig‘ilishlarida muhokama qilib borilishini tashkil etsin;
har yili O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan “Eng namunali xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis” ko‘rik-tanlovi doirasida namunali faoliyat olib borayotgan “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari va a’zolarini rag‘batlantirish bo‘yicha alohida nominatsiyani joriy etsin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmalari rahbarlari va a’zolari uchun oilada sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarga farzand tarbiyasiga oid masalalarda vujudga kelgan qiyin vaziyatlardan chiqish borasidagi bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlarini o‘tkazish rejasini ishlab chiqsin hamda amalga oshirilishini ta’minlasin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 7-oktabrdagi 274-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 10-son, 71-modda) bilan tasdiqlangan Fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risida namunaviy nizomning 15-bandi ikkinchi xatboshisidagi “fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning maslahatchisi” so‘zlari “xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis” so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 11-avgustdagi 621-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 8-son, 171-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Mahalla, oila va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, madaniyat, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari masalalari kotibiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri R.T. Mamatov zimmasiga yuklansin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-iyul,
554-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi 554-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risida
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasining (keyingi o‘rinlarda Universitet deb ataladi) maqsadi va asosiy vazifalarini, huquq va majburiyatlarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Universitet o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.
3. Universitet o‘z faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari, shu jumladan fuqarolar yig‘ini hududidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosarlari, ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlari va ularning yordamchilari hamda fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli komissiyalar bilan hamkorlik qiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-apreldagi 346-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son)
4. Universitet ushbu Namunaviy nizomga muvofiq oilani boshqarishda har xil muammolarga duch kelayotgan fuqarolar yig‘ini hududidagi ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarga oilalarda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va farzand tarbiyasiga oid masalalarda vujudga kelgan qiyin vaziyatlardan chiqish hamda ularning huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish tadbirlarini amalga oshiradi.
2-bob. Universitetning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Universitetning maqsadi — oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish, oilalarni mustahkamlash va barqarorligini ta’minlash, oilalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishdan iborat.
6. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ota-onalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
farzand tarbiyasiga yetarli e’tibor bermayotgan ota-onalar bilan ishlash, fuqarolar yig‘inidagi oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish;
farzand tarbiyasi jarayonida ota-onalarga yordam ko‘rsatish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga ko‘maklashish.
Universitet qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Universitetning huquq va majburiyatlari
7. Universitet quyidagi huquqlarga ega:
faoliyati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni tegishli tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rab olish;
oilalar va muayyan shaxslarga yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va ish jarayonida unga o‘zgartirish kiritish;
Universitet tomonidan tashkil etiladigan mashg‘ulotlar rejasini tuzish, zaruratga ko‘ra uni takomillashtirish;
ushbu Namunaviy nizomda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tadbir va mashg‘ulotlarga davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillarini, malakali mutaxassislarni va boshqa shaxslarni jalb qilish;
Universitet mashg‘ulotlarini fuqarolar yig‘ini hududida olib borilgan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnoma materiallaridan, “Oila” markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot ishlari natijalaridan, statistik ma’lumotlardan, gazeta va jurnallarda yoritilgan maqolalardan, namunali oilalarning tajribalaridan va shu kabi yo‘nalishlarda hayotiy misollardan foydalangan holda tashkil etish.
Universitet qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
8. Universitetning majburiyatlari quyidagilardan iborat:
oilalar va mahallalardagi ma’naviy muhit barqarorligining buzilishi, shu jumladan farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishning oldini olishga ko‘maklashish;
ota-onalar bilan ishlash va farzand tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha fuqarolar yig‘ini hayotida faol ishtirok etish;
Universitet mashg‘ulotlari va targ‘ibot tadbirlarini samarali hamda maqsadli tarzda muntazam ravishda amalga oshirish;
ushbu Namunaviy nizomda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan, huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarning ota-onalari bilan tizimli ishlarni tashkil etish.
Universitet qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
4-bob. Universitet tarkibini shakllantirish tartibi
9. Universitet tarkibi fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi o‘tkazilganidan keyin bir oy ichida 10 — 15 nafar a’zodan iborat tarkibda ovoz berish yo‘li bilan shakllantiriladi.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 33-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/33/2485-son)
Universitet rahbari, uning o‘rinbosari va a’zolari fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan uch yil muddatga saylanadi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-yanvardagi 33-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 09/19/33/2485-son)
Universitet rahbari, uning o‘rinbosari nomzodiga va a’zolikka nomzodga fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) hozir bo‘lganlarning yarmidan ko‘pi yoqlab ovoz berganida u saylangan hisoblanadi.
10. Universitet a’zolari huquqshunos, shifokor, pedagog, psixolog va boshqa mutaxassislar hamda Universitetga yuklangan vazifalarning mazmun-mohiyatini chuqur tushunadigan, obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, jamiyatda o‘zining namunali xulqi bilan obro‘-e’tibor qozongan faol fuqarolar orasidan saylanadi.
Universitet rahbari vazifasini qoida tariqasida fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari amalga oshiradi.
(10-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
11. Universitet o‘z oldida turgan asosiy vazifalarni har oyda kamida bir marta chaqiriladigan yig‘ilishlarda ko‘rib chiqadi. Universitet yig‘ilishi yig‘ilishda a’zolarning kamida uchdan ikki qismi qatnashsa vakolatli hisoblanadi. Universitet a’zolarining yarmidan ko‘pi yoqlab ovoz bergan qaror qabul qilingan hisoblanadi.
Universitetning yig‘ilishida quyidagi masalalar ko‘rib chiqiladi:
Universitetning choraklik, yarim yillik, yillik ish rejalari, shu jumladan Universitet mashg‘ulotlarining yo‘nalishlari bo‘yicha rejasini ishlab chiqish va ularni tasdiqlash uchun fuqarolar yig‘ini kengashiga kiritish bilan bog‘liq masalalar;
Universitet ish rejalari ijrosi yuzasidan Universitet a’zolarining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarini eshitish bilan bog‘liq masalalar;
Fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) bilan kelishishni talab qiladigan boshqa masalalar.
12. Universitet rahbari:
Universitetning yig‘ilishlarida raislik qiladi;
fuqarolar yig‘ini hududidagi oilani boshqarishda har xil muammolarga duch kelayotgan ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarning ro‘yxatini shakllantiradi va ularning muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oilani boshqarishda har xil muammolarga duch kelayotgan fuqarolar yig‘ini hududidagi ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarga oilalarda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va farzand tarbiyasiga oid masalalarda vujudga kelgan qiyin vaziyatlardan chiqish hamda ularning huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish tadbirlarini amalga oshiradi;
Universitetning joriy ishlarini tashkil qiladi;
Universitet a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Universitet a’zolariga yuklangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli va oila bilan ishlash etika qoidalarini buzilmasligini e’tiborga olgan holda, bajarilishini ta’minlaydi;
Universitet ish rejalari ijrosi yuzasidan Universitet a’zolarining amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlarini eshitish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi;
fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi), yig‘in kengashi majlislarida Universitet nomidan vakil bo‘ladi;
Universitet nomidan chiqadigan hujjatlarni imzolaydi;
fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) bilan kelishishni talab qiladigan boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
Universitet faoliyati to‘g‘risida yilning har choragida fuqarolar yig‘iniga (fuqarolar vakillarining yig‘ilishiga) hisobot beradi.
Universitet rahbari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Universitet rahbari o‘rinbosari va a’zolarining vakolatlari ushbu Namunaviy nizomda belgilangan Universitetning maqsadi va asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlaridan kelib chiqib, Universitet rahbari tomonidan belgilanadi.
14. Universitet rahbari uzrli sabablarga ko‘ra bo‘lmagan hollarda Universitet rahbari o‘rinbosari uning vazifasini bajaradi.
5-bob. Universitet faoliyatini tashkil etish tartibi
15. Universitet a’zolari tomonidan fuqarolar yig‘ini hududidagi oilani boshqarishda har xil muammolarga duch kelayotgan ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarning shakllantirilgan ro‘yxati o‘rganiladi va muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.
16. Fuqarolar yig‘ini hududidagi ota-onalar, yoshlar va boshqa shaxslarga oilalarda sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va farzand tarbiyasiga oid masalalarda vujudga kelgan qiyin vaziyatlardan chiqish hamda ularning huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishda amaliy yordam ko‘rsatish tadbirlari Universitet rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
17. Ro‘yxatdagi oila yoki shaxs bilan individual yoki guruhlarda ish olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilishi mumkin.
18. Chora-tadbirlar o‘z ichiga oiladagi vaziyatni va vujudga kelgan muammolarni baholash, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, mustahkamlash va barqarorligini ta’minlash, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi huquqiy, ma’naviy-axloqiy, pedagogik, psixologik va tibbiy bilimlarini oshirishga qaratiladi. Shuningdek, tadbirlar tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va targ‘ibot ishlaridan ham iborat bo‘lishi mumkin.
19. Ushbu nizom ilovasida keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq oila yoki shaxs bilan individual ish olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida:
oila yoki shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (murojaat qilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, oila tarkibi, voyaga yetmagan shaxslar soni va boshqa ma’lumotlar);
qiyin vaziyat vujudga kelganlik sababi (muammo);
muammo yechimini topish bo‘yicha qilinadigan ishlar (ishlar nomi va muddati ko‘rsatilgan holda);
muammo yechimiga nimalar to‘sqinlik qilishi, to‘siqlarni bartaraf etish choralari (boshqa idora va tashkilotlarni jalb qilish ehtiyoji mavjudligi) ko‘rsatiladi.
20. Universitet tomonidan rejalashtiriladigan tadbirlar va mashg‘ulotlar unda ishtirok etuvchilarning yoshi, jinsi, ma’lumotini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Guruhlarda o‘tkaziladigan tadbirlar va universitet mashg‘ulotlarining joyi, vaqti va tashkil etish tartibi uning ishtirokchilarining bo‘sh vaqtini hisobga olgan holda Universitet yig‘ilishi tomonidan belgilanadi.
O‘tkaziladigan tadbirlar va Universitet mashg‘ulotlari uning ishtirokchilariga qulay bo‘lgan tilda olib boriladi.
21. Guruhlarda o‘tkaziladigan Universitet mashg‘ulotlari quyidagi yo‘nalishlarda olib borilishi mumkin:
oila huquqi;
oila ma’naviyati;
oila boshqaruvi;
oila iqtisodiyoti;
oila psixologiyasi;
oilaning tibbiy madaniyati;
oilada sog‘lom turmush tarzi.
22. Universitet mashg‘ulotlarining mavzulari hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan va mavjud muammolardan, shu jumladan aholi bilan muloqot qilish jarayonida aniqlangan masalalardan kelib chiqib belgilanadi.
23. Oila yoki shaxs bilan individual ish olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida ko‘zda tutilgan ishlar yakuni bo‘yicha Universitet ishtirokchilari o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkaziladi, oila yoki shaxs qiyin vaziyatdan olib chiqilganligi to‘g‘risidagi xulosa shakllantiriladi va ushbu xulosa asosida qiyin vaziyatdan olib chiqilgan oila yoki shaxsni ro‘yxatdan chiqarish amalga oshiriladi.
24. Oy, chorak, yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha natijalar tahlil etiladi va qiyin vaziyatdan olib chiqilgan oila yoki shaxslarning ro‘yxatdan chiqarilgan soni universitet faoliyatining samaradorligini aniqlovchi omil sifatida belgilanadi.
25. Universitet tomonidan qiyin vaziyatdan olib chiqilgan oila yoki shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan namunaviy so‘rovnomaning shakli Universitet rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
26. Universitetning targ‘ibot tadbirlari uning a’zolari tomonidan fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi aholi o‘rtasida Universitetning maqsad va vazifalari yuzasidan muntazam tushuntirish ishlarini olib borish va respublika hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilish orqali amalga oshiriladi.
27. Universitet faoliyatini tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari muvofiqlashtiradi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, hududdagi “Oila” markazi, davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlar Universitet faoliyatini samarali tashkil etishga metodik va amaliy jihatdan ko‘maklashadilar.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-iyundagi 391-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)
28. Universitetni zarur jihozlar bilan ta’minlash, Universitet a’zolarini moddiy rag‘batlantirish yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tashkil topgan fuqarolar yig‘ini mablag‘lari hisobidan fuqarolar yig‘ini kengashi qaroriga asosan amalga oshirilishi mumkin.
6-bob. Universitet a’zolarining vakolatlarini muddatidan ilgari to‘xtatish
29. Universitet rahbari, uning o‘rinbosari yoki boshqa a’zolarining vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari to‘xtatiladi:
o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilganda;
belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilinganda;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
sog‘lig‘i holati yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra uch oy davomida o‘z vazifalarini bajara olmay qolganda;
vafot etganda;
qonun hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
30. Universitet rahbari, uning o‘rinbosari yoki boshqa a’zolarining vakolatlari muddatidan ilgari to‘xtatilgan taqdirda, bir oy muddatda fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan bo‘shab qolgan o‘rinlarga yangi saylov o‘tkaziladi.
7-bob. Yakunlovchi qoida
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Fuqarolar yig‘ini huzuridagi “Ota-onalar universiteti” jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risida namunaviy nizomga
ILOVA
ILOVA
| | | | | | | | | | | | | |
“TASDIQLAYMAN” | ||||||
| | | | | | | | | | | | | | Universitet rahbari ___________ | ||||||
| | | | | | | | | | | | | |
20___ yil “____” _________ | ||||||
|
1. |
Murojaat qilgan shaxs/oila haqida qisqacha ma’lumot: | | | | | | | | |||||||||||
| | ____________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________ | ||||||||||||||||||
|
2. |
Murojaat maqsadi, muammo: | | | | | | | | | ||||||||||
| | ____________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________ ____________________________________________________________________________ | ||||||||||||||||||
|
3. |
Murojaat qilgan shaxs/oila bilan individual ish olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi | ||||||||||||||||||
| | | | | | | | | | | | | | | | | | | | |
|
T/r |
Tadbir nomi |
Muddat |
Jalb qilinadigan tashkilot/mutaxassis |
Kutilayotgan natija | |||||||||||||||
|
1. |
Vaziyatni baholash |
1 kun |
Universitet a’zosi |
Muammolarni aniqlash | |||||||||||||||
|
2. |
1-muammo yechimi bo‘yicha qilinadigan ishlar (o‘g‘liga) |
5 kun |
Maktab psixologi bilan individual suhbat |
Psixologik holati va axloqini yaxshilash | |||||||||||||||
|
3. |
Qiziqishiga ko‘ra o‘g‘lini to‘garakka jalb qilish |
3 kun |
Maktab ma’muriyati |
Bolaning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri taqsimlash | |||||||||||||||
|
4. |
2-muammo yechimi bo‘yicha qilinadigan ishlar (onasiga) |
3 kun |
Bandlik markazi mutaxassisi bilan individual suhbat |
Ishga joylashtirish masalasini hal qilish | |||||||||||||||
|
5. |
Oila iqtisodiyoti bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti (onasiga) |
2 hafta (jadval asosida) |
Guruhlarda mashg‘ulotlar |
Oila iqtisodiyotiga oid bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi | |||||||||||||||
|
.... |
| | | ||||||||||||||||
|
.... |
| | | ||||||||||||||||
| | | | | | | | | | | | | | | | | | | | |
| | | Mas’ul shaxs ______________________ | | | | | | _____________________ | |||||||||||
| | | | | | | | | | | | | | | | | | | | |
| | | | | | |
ERIShILGAN NATIJA: |
| | | | | | |||||||
| | | ______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ | |||||||||||||||||
| | | | | | | |
|
XULOSA: |
| | | | | | | | | ||
| | | ______________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________ | |||||||||||||||||
| | | | | | | | | | | | | | | | | | | | |
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.07.2018-y., 09/18/554/1539-son; 16.01.2019-y., 09/19/33/2485-son, .04.2019-y., 09/19/346/2994-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son)