Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining
buyrugʻi
Maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 10-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3038]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2020-yil 30-iyundagi 208-mh-sonli “Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3275, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha inspeksiya toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDXADJAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-may,
173-son
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2018-yil 21-maydagi 173-son buyrugʻiga
1-ILOVA
1-ILOVA
Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish
QOIDALARI
Mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi, “Aloqa toʻgʻrisida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 137-son “Oʻzbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan internetda tarqatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq maʼlumotlar uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet (bundan buyon matnda maʼlumotlar uzatish tarmogʻi deb yuritiladi) xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
GSM-shlyuz — mobil aloqa tarmoqlari va telekommunikatsiyalarning boshqa tarmoqlari oʻrtasida trafikni oʻtkazish uchun moʻljallangan apparat-dasturiy vosita;
IP-shlyuz — IP tarmoqlar va telekommunikatsiyalarning boshqa tarmoqlari oʻrtasida trafikni oʻtkazish uchun moʻljallangan apparat-dasturiy vosita;
IP-adres — TCP/IP texnologiyalari bilan boshqariladigan maʼlumotlar uzatish tarmogʻida kompyuterlar yoki uzellarni identifikatsiyalaydigan noyob adres;
IP-televideniye (IPTV) — televideniye, video, audio, matn, grafika va shu kabi, boshqa maʼlumotlar, IP protokoli asosidagi tarmoqlar taʼminlanadigan, sifat, xavfsizlik, interaktivlik va ishonchlilikning talab qilinadigan darajasini taʼminlash maqsadida boshqariladigan multimedia xizmatlari;
IP-telefoniya — IP texnologiyasi asosida paketlar kommutatsiyalanadigan maʼlumotlar uzatish tarmoqlari orqali nutqli axborot, jumladan mahalliy, shaharlararo va xalqaro aloqani ayirboshlash xizmati;
SMS-shlyuz — mobil telefondan foydalanmasdan SMS xabarlar joʻnatish va olish imkonini beradigan apparat-dasturiy vosita;
Wi-Fi xizmati tashkilotchisi — maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanish uchun Wi-Fi texnologiyasi boʻyicha oʻzlarining chetki uskunalaridan, mijozlar yoki tashrif buyuruvchilar hisoblanadigan tor doiradagi foydalanuvchilarga uskunadan foydalanishni taqdim etadigan maʼlumotlar uzatish tarmogʻi operatori yoki maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari provayderi yoxud abonent — yuridik shaxs;
Wi-Fi xizmatlari — maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanish uchun Wi-Fi texnologiyasi boʻyicha chetki uskunalarga foydalanuvchilarning cheklangan doirasiga uskunadan foydalanishni taqdim etish;
abonent — maʼlumotlar uzatish tarmogʻi operatori yoki maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari provayderi bilan shartnoma tuzgan, maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarining isteʼmolchisi hisoblangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
autentifikatsiya — maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanuvchi tomonidan koʻrsatilgan identifikatsiyalash maʼlumotlarining haqiqiyligini aniqlash;
domen nomi — axborot resursiga yoki axborot tizimiga berilgan, ularni Internet tarmogʻida identifikatsiyalash uchun xizmat qiladigan noyob nom;
domen nomlari tizimi — Internet tarmogʻida domen nomlarini berish, roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi;
identifikatsiyalash — mavjud maʼlumotlar asosida maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanuvchi shaxsini aniqlash;
Internet tarmogʻi — yagona adres va nomlar makonidan foydalaniladigan, shlyuzlar yordamida birlashtirilgan, yagona TSR/IP protokoliga muvofiq ishlaydigan koʻplab tarmoqlardan iborat global xalqaro tarmoq (boshqariladigan tarmoqlar birlashmasi);
Internetdan jamoat boʻlib foydalanish punkti — foydalanuvchilarga Internetdan foydalanish yuzasidan haq evaziga yoki bepul xizmatlar koʻrsatish joyi;
maʼlumotlar uzatish — maʼlumotlarni (raqamli shaklda taqdim etilgan, elektron vositalar bilan qayta ishlash uchun yaroqli boʻlgan, nutqni, matn, faksimil xabarlar, dinamik tasvirlarni (videoni) va boshqalarni oʻz ichiga oladigan axborotlarni) ikkilik signallar koʻrinishida, keyinchalik hisoblash texnikasi vositalari bilan qayta ishlash uchun, telekommunikatsiyalar vositalari orqali bir punktdan boshqa bir punktga koʻchirish;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona xizmat koʻrsatish, taqdim etish va toʻlov prinsiplari asosida barcha jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotlar uzatish xizmatlarini koʻrsatish uchun moʻljallangan telekommunikatsiyalar tarmogʻi;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga ega boʻlgan, uning ishlashini, rivojlanishini taʼminlovchi va maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari — operator va provayderning maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali signallar va axborotning boshqa turlarini qabul qilish, uzatish va qayta ishlash boʻyicha faoliyati mahsuli;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari provayderi (bundan buyon matnda provayder deb yuritiladi) — foydalanuvchilarga operatorlar tarmogʻi orqali tijorat asosida maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanuvchi (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) — maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarining isteʼmolchisi hisoblangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xosting xizmatlari — Internet tarmogʻida doimiy boʻladigan serverda axborotni joylashtirish uchun texnik resurslarni taqdim etish xizmati;
2. Operator va provayderning Oʻzbekiston Respublikasi hududida maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq litsenziya asosida amalga oshiriladi.
3. Operator yoki provayder tomonidan maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan va maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanishning taqdim etilishi, operatorlar va provayderlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar, shuningdek operatorlar yoki provayderlarning abonentlar bilan oʻzaro munosabatlari yozma yoki elektron shaklda tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari
1-§. Umumiy qoidalar
4. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari roʻyxati operator yoki provayder hamda abonent oʻrtasida tuziladigan maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish shartnomasida belgilangan boʻlishi kerak.
5. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarining quyidagi turlari taqdim etilishi mumkin:
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalanish (turli standartlar boʻyicha), trafik tranziti, shuningdek maʼlumotlar uzatishning xalqaro tarmoqlaridan, jumladan Internetdan foydalanish;
real vaqtda axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish;
elektron xabarlar qabul qilish va uzatish (shu jumladan, elektron pochta);
konfidensial axborotni kriptografik va boshqacha muhofaza qilish;
kichik (quyi) tarmoq ajratish;
domen va domen nomlari tizimini roʻyxatga olish va olib borish;
IP-adres ajratish va tutib turish;
IP-telefoniya va IP-televideniye (IPTV);
xosting xizmatlari.
Operator yoki provayder qonun hujjatlariga muvofiq maʼlumotlar uzatish tarmogʻining boshqa xizmatlarini ham koʻrsatishi mumkin.
6. Favqulodda holatlarda maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-§. Wi-Fi xizmatini koʻrsatish
7. Wi-Fi xizmati tashkilotchisi cheklangan doiradagi foydalanuvchilarga pulsiz yoki pullik asosda Wi-Fi xizmatlari koʻrsatishi mumkin. Foydalanuvchilarning cheklangan doirasini aniqlash shartlari Wi-Fi xizmati tashkilotchisi tomonidan belgilanadi. Wi-Fi xizmatini koʻrsatishda sessiyaning amal qilish davomiyligi 24 soatdan oshmasligi kerak.
8. Wi-Fi xizmati tashkilotchisi boʻlgan abonent-yuridik shaxs tomonidan oʻz hududida bepul Wi-Fi xizmatini tashkil etish operator yoki provayder bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq operator yoki provayderning apparat-dasturiy vositalari asosida amalga oshirilishi mumkin.
9. Wi-Fi xizmati tashkilotchisi:
operator yoki provayder bilan birgalikda, foydalanuvchilarning shaxsini identifikatsiyalash hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanilgan veb-resurslari (log-fayllar) hisobini yuritish boʻyicha apparat-texnik chora-tadbirlar koʻrishi;
operator yoki provayder bilan birgalikda, axborot resurslari himoya qilinishini taʼminlashga, Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etishga, urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborotni, shuningdek pornografiyani targʻib qilishga qaratilgan axborotning va tarqatilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa axborotning tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan choralarni koʻrishi kerak.
10. Wi-Fi xizmati abonent — yuridik shaxs tomonidan koʻrsatilgan taqdirda, abonent — yuridik shaxs va operator yoki provayder oʻrtasida tuziladigan shartnomada foydalanuvchilarga Wi-Fi xizmati taqdim etishi toʻgʻrisida maʼlumot koʻrsatilishi, shuningdek foydalanuvchilar shaxsini identifikatsiyalash boʻyicha koʻriladigan choralar belgilanishi zarur.
11. Foydalanuvchilar shaxsini identifikatsiyalash mobil telefon raqami boʻyicha yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi maʼlumotlar asosida amalga oshirilgan boshqa roʻyxatdan oʻtish maʼlumotlari (aviachiptalar, temir yoʻl chiptalari, mehmonxonada roʻyxatdan oʻtish maʼlumotlari va shu kabi boshqa maʼlumotlar) boʻyicha amalga oshirilishi mumkin.
Foydalanuvchini mobil telefon raqami boʻyicha identifikatsiyalashda, foydalanuvchining mobil telefon raqamiga SMS-xabar vositasida bir martalik parol (One Time Password — OTP) yuboriladi va foydalanuvchi autentifikatsiya qilinadi. Bunda bir martalik parolning (One Time Password — OTP) aktivlik muddati cheklangan boʻlishi (10 daqiqadan koʻp boʻlmasligi) kerak.
12. Wi-Fi xizmati tashkilotchisi foydalanuvchining shaxsiy maʼlumotlari va telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan xabarlarining sir saqlanishini taʼminlashi shart, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
3-bob. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanish
13. Operator yoki provayder “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq abonentlarga oʻzi tomonidan koʻrsatiladigan maʼlumotlar uzatish xizmatlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli maʼlumot berishi shart.
Operator yoki provayder tomonidan abonentga quyidagi maʼlumotlar taqdim etilishi zarur:
operator yoki provayderning nomi, pochta manzili, foydalanuvchilar va abonentlar bilan hamkorlik qiladigan filiallarining nomi, ular joylashgan joy, ish tartibi va aloqa telefonlari;
operator yoki provayderga berilgan litsenziya raqami va amal qilish muddati;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish tartibi va shartlari;
foydalaniladigan abonent interfeyslari va maʼlumotlar uzatish protokollari;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatishdagi cheklovlar;
tarif rejalari;
muayyan tarif rejasi, marketing kampaniyalari doirasida yoki tadbirlar oʻtkazish davrida maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalanish xizmatlarini taqdim etishda imtiyozlar yoki chegirmalar;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalanishning pulli va pulsiz xizmatlari roʻyxati;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlariga haq toʻlash muddatlari va shakllari;
abonentlarning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi;
axborot-maʼlumot xizmatining va texnik taʼminlash xizmatining telefon raqamlari (mavjud boʻlganda);
axborot-maʼlumot berish boʻyicha xizmat koʻrsatish tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish hududlarida texnik imkoniyatlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
14. Operator yoki provayder bilan abonent oʻrtasida tuziladigan shartnomada quyidagi maʼlumotlar majburiy ravishda koʻrsatilishi shart:
shartnoma tuzilgan joy va sana;
operator yoki provayderning nomi;
operator yoki provayder hisobvaragʻi rekvizitlari;
operator yoki provayderlarga berilgan litsenziya rekvizitlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
abonent toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
hisob-kitob shakli va tartibi;
tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
tarif rejasi, xizmatlarning narxlari;
shikastlanishlarni bartaraf etish muddatlari;
sifat koʻrsatkichlari (maʼlumotlar uzatishning maksimal tezligi, maʼlumotlar uzatishning minimal kafolatlangan tezligi, maʼlumotlar uzatish kechikishining maksimal vaqti);
koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati (zarur boʻlganda).
Shartnomada tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga asosan qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
15. Abonent operator yoki provayder bilan shartnoma tuzganidan keyin, operator yoki provayder ulanish usuliga bogʻliq holda, abonentga ulanish uchun zarur parametrlarni yetkazadi (IP-adres va boshqa adres rekvizitlari), maʼlumotlar uzatish tarmogʻida ishlash va foydalanish tartibi toʻgʻrisida yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi, foydalanuvchining zarur uskunasini (kompyuter, modem, faks) va zarur dasturiy taʼminotni tavsiya qiladi.
16. Internetdan jamoat boʻlib foydalanish punktida bir martalik maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari foydalanuvchilarga Jamoat foydalanish joylarida internet tarmogʻidan axborot olish imkonini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1393, 2004-yil 30-iyul) muvofiq koʻrsatiladi.
17. Operator yoki provayder maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan axborotni abonentlarga taqdim etish maqsadida axborot-maʼlumot berish boʻyicha xizmat koʻrsatish tizimini yaratadi.
Quyidagi maʼlumotlar operator yoki provayder tomonidan abonentning soʻroviga muvofiq 24 soat mobaynida hech qanday cheklovlarsiz taqdim etilishi shart:
maʼlumotlar uzatish tarmogʻining koʻrsatiladigan xizmatlari toʻgʻrisidagi;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalanish xizmatlariga boʻlgan tariflar toʻgʻrisidagi;
abonentga uning shaxsiy hisobvaragʻining holati va maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlaridan foydalanish haqini toʻlash boʻyicha qarzdorlik toʻgʻrisidagi, jumladan abonentga ulangan xizmatlar: maʼlumotlar uzatish vaqti, tezligi, olingan va (yoki) uzatilgan axborot hajmi, shuningdek limitlangan trafikli tariflardagi trafik qoldigʻi toʻgʻrisidagi;
texnik nosozliklar toʻgʻrisidagi.
4-bob. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlariga haq toʻlash
18. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari uchun tariflar qonun hujjatlariga muvofiq tomonlar oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilaniladi.
19. Hisob-kitoblar shakli va tartibi qonun hujjatlariga muvofiq, operator yoki provayderning texnologik imkoniyatlardan kelib chiqib abonent bilan kelishilgan holda operator yoki provayder tomonidan belgilanadi hamda shartnomada aks ettiriladi va hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
20. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlari uchun tariflar milliy valyutada belgilanadi va barcha toʻlovlar milliy valyutada amalga oshiriladi.
21. Operator yoki provayder avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimlari yordamida abonentga koʻrsatilgan xizmatlar (maʼlumotlar uzatish vaqti, tezligi, olingan va (yoki) uzatilgan axborot hajmi, shuningdek abonent pul mablagʻlarining harakati va boshqalar) toʻgʻrisidagi axborot hisobini yuritadi.
22. Operator yoki provayder shartnoma asosida hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlash toʻgʻrisida abonentga axborot taqdim etadi. Bunda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
operator yoki provayder rekvizitlari va murojaat uchun telefon raqamlari;
hisob-kitob davri;
bajarilgan ishlar narxi;
taqdim etiladigan xizmatlar roʻyxati, har bir xizmat uchun hisob-kitob davri va ular uchun toʻlanadigan summa;
qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi (agar undirilsa);
umumiy toʻlanadigan summa;
hisob taqdim etilgan sana;
haq toʻlash muddati.
23. Operator yoki provayder tomonidan abonentning hisob varagʻi yuritilgan taqdirda, toʻlov toʻgʻrisida koʻrsatilgan axborot operator yoki provayder va abonent oʻrtasidagi shartnoma shartlarining oʻzgarishlari bilan bogʻliq abonentning hisobvaragʻi boʻyicha balans tuzatishlarini, shuningdek kelib tushgan va abonentning hisobvaragʻida aks ettirilgan oldingi hisob-kitob davridagi xizmatlar uchun abonentning toʻlovlari toʻgʻrisidagi axborotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
5-bob. Operator va provayderlarning huquq va majburiyatlari
24. Operator va provayder quyidagi huquqlarga ega:
a) abonentlar va foydalanuvchilarga xizmatlar koʻrsatish;
b) quyidagi hollarda abonentni shartnomada belgilangan muddatda oldindan xabardor qilib, abonentga xizmatlar koʻrsatishni toʻxtatib turish:
abonent tomonidan shartnoma shartlari buzilganda, shu jumladan koʻrsatilgan xizmatlar uchun haq oʻz vaqtida toʻlanmaganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 137-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan Internetda tarqatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari buzilganda;
v) abonentning aybi bilan yuzaga kelgan zararlar oʻrni toʻldirilishini talab qilish;
g) abonentga zarar yetkazmasdan abonentga xizmatlarni taqdim etish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni, texnik va tarif siyosatini mustaqil belgilash hamda amalga oshirish;
d) abonent tomonidan maʼlumotlar uzatish tarmogʻining foydalanilgan veb-resurslarining hisobga olinishini (log-fayllarining yuritilishini) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil qilish;
e) qonun hujjatlariga muvofiq abonentning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish;
j) operatorni ogohlantirmasdan maʼlumotlar uzatish tarmogʻiga GSM, IP yoki SMS-shlyuzlar ulanganda, shu jumladan maʼlumotlar uzatish tarmogʻida maxsus apparat-dasturiy vositalarini oʻrnatish yoʻli bilan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanganda xizmatlar koʻrsatishni bir tomonlama toʻxtatish.
Operator va provayder qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
25. Quyidagilar operator va provayderning majburiyatlari hisoblanadi:
a) oʻz faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq, litsenziya va ushbu Qoidalar asosida amalga oshirish;
b) shartnomada belgilangan muddatda va hajmda ishlarni bajarish hamda xizmatlarni taqdim etish;
v) qonun va qonun osti hujjatlariga, shu jumladan texnik reglamentlar, standartlashtirish boʻyicha normativ hujjatlarga hamda shartnomaga muvofiq koʻrsatiladigan xizmatlarning sifatini taʼminlash;
g) abonentlarga oʻzining veb-saytida va (yoki) ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda, shuningdek abonentlar va foydalanuvchilar bilan ishlash joylarida quyidagi axborotlarni taqdim etish:
xizmatlarni koʻrsatish tartibi va shartlari oʻzgarganligi, shu jumladan xizmatlar uchun tariflar oʻzgarganligi toʻgʻrisida — oʻzgartirishlar kuchga kirishidan kamida 10 kun oldin;
ish vaqti, pochta manzili va bank rekvizitlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida — tegishli oʻzgarishlar kiritilgan vaqtdan boshlab;
d) shartnomaning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi, shuningdek abonentning arizasiga koʻra xizmatlar koʻrsatilmaganligi yoki shartnomada belgilangan darajadagi sifatga ega xizmatlar koʻrsatilmaganligi uchun qayta hisob-kitob qilish;
e) abonentlarga xizmatlar koʻrsatish normal rejimining buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan taʼmirlash-sozlash va profilaktika ishlari oʻtkazilishini boshlash muddatlari hamda davomiyligi toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qilish;
j) xizmatlar uzluksiz, kechayu kunduz koʻrsatilishini taʼminlash;
z) abonentning talabi bilan uning hisobvaragʻida aks ettirilgan oʻzaro hisob-kitoblarning joriy holati toʻgʻrisidagi, shu jumladan abonent tomonidan olingan xizmatlar toʻgʻrisidagi axborotni: maʼlumotlar uzatish vaqti, tezligi, olingan va (yoki) uzatilgan axborotning hajmi toʻgʻrisida batafsil axborotni taqdim etish;
i) axborot resurslari himoya qilinishini taʼminlashga, Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etishga, urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborotni, shuningdek pornografiyani targʻib qilishga qaratilgan va tarqatilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa axborotning tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan choralarni koʻrish;
k) abonentlarning ogʻzaki murojaatlarini darhol, yozma yoki axborot tizimlari orqali qabul qilingan murojaatlarini operatorga kelib tushgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida koʻrib chiqish;
l) foydalanuvchilarga har oyda bir marotaba maʼlumotlar uzatish tarmoqlaridan foydalanishda qonun hujjatlari hamda mazkur qoidalarga rioya qilish zarurligi yuzasidan eslatma xabarini berish. Bunda eslatma xabar matni telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan shakllantiriladi;
m) Wi-Fi xizmati koʻrsatish vaqtida foydalanuvchilarning shaxsini identifikatsiyalash hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanilgan veb-resurslari (log-fayllar) hisobini yuritish boʻyicha apparat-texnik chora-tadbirlar koʻrish;
n) xalqaro va shaharlararo trafik noqonuniy oʻtkazish, shu jumladan GSM, IP yoki SMS-shlyuzlardan, shu jumladan tarmoqda maxsus apparat-dasturiy vositalarini oʻrnatish yoʻli bilan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish choralarini koʻrish;
Operator yoki provayder qonun hujjatlariga muvofiq oʻzlariga yuklatilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishlari mumkin.
26. Operator yoki provayder abonentni haq toʻlash evaziga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatishga yoki maʼlum bir xizmatni koʻrsatish uchun boshqa xizmatlarni olishga majburlashga, shuningdek abonentdan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun toʻlov undirishga haqli emas.
27. Operator yoki provayder foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari va maʼlumotlar uzatish tarmoqlari orqali uzatiladigan xabarlarining sir saqlanishini taʼminlashi shart, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
6-bob. Abonent va foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
28. Abonent va foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
shartnomada koʻzda tutilgan operator yoki provayderning sifatli va uzluksiz xizmatlaridan foydalanish;
operator yoki provayderdan ushbu qoidalarda belgilangan majburiyatlarini, shuningdek uning maʼlumotlar uzatish tarmoqlari xizmatlarini taqdim etish shartnomasi boʻyicha majburiyatlarini bajarishini talab qilish;
shartnomada koʻzda tutilmagan xizmatlar uchun haq toʻlashni rad etish;
operator yoki provayder aybi bilan yetkazilgan zarar oʻrnining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish;
operator yoki provayder bilan tuzilgan shartnomani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish.
Abonent operator yoki provayder tomonidan maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish muddatlari buzilganda, agar shartnomani oʻz vaqtida bajarish boshlanmagan yoki ishlar (xizmatlar) shartnomada belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon boʻlganda, shuningdek bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar sifati shartnoma shartlarida belgilanganidan past darajada boʻlganda quyidagilarni talab qilishga haqli:
kamchiliklarini bepul bartaraf etish;
operator yoki provayder bilan kelishuv boʻyicha maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmati koʻrsatilishi mumkin boʻlgan yangi muddatni belgilash;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatining narxini qayta hisoblashni talab qilish.
Abonent va foydalanuvchi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
29. Jismoniy yoki yuridik shaxs operator yoki provayder bilan shartnoma tuzishdan oldin operator yoki provayderdan quyidagi axborotlarni olishga haqli:
taqdim etiladigan asosiy va qoʻshimcha xizmatlar roʻyxati;
taqdim etiladigan xizmatlar narxi, tariflar;
aloqani va abonentning maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalana olishni tashkil qilish usullari;
ulanish va xizmat koʻrsatish tartibi;
xizmatlarni taqdim etish qoidalari;
kafolatlangan xizmat koʻrsatish darajasi, sifat darajasi, operator, provayder serverida abonent axborotining himoyalanganligini taʼminlashning kafolatlangan darajasi va boshqa maʼlumotlarni.
30. Quyidagilar foydalanuvchining majburiyatlari hisoblanadi:
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni uzatish uchun foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etishga, urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek pornografiyani targʻib qilishga qaratilgan axborotni va tarqatilishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa axborotni tarqatmaslik;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻi yordamida fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatmaslik;
qonun hujjatlariga asosan maʼlumotlar uzatish tarmogʻi orqali tarqatilishi taqiqlangan axborotlardan tijorat yoki notijorat maqsadlarda tarqatish uchun foydalanmaslik;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan foydalana olish atributlarini boshqa shaxslarga bermaslik (koʻpaytirmaslik);
tarkibida kompyuter viruslari yoki tarmoq uchun zarar yetkazishi mumkin boʻlgan axborotni yoki dasturiy taʼminotni eʼlon qilmaslik yoki uzatmaslik;
kompyuter axborotidan, yaʼni axborot-hisoblash tizimlari, tarmoqlari va ularning tarkibiy qismlaridagi axborotlardan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanmaslik;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻida taqdim etilgan axborot va intellektual mulk obyekti uchun mualliflik huquqlarini buzmaslik.
Foydalanuvchiga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
31. Quyidagilar abonentning majburiyatlari hisoblanadi:
operator yoki provayder bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilish;
taqdim etilgan xizmatlar uchun toʻlovni shartnomada belgilangan muddatlarda amalga oshirish;
operator yoki provayderni oʻzining oxirgi (terminal) uskunasi, tarmogʻi va dasturiy taʼminotidagi barcha nosozliklar yoki oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma shartlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi yoxud boshqa noqonuniy xatti-harakatlar oqibatida operator yoki provayderga yetkazilgan zararni qoplash;
telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun GSM, IP yoki SMS-shlyuzlar yoki shunga oʻxshash apparat-dasturiy vositalardan foydalanish niyati boʻlganda, bu haqda operator yoki provayderni ogohlantirish;
maʼlumotlar uzatish tarmogʻidan xalqaro va shaharlararo trafikni noqonuniy oʻtkazish maqsadida foydalanmaslik, shu jumladan GSM va IP-shlyuzlar orqali.
Abonentga qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
7-bob. Majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash
32. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻida yuzaga kelgan shikastlanishlar shartnomada belgilangan muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, operator, provayder abonentning talabiga koʻra shartnomada belgilangan miqdorda jarima (penya) toʻlaydi.
Operator, provayder tomonidan jarima (penya) toʻlanganligi ularni shartnoma boʻyicha zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan ozod etmaydi.
33. Operator, provayder, Wi-Fi xizmati tashkilotchisi oʻz ixtiyorida (bevosita boshqaruvi va nazorati ostida) boʻlmagan maʼlumotlar uzatish tarmogʻining resurslari, serverlari va segmentlari mazmuni, ulardan foydalanish imkoniyati va ishlash qobiliyati uchun javobgar boʻlmaydi.
34. Abonent oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi, shu jumladan shartnomaga muvofiq belgilangan muddatda xizmatlar uchun haq toʻlamaganligi uchun shartnomaga muvofiq javobgar boʻladi.
35. Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
36. Mazkur qoidalar talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
37. Ushbu qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R. GULYAMOV
2018-yil 21-may
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2018-yil 21-may
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2018-yil 21-maydagi 173-son buyrugʻiga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2004-yil 25-avgustdagi 285-son “Maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1417, 2004-yil 5-oktabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 40-41-son, 441-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasining 2013-yil 16-maydagi 25-mh-son “Maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 1417-1, 2013-yil 22-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 21-son, 275-modda)
3. Oʻzbeksiton Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2015-yil 21-maydagi 123-mh-son “Maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatish qoidalarining 14-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1417-2, 2015-yil 25-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 21-son, 277-modda)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2018-y., 10/18/3038/1490-son)