Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoni ijrosini taʼminlash, yurtimizda Qurʼon ilmi, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud boʻlgan sohalar boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-apreldagi PF-5416-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita (keyingi oʻrinlarda Din ishlari boʻyicha qoʻmita deb ataladi) hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi diniy va dunyoviy bilim berishga ixtisoslashgan yetakchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblangan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Qurʼon ilmlari, hadisi sharif, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, islom tarixi, manbashunosligi va falsafasi kabi diniy taʼlim yoʻnalishlari, dinshunoslik, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar, ziyorat turizmi hamda mumtoz sharq adabiyoti singari dunyoviy taʼlim yoʻnalishlar va mutaxassisliklari boʻyicha bakalavrlar va magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;
respublikadagi barcha islom taʼlim muassasalari faoliyatini oʻquv-meʼyoriy va oʻquv-uslubiy jihatdan taʼminlash hamda muvofiqlashtirish;
islom dinining asl mohiyatini va insoniyatni ezgulikka eltuvchi din ekanligini ilmiy asoslangan holda teran oʻrganish hamda targʻib etish;
kadrlar tayyorlash jarayoniga yetuk mutaxassislar va oʻqituvchilarni jalb qilish orqali ilm-fan hamda taʼlimning oʻzaro integratsiyasini chuqurlashtirish;
oʻqitishning zamonaviy uslub va metodlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻquv jarayoniga keng joriy etish asosida taʼlim sifatini oshirish;
ilmiy tadqiqotlar natijalari boʻyicha diniy-maʼrifiy, maʼnaviy-axloqiy yoʻnalishlardagi ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, Internet jahon axborot tarmogʻida taʼlim resurslarini yaratish va muntazam yangilab borish;
islom olamida yuzaga kelayotgan dolzarb masalalar, zamonaviy siyosiy jarayonlarga oid ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazish;
mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan va xorijiy oliy diniy taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilish;
malakali xorijiy mutaxassislarni taʼlim jarayoniga jalb qilish, shuningdek, Akademiya mutaxassislarini nufuzli xorijiy oliy diniy taʼlim va ilmiy muassasalarga malaka oshirish hamda tajriba orttirish uchun yuborish, talabalarning akademik almashinuvini yoʻlga qoʻyish.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining tuzilmasi ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Akademiya rektoriga, zarur hollarda, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan kelishgan holda Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni hamda mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki:
Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Akademiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
Akademiya oʻz faoliyatida bevosita Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi oldida hisobdordir;
Keyingi tahrirga qarang.
Akademiyaning ixtisoslashgan maktab, akademik litsey, bakalavriat va magistratura bosqichlari bitiruvchilariga beriladigan davlat namunasidagi hujjatlar (shahodatnoma yoki diplom) Oʻzbekiston Respublikasida muayyan mutaxassisliklar boʻyicha tegishlicha umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat deb eʼtirof etiladi;
Akademiyada bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, muassislar tomonidan Iqtisodiyot hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan kelishgan holda belgilanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Akademiya magistraturasiga oliy taʼlim muassasalarining kamida bakalavr darajasi diplomiga ega boʻlgan hamda Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassisliklar ixtisosligiga mos keladigan yoʻnalishlarni bitirgan Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar fuqarolari qabul qilinadi.
Akademiya bitiruvchilariga umumtaʼlim maktablari, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarida sohaga tegishli fanlar boʻyicha pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqi beriladi.
5. Akademiya faoliyati quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtirilishi inobatga olinsin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
muassislar tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi:
Keyingi tahrirga qarang.
a) bir oy muddatda:
Akademiya ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Toshkent islom universiteti va Oʻzbekiston islom akademiyasi negizida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan ularning professor-oʻqituvchilari va xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin;
b) Toshkent islom universitetida tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Akademiyada tashkil etilayotgan taʼlim yoʻnalishlari (ziyorat turizmi, xalqaro munosabatlar, mumtoz sharq filologiyasi, islom tarixi va manbashunosligi)ning tegishli ravishda 2, 3 va 4-kurslarida oʻqishni davom ettirishlarini taʼminlasin.
v) Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
attestatsiya natijalari boʻyicha lavozimidan ozod qilinadigan xodimlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa tashkilotlarga mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirilishiga koʻmaklashsin;
Akademiyada tayyorlanadigan mutaxassisliklar uchun malaka talablarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Toshkent islom universitetining tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha taʼlim olib, uni 2017/2018 oʻquv yillarida bitirayotgan 4-kurs bakalavriat bosqichi hamda 2-kurs magistratura bosqichi talabalariga oʻrnatilgan tartibda tegishli yoʻnalish va mutaxassislik boʻyicha Toshkent islom universitetining bakalavrlik va magistrlik diplomlari beriladi;
Toshkent islom universitetining oʻqishni boshqa oliy taʼlim muassasalarida davom ettirish istagini bildirgan 2 va 3-kurs talabalarining oʻqishlarini koʻchirish Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga muvofiq, ular tahsil olgan davlat granti yoki toʻlov-kontrakti asosidagi taʼlim shaklini saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning asoslangan hisob-kitoblariga binoan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturining 2019-yil va keyingi yillar uchun moʻljallangan parametrlarini shakllantirishda Akademiyaning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash hamda jihozlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobiga mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Akademiya uchun quriladigan va unga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan binolarni rekonstruksiya qilish, mukammal (kapital) taʼmirlash hamda jihozlash boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
Bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilotlar belgilangan tartibda tender yoki tanlov oʻtkazish natijalari asosida aniqlansin.
10. Toshkent shahar hokimligi Akademiyaning respublikaning boshqa hududlaridan kelib taʼlim olayotgan talabalarining turar joyga boʻlgan ehtiyojini inobatga olib, Akademiyaga yaqin boʻlgan hududdan talabalar turar joyi uchun mos bino ajratish yuzasidan bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda:
yetakchi xorijiy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-oʻqituvchilari va mutaxassislarini Akademiyada maʼruza oʻqish, ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazishga jalb qilish;
Akademiya professor-oʻqituvchilarini xorijiy davlatlarning taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish, malaka oshirish hamda tajriba orttirish uchun yuborish choralarini koʻrsin.
12. Quyidagilar:
Akademiyaga oʻqishga qabul qilish tartibi Akademiyaning muassislari tomonidan belgilanishi inobatga olinsin va 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Akademiyaga talabalar kunduzgi taʼlim shakliga suhbat koʻrinishida ijodiy imtihon hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari orqali qabul qilsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari Akademiya iqtidorli talabalariga ham tatbiq etilsin;
Akademiyaning bakalavriat va magistratura bosqichlarini bitirgan talabalar oʻz ixtisosligi boʻyicha davlat hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga ishga qabul qilinishida davlat taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan teng huquqqa ega boʻladilar, ularga nisbatan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti bitiruvchilarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida” 2003-yil 11-avgustdagi 347-son qarori talablari qoʻllanilsin;
Keyingi tahrirga qarang.
Akademiyaga 3 ta, shu jumladan 1 ta xizmat, 1 ta navbatchi va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratilsin.
13. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Akademiya faoliyatini rivojlantirish, ilmiy-pedagogik hamkorlik oʻrnatish yuzasidan xizmat safarlariga boradigan Akademiya rahbarlari va xorijiy mutaxassislarga hamda ushbu muassasa tomonidan kelgusida oʻtkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadigan yuqori martabali mehmonlarga Akademiyaning buyurtmanomalariga muvofiq Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportining VIP va SIP zallari orqali belgilangan tartibda xizmat koʻrsatilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Akademiyani saqlash xarajatlarini 2018-yilda ijtimoiy soha boʻyicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida ajratsin, 2019-yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
Akademiya bilan birgalikda “Islomshunoslik” taʼlim sohasi va unga taalluqli yoʻnalishlarni (bakalavriat) hamda mutaxassisliklarni (magistratura) joriy etish va uni Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda Akademiyada oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun salohiyatli va yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni jalb etish, Akademiyani oʻquv rejalari va dasturlari hamda oʻquv-metodik qoʻllanmalar va materiallar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Akademiya faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida Akademiyani aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmogʻi va boshqa texnik vositalar bilan belgilangan tartibda taʼminlash choralarini koʻrsin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.K. Akramov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-iyun,
466-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-iyundagi 466-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining
TUZILMASI*
* Akademiya (fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalar) xodimlarining cheklangan umumiy soni oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
** Akademiyaning budjetdan tashqari (toʻlov-kontraktlar hisobidan tashqari) mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
*** Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlarning natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlarning, xorijiy hukumat tashkilotlarining grantlari hisobidan taʼminlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.