O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 1-iyuldagi 274-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 973-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risida Nizomni tasdiqlash haqida” 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-son qaroriga muvofiq, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasining yuqori jangovor shayligini saqlash vazifalarini sifatli bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.X. Shermatov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 22-avgust,
660-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-avgustdagi 660-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 1998-yil 1-iyuldagi 274-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 5-bandning ikkinchi xatboshidagi “kontrakt bo‘yicha olingan zobitlar, praporshchiklar va harbiy xizmatchilar” so‘zlari “kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. 6-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. 1-ilovada:
4-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4. Favqulodda vaziyatlar vaqtida maxsus vazifalarni bajarish va ularning oqibatlarini bartaraf etish uchun jalb etilgan Boshqarma kuchlari va vositalariga O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bevosita rahbarlik qiladi”.
6-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“6. Boshqarmaning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilari uchun qabul qilingan kiyim-kechak, emblema va farqlanish belgilariga ega bo‘ladi.
Boshqarmaning muddatli harbiy xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining muddatli harbiy xizmatchilari uchun belgilangan normalarga muvofiq kiyim-kechak bilan ta’minlanadi”;
10-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) tinch davrda:
axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi aloqa obyektlari va telekommunikatsiya tarmoqlarida avariya-tiklash hamda qurilish-montaj ishlarini bajarish;
safarbarlik zaxirasining moddiy vositalarini va favqulodda vaziyatlarda avariya-tiklash ishlarini bajarish uchun ularning zaxirasini to‘plash hamda va sifatli saqlash;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Maxsus avariya-tiklash boshqarmasini safarbarlikka jalb etish rejasini ishlab chiqish, tayyorlash va amalga oshirish;
Boshqarmani belgilangan vazifalarni bajarishga doimiy jangovar tayyorgarlik darajasida saqlash;
mobil aloqa vositalarini va O‘zbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasi boshlig‘ining mobil boshqaruv punktini belgilangan maqsadda qo‘llashga doimiy tayyor holda saqlash va ularning texnik ta’minotini modernizatsiya qilish;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tuzilmasi obyektlarini harbiylashtirilgan holda qo‘riqlash;
Boshqarma harbiy xizmatchilari va xizmatchilarini o‘quv markazi bazasida o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil qilish va keyinchalik muddatli harbiy xizmatchilarni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari orqali maxsus tuzilmalarga biriktirish;
Boshqarma shaxsiy tarkibini O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti va xalqiga, harbiy qasamyod va harbiy burchga sadoqat, Vatan tarixi va an’analarini chuqur hurmat qilish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari qoidalarini so‘zsiz bajarish, komandirlarga (boshliqlarga) ongli ravishda bo‘ysunish ruhida tarbiyalashga qaratilgan tizimli ishlarni tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda jangovar tayyorgarlik, alohida muhim va toifalarga ajratilgan aloqa obyektlarini qo‘riqlash, idoralararo o‘quv-mashg‘ulotlarda tezkor aloqani ta’minlash va boshqa maxsus vazifalarni bajarish masalalarida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilish”;
19-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“19. Boshqarmaning obyektlarni qo‘riqlovchi idoraviy qo‘riqlash bo‘linmalarining ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimining nodavlat mulk obyektlarini qo‘riqlash Boshqarma bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ushbu obyektlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi”;
25-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“25. Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlanadi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 34-son, 896-modda)