Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining
Sud amaliyoti
Jinoyat kodeksi normalari notoʻgʻri qoʻllanganligi sababli sud qarorlari oʻzgartirildi
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining 2013-yil 20-fevraldagi hukmiga koʻra, B. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi qoʻllanib, 3 yil ichki ishlar idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga:
T. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3 qismi “b, v” bandlari bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi qoʻllanib, 3 yil huquqni muhofaza qilish idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2014-yil 30-oktabrdagi ajrimi bilan sud hukmining B. va T.ga oid qismi oʻzgartirilib, B.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “v” bandi chiqarilib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, T.ning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandiga qayta kvalifikatsiya qilinib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudning hukmiga koʻra, B. tuman IIB TB tergovchisi lavozimida ishlab kelib, masʼul mansabdor shaxs boʻlgani holda, uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab, oʻzining ish yurituvidagi R.ga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha jabrlanuvchilar D. va D.dan ularga yetkazilgan moddiy zararni undirib berish evaziga 2011-yil iyun oyida tuman sudi xodimi N. orqali qiymati 8.569.0 soʻmga teng boʻlgan 5.000 AQSh dollarini pora tariqasida olganlikda.
T. MXX tuman boʻlimi katta tezkor vakili lavozimida ishlab kelib, mansabdor shaxs boʻlgani holda, boshqa mansabdor shaxs bilan til biriktirib, D. va Oʻ.ning arizasini qabul qilib, ushbu ariza yuzasidan olib borilgan tekshirishni nazoratga olganligi evaziga 2011-yil iyun oyida D.dan tumani hududida joylashgan “Fayzli nasiba” nomli kafeda N. orqali 8.569.0 soʻmga teng boʻlgan 5.000 AQSh dollarini pora tariqasida olganlikda aybdor deb topilganlar.
Birinchi instansiya sudi sudlanganlar B. va T.ning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda xatoga yoʻl qoʻygan.
Oliy sud Plenumining 1997-yil 2-maydagi “Sud hukmi toʻgʻrisidagi”gi 2-sonli qarori 10-bandida, ayblov hukmining tavsif qismi mazmuni tartibga solingan Jinoyat protsessual kodeksining 467-moddasi talabiga koʻra, agar jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan boʻlsa, hukmda jinoyatning har bir ishtirokchisi tomonidan aynan qanday jinoiy harakatlar sodir etilganligi aniq koʻrsatilishi, 11-bandida jinoyatni Jinoyat kodeksining u yoki bu moddasi, uning qismi yoki bandi bilan tavsiflash boʻyicha sudning asoslantirilgan xulosasi ayblov hukmining tavsif qismining muhim belgisi hisoblanishi, bunda aybdorning harakatlari nima uchun aynan shu modda, qism, band bilan tavsiflanayotganligi aniq koʻrsatilishi;
Oliy sud Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi “Poraxoʻrlik ishlari boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarori 9-bandida, jinoyatni sodir etishda avvaldan, yaʼni jinoyat boshlanguncha kelishib olgan ikki yoki undan ortiq mansabdor shaxs ishtirok etgan boʻlsa, pora olish bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda sodir etilgan deb hisoblanishi, jinoyat mansabdor shaxslardan loaqal biri pora olgan paytdan eʼtiboran tugallangan deb hisoblanishi, bunda pora oluvchi shaxsning pora olishda bir necha nafar mansabdor shaxslar ishtirok etayotganligini tan olgan-olmaganligining ahamiyati yoʻqligi toʻgʻrisida tushuntirish berilgan.
Ish boʻyicha qayd etilgan qonun talablariga hamda Plenum qarorlarida berilgan tushuntirishlarga rioya qilinmagan.
Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2 qismi “g” bandida, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish jinoyatini sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Ish materiallaridan koʻrinishicha, ushbu jinoyat ishi boʻyicha 3. tomonidan N.ga berilgan 10.000 AQSh dollarini B. va T.lar oldindan til biriktirgan holda pora tariqasida olishmagan, aksincha, ushbu pul mablagʻining 5.000 AQSh dollari dastlab T.ga, qolgan 5.000 AQSh dollari esa, keyinchalik B.ga berilgan boʻlib, jinoyat ishida ularning pora olish haqida oldindan oʻzaro kelishganliklarini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
Bundan tashqari bir guruh mansabdor shaxs tomonidan sodir etilgan deb topilgan ushbu jinoyatning har bir ishtirokchisi tomonidan aynan qanday jinoiy harakatlar sodir etilganligi holati dastlabki tergov organining ayblash toʻgʻrisidagi qarorida, shuningdek, sud hukmining tavsif qismida ham aniq koʻrsatilmagan.
Kassatsiya instansiyasi sudi esa, sudlanganlar B. va T.ning harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinganligi haqida asosli xulosaga kelgan bir vaziyatda, qayd etilgan holatlarga eʼtibor bermasdan ish boʻyicha birinchi instansiya sudi tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrmagan va T.ning harakatini Jinoyat kodeksining 210 moddasi 2-qismi “g” bandiga qayta kvalifikatsiya qilib, bunday xulosaga kelish sabablarini oʻz ajrimida asoslantirmagan.
Nazorat instansiyasi sudi ish boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarining B. va T.ga oid qismini oʻzgartirib, B.ning harakatlarini Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “b” bandidan shu moddaning 1-qismiga, T.ning harakatlarini 210-moddasi 2 qismi “g” bandidan shu moddaning 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilib, sodir etilgan jinoyatlar ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar turkumiga kirishini hamda jinoyatlarning tamomlangan vaqtini inobatga olib, ularni Oliy Majlis Senatining 2011-yil 5-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan jazodan ozod qildi.
Nazorat ish № 5-483-17