OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI QABUL QILINGANLIGINING OʻN TOʻQQIZ YILLIGI MUNOSABATI BILAN AMNISTIYA TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn toʻqqiz yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga muvofiq, insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasi 10-bandiga va 93-moddasi 23-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinsin (ushbu Qarorning 8-bandida koʻrsatilgan cheklashlarni hisobga olgan holda):
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlat fuqarolari.
2. Ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan yoki uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
3. Birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni oʻtashga toʻsqinlik qiladigan ogʻir kasallikka chalingan deb topilgan shaxslar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
4. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, oʻtalmay qolgan jazo muddati ikki yildan koʻp boʻlmagan, hukmi ushbu Qaror eʼlon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar (javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish jinoyatini sodir etganlar bundan mustasno) jazodan ozod qilinsin.
5. Taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan shaxslar jazodan ozod qilinsin.
6. Ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, ushbu Qaror eʼlon qilingan kunga oʻtalmay qolgan jazo muddati uch yildan kam boʻlgan shaxslar manzil-koloniyaga oʻtkazilsin.
7. Ushbu Qarorning 1 va 2-bandlarida qayd etilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi barcha ishlar tugatilsin.
8. Tatbiq etilmasin:
a) ushbu Qarorning amal qilishi — uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan; oʻta xavfli retsidivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni oʻtash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; shuningdek oʻlim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan shaxslarga;
b) ushbu Qaror 1-bandining amal qilishi — oʻta ogʻir jinoyat sodir etgan shaxslarga;
v) ushbu Qaror 1—4, 6 va 7-bandlarining amal qilishi — taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarga;
g) ushbu Qaror 4—6-bandlarining amal qilishi — muqaddam amnistiya boʻyicha jazodan ozod boʻlgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga.
9. Senatning tegishli qoʻmita va komissiyalari ushbu amnistiya akti qoʻllanilishi tartib-taomillarida jamoatchilik nazorati va ochiq-oshkoralik amalga oshirilishida deputatlar korpusining bevosita ishtirokini taʼminlasin.
10. Ushbu Qaror amalga oshirilishi yuzasidan masʼullik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu Qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2011-yil 5-dekabr,
253-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 49-son, 498-modda)