Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysini tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-apreldagi 247-sonli “Boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish, korporativ qimmatli qogʻozlarni saqlash, hisobga olish va ular harakatining yagona tizimini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligining oʻz faoliyatini xoʻjalik yuritish huquqida va xizmatlar koʻrsatishdan hamda boshqa tushumlardan olingan daromadlar hisobiga amalga oshiruvchi unitar korxona shaklidagi korporativ qimmatli qogʻozlarning Davlat markaziy depozitariysini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, quyidagilar Markaziy depozitariy faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari hisoblanadi:
chiqarilgan naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarni saqlash;
chiqarilgan va xususiylashtirish investitsiya fondlariga tegishli boʻlgan qimmatli qogʻozlarni saqlash, ular egalari reyestrini yuritish, shuningdek xususiylashtirish investitsiya fondlari tomonidan olingan davlat krediti qaytarilgunga qadar pul mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini taʼminlashda qatnashish;
davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan obyektlarning naqd qimmatli qogʻozlarini ular sotib olingunga qadar boʻlgan davrda saqlash;
naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga nisbatan davlat huquqlarini hisobga olish;
ikkinchi daraja depozitariylarning vakillik hisobvaraqlarini yuritish;
birja va birjadan tashqari savdolar qatnashchilarining qimmatli qogʻozlari savdoga qoʻyilishidan oldin ularning mavjudligini va haqiqiy ekanligini tasdiqlash;
birja va birjadan tashqari savdolarda tuzilgan bitishuvlarga muvofiq savdolar qatnashchilariga qimmatli qogʻozlar yetkazib berilishini taʼminlash;
naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlar muomalaga chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan, shuningdek qimmatli qogʻozlarning xorijiy fond bozorlaridagi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni hisobga olish;
depozitariylar tizimida qimmatli qogʻozlar harakati toʻgʻrisidagi axborotlarni jamlash va tartibga solib turish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
Markaziy depozitariy oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligiga hisobot beradi;
Keyingi tahrirga qarang.
Markaziy depozitariyning joriy faoliyatini mablagʻ bilan taʼminlash uning Ustavga muvofiq koʻrsatiladigan depozitar va boshqa xizmatlari uchun olinadigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi;
Markaziy depozitariy faoliyatiga rahbarlik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan Bosh direktor va uning oʻrinbosarlari tomonidan amalga oshiriladi;
Markaziy depozitariyning Bosh direktori lavozimiga koʻra Qimmatli qogʻozlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi huzuridagi appelyatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi aʼzosi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Markaziy depozitariyning xodimlar cheklangan soni 98 nafardan iborat boʻlgan tuzilmasi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) 1-ilovaga muvofiq, “Vaqt” milliy depozitariysi xodimlari soni doirasida tasdiqlansin.
5. “Vaqt” milliy depozitariysi aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan 1999-yil 1-yanvardagi qoldiq qiymati boʻyicha 138,0 mln soʻm miqdoridagi asosiy va aylanma mablagʻlar koʻrinishidagi aksiyadorlik jamiyati mol-mulkining bir qismi, keyinchalik Markaziy depozitariyning ustav fondiga ulush sifatida qoʻshish uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan sotib olinishi haqidagi taklif qoʻllab-quvvatlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi “Vaqt” milliy depozitariysi bilan birgalikda koʻrsatib oʻtilgan bitishuvni bir hafta muddatda belgilangan tartibda rasmiylashtirsin va oʻzaro majburiyatlar bajarilishini nazarda tutgan holda bir oy muddatda uni tugallasin.
Belgilansinki, mol-mulkning koʻrsatib oʻtilgan qismi, sarflangan summa Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan keyinchalik uch yildan oshmaydigan muddatda “Vaqt” milliy depozitariysining davlatga tegishli aksiyalarini sotish hisobiga respublika budjetiga qaytarilgan holda, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan umumiy mablagʻlar hisobiga sotib olinadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligining Markaziy depozitariy ustav fondining:
“Vaqt” milliy depozitariysining Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan sotib olingan texnikaviy va aylanma mablagʻlar koʻrinishidagi mol-mulki;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan institutsional qayta oʻzgartirishlar boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzi boʻyicha qolgan mablagʻlar hisobiga sotib olinadigan 97 ming AQSH dollari miqdoridagi dasturiy mablagʻlar hisobiga shakllantirilishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan uning ixtiyorida qoladigan mablagʻlarning bir qismini Markaziy depozitariyning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Moliya vazirligi Davlat markaziy depozitariysi Ustavini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda bir hafta muddatda tasdiqlasinlar.
9. Markaziy depozitariy oʻz faoliyatini qonun hujjatlari bilan unga yuklangan vazifalarga muvofiq uch oy muddatda tashkil etsin. Amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida shu yil avgust oyida Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
Belgilansinki, yuridik va jismoniy shaxslarning “Depo” hisobvaraqlari xizmat koʻrsatish uchun boshqa depozitariylarga oʻtkazilgunga qadar boʻlgan davrda ushbu hisobvaraqlarni yuritish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha “Vaqt” milliy depozitariysining huquq va majburiyatlarini Markaziy depozitariy oʻziga rasmiylashtirishi mumkin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Markaziy depozitariy bilan birgalikda uch oy muddatda:
depozitar hisobga olish, saqlash va depozitariylarning hisobot berishi qoidalariga rioya qilgan holda texnologiyalar, dasturiy taʼminlashning zarur darajasiga ega boʻlgan ikkinchi bosqich depozitariylari shakllantirilishini;
birja va birjadan tashqari savdolar qatnashchilarining depozitar, kliring va savdo tizimlari oʻzaro munosabatlarining amaldagi texnologiyasi va sxemasi boʻyicha oʻzaro hamkorligini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bir oy muddatda “Vaqt” milliy depozitariysida va uning filiallarida saqlanayotgan va hisobga olingan qimmatli qogʻozlarni xatlash boʻyicha komissiya tashkil etsin hamda ularni Markaziy depozitariyga oʻtkazish tartibini tasdiqlasin.
12. “Vaqt” milliy depozitariysi, uning texnologiyalari, dasturiy taʼminoti va iqtisodiy normativlari Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining normativ hujjatlari talablariga muvofiqlashtirilgan holda, ikkinchi bosqich depozitariyga aylantirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
13. Markaziy depozitariy apparati Toshkent shahar, Buxoro koʻchasidagi 10-uyga joylashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Markaziy depozitariyni belgilangan tartibda zarur telefon va kommunikativ aloqa bilan, shu jumladan uchta Hukumat aloqasi telefoni bilan taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin va ularga oʻzgartirishlar, toʻldirishlar kiritilsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 21-may,
263-son
Markaziy depozitariy
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan va oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritiladigan qarorlari
ROʻYXATI
I. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent” respublika fond birjasining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash va qiymatli qogʻozlar bozori infrastrukturasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 8-iyundagi 285-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 15-iyundagi 221-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 6-son, 21-modda) 6-bandining birinchi xatboshi.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qaroriga 2-ilova — “Xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibi”da:
1.1. 4.1-bandning yettinchi xatboshidagi “Vaqt” milliy depozitariysi” soʻzlari “Markaziy depozitariy” soʻzlari bilan almashtirilsin.
1.2. 5.1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksiyalar paketlari yuridik va jismoniy shaxslarga birjadan tashqari bozorda investitsiya, tender savdolari yoki qonun hujjatlariga muvofiq ochiq kimoshdi savdosi shartlarida qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari tomonidan shakllantiriladigan elektron savdolar tizimini tashkil etish yoʻli bilan sotiladi”;
1.3. 5.5-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Xususiylashtirilayotgan korxonalarning birjadan tashqari investitsiya, tender yoki qonun hujjatlariga muvofiq kimoshdi savdosi shartlarida qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari tomonidan tashkil etilgan elektron savdolariga qoʻyiladigan aksiyalari paketlari vakil qilingan agentning yozma topshirigʻi asosida Markaziy depozitariy tomonidan Davlat mulki qoʻmitasining “Depo” schyotida yoki uning hududiy boshqarmalari schyotida zaxiraga qoʻyiladi”;
1.4. 5.6-banddagi “Milliy depozitariy yoki boshqa” soʻzlari chiqarib tashlansin;
1.5. 10.1-bandning ikkinchi xatboshidagi “depozitariy”ga soʻzidan oldin “Markaziy” soʻzi qoʻshilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibi”ga 1-ilova – “Aksiyalarni sotishga qoʻyish huquqi uchun buyurtmanomalar tanlovini oʻtkazish qoidalari” 11-bandining ikkinchi xatboshidagi “Milliy” soʻzi “Markaziy” soʻzi bilan almashtirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Aksiyalar paketlarini joylashtirishni takomillashtirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda aksiyadorlar rolini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 18-avgustdagi 404-son qarori bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan birja va birjadan tashqari bozorlarda bitishuvlarni amalga oshirish tartibi”ga 3-ilova – “Xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarini fond birjasi orqali joylashtirishda bozor qatnashchilari oʻzaro harakatlari sxemasi”da:
sxemaning 9-bandidagi “depozitariy” soʻzidan oldin “Markaziy” soʻzi qoʻshilsin;
sxemaga tushuntirishlarning 8.8a-bandidagi “depozitariy” soʻzidan oldin “Markaziy” soʻzi qoʻshilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 6-maydagi 195-f-son farmoyishi bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston fond bozorini xalqaro sarmoya bozoriga integratsiyalash boʻyicha bosqichma-bosqich harakat qilish rejasi”da:
I bosqich uchinchi bandining uchinchi va toʻrtinchi ustunlaridagi, II bosqich toʻrtinchi bandining toʻrtinchi ustunidagi “Vaqt” milliy depozitariysiga koʻrsatmalar Markaziy depozitariyga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 15-sentabrdagi 395-son qarorida:
qarorga 1-ilovadagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi tarkibiga:
“Markaziy depozitariy bosh direktori — lavozim boʻyicha” oxirgi xatboshi qoʻshilsin;
qarorga 2-ilova — “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellyatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi toʻgʻrisida nizom”ning 8-bandidagi “7” raqami “8” raqami bilan almashtirilsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya va xususiylashtirish investitsiya fondlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 25-sentabrdagi 410-son qarori bilan tasdiqlangan 2-ilova “Investitsiya fondlari toʻgʻrisida nizom”ning 51-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Investitsiya fondi aksiyalarining har bir chiqarilishi hisobi depozitariyda yuritiladi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Investitsiya va xususiylashtirish investitsiya fondlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 25-sentabrdagi 410-son qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan “Xususiylashtirish investitsiya fondlari toʻgʻrisida nizom”ning 27, 29, 36-bandlaridagi “Vaqt” milliy depozitariysiga koʻrsatmalar Markaziy depozitariyga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 29-yanvardagi 54-f-son farmoyishiga 3-ilova 9-bandining “b” kichik bandidagi “Vaqt” milliy depozitariysi va uning filiallariga” soʻzlari “Markaziy depozitariyga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga oid tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1995-yil 15-iyundagi 221-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1995-y., 6-son, 21-modda)ga 1-ilova 9 va 10-bandlaridagi Milliy depozitariyga koʻrsatmalar Markaziy depozitariyga koʻrsatmalar bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 5-son, 27-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 40-41-son, 412-modda; 2009-y., 6-son, 51-modda; 2014-y., 31-son, 380-modda; 2015-y., 26-son, 340-modda, 39-son, 507-modda; 2017-y., 25-son, 543-modda, 38-son, 1047-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; 22.02.2021-y., 09/21/87/0134-son)