Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLAShTIRISh VA NAZORAT QILISh MARKAZINING APELLATSIYALARNI KOʻRIB ChIQISh KENGAShI TARKIBINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-oktabrdagi 221-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida” 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-son Qonuni)”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Fond bozori qatnashchilari huquqlarini himoya qilish qimmatli qogʻozlar bozoridagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtganlarida ularning lavozimlariga yangidan tayinlangan shaxslar Kengash tarkibiga kiritiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashining aʼzolarini tayinlash toʻgʻrisida” 1996-yil 13-avgustdagi 282-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. Sultonov
Toshkent sh.,
1998-yil 15-sentabr,
395-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizom “Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzurida Qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 26-martdagi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi toʻgʻrisidagi Nizom, (Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-son qaroriga 3-ilova) shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozori boʻyicha boshqa qonun hujjatlari va meʼyoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi faoliyatini tartibga soladi, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqish va Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashiga tegishli qarorlar kiritish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi — Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) muhim (meʼyoriy tusga ega boʻlgan) hujjatlari loyihalarini va Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozorida davlat siyosatining boshqa masalalarini amalga oshirish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari oʻrtasida paydo boʻladigan iqtisodiy nizolarni koʻrib chiqish yoʻli bilan qimmatli qogʻozlar bozorida munosabatlarni tartibga solish va qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kollegial organ.
Markaz — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi.
Apellatsiya — qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchisining qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining huquqqa xilof harakatlari ustidan murojaati.
Buzilish — qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining buzilishi.
Nizoni hal qilishda qatnashuvchi shaxslar — tomonlar, Kengash aʼzolari, uchinchi shaxslar, ekspertlar, maslahatchilar va boshqalar.
Tomonlar — daʼvogar va javobgar.
3. Apellatsiyalarni koʻrib chiqish Kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari meʼyorlariga, Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazining meʼyoriy hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Kengashning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari barcha jismoniy va yuridik shaxslar — qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
5. Kengash ishini tashkiliy va texnikaviy taʼminlash Markazga yuklanadi.
II. KENGAShNING VAZIFALARI
6. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
— qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
— qimmatli qogʻozlar Markazning qarorlari va koʻrsatmalariga bozor qatnashchilarining huquqqa xilof harakatlari ustidan tushgan apellatsiyalarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
(6-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-fevraldagi 70-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 3-4-son, 35-modda)
— qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining faoliyatini tartibga soluvchi buyruqlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlarning (meʼyoriy tusga ega boʻlgan) muhim loyihalarini koʻrib chiqish;
— respublikada qimmatli qogʻozlar bozorini shakllantirish, rivojlantirish, tartibga solish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy masalalarini koʻrib chiqish.
III. KENGAShNING HUQUQLARI
7. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
— Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq fond birjasida operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish va birjalarning ishlash va qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar oʻtkazish qoidalari buzilgan taqdirda kliring va operatsiyalar boʻyicha hisob-kitoblarni muayyan vaqtga toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
— Kengash qarorlarini bajarish muddatini uzaytirish;
— qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilaridan nizolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlar, maʼlumotlar va xulosalarni taqdim etishni talab qilish, ushbu maʼlumotlar bilan bevosita tanishish;
— amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishining aniqlangan hollari boʻyicha apellatsiya materiallarini huquqni muhofaza qilish organlariga berish yuzasidan Markaz boʻlinmalariga topshiriq berish;
— ariza beruvchi tomonidan koʻrsatilmagan qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarini uchinchi shaxslar sifatida jalb qilish;
— ish mohiyati boʻyicha mansabdor shaxslarni tushuntirish berish uchun chaqirish;
— nizolarni hal qilishni xolisona va oʻz vaqtida taʼminlashga yoʻnaltirilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa harakatlarni sodir etish.
IV. KENGASh AʼZOLARINI TAYINLASh VA ULARNING VAKOLATINI TOʻXTATISh TARTIBI
8. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan faoliyati moliya bozori va qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish bilan bogʻliq boʻlgan davlat organlari va tashkilotlar vakillaridan tayinlanadigan 7 kishidan iborat boʻladi;
(8-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27-fevraldagi 70-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2002-y., 3-4-son, 35-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 9-iyuldagi 307-sonli qarori bilan chiqarilgan— OʻR QHT, 2003-y., 13-son, 108-modda)
Kengash aʼzosi vakolati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaz, Kengash yoki vakili Kengash aʼzosi hisoblangan tashkilot tashabbusiga koʻra muddatidan oldin toʻxtatilishi mumkin.
Kengash aʼzosi Kengashda oʻz ishini begʻarazlik asosida amalga oshiradi.
9. Lavozimiga koʻra Markaz bosh direktori Kengash raisi hisoblanadi, u Kengash faoliyatiga rahbarlik qiladi va uning oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirishi chora-tadbirlarini koʻradi.
Kengash raisi:
— Kengash majlislarini oʻtkazadi;
— Kengash majlislarini oʻtkazish tartiboti va tartibini belgilaydi;
— Mazkur Nizomga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
V. KENGASh TOMONIDAN APELLATSIYALARNI KOʻRIB ChIQISh TARTIBI
10. Kengash tomonidan apellatsiyalar qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, tomonlarning qonun oldida tengligi prinsiplari asosida koʻrib chiqiladi.
11. Apellatsiyalar Kengash joylashgan joyda yoki ish manfaatlaridan kelib chiqqan holda Kengash ularni koʻrib chiqish maqsadga muvofiq deb hisoblaydigan boshqa joyda bir oy muddatda koʻrib chiqiladi. Zaruriyat boʻlganda Kengash ishni koʻrib chiqish muddatini uzaytirish huquqiga ega, biroq ushbu muddat bir oydan koʻp boʻlmasligi kerak.
12. Kengash apellatsiyani qabul qilar ekan ish qoʻzgʻatilganligi, ishni koʻrib chiqish kuni, soati va joyi toʻgʻrisida tomonlarni xabardor qiladi.
13. Apellatsiyalarni koʻrib chiqishda tomonlarning har qaysisi teng huquqlardan foydalanadi. Daʼvogar Kengash qaror qabul qilgunga qadar oʻz apellatsiyasini qaytarib olish, apellatsiya talabini oʻzgartirish, ishni kelishuv yoʻli bilan tugatishga haqli.
14. Quyidagi hollarda Kengash apellatsiya talabini hal qilishda daʼvogarlarga oʻz bilganicha rad javobini berishga haqli, agar:
apellatsiya:
— aynan shu tomonlar oʻrtasida aynan shu mavzu toʻgʻrisida yoki aynan shu asoslarga koʻra Kengashda yoxud sudda koʻrib chiqish mavzusi boʻlgan boʻlsa;
— Kengashda hal etishga taalluqli boʻlmasa;
— tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan boʻlsa;
— bir apellatsiyada bir necha talablar bir javobgarga yoki bir nechta javobgarga birlashtirilgan, bu talablar paydo boʻlish asoslari yoki taqdim etilgan isbotlar boʻyicha oʻzaro bogʻlanmagan boʻlsa;
— Kengash tomonidan qaror qabul qilingunga qadar ish toʻgʻrilanganligi haqida daʼvogardan ariza tushgan boʻlsa;
— uni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa holatlar boʻlsa.
15. Apellatsiya apellatsiya kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmasdan Kengash tomonidan qaytariladi.
16. Apellatsiyaning qaytarilishi kamchiliklar bartaraf qilingandan keyin umumiy tartibda u bilan Kengashga ikkinchi marta murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
17. Kengash oʻz vakolatlarini majlislarda amalga oshiradi.
Kengash majlislari yilning har choragida (navbatdagi majlislar) bir marta oʻtkaziladi.
Kengash majlisini Markaz chaqiradi.
Majlislar materiallari Kengash aʼzolariga majlisdan kamida 7 kun oldin yuboriladi.
Kengash aʼzolari yoki Kengash raisi tomonidan taklif etilgan kun tartibi masalalari Kengashning keyingi majlisida koʻrib chiqilishi shart.
Kengashning navbatdan tashqari majlislari Kengash aʼzolarining koʻpchiligi yoki Kengash raisi tashabbusi bilan ular Kengashning navbatdan tashqari majlisini chaqirish toʻgʻrisida taklif bilan Markazga murojaat etgan paytdan boshlab besh kundan kechiktirmay Markaz tomonidan chaqiriladi.
Markaz navbatdan tashqari majlisni chaqirish toʻgʻrisidagi taklif bilan murojaat olingan paytdan boshlab uch kun muddatda Kengashning navbatdan tashqari yigʻilishi chaqiriladigan joy va vaqtini belgilaydi, bu toʻgʻrida Kengash aʼzolarini xabardor qiladi.
Kengash aʼzosining majlisda qatnashish imkoniyati boʻlmagan taqdirda Kengash aʼzosi bu toʻgʻrida Markazni xabardor qiladi.
Kengash yoki Kengash raisi qaroriga koʻra majlisda taklif etilgan shaxslar qatnashishi mumkin.
18. Kengash majlisi agar unda Kengashning besh nafar aʼzosi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Kvorum toʻplanmagan taqdirda majlis Kengash raisi tomonidan belgilanadigan sanaga koʻchiriladi.
19. Majlis tomonlardan birining xohishiga koʻra yopiq boʻlishi mumkin.
20. Zarurat boʻlganda Kengash ekspertlar va maslahatchilarni, uchinchi shaxslarni taklif qilish, shuningdek apellatsiyaning toʻliq va holisona hal etilishi uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni talab qilib olish huquqiga ega.
21. Ishda qatnashuvchi shaxslar:
— ish materiallari bilan tanishish;
— ulardan koʻchirmalar olish;
— nusxalar olish;
— isbotlar taqdim etish;
— ishni muhokama qilishda qatnashish;
— tomonlarga savollar berish;
— iltimosnoma bilan murojaat qilish;
— Kengashga ogʻzaki va yozma ravishda tushuntirish berish;
— ish jarayonida paydo boʻladigan barcha masalalar yuzasidan oʻzining dalil-isbotlari va fikr-mulohazalarini taqdim etish;
— ishda qatnashuvchi boshqa shaxslarning iltimoslari, dalil-isbotlari va fikr-mulohazalariga qarshi eʼtiroz bildirish;
— mazkur Nizom bilan berilgan boshqa huquqlardan foydalanish huquqiga ega.
22. Yozma ravishdagi isbotlar Kengashga asl nusxada yoxud tasdiqlangan nusxa holida beriladi. Agar ishni koʻrib chiqish yoki qaror qabul qilish uchun hujjatning bir qismi ahamiyatga ega boʻlsa, undan tasdiqlangan koʻchirma taqdim etiladi.
23. Agar tomonlar taqdim etgan isbotlar yetarli boʻlmasa Kengash qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilaridan, ularning ishda qatnashishidan katʼi nazar, ish yuzasidan xolisona qaror qabul qilish uchun hujjatlar, maʼlumotlar va xulosalarni taqdim etishni talab qilish, ushbu materiallar bilan bevosita tanishish huquqiga ega.
24. Apellatsiyalarni koʻrib chiqish kengashi qarorlari kvorum mavjud boʻlganda — uning majlisida aʼzolarning kamida 5 tasi qatnashganda Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinishi mumkin va Kengash qarori koʻrinishida rasmiylashtiriladi.
25. Kengash qarorida:
— qaror qabul qilingan sana;
— Kengash tarkibi;
— apellatsiyani koʻrib chiqish joyi va vaqti;
— tomonlarning qatnashchilari tarkibi, ular vakillarining familiyasi va lavozimi;
— apellatsiya, ariza mohiyati va ishni koʻrib chiqishda qatnashayotgan shaxslarning tushuntirishlari;
— ishning Kengash tomonidan aniqlangan jihatlari qaror qabul qilishga asos boʻlgan dalillar, qaror qabul qilishda Kengash amal qilgan qonun hujjatlari;
— qabul qilingan qaror mazmuni;
— qabul qilingan qarorni bajarish muddatlari va tartibi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
26. Qaror Kengashning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi, Kengash aʼzolaridan birortasining qabul qilingan qarorga eʼtirozi boʻlsa, uning alohida fikri qarorga ilova qilinadi.
27. Qaror Kengash majlisida uning raisi tomonidan eʼlon qilinadi va qaror nusxasi 5 kun muddatda tomonlarga yuboriladi.
28. Tomonlardan biri uzrsiz sabablar bilan Kengash majlisiga kelmagan taqdirda apellatsiya mohiyati boʻyicha koʻrib chiqiladi, qaror unga eʼlon qilingan deb hisoblanadi.
29. Kengash tomonidan koʻrib chiqilgan ishlar uning arxivida saqlanadi.
VI. KENGASh QARORINI BAJARISh
30. Kengash qarori qarorda koʻrsatilgan tartibda va muddatlarda bajariladi. Qarorda bajarish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa, u darhol bajarilishi kerak.
31. Javobgar tomonidan qaror Kengash tomonidan belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda unga nisbatan Markaz bosh direktorining buyrugʻi asosida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq jazo choralari qoʻllaniladi.
32. Kengash qaroridan norozilik paydo boʻlganda tomonlar amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishlari mumkin.
33. Kengash qarorlarining bajarilishini Kengash raisi nazorat qiladi.