Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORIDA DEPOZITARIYLAR FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 22-iyuldagi OʻRQ-163-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Mazkur Qonunning maqsadi
Mazkur Qonunning maqsadi qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylarning korporativ qimmatli qogʻozlarga doir faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solib turishdan iborat.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
korporativ qimmatli qogʻozlar (bundan buyon matnda qimmatli qogʻozlar deb yuritiladi) — xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan naqd yoki naqd boʻlmagan holda chiqarilgan qimmatli qogʻozlar;
naqd qimmatli qogʻozlar — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pul hujjatlari shaklida tayyorlangan va muomalaga chiqarilgan qimmatli qogʻozlar;
naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlar — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda depozitariylarning hisobga olish roʻyxatlaridagi yozuv shaklida muomalaga chiqarilgan qimmatli qogʻozlar;
qimmatli qogʻozlarning hisobga olish roʻyxatlari — qimmatli qogʻozlarni depozitariyda saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olish boʻyicha depozitar operatsiyalar standartlari bilan belgilangan yozuvlar tizimi;
qimmatli qogʻozlar harakati— depozitariylarning hisobga olish roʻyxatlarida qayd qilinadigan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarning oʻtishi;
qimmatli qogʻozlar depozitariylari — (bundan buyon matnda depozitariylar deb yuritiladi) — qimmatli qogʻozlarni saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olish boʻyicha faoliyat yurituvchi qimmatli qogʻozlar bozori institutlari;
qimmatli qogʻozlarning Markaziy depozitariysi (bundan buyon matnda Markaziy depozitariy deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasi depozitariylarida qimmatli qogʻozlarni saqlash, qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olish va qimmatli qogʻozlar harakatining yagona tizimini taʼminlovchi depozitariy;
qimmatli qogʻozlar egasi — qimmatli qogʻozlar unga mulk huquqi asosida yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan shaxs;
deponent — depozitariy bilan qimmatli qogʻozlarni saqlash va uning qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqini hisobga olish haqida shartnoma tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
depo hisobvaragʻi — deponentning qimmatli qogʻozlarini saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olishga moʻljallangan depozitariyning hisobga olish roʻyxatlaridagi jami yozuvlar;
guvohnoma — depo hisobvaragʻidan koʻchirma boʻlib, deponentning tegishli huquqlarini tasdiqlaydi;
qimmatli qogʻozlar bilan depozitar operatsiyalar (bundan buyon matnda depozitar operatsiyalar deb yuritiladi) — qimmatli qogʻozlarni saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish boʻyicha depozitariylar tomonidan hisobga olish roʻyxatlarida amalga oshiriladigan operatsiyalar;
depozitar operatsiyalar standartlari — depozitar operatsiyalar oʻtkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan meʼyorlari va qoidalari;
depozitar shartnoma — depozitariy bilan deponent oʻrtasida yozma shaklda tuziladigan, qimmatli qogʻozlarni saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solib turuvchi shartnoma;
vakolatli davlat organi — qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish vakolati davlat tomonidan berilgan organ.
3-modda. Depozitariylar faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
4-modda. Depozitariylar tuzilishi
Depozitariylar jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan chet el jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan, yuridik shaxsning istalgan tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan banklar, reyestr egalari tegishli litsenziya asosida qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariy sifatida faoliyat koʻrsatishlari mumkin.
Depozitariy ustav fondining eng kam miqdori qonun hujjatlarida tegishli yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakliga nisbatan belgilangan miqdordan kam boʻlmasligi kerak.
5-modda. Depozitariylarning filiallari
Depozitariy filiallar ochish huquqiga ega boʻlib, ular depozitariyning alohida boʻlinmalari deb hisoblanadi.
Depozitariy filiali oʻz faoliyatini uni tuzgan depozitariy tasdiqlagan nizom asosida, uning rahbari esa — tegishli ishonchnoma asosida amalga oshiradi. Depozitariy filiali uni tuzgan depozitariyga berilgan litsenziyada nazarda tutilmagan depozitar xizmatlar koʻrsatishi mumkin emas.
6-modda. Depozitariylar faoliyatiga litsenziya berish
Depozitariylar Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida amalga oshiradilar. Litsenziyada ruxsat berilgan depozitar xizmatlar roʻyxati koʻrsatiladi.
Litsenziya berish, uni qaytarib olish yoxud uning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi shart.
7-modda. Depozitariyning faoliyatini tugatish
Depozitariyning faoliyatini tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Depozitariyning faoliyatini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda oʻn kunlik muddat ichida matbuotda tegishli axborot eʼlon qilinadi.
Oʻz faoliyatini tugatayotgan (tugatilayotgan) depozitariyda saqlanayotgan qimmatli qogʻozlar va hisobga olish roʻyxatlari deponentning qaroriga binoan bir haftalik muddat ichida boshqa depozitariyga oʻtkaziladi, bunday qaror mavjud boʻlmagan hollarda esa — vakolatli davlat organi tomonidan (vakolatli davlat organi bilan kelishgan holda tugatish komissiyasi tomonidan) belgilangan muddatlarda, deponentlar tomonidan tanlangan depozitariylarga keyinchalik oʻtkazish uchun — Markaziy depozitariyga oʻtkaziladi.
8-modda. Depozitariylar tizimi
Depozitariylar tizimi Oʻzbekiston Respublikasi hududida ikki bosqichli boʻlib, ular Markaziy depozitariyni va depozitariylarni oʻz ichiga oladi.
Har bir depozitariy davlat roʻyxatidan oʻtib, litsenziya olgandan soʻng vakolatli davlat organi tasdiqlagan tartibda Markaziy depozitariyda vakillik hisobvaragʻini ochishi kerak.
Depozitariylar oʻz deponentlarining Markaziy depozitariy vakillik hisobvaraqlarida jamlab hisobga olib boriladigan naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlariga boʻlgan huquqlar hisobini yuritadilar, shuningdek naqd qimmatli qogʻozlarni saqlashni amalga oshiradilar va ular boʻyicha huquqlar hisobini yuritadilar.
9-modda. Markaziy depozitariy
Markaziy depozitariy qonun hujjatlariga muvofiq davlat unitar korxonasi sifatida tuziladi.
Markaziy depozitariy oʻz faoliyatini xizmat koʻrsatishdan olingan daromadlar va boshqa tushumlar hisobiga amalga oshiradi.
Markaziy depozitariy xizmatlari uchun olinadigan tariflar miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
10-modda. Markaziy depozitariyning mutlaq vazifalari
Markaziy depozitariy mutlaq vazifalari quyidagilardan iborat:
Oldingi tahrirga qarang.
naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarni saqlash;
(10-modda ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan obyektlarning naqd qimmatli qogʻozlarini ular sotib olingunga qadar boʻlgan davrda saqlash;
naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga nisbatan davlat huquqlarini hisobga olish;
depozitariylarning vakillik hisobvaraqlarini yuritish;
birja va birjadan tashqari savdolar qatnashchilarining qimmatli qogʻozlari savdolarga qoʻyilishidan oldin ular borligini va haqiqiy ekanligini tasdiqlash;
savdolarda tuzilgan bitimlarga muvofiq birja va birjadan tashqari savdolar qatnashchilariga qimmatli qogʻozlar yetkazib berilishini taʼminlash;
naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlar muomalaga chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida norezidentlar tomonidan, shuningdek qimmatli qogʻozlarning xorijiy fond bozorlarida Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni hisobga olish;
depozitariylar tizimida qimmatli qogʻozlar harakati toʻgʻrisidagi axborotlarni jamlash va tartibga solib turish.
11-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish
Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariylar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Depozitar operatsiyalar standartlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va depozitariylar ularga rioya etishini nazorat qilish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Depozitariylar vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartib va muddatlarda depozitar operatsiyalarga oid hujjatlarni oʻz arxivlarida saqlashga majburlar.
12-modda. Depozitar xizmatlar
Depozitariylar oʻz faoliyatlarini amalga oshirish chogʻida depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq quyidagi xizmat turlarini koʻrsatadilar:
qimmatli qogʻozlarni saqlash;
naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqni hisobga olish va tegishli guvohnoma berish yoʻli bilan buni tasdiqlash;
qimmatli qogʻozlar zimmasiga majburiyatlar yuklangan holatlarni, shuningdek ular tugatilgan holatlarni hisobga olish.
13-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida depozitariy faoliyatini faoliyatning boshqa turlari bilan qoʻshib olib borish
Qimmatli qogʻozlarni saqlaydigan depozitariy qimmatli qogʻozlar egasining topshirigʻi asosida qimmatli qogʻozlar egalari reyestrida qimmatli qogʻozning nominal egasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
Depozitariy oʻz faoliyatini qimmatli qogʻozlar egalari reyestrini yuritish faoliyati bilan qoʻshib olib berishi mumkin, bunda u qimmatli qogʻozlarning nominal egasi hisoblanmaydi.
Depozitariy oʻz faoliyatini qimmatli qogʻozlar bozorida boshqa faoliyat turlari bilan qoʻshib olib borishi mumkin emas, qimmatli qogʻozning nominal egasi sifatidagi faoliyat, shuningdek qimmatli qogʻozlar egalari reyestrini yuritish faoliyati bundan mustasno.
14-modda. Depozitariylar tizimida qimmatli qogʻozlar harakati
Vakolatli davlat organi barcha qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini tasdiqlovchi hujjatlar aslining bir nusxasini Markaziy depozitariyga berilishini taʼminlaydi. Markaziy depozitariy depozitar operatsiyalar boʻyicha belgilangan standartlarga muvofiq hisobga olish roʻyxatlarini toʻldirish yoʻli bilan qimmatli qogʻozlarning hisobga olinishini amalga oshiradi.
Depozitariylar tizimida qimmatli qogʻozlar harakati ushbu Qonunning 8-moddasiga muvofiq vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan tartibda amalga oshiriladi.
15-modda. Deponentning huquqlari
Deponent quyidagi huquqlarga egadir:
depozitariydagi oʻzining depo hisobvaragʻida boʻlgan qimmatli qogʻozlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartib va doirada tasarruf etish. Deponentda depozitariyda hisobga olinadigan qimmatli qogʻozlarni tasarruf etish huquqi qimmatli qogʻozlar uning depo hisobvaragʻiga kiritilgan paytdan eʼtiboran vujudga keladi;
depozitariyga oʻz depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriq berish (uchinchi shaxslar oldida zimmasiga majburiyatlar yuklangan qimmatli qogʻozlarni ularga yuklangan majburiyatlar tugaganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmay turib oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyish bundan mustasno), soʻrov kiritish, topshiriqlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi hisobotni talab qilish;
oʻziga tegishli naqd qimmatli qogʻozlarni saqlash va istalgan depozitariyga naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarga nisbatan mulk egaligi huquqini hamda boshqa ashyoviy huquqlarni hisobga olishni topshirish;
depozitar shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilgunga qadar depozitariyda qimmatli qogʻozlarni saqlash va hisobga olish qoidalari bilan tanishish;
depozitar shartnoma shartlariga muvofiq oʻz depo hisobvaragʻining holati haqida guvohnoma olish va oʻzining depo hisobvaragʻi boʻyicha depozitariy tomonidan oʻtkazilgan operatsiyalar toʻgʻrisida hisobot olish.
Deponent qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
16-modda. Deponentning majburiyatlari
Deponent quyidagilarga majburdir:
oʻzining vakolatli shaxsining vakolati tugatilishi yoki oʻzgarishi toʻgʻrisida depozitariyni xabardor qilish;
oʻz rekvizitlaridagi barcha oʻzgarishlar haqida depozitariyga xabar berish;
depozitariyning yozma xabarlari toʻgʻriligini va toʻlaligini tekshirish, agar noaniqliklar borligi aniqlanadigan boʻlsa, ular haqida depozitariyni oʻz vaqtida xabardor qilish.
Deponent qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17-modda. Depozitariyning huquqlari
Depozitariy quyidagi huquqlarga egadir:
belgilangan tartibda naqd qimmatli qogʻozlarning haqiqiyligini tekshirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda naqd qimmatli qogʻozlarni inkassatsiya qilish va tashish;
deponentlarning topshirigʻiga binoan ularga tegishli qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarni oʻtkazish.
Depozitariy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham egadir.
Depozitariy quyidagilarga haqli emas:
oʻziga saqlash uchun berilgan mulkdan qimmatli qogʻozlar sifatida foydalanish yoki depo hisobvaraqlaridan deponentning ruxsatisiz qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquq hisobini yuritish;
qimmatli qogʻozlar bilan oldi-sotdi, vositachilik, topshiriq, hadya, ayirboshlash shartnomalarini va boshqa turdagi bitimlarni tuzish, depozitariyning oʻzi chiqargan qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar bundan mustasno.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Markaziy depozitariy quyidagilarga ham haqli emas:
aksiyadorlar reyestrini yuritish;
boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish;
boshqa yuridik shaxslarning ustav jamgʻarmasida qatnashish.
18-modda. Depozitariyning majburiyatlari
Depozitariy quyidagilarga majburdir:
oʻziga saqlash uchun topshirilgan naqd va naqd boʻlmagan qimmatli qogʻozlarning saqlanishini taʼminlash;
har bir deponentga tegishli qimmatli qogʻozlarning turlari, soni va nominal qiymatini hisobga olib borish;
qimmatli qogʻozlar zimmasiga majburiyatlar yuklatilgan hollar va ular tugatilgan hollar hisobini yuritish;
deponentlarning yozma topshiriqlari asosida deponentlarga emitentdan yoki reyestr egasidan olingan aksiyadorlar yigʻilishi, dividendlar toʻlanishi va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi axborotni yetkazish;
Oldingi tahrirga qarang.
deponentlar hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni faqat deponentlarning yoki ular ishonchli vakillarining belgilangan shakldagi topshiriqlari asosida amalga oshirish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
(18-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
depo hisobvaraqlari holatiga oʻzgartishlar kiritishga asos hisoblanuvchi barcha birlamchi hujjatlarni saqlash;
deponentning qimmatli qogʻozlarga mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarini tegishli guvohnoma berish bilan tasdiqlash;
depo hisobvaragʻining holati va undagi oʻzgartishlar toʻgʻrisidagi axborotning maxfiyligini taʼminlash, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
depo hisobvaragʻi boʻyicha operatsiyalarni vakolatli davlat organi, monopoliyaga qarshi kurash davlat organi, shuningdek sud va huquqni muhofaza qilish organlarining qarorlari asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tugatish;
vakolatli davlat organining talabiga binoan oʻzining faoliyatiga taalluqli maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilab qoʻyilgan doirada taqdim etish.
Depozitariy qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
19-modda. Depozitariylarda qimmatli qogʻozlar saqlanishining kafolati
Depozitariylarda qimmatli qogʻozlarning saqlanishi ularni qimmatli qogʻozlarni saqlashga doir talablarga javob beradigan qimmatli qogʻozlarni saqlash joylarida saqlash va hisobga olish roʻyxatlarini depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq holda yuritish orqali taʼminlanadi.
Markaziy depozitariyda saqlanayotgan va hisobga olinayotgan qimmatli qogʻozlarning saqlanishi, shuningdek Markaziy depozitariyning maʼlumotlari majmuida qoʻshimcha saqlab turilishi, texnik tizimlarda uzilish yuz berganda va kutilmagan vaziyatlar vujudga kelganda Markaziy depozitariy maʼlumotlari majmuini tezkor tiklash orqali taʼminlanadi.
Vakolatli davlat organi qimmatli qogʻozlarning Depozitariylarda saqlanishi va ularga boʻlgan huquq hisobi yuritilishi ishonchliligini taʼminlashga doir qoʻshimcha talablarni belgilashi mumkin.
20-modda. Axborotning maxfiyligi
Depozitariylar depo hisobvaraqlaridagi operatsiyalarining maxfiyligini kafolatlaydi. Depozitariylarning barcha xizmatchilari depo hisobvaraqlaridagi operatsiyalarni sir tutishlari shart.
Depozitariyning deponentlari toʻgʻrisidagi, depo hisobvaraqlarining holati haqidagi, depo hisobvaraqlarida amalga oshirilgan operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ularni oʻtkazish chogʻida depozitariyga ularni maxfiy saqlash zarurligi yozma ravishda koʻrsatilgan boshqa maʼlumotlar maxfiy axborot hisoblanadi va qonun bilan qoʻriqlanadi.
Jismoniy shaxslarning depozitar operatsiyalari hamda depo hisobvaraqlari boʻyicha maʼlumotnomalar qimmatli qogʻozlar egalarining oʻzlariga yoki nominal egalariga hamda ularning qonuniy vakillariga beriladi, shuningdek sudlarga, surishtiruv va tergov organlariga ular ixtiyoridagi ishlar yuzasidan, deponentlarning depo hisobvaraqlarida boʻlgan qimmatli qogʻozlari xatlanishi, undiruvga qaratilishi yoki musodara qilish qoʻllanilishi mumkin boʻlgan hollarda beriladi.
Depozitar operatsiyalar va depo hisobvaraqlari yuzasidan maʼlumotnomalar ularning egalari vafot etgan taqdirda merosxoʻrlariga yoki depo hisobvaragʻi egasi tomonidan koʻrsatilgan shaxslarga, meros ishlarini koʻrib chiqayotgan notarial idoralarga, chet el fuqarolari masalasida esa — chet el konsullik muassasalariga beriladi.
Yuridik shaxslarning depozitar operatsiyalari hamda depo hisobvaraqlari yuzasidan maʼlumotnomalar yuridik shaxslarning oʻzlariga, prokurorga, sudlarga beriladi, surishtiruv va tergov organlariga esa — qoʻzgʻatilgan jinoiy ish mavjud boʻlgan hollarda beriladi.
Maxfiy axborotni oshkora etganliklari uchun bunday axborotdan xabardor boʻlgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
21-modda. Depozitariyning javobgarligi
Depozitariy quyidagi hollarda oʻz deponentlari oldida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir:
depo hisobvaraqlarida qimmatli qogʻozlar egalari va ularga tegishli qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi yozuvlar yoʻqotilganda. Depozitariy oʻz hisobidan yoʻqotilgan yozuvlarni tiklaydi;
deponentlarning naqd qimmatli qogʻozlari depozitariyning saqlash joylarida tegishlicha saqlanmaganligi oqibatida ular yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelganda. Depozitariy koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlarni tayyorlashga ketadigan xarajatlarni qoplaydi yoki oʻz hisobidan yangilarini tayyorlaydi;
qimmatli qogʻozlar chiqarilganligini tasdiqlaydigan hujjatlarni va hisobga olish roʻyxatlaridagi yozuvlarni lozim darajada saqlamaganda va bu ularning yoʻqolishi yoki yaroqsiz holga kelishiga sabab boʻlganda. Depozitariy oʻz hisobidan koʻrsatilgan hujjatlarni va qimmatli qogʻozlarning hisobga olish roʻyxatlarini tiklaydi;
deponentlarga tegishli qimmatli qogʻozlarga egalik huquqi oʻz vaqtida va lozim darajada hisobga olinmaganda. Deponent koʻrsatilgan xizmatlar uchun Depozitariy shartnomasida belgilangan miqdorda toʻlovlarni kamaytirish huquqiga ega;
uning harakati yoki harakatsizligi deponent oʻziga tegishli qimmatli qogʻozlar bilan bogʻliq huquqlarini amalga oshira olmasligiga olib kelganda. Depozitariy deponentga zararni, shu jumladan boy berilgan foydani toʻla hajmda toʻlaydi;
depozitar shartnoma shartlarini buzganda.
22-modda. Nizolarni hal etish
Depozitariy bilan deponent oʻrtasidagi nizolar sud tartibida yoki taraflarning kelishuviga muvofiq, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, xakamlar muhokamasida hal etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 29-avgust,
672-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 172-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda)