Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2005-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2005-yildagi faoliyati haqidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, shuni qayd etadiki, respublika prokuratura organlari oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning manfaatlarini, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, qonunbuzarliklarga chek qoʻyish va ularning oldini olish sohasida ish olib bormoqda.
Umuman prokuratura organlari 2005-yilning oʻtgan davrida amalga oshirgan ishlar davlatimiz rahbari I. Karimovning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisidagi “Bizning bosh maqsadimiz – jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etishdir” degan maʼruzasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqadigan vazifalarni bajarishga qaratildi.
Iqtisodiyotni, qonunlarni erkinlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga doir Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijrosi nazorat qilinishini taʼminlashga alohida eʼtibor berildi.
Aniqlangan qonunbuzarlik hollarini bartaraf etish uchun 259 mingdan ziyod prokuror nazorati hujjatlari chiqarildi. Ularni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 122 ming nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlik choralari koʻrildi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab, sudlarga 95 mlrd soʻmlikdan ortiq daʼvo arizalari kiritildi.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va, xususan, ish haqi, pensiya va nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlashga, kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam berishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosi muntazam nazorat qilib borildi. Bu sohada Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini buzish hollariga chek qoʻyish choralari koʻrilib, aybdorlarni javobgarlikka tortish muqarrarligi prinsipi taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining qishloq xoʻjaligi sohasida ijro etilishini nazorat qilish jarayonida jami 26 ming gektardan ortiq yer maydonlaridan qonunga xilof va nooʻrin foydalanish hollari aniqlanib, ularni xoʻjaliklar ixtiyoriga qaytarish choralari koʻrildi.
Respublika boʻyicha 153 nafar mansabdor shaxs (shu jumladan, davlat boshqaruvi organlarining 113 nafar xodimi) tomonidan xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilish hollari aniqlandi. Bu shaxslar yer uchastkalarini qonunga xilof ravishda egallab olganlar, tanish-bilish va yaqin kishilariga ajratib berganlar, ularga homiylik qilganlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti tomonidan iqtisodiyot sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlash yuzasidan bir qancha tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 2005-yilda 47 mlrd. soʻmdan ortiq budjetga qoʻshimcha hisoblangan soliq va jarimalar undirildi, oʻtkazilgan profilaktika tadbirlari vositasida 9,4 mlrd soʻmning ixtiyoriy ravishda qoplanishi taʼminlandi, 4,3 mln AQSh dollari noqonuniy muomalada yurganligi aniqlandi, qonunga xilof tarzda respublika hududiga olib kirilgan 4,8 mlrd soʻmlik tovar-moddiy boyliklar olib qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya bilan yaqindan hamkorlikda voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish yuzasidan amalga oshirilgan tadbirlarda asosiy eʼtibor oʻsmirlarni ijtimoiy himoya qilish, oʻqitish va tarbiyalashga, ayniqsa, ularning mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar va boshqa taʼlim muassasalaridagi yashash va oʻqish sharoitlarini oʻrganishga qaratildi.
Surishtiruv va dastlabki tergovning sifatini yaxshilash, tergov muddatlariga qatʼiy rioya etish, ehtiyot choralarini toʻgʻri tanlash, jazoning muqarrarligini taʼminlash choralari koʻrildi. Jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 61 mlrd soʻmlikdan ortiq moddiy zarar undirib olindi. Shu bilan birga aniqlangan moddiy zararning 27 foizi undirilmay qoldi.
Hisobot davrida prokurorlarning ishlarni sudda koʻrishda ishtirok etishi, shuningdek noqonuniy sud qarorlariga protest kiritishi ancha koʻpaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining oʻn uch yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi Qarori ogʻishmay ijro etilishini taʼminlash choralari koʻrildi.
Hisobot davrida “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablari doirasida prokuratura organlariga tushgan jami 79 mingta ariza va shikoyatning 37 mingdan ortigʻi bevosita prokuratura organlarida koʻrib chiqilib, hal qilindi.
Prokuratura organlarida 64 ming nafardan ortiq fuqaro qabul qilinib, ularning buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrildi. Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ijrosini tekshirish natijalari boʻyicha inson huquqlarini buzish hollarini bartaraf etish, bu borada tegishli jamoat birlashmalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirish choralari koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 29-avgustdagi 466–I-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturiga muvofiq jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholi orasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini targʻib etish va tushuntirish ishlarini olib borishga ham katta eʼtibor berildi. Ana shu maqsadda ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan keng foydalanildi.
Shu bilan bir qatorda hisobot davrida prokuratura organlari faoliyatida ayrim kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, aholini ijtimoiy himoyalashni, ish bilan taʼminlashni, tadbirkorlik qoʻllab-quvvatlanishini, uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasida islohotlar amalga oshirilishini taʼminlashi, shuningdek gaz va elektr energiyasidan qonunsiz foydalanish, tijorat banklari mijozlarning huquqlarini, ayniqsa ularning naqd pul mablagʻlarini oʻz vaqtida olish huquqlarini buzish hollarining oldini olishi kerak boʻlgan organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining bajarilishi talab darajasida nazorat qilinmayotir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 11-martdagi “Qishloq xoʻjaligida islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan qonunlar ijrosini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–3406-sonli Farmoni talablari bajarilishini taʼminlashda kamchiliklar mavjud.
Qishloq xoʻjaligi sohasida qonuniylikni mustahkamlash, jumladan, dehqon va fermyerlarni huquqiy himoya qilish mexanizmining toʻgʻri ishlashiga xalaqit berayotgan toʻsiqlarni bartaraf etish masalalariga yetarli eʼtibor berilmayotir. Shirkatlarni fermer xoʻjaliklariga aylantirish jarayonida dehqon va fermer xoʻjaliklariga yer maydonlari ajratishda yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzarliklarga chek qoʻyish borasidagi prokuror nazorati hamma vaqt ham kutilgan samarani bermayapti.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti faoliyatida jiddiy kamchiliklar mavjud. Departament yashirin iqtisodiyotga va bu sohadagi jinoyatlarga qarshi kurashda operativ imkoniyatlardan toʻla-toʻkis foydalanmayotir.
Voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq qator muammolar hal qilinishi kerak.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, ayniqsa, narkotrafik, terrorizm kabi transmilliy jinoyatlarga va uyushgan jinoyatchilikning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishda ayrim kamchiliklar bor. Profilaktika ishlarida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash sohasida jamoatchilik imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotir, jamoat birlashmalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yetarli emas.
Jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi organlar faoliyatida jinoyatlarni hisobdan yashirish kabi salbiy holatlarga barham berish yuzasidan hamma vaqt ham qatʼiy choralar koʻrilayotgani yoʻq.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idora va tashkilotlarning faoliyatida “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi ustidan nazoratni taʼminlashda, ularning rahbarlarida bu ishning ahvoli uchun masʼuliyatni oshirishda kamchiliklar mavjud.
Prokuratura organlarida kadrlarni tanlash, masʼul lavozimlarga tayinlash va ularning professional javobgarligini kuchaytirish sohasida zarur darajada ish olib borilmayotir, shuningdek prokuratura organlari ixtiyoridagi ilmiy salohiyatdan yetarli foydalanilmayotir.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori R. Qodirovning Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarining 2005-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2005-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2006-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevralda boʻlib oʻtgan yigʻilishidagi maʼruzasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2006-yil 24-fevralda oʻtkazilgan beshinchi yalpi majlisidagi “Mamlakatimiz taraqqiyotining qonuniy asoslarini mustahkamlash – faoliyatimiz mezoni boʻlishi darkor” nutqida bayon etilgan asosiy qoidalar prokuratura organlari faoliyatining ustuvor vazifalari qilib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamma yerda bir xil va ogʻishmay bajarilishini nazorat qilishning taʼsirchanligini oshirish va qonun ustuvorligini taʼminlash choralarini koʻrish;
aholini ijtimoiy himoyalashni va ish bilan taʼminlashni, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashni, tijorat banklari tomonidan mijozlarga xizmat koʻrsatishda, ayniqsa, naqd pul mablagʻlarini oʻz vaqtida berishda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosi ustidan muntazam nazoratni amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligida qonuniylikni mustahkamlash, dehqon va fermyerlarni huquqiy himoya qilish mexanizmlarining samarali ishlashiga xalaqit berayotgan toʻsiqlarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
uy-joy-kommunal xoʻjaligi sohasini isloh qilish, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga yordam berish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning gaz, elektr energiyasidan foydalanishini tartibga solishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish;
jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, ayniqsa, narkotrafik, terrorizm kabi transmilliy jinoyatlarga va uyushgan jinoyatchilikning boshqa koʻrinishlariga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarini yanada kuchaytirish, jamoat birlashmalari va xalqaro tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik oʻrnatish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti ishida jinoyatlarni aniqlash hamda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda tezkor imkoniyatlardan foydalanishni kuchaytirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya bilan hamkorlikda voyaga yetmaganlarning huquqlarini himoya qilish haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijrosi yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
“Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining vazirliklar, idora va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, ular rahbarlarining masʼuliyatini oshirish;
prokuratura organlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish tizimini takomillashtirish, prokuratura organlari xodimlarining professional masʼuliyatini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor berish topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori ushbu qarorning bajarilishi haqida 2006-yil 1-noyabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot bersin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2006-yil 10-iyun,
194-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 6-son, 326-modda)