Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
JAMIYATDA HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRISh MILLIY DASTURI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
yuridik oʻquv yurtlarining moddiy-texnika va moliya bazasini mustahkamlash, yuridik adabiyot nashr etishga davlat madadini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
aholining, huquqiy muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, mansabdor shaxslar va mutaxassislarning huquqiy madaniyatini oshirish, advokatlar byurolari, hayʼatlari va firmalarini, shuningdek yuristlarning maslahat berish va maʼrifat ishlari bilan shugʻullanuvchi turli jamoat birlashmalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar muvofiqlashtirilishini taʼminlasin;
yuristlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirsin;
qonun hujjatlarini fuqarolarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, sudlar, adliya organlari, jamoat birlashmalari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga oʻz vaqtida yetkazsin;
aholiga advokatlik va notarial xizmati koʻrsatishni, ayniqsa qishloq joylarda kengaytirish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
maktabgacha tarbiya muassasalari, umumiy oʻrta maktablar, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida va oliy oʻquv yurtlarida huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiya boʻyicha oʻquv dasturlari hamda uslubiy tavsiyanomalar ishlab chiqilishini taʼminlasinlar;
taʼlim muassasalarida adliya, prokuratura, ichki ishlar organlari xodimlari, boshqa mutaxassislar ishtirokida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilishini tashkil etsinlar;
yuridik fanlari testlar va davlat imtihonlari tizimiga kiritish masalasini koʻrib chiqsinlar;
pedagoglar va tarbiyachilarning huquqiy madaniyatini oshirish uchun taʼsirchan choralar koʻrsinlar;
yuridik oʻquv yurtlariga chet eldagi oʻquv markazlari, taniqli huquqshunos olimlar bilan aloqa bogʻlashda yordam bersinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi:
ilmiy, ilmiy-ommabop va yuridik maʼlumotnoma adabiyotlar nashr etishni koʻpaytirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda yuridik adabiyot nashr etish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va chop etilayotgan adabiyotlarning sifatini oshirish maqsadida olimlar, amaliyotchilar va mutaxassislar ishtirokida tahririyat-noshirlik ishlari kengashi tuzsin.
6. Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
qabul qilayotgan hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga mos boʻlishini taʼminlasinlar;
muhim qarorlarni aholining keng qatlamlari muhokamasiga havola etsinlar;
huquqiy taʼlimni va huquqiy tarbiyani turli ijtimoiy guruhlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda tashkil etsinlar, bu ish tegishli tartibda viloyat, shahar va tumanlarda muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
7. Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlarini tushuntirishga va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan eshittirishlar va maqolalar sifatini oshirsin.
8. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga — huquqiy tarbiya hamda aholining huquqiy madaniyatini oshirish muammolariga ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish;
sudlarga — odil sudlov madaniyatini va uning tarbiyaviy rolini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ishlarni jamoatchilikni jalb qilgan holda koʻrishni koʻproq amaliyotga kiritish;
jamoat birlashmalariga, shu jumladan jamgʻarmalar, ittifoqlar va uyushmalarga, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga — huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiyaning turli shakllaridan samarali foydalanish, aholining turli ijtimoiy guruhlariga huquqiy yordam olishda koʻmaklashish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-avgust,
466-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 29-avgust 466-I-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish
MILLIY DASTURI
Oʻzbekiston demokratik huquqiy davlatni qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yoʻlidan dadil borib, jahon hamjamiyatida mustahkam oʻrin egallamokda. Barqarorlik va tartib, millatlararo totuvlik va fuqarolar ahilligi tufayli yosh davlatimiz ishonch va hurmatga sazovor boʻlmoqda.
Mamlakatimizda iqtisodiyot, siyosat, davlat qurilishi, huquqiy tizim va jamiyatni maʼnaviy oʻzgartirish sohasida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazilmoqda. Oʻtkazilayotgan islohotlarning qonuniy zamini yaratildi. Ijtimoiy-siyosiy hayotning huquqiy asoslari izchillik bilan mustahkamlanmoqda va takomillashtirilmoqda.
Vatanimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan xalqning huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyati darajasiga bogʻlikdir. Shaxsning siyosiy faolligi, uning chinakam fuqaroviy munosabati, demokratik islohotlarga intiluvchanligi belgilangan maqsadlarga tezroq erishishning muhim omilidir.
Yuksak huquqiy madaniyat demokratik jamiyat poydevori hamda huquqiy tizim yetukligining ifodasidir. U jamiyatdagi turli xil hayotiy jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatuvchi, fuqarolarning, barcha ijtimoiy guruhlarning jipslashuviga koʻmaklashuvchi, jamiyatning yaxlitligi hamda batartibligini taʼminlovchi va mustahkamlovchi omildir. Qonunni hurmat qilish huquqiy jamiyatning, siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat koʻrsatishining asosiy talablaridan biri hisoblanadi.
Huquqiy madaniyat — umumiy madaniyatning ajralmas tarkibiy qismi. Insonlar ongida shunday ishonch qaror topishi kerakki, huquqiy bilimlarga ega boʻlgan va ularni amaliyotda tatbiq eta oladigan kishigina madaniyatli va bilimli deb hisoblanishi mumkin.
Jamiyat va davlat taraqqiyotining hozirgi holati huquqiy munosabatlar barcha ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligini har tomonlama oshirishni talab qilmoqda. Huquqiy madaniyat huquqiy bilim, huquqiy eʼtiqod va izchil amaliy faoliyat majmui sifatida jamiyat va davlat oldida turgan vazifalarning muvaffaqiyatli hal etilishini taʼminlaydi.
Mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, ijtimoiy hayotni demokratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish va huquqiy davlat asoslarini shakllantirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ushbu Milliy dastur qabul qilinmoqda.
UMUMIY QOIDALAR
Milliy dasturning maqsadi aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonlikka erishishlari, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega boʻlishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qoʻllay olishlari uchun huquqiy madaniyatni shakllantirishning keng qamrovli muntazam tizimini yaratishdir.
Koʻrsatilgan maqsadga erishishda asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiya tizimini takomillashtirish;
barcha davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning qonunga hamda huquqqa hurmat bilan munosabatda boʻlishiga erishish;
aholining huquqiy savodxonligini oshirish; fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini taʼminlash.
Huquqiy madaniyatni shakllantirish va yuksaltirish sohasidagi davlat siyosati quyidagi prinsiplarga asoslanadi: inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi; Konstitutsiya va qonunning ustunligi; demokratiyaga asoslanganlik; ijtimoiy adolat; ilmiylik; uzluksizlik; huquqiy tarbiyadagi vorislik hamda umumiylik; huquqiy axborotning hamma uchun ochiqligi; huquqiy tarbiya va huquqiy maorifning birligi hamda ularga tabaqalashtirilgan yondashuv.
Yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish boʻyicha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
fuqaro, jamiyat va davlatning oʻzaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati hamda ijtimoiy faolligi yuksalishini taʼminlash;
aholining huquqiy madaniyatini shakllantirishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish;
aholini huquqiy axborot bilan taʼminlash, ilmiy-ommabop yuridik adabiyotlar nashr qilinishi va tarqatilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiya vositalari va usullarini takomillashtirish;
yuridik taʼlim, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimini rivojlantirish;
huquqiy madaniyatning ilmiy asoslarini tadqiq etishni ragʻbatlantirish, ijtimoiy-huquqiy tadqiqotlarni tashkil etish;
milliy anʼanalar hamda jahon tajribasidan foydalanish asosida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini shakllantirish.
Aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish boʻyicha davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirish, bir tomondan, jamiyatning har bir aʼzosi huquqiy bilimlarning muayyan darajasini oʻzlashtirib olishi uchun zarur boʻlgan shart-sharoit yaratishni, ikkinchi tomondan — turli ijtimoiy guruhlarning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda huquqiy maorifni tabaqalashtirishni nazarda tutadi.
FUQARO, JAMIYAT VA DAVLATNING OʻZARO MUNOSABATLARIDA AHOLINING HUQUQIY MADANIYATI VA IJTIMOIY FAOLLIGINI YUKSALTIRISh
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi shaxs va davlat oʻzaro masʼulligining huquqiy asoslarini mustahkamlab qoʻygan. “Inson — davlat” munosabatlarida ustuvorlik insonga tegishli. Davlat hokimiyati organlarining faoliyati inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishga qaratilishi lozim.
Inson huquqlari — insonparvar demokratik huquqiy ongning oʻzagidir. Huquqiy ong darajasi — bu odamlarning huquqlardan shunchaki xabardorligi, qonunlarni bilishigina emas. Bu, eng avvalo, qonunlarga rioya etish va ularni bajarishga tayyorlik, qonunga itoatkorlik, huquqni va odil sudlovni hurmat qilishdir.
Mukammal qonun hujjatlari huquqiy madaniyatni yuksaltirishning muhim sharti, huquqiy davlat qaror topishining zaruriy belgisi hisoblanadi. Mamlakatimiz qonun hujjatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro normalar va standartlarga izchillik bilan muvofiqlashtirib borish zarur. Qonunlar hayotiy, amaliyot bilan uzviy bogʻliq boʻlishi va undan kelib chiqishi lozim. Bunda qonunlar toʻgʻridan toʻgʻri amal qilish kuchiga ega boʻlishi kerak. Ijro etuvchi organlar qonun osti hujjatlarini qonunlarga qoʻshimcha kiritish sifatida emas, balki ularning ijrosini taʼminlash uchungina qabul qilishlari mumkin.
Demokratik islohotlarni monand huquqiy taʼminlashning eng muhim sharti qonunchilikning izchil boʻlishidir. Qonunlar oʻzaro qatʼiy muvofiqlashishi, Konstitutsiyaga asoslanishi, milliy huquqiy tizimning rivojlanishiga koʻmaklashishi lozim.
Qonunchilik tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda qonunlarning hayotga aniq va izchil tatbiq etilishiga, ularga qatʼiy hamda ogʻishmay rioya qilinishiga erishish zarur. Hech bir davlat organi, mansabdor shaxs va inson qonunga boʻysunish majburiyatidan ozod qilinishi mumkin emas.
Davlat tomonidan hamda jamoatchilik tuzilmalari faoliyatini kuchaytirish orqali qonunlarni roʻyobga chiqarishning taʼsirchan mexanizmini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi ustidan boshqaruv hamda nazoratning yangi samarali vositalarini shakllantirish zarur.
Qonunchilikda ichki uygʻunlikning mavjudligi, turli huquqiy hujjatlar oʻrtasida ziddiyatning yoʻqligi, qonunlarga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlovchi taʼsirchan mexanizmlar yaratilganligi fuqarolarni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, har kimda qonunga hurmat tuygʻusini shakllantirish uchun zarurdir.
Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni, birinchi navbatda, sud orqali himoya qilishni taʼminlash Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Har bir kishining qonuniylik va adolat tantana qilishiga boʻlgan qatʼiy ishonchi shunga asoslanishi kerakki, qonunni buzgan shaxs jazosiz qolmaydi va har kim buzilgan huquqi tiklanishini hamda unga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Aholi huquqiy madaniyat darajasining oshirilishi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati xodimlarining bilimdonligiga koʻp jihatdan bogʻliq.
Fuqarolik jamiyatining huquqiy madaniyat darajasi jamoat birlashmalari, jamgʻarmalar, ittifoqlar, uyushmalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining keng tarmogʻi mavjudligi hamda bu demokratik tuzilmalarning muayyan shaxs va jamiyatning huquqlarini taʼminlashdagi ijtimoiy faolligi bilan belgilanadi.
Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda kasaba uyushmalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari muhim oʻrin tutadi. Ular huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiyaning turli shakllaridan yanada samarali foydalanishlari, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy faolligini kuchaytirishga katta hissa qoʻshishlari lozim.
Jamoat birlashmalari aholining turli ijtimoiy guruhlariga tegishlicha huquqiy yordam koʻrsatishga, jamoatchilik yuridik maslahatxonalari tashkil etishga, inson huquqlari, ijtimoiy masalalar, pensiya taʼminoti, nikoh-oila munosabatlari boʻyicha qonunlar toʻplamlarini nashr etishga, yuridik maʼlumotnomalar, shuningdek turli kasbdagi xodimlarga moʻljallangan ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlar chiqarishga alohida eʼtibor berishlari kerak.
Huquqiy tarbiyaning umumiyligi va huquqiy axborotning hamma uchun ochiqligi prinsipini roʻyobga chiqarishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shu jumladan mahallalarning roli beqiyosdir. Ular aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish va huquqiy ongini oshirishga bevosita hamda muttasil taʼsir koʻrsatishlari darkor.
Jamiyat va davlat fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yordam beradigan inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, turli jamoatchilik harakatlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning faoliyat yuritishiga koʻmaklashadi.
Xalqni huquqiy maʼrifatli qilishda professional yuristlar va ularning birlashmalari munosib oʻrin egallashlari lozim. Demokratik jamiyat yuqori malakali yuristlarga ehtiyoj sezadi. Ularning kasbiy fazilatlari va bilimlaridan foydalanish jamiyatning huquqiy madaniyati va huquqiy ongiga ulkan ijobiy taʼsir koʻrsatishga qodir. Oʻzbekiston yuristlar uyushmasining tashkil etilishi va uning tarkibiga kiradigan yuristlarning turli kasbiy birlashmalari (sudyalar, advokatlar, huquqshunos olimlar ittifoqlari va boshqalar) tuzilishi ushbu Dastur vazifalarini roʻyobga chiqarishda, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda, shuningdek yuristlarning kasbga doir manfaatlarini taʼminlashda muhim oʻrin tutgan boʻlur edi. Aholini huquqiy maʼrifatli qilish ishiga professional yuristlarning kuchlarini jalb qilish yuristlar uyushmasining eng muhim vazifalaridan biridir.
Huquqiy tarbiyani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hukumatga qarashli boʻlmagan jamgʻarmaning tuzilishi jamiyatning huquqiy madaniyatini oshirish ishiga katta hissa qoʻshishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari huquqiy bilimlar va huquqiy madaniyatni ommaga izchil tarqatishlari lozim. Ommaviy axborot vositalari ijtimoiy fikr va huquqiy madaniyatni shakllantiruvchi demokratik institutlar boʻlgani uchun ham ularning bu boradagi faoliyatini kuchaytirish zaruriyati borgan sari koʻproq sezilmoqda.
FUQAROLARNING HUQUQIY TAʼLIMI VA HUQUQIY TARBIYASINI TAKOMILLAShTIRISh
Jamiyat va davlat ijtimoiy faol va qonunga itoatkor fuqarolarni tarbiyalashdan manfaatdordir. Davlat jamiyat madaniy hayotining tarkibiy qismi boʻlmish huquqiy madaniyat toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik qiladi.
Huquqiy taʼlimning maqsadi har bir kishiga amaliy faoliyatda zarur boʻladigan huquqiy bilimlarni belgilangan davlat standartlaridan kam boʻlmagan hajmda olish imkoniyatini berishdan iboratdir.
Tarbiyaviy va oʻquv ishlari shaxsning huquqiy ong darajasini inson, jamiyat, davlat manfaatlariga javob beradigan eng umumiy yuridik prinsiplar va normalarni anglab yetishga qadar oshirishga yoʻnaltirilishi lozim.
Huquqiy taʼlim uzluksiz boʻlib, yoshlikdan boshlab berib borilishi lozim. Bolalar maktabgacha tarbiya muassasalaridayoq xulq-atvor qoidalaridan xabardor boʻlishi, maʼnaviy va baʼzi huquqiy normalar toʻgʻrisida boshlangʻich tushunchalar olishi, kelgusida oʻquv davomida bu bilimlar kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi, aniq ifodalangan huquqiy xususiyat kasb etishi zarur.
Huquqiy axborotdan barchaning erkin foydalana olishini taʼminlash, har kimga oʻzining huquqiy bilimlarini oshirish uchun real sharoit yaratish fuqarolarga oʻz huquqlari va erkinliklarini tegishli tarzda amalga oshirish, burchlarini bajarish, jamiyatning siyosiy hayotida ongli va faol ishtirok etish imkonini beradi.
Huquqiy tarbiyaning oʻtmishdan qolgan faqat bir tomonlama axborot berish — maʼrifatchilikka yoʻnaltirilganligini bartaraf etib, uni qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilish vazifalari bilan uzviyroq bogʻlash zarur.
Shuni muttasil nazarda tutish kerakki, huquqiy tarbiya insonlarni huquq, qonuniylik ruhida tarbiyalash, huquqiy maʼrifat, qonunga hamda huquqqa nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish bilan cheklanib qolmay, balki shaxsning ijtimoiy-huquqiy faolligida, uning huquqiy madaniyatida oʻzining tugal ifodasini topadi.
Aholining huquqiy tarbiyasi va taʼlimini takomillashtirishga taʼlim va tarbiyaning hali foydalanilmagan mexanizmlarini yaratish, ulardan samarali foydalanish, tarbiya va taʼlimning yangi shakllari va vositalarini joriy etish, moddiy-texnika negizini kuchaytirish yoʻli bilan erishiladi.
Huquqiy tarbiya va taʼlimni kuchaytirishning asosiy choralari quyidagilardan iborat:
davlat huquqiy tarbiya va taʼlimning asosiy tashkilotchisi sifatida taʼlim va tarbiyaning usullari va vositalarini, bu faoliyat bilan bevosita shugʻullanayotgan muassasalar tuzilmasini muntazam ravishda takomillashtirib boradi, huquqiy tarbiya va huquqiy taʼlimning muqobil tizimlarini shakllantirishga yordam beradi;
aholi huquqiy madaniyatini oshirish borasida davlat tuzilmalari va jamoat birlashmalarining keng hamkorligini taʼminlash; ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish, kechiktirib boʻlmaydigan va istiqboldagi vazifalarni aniqlash Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va yuristlar jamoat birlashmalari faoliyatining eng muhim yoʻnalishlaridan boʻlib qolishiga erishish;
huquqiy tarbiya va taʼlimning taʼlim-tarbiya muassasalari tomonidangina emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlarining va korxonalarning (muassasalar, tashkilotlarning), shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmatlari xodimlari ishtirokida ham amalga oshirilishi;
huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiyaning ularni maktabgacha tarbiya muassasalarida, umumtaʼlim maktablarida olib borilishini nazarda tutuvchi normativ va oʻquv-uslubiy mezonlarni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda yangi oʻquv fanlarini joriy qilish;
huquqiy fanlar asoslarini chuqur oʻrgatadigan oʻquv yurtlari va ularda tayyorlanadigan yuridik kadrlarning sonini iqtisodiy, ijtimoiy, demografik vaziyat va jamiyatning tegishli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini belgilovchi boshqa omillar eʼtiborga olingan holda aniqlash;
darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari va boshqa adabiyotlar tayyorlash va nashr etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish;
taʼlim va tarbiya muassasalariga daxldor boʻlmagan shaxslarning (ishchilar, xizmatchilar, uy bekalari, pensionerlar, harbiy xizmatchilar va boshqalarning) huquqiy tarbiyasi va huquqiy taʼlimi tizimini takomillashtirish. Bu ishga davlat yuridik oʻquv yurtlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, huquqshunos olimlar va boshqalarni jalb qilish;
yuridik oʻquv yurtlarining moddiy-texnika negizini mustahkamlash.
Mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, siyosiy-huquqiy tizimni takomillashtirish sharoitlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirishning yangi vositalari va usullarini joriy etish lozim.
Huquqiy madaniyatni shakllantirishning vosita va usullarini takomillashtirish maqsadida:
fuqarolar bilan olib boriladigan huquqiy ishlar saviyasini oshirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning va oʻquv yurtlarining kadrlar bilan yetarli taʼminlanishiga erishish;
mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va huquqiy madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish kerak. Chunki ular qonunlarni qatʼiy ijro etishga, huquqning soʻzsiz amal qilishini taʼminlashga, huquqiy siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga daʼvat etilganlar.
Huquqiy bilimlarni davlat idoralarigina emas, balki jamoat birlashmalari tomonidan ham ommalashtirish jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirishning yangi shakllari jumlasiga kiradi.
Yuridik oʻquv yurtlari hamda huquq sohasida ilmiy muassasalari boʻlmagan shaharlarda va qishloq joylarda huquqiy taʼlimni tashkil etishga alohida eʼtibor berish lozim.
Huquqiy bilimlarni ommaviy axborot vositalari orqali targʻib qilish tizimini takomillashtirish, barchaga moʻljallangan yuridik adabiyotlarni nashr etish huquqiy madaniyatni oshirishga koʻmaklashadi.
DAVLAT ORGANLARI XODIMLARI, MANSABDOR ShAXSLAR VA FUQAROLARNING HUQUQIY SAVODXONLIGINI OShIRISh
Qonun hujjatlarini qoʻllanish amaliyoti shuni yaqqol koʻrsatadiki, talaygina huquqbuzarliklar, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishi hollari huquqiy bilimning yetarli emasligi, huquqiy madaniyat darajasi pastligi oqibatidir. Aynan shu sababli, huquqlari buzilgan fuqarolar oʻz huquqini himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mexanizmidan, shu jumladan mansabdor shaxslarning qonunga xilof xatti-harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatidan kamdan-kam foydalanadilar.
Huquqni pisand qilmaslikka barham berish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish huquqiy axborotdan foydalana olish imkoniyatini amalda taʼminlashni talab qiladi. Bu jihatdan qonunlarni va, ayniqsa, idoraviy normativ hujjatlarni oʻz vaqtida nashr etish zarur. Adliya vazirligi tomonidan chiqarilayotgan “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlari Axborotnomasi”ning tirajini koʻpaytirish va unga erkin obuna boʻlishni taʼminlash lozim. Huquqning ayrim tarmoqlari boʻyicha, shuningdek aholining muayyan guruhlariga moʻljallangan normativ hujjatlarning mavzuiy toʻplamlarini nashr etish huquqiy axborotdan foydalana olishni taʼminlashga katta hissa boʻlur edi.
Zamonaviy axborot taʼminoti kompyuter texnologiyalaridan keng foydalanishni taqozo qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining ilmiy asoslangan yagona maʼlumotnoma tizimini ishlab chiqish va undan mushtariylarning bemalol foydalana olishini taʼminlash zarur.
Keng oʻquvchilar doirasiga ham, aholining ayrim guruhlariga, shu jumladan mansabdor shaxslarga ham moʻljallangan ommabop maʼlumotnoma adabiyotlarni nashr etishni ancha koʻpaytirish aholini axborotlar bilan taʼminlashni yaxshilash va huquqiy madaniyatini oshirishning muhim yoʻnalishiga aylanmogʻi lozim. Amaldagi qonun hujjatlarini qoʻllanish masalalarini tushuntirib beradigan va davlat organlari xodimlariga, shuningdek davlatga qarashli boʻlmagan tashkilotlarning rahbarlariga moʻljallangan sharhlar va amaliy qoʻllanmalarni nashr etishga alohida eʼtibor qaratish kerak.
Aholining huquqiy savodxonligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari katta ahamiyatga ega. Ularning huquqiy mavzularga eʼtiborini kuchaytirish, aholi oʻrtasida koʻproq koʻtarilayotgan yuridik masalalarni davriy nashrlar sahifalarida, televideniye va radio eshittirishlarida tushuntirib berish borasidagi hissasini keskin oshirish zarur.
Davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida, ular faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib, huquqiy bilim asoslarini albatta oʻqitish maqsadga muvofiqdir.
Turli toifadagi xodimlar malakasini oshirish tabaqalashtirilgan boʻlmogʻi lozim. Avvalam bor, insonning kasbiy tayyorgarligini oshirishga intilish kerak. Turli kasbdagilar oʻz faoliyatlarida oqilona qoʻllay oladigan tarzda huquqiy bilimga ega boʻlsinlar. Davlat organlari va ularning tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga qoʻyiladigan talablar va malaka tavsifnomalari, dastavval inson huquqlari va erkinliklariga oid huquqiy bilimlarning zarur darajasini nazarda tutishi kerak.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, oʻquv yurtlari va mahallalarda fuqarolar bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, advokatlar va huquqshunos olimlarning uchrashuvlarini tashkil etish aholining huquqiy savodxonligini oshirishga koʻmaklashadi.
YuRIDIK KADRLARNI TAYYORLASh, QAYTA TAYYORLASh VA ULARNING MALAKASINI OShIRISh
Izchil, uzluksiz, oʻzaro bogʻliq, zamonaviy talablarga javob beradigan yuridik taʼlim tizimini yaratish jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning yoʻnalishlaridan biridir.
Taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab oladigan oʻquv komplekslarini tashkil etish kadrlarni tayyorlash va ularni qayta tayyorlashni takomillashtirishning muhim vositasidir.
Hozirda va istiqbolda qancha va qanday ixtisosliklar boʻyicha huquqshunos mutaxassislar kerak degan masalani hal etmasdan turib, yuridik taʼlimning islohotini tasavvur qilib boʻlmaydi. Shu munosabat bilan oliy va oʻrta maxsus yuridik maʼlumotli mutaxassislar egallashi lozim boʻlgan lavozimlar roʻyxatini belgilash birinchi darajali ahamiyatga ega. Bunday roʻyxatni ishlab chiqish chogʻida tegishli malakadagi yuridik kadrlarni tayyorlashga qaratilgan tadbirlar tizimini va ularni amalga oshirishning maqbul muddatlarini belgilab qoʻyish muhim.
Ilmiy asoslangan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish va yuridik taʼlimning ixtisoslashuvini izchil amalga oshirish yuridik kadrlarni tayyorlash tizimini isloh qilishning zarur shartidir.
Yuridik kadrlar tayyorlashni ixtisoslashtirish, bir tomondan, tegishli oʻquv fanlarini chuqur oʻrganishni, ikkinchi tomondan, huquqshunoslik ixtisosligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni amalga oshirayotgan barcha oʻquv yurtlari uchun majburiy boʻlgan tayanch yuridik fanlar roʻyxatini belgilab qoʻyishni nazarda tutadi. Oʻquv rejalarida ana shu majburiy fanlar turkumi boʻlmasa yoki qisqartirilgan boʻlsa, tegishli oʻquv yurti yuridik kadrlar tayyorlash huquqidan mahrum qilinishi kerak.
Aholiga huquqiy taʼlim berish va huquqiy tarbiya ishlarini tashkil etish sifatini oshirish, boʻlgʻusi yuristlarda zarur koʻnikmalarni shakllantirish maqsadida yuridik oliy oʻquv yurtlarining oʻquv rejalarida huquqiy maʼrifatning ilmiy asoslari va uslubiyotlari kursi boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishni nazarda tutish shart.
Yuridik oʻquv yurtlariga abituriyentlar qabul qilish tizimini takomillashtirish malakali yuridik kadrlar tayyorlashni taʼminlashning tarkibiy qismiga aylanmogʻi lozim. Yuridik oʻquv yurtlariga abituriyentlar tanlab olishda ularning tahlil etish, mantiqiy fikrlash, nostandart vaziyatlarni tanqidiy baholay olish, xulosa chiqarish, oʻz nuqtai nazarini asoslay olish qobiliyatlarini, ularning ogʻzaki va yozma nutq mahoratini aniqlash zarur, shu maqsadda test sinovidan oʻtkazish bilan bir qatorda ularning tegishli qobiliyatlarini aniqlashga imkon beradigan ijodiy imtihon topshirishlarini nazarda tutish kerak boʻladi.
Yuridik taʼlimni takomillashtirish oʻquv jarayonini isloh qilishni, oʻqitishning ilgʻor vositalari va usullaridan keng foydalanishni, taʼlimning amaliyot bilan uzviyligini kuchaytirishni talab qiladi. Zero, yurist nafaqat muayyan bilimlar majmuiga ega boʻlishi, balki bu bilimlarni amaliyotda qoʻllay olishi zarur.
Oʻquv jarayonida inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashning huquqiy mexanizmiga, Oʻzbekistonda demokratik huquqiy davlat qaror topishi va fuqarolar jamiyati shakllanishi masalalariga, iqtisodiy islohotlarning huquqiy asoslariga jiddiy eʼtibor qaratilishi kerak.
Yuridik oʻquv yurtini tamomlash va davlat imtihonlarini topshirishga bitiruvchining tegishli taʼlim kursidan oʻtganligi va muayyan bilim olganligining tasdigʻi sifatida qaramoq kerak. Bitiruvchilarga ixtisoslik boʻyicha ishlash imkoniyati esa ular stajirovkadan oʻtganidan va olingan bilimlarni ish jarayonida qoʻllay olishidan dalolat beruvchi malaka imtihonini topshirganidan keyingina beriladi.
Ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash yuridik taʼlimning zamonaviy yuksak darajasini taʼminlashning birlamchi jihati, eng muhim sharti hisoblanadi. Ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashdagi nomutanosiblik shunga olib keldiki, respublikada huquqning qator sohalari (moliya, mehnat, xalqaro huquq, ijtimoiy taʼminot huquqi va boshqalar) boʻyicha ilmiy va pedagog xodimlar yetishmasligi jiddiy sezilmoqda.
Tegishli mutaxassislar taqchilligi yuridik kadrlar tayyorlashni, binobarin, bir qator amaliy vazifalarni, shu jumladan bozor islohotlarini huquqiy taʼminlash bilan bogʻliq vazifalarni hal etishni anchagina qiyinlashtiradi. Mutaxassislar taqchilligi sezilayotgan huquq sohalari boʻyicha ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlashning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish zarur.
Huquqshunoslarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish uzluksiz yuridik taʼlim tizimining majburiy bosqichiga aylanishi kerak. Yuridik taʼlim va ilmiy tadqiqotlarning amaliyot bilan uygʻunligini kuchaytirish maqsadida ilmiy va pedagog xodimlar oʻz mutaxassisliklari boʻyicha albatta sudlarda, prokuratura, ichki ishlar organlarida, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda, shuningdek korxonalarda, advokatlar byurolari, hayʼatlari va firmalarida stajirovkadan oʻtishini nazarda tutish kerak.
HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRIShNING ILMIY ASOSLARINI TADQIQ ETISh
Huquqiy madaniyatning mohiyati, mazmuni, tarkibiy tuzilishi va namoyon boʻlishining falsafiy, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va yuridik muammolarini tadqiq etish, uni shakllantirish va yanada yuksaltirish usullarini aniqlashga ilmiy izlanishlarning ustuvor yoʻnalishi deb qaralmogʻi lozim.
Shaxs umumiy va huquqiy madaniyatining oʻzaro bogʻliqligi; huquqiy madaniyat va huquqiy feʼl-atvor; ijtimoiy ongni shakllantirishda huquqning oʻrni; huquqiy tarbiya va aholining ijtimoiy faolligi; huquqiy ongga taʼsir etish shakllari va usullari; huquqiy ongning psixologik jihatlari; huquqiy ongdagi ijtimoiy buzilish va salbiy oʻzgarishlar; aholining turli qatlam va ijtimoiy guruhlarining huquqiy madaniyati kabi dolzarb muammolar boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishi ayniqsa dolzarbdir.
Huquqiy madaniyat muammolarini tadqiq etishning sotsiologik negizini rivojlantirish, umuman jamiyatdagi huquqiy madaniyat va aholining turli qatlamlari huquqiy madaniyati holatining haqiqiy manzarasini aniqlash uchun soʻrovlar oʻtkazish va huquq, uning ijtimoiy qadri hamda tartibga soluvchanlik vazifasi toʻgʻrisida jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa usullarini qoʻllanish zarur.
Huquqiy madaniyatni shakllantirishning pedagogik muammolarini tadqiq etishga alohida eʼtibor qaratilmogʻi lozim. Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari manfaatdor tashkilotlarning ishtirokida yoshlarni huquqiy tarbiyalashning ilmiy asoslangan uslubiyotini ishlab chiqishlari kerak.
Oʻzbekiston Respublikasining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib, xorijiy davlatlardagi huquqiy madaniyatni oshirishga doir ilmiy tadqiqotlarning natijalarini nashr etish va ulardan foydalanishni kengaytirish, bu sohada ilmiy axborot ayirboshlashni yoʻlga qoʻyish muhimdir.
Ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar oʻtkazish, ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar va maʼlumotnomalar nashr etishni koʻpaytirish aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalalari boʻyicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish, ilmiy bilimlarni ommalashtirish ishiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshilmogʻi kerak.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 227-modda)