Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar va 2008-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻGʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar va 2008-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitib va muhokama qilib, Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, qoʻmitaning ishi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvardagi qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan ilgari surilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish va isloh etish konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida deputatlar tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturiga muvofiq olib borildi.
Qoʻmita ijtimoiy sohada muhim ahamiyatga ega boʻlgan mehnat, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fuqarolar sogʻligʻini saqlash bilan bogʻliq qonunlarni tayyorlash, amaldagi qonunlar ijrosi boʻyicha nazorat-tahlil faoliyati olib borish va mazkur yoʻnalishlarga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama qilish jarayonida islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning roʻyobga chiqarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish va mazmun-mohiyatini tushuntirish borasidagi ishlarni amalga oshirdi.
Hisobot davrida qoʻmita tomonidan oʻn bitta qonun loyihasi tayyorlandi va Qonunchilik palatasining koʻrib chiqishi uchun kiritildi. Xususan:
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 38-moddalariga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi (Qonunning yangi tahriri ilova qilingan holda), “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Bu davr mobaynida qoʻmita amaldagi qonunlarning vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ijro etilishini oʻn uch marta koʻrib chiqdi. Chunonchi, qoʻmita tomonidan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning Fargʻona viloyatida ijro etilishi masalasi oʻrganib chiqildi. Oʻrganish jarayonida Qonunning ijro etilishini taʼminlashda ijobiy natijalar bilan bir qatorda jiddiy kamchiliklar mavjudligi ham aniqlandi. Masalan, dorixonalar sanitariya talablariga javob bermaydigan yoki litsenziyasiz ishlayotgan, dori vositalari noqonuniy, bozorlar va koʻchalarda, sanitariya normalariga xilof sharoitlarda sotilayotgan, dori vositalari “chayqov bozorida” sotilayotgan, nafaqat bozorlarda, balki dorixonalarda ham qalbakilashtirilgan va sifatsiz dorilar sotilayotgan hollar uchraydi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan choralar koʻrish tavsiya etilib, tegishli qaror qabul qilindi.
Qoʻmitaning ish rejasiga binoan “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Jizzax viloyatida ijro etilishi oʻrganildi. Natijada nogironlarni, ayniqsa nogiron bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularni oʻqitish va tarbiyalash ishida jiddiy kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Ushbu masalalar qoʻmita yigʻilishida muhokama etildi va qaror qabul qilindi.
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunning Surxondaryo viloyatida ijro etilishi oʻrganildi. Viloyatda aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha dasturlar ishlab chiqilganligi, lekin ularning ijrosi talab darajasida emasligi aniqlandi. Yangi ish oʻrinlari yaratish uchun ajratilgan kreditlardan belgilangan maqsadda foydalanilmayotganligi, ular oʻz vaqtida qaytarilmayotganligi, aholini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasining mablagʻlari viloyat tumanlari oʻrtasida notekis taqsimlanayotganligi, bandlik masalalariga doir hisobotlar nomukammal olib borilganligi kabi kamchiliklar aniqlandi. Mazkur kamchiliklarning barchasi qoʻmita yigʻilishida atroflicha muhokama etildi va tegishli qaror qabul qilindi.
“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Andijon va Navoiy viloyatlarida ijro etilishi haqidagi masala muhokama qilindi. Bu borada hal qilinishi talab etilayotgan muammolar mavjudligi taʼkidlandi. Xususan, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi muammolarni monitoring qilish, xodimlarning mehnat muhofazasi sohasidagi malakasini oshirish, baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga chalinishning oldini olish choralarini kuchaytirish, xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash borasida turli tashkilotlar va korxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligiga eʼtibor qaratildi. “Ijtimoiy hamkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini tayyorlash va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish, shuningdek vazirliklar va idoralarga mehnatni muhofaza qilishga doir normativ hujjatlar qayta koʻrib chiqilishi va ishlab chiqilishini taʼminlash tavsiya etildi.
Nazorat-tahlil faoliyati natijalariga koʻra qoʻmita tomonidan tegishli davlat muassasalariga muntazam ravishda tavsiyalar berib borilganligi joylarda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga va ishlar ahvolini yaxshilashga koʻmaklashdi.
Qoʻmita aʼzolari oʻzlariga berilgan qonun tashabbuskorligi huquqini roʻyobga chiqarib, toʻrtta qonun loyihasi tayyorladilar hamda ularni oʻrganib chiqish va kelishib olish uchun manfaatdor vazirliklarga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yubordilar. Bular “Odamning aʼzolari va toʻqimalarini koʻchirib oʻtkazish toʻgʻrisida”gi, “Insonni klonlashtirishni taqiqlash toʻgʻrisida”gi, “Tibbiy faoliyat toʻgʻrisida”gi va “Tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihalaridir.
Qoʻmita aʼzolari hisobot davrida tashkilotlar va muassasalar tomonidan oʻtkazilgan hamda mavzusi qoʻmitaning ish yoʻnalishiga va koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalariga mos boʻlgan turli konferensiyalar, seminarlar va boshqa anjumanlarda ishtirok etdilar. Ular Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari, Oliy Majlis Senati va uning qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, Adliya, Sogʻliqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Fuqarolik jamiyatini oʻrganish instituti hamda boshqa muassasalar tomonidan oʻtkazilgan jami 340 ta konferensiya, seminar va davra suhbatida qatnashib, muhokama etilgan masalalar yuzasidan maʼruzalar qildilar.
Hisobot davrida qoʻmitaga fuqarolardan 611 ta murojaat tushgan boʻlib, ularning 191 tasi ogʻzaki ravishda bayon etilgan. Murojaatlar tegishliligiga qarab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, vazirliklar, idoralar va hokimliklarga yuborilgan. Murojaatlarning ayrimlari qoʻmita tomonidan oʻrganilib, tegishli choralar koʻrilgan. Bundan tashqari, qoʻmitaga turli tashkilotlar va muassasalardan 224 ta yozma murojaat tushgan. Ular ham oʻrganilib, murojaat qilganlarga javoblar qaytarilgan. Murojaatlardan 57 tasida qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar bayon etilgan boʻlib, ularning koʻpi qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida inobatga olingan.
Ijtimoiy sohada keng miqyosda olib borilayotgan islohotlarning mohiyatini aholiga yetkazish, huquqiy bazani mustahkamlash, amaldagi qonun hujjatlarining ijro etilishi va parlament faoliyatini yoritish maqsadida qoʻmita aʼzolari bilan ommaviy axborot vositalari oʻrtasida yaqin hamkorlik oʻrnatilgan. Radio va televideniye orqali 700 taga yaqin chiqish tashkil etildi, gazetalar va jurnallarda 295 ta maqola eʼlon qilindi.
Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar va 2008-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyatiga doir hisobotni eshitib va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar va 2008-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi:
qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlasin, qonun loyihalarini tayyorlash va ularning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish borasidagi ishlar oʻz vaqtida bajarilishiga eʼtiborni kuchaytirsin;
oʻz zimmasiga nazorat qilish vazifasi yuklatilgan sohaning muhimligini hisobga olib, qabul qilingan qonunlarning joylarda ijro etilishini kuzatib borish hamda qonunlarning ijrosi bilan bogʻliq muammolar kelib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taʼsirchan takliflar kiritish borasidagi ishlarni tizimli asosda tashkil etsin;
fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida sayyor yigʻilishlar oʻtkazish amaliyotini yanada kengroq qoʻllasin, qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyati va mohiyatini aholi oʻrtasida tushuntirish maqsadida ularni markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni tashkil etish ishlarini kuchaytirsin;
jamoatchilik ekspert guruhi tarkibini tajribali mutaxassislar bilan kuchaytirgan holda uning qonun loyihalarini ishlab chiqish va ekspertiza qilish masalalariga doir ishini faollashtirsin;
“Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirish masalalarida qoʻmita aʼzolarining faol ishtirok etishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi mazkur Qarorning ijrosi toʻgʻrisida 2008-yil yakunlari boʻyicha axborot taqdim etsin.
4. Ushbu qarorning ijrosi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari A. Rustamov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 23-sentabr,
872-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 9-son, 502-modda)