samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining
Qarori
Tumanda 2016-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda), Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlari (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda) ijrosini taʼminlash hamda ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoyalash koʻlamini oshirish maqsadida, tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2016-yil 11-yanvardagi 10-sonli xatini hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. 2016-yil mart — noyabr oylarida Jomboy tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Band boʻlmagan fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga, xususan hududda qurilishga, obodonlashtirishga, dalada (bogʻdorchilik) biologik va yigʻim-terim ishlariga jalb qilish sezilarli darajada oshirish uchun ishchi guruhi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilishda taklif bilan chiqadigan barcha tashkilot, korxona, muassasa rahbarlari tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan shartnomalar tuzishi belgilansin.
4. Tuman hokimining 2015-yil 9-martdagi 263-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari U. Mamatov zimmasiga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim X. BURIYEV
Jomboy t.,
2016-yil 27-yanvar,
42-q-son