Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
2013-yilning noyabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisida
Fuqarolar yigʻinlari raislari va ular maslahatchilarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi, “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 8, 10 va 11-moddalariga muvofiq 2013-yil noyabr-dekabr oylarida mamlakatda fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi oʻtkazildi.
Saylovni yuksak tashkiliy-siyosiy saviyada oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2013-yil 14-iyunda qabul qilingan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining qoidalari roʻyobga chiqarilishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar haqida”gi KQ-65-II-sonli Qarori bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman, shahar Kengashlariga tavsiyalar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2013-yil 12-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi KQ-90-II-sonli Qarori bilan saylovni oʻtkazish muddatlari belgilandi, Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir tadbirlar rejasi (bundan buyon matnda Tadbirlar rejasi deb yuritiladi), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (bundan buyon matnda Senat Kengashining komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi tasdiqlandi.
2013-yil noyabr-dekabrda boʻlib oʻtgan saylovning oʻziga xos farqli xususiyati shundaki, u yangi tahrirdagi “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida oʻtkazildi. Ushbu Qonunning 11-moddasida Senat Kengashi komissiyasining vakolatlari mustahkamlab qoʻyilgan.
Tadbirlar rejasiga muvofiq Senat Kengashi komissiyasining kengaytirilgan majlisi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalarni (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi) tuzish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilingan sessiyalari oʻtkazildi.
207 ta komissiya va fuqarolar yigʻinlari tomonidan tuzilgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha 9756 ta ishchi guruh (bundan buyon matnda ishchi guruhlar deb yuritiladi) tarkibiga ular hududida joylashgan fuqarolar yigʻinlari, davlat, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek xalq deputatlari tegishli tuman va shahar Kengashlarining deputatlari kiritildi.
Senat Kengashining komissiyasi tomonidan saylov jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida qonun hujjatlari bilan belgilangan vakolatlarga muvofiq keng koʻlamli ish olib borildi. Xususan, saylov hujjatlarining namunalari tayyorlandi va barcha ishchi guruhlarga elektron shaklda yuborildi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin oʻzaro hamkorlikda komissiyalar va ishchi guruhlarni shakllantirish jarayonining, saylov oʻtkazilishining tizimli monitoringi amalga oshirildi, saylov kampaniyasining borishini aholi oʻrtasida tushuntirish, uni OAVda yoritish hamda fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish boʻyicha ish tashkil etildi.
Joylardagi komissiyalar rais va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari ijro etilishini taʼminladi, tegishli ishchi guruhlar faoliyatini yoʻnaltirib turdi, rais lavozimlariga nomzodlarni tuman va shaharlarning hokimlari bilan kelishdi.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari saylovni tashkil etish va oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga koʻmaklashdi, zarur hollarda esa ularni binolar, transport vositalari hamda aloqa vositalari bilan taʼminladi.
Ishchi guruhlar hovlilar, uylar va koʻchalar aholisining fuqarolar vakillarini saylash boʻyicha umumiy yigʻilishlarini tashkil etdi va oʻtkazdi. Ular tomonidan tegishli hududda doimiy yashaydigan fuqarolarning fikrlarini hisobga olgan holda fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning maslahatchilari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflar tayyorlandi.
Saylov oldi tadbirlarini oʻtkazishda senatorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari faol ishtirok etdilar.
Saylovning borishi toʻgʻrisida markaziy va mahalliy OAVda, xususan radio va televideniyeda senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatlari, yetakchi olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining asosiy qoidalarini, saylovni tashkil etish prinsiplari hamda vazifalarini, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining mahalla institutini rivojlantirishdagi roli va ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan 1265 ta chiqishi tashkil etildi. “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Mahalla” gazetalari va boshqa markaziy nashrlarda, shuningdek viloyatlar, tumanlar va shaharlar gazetalarida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning borishi, saylovchilar va saylanuvchilarning huquqlari haqida 1652 ta material eʼlon qilindi.
Tadbirlar rejasiga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlar va Toshkent shahrida fuqarolar yigʻinlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi masalalari boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida 1050 ta seminar oʻtkazildi. Ularda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ishi masalalari boʻyicha keng fikr almashuvlar boʻlib oʻtdi.
Olib borilgan tayyorgarlik ishi fuqarolarning faolligi oshishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Saylovchilar tomonidan 9756 nafar fuqarolar yigʻinlari raislari lavozimlariga 32292 nafar nomzod (bir oʻringa oʻrta hisobda 3,3 nafar nomzod) koʻrsatildi. 1753 ta (18,0%) saylov yashirin ovoz berish orqali oʻtkazildi.
Saylov 9756 ta fuqarolar yigʻinida (194 ta shaharcha, 1293 ta qishloq, 157 ta ovul, 8112 ta mahallada) muqobillik asosida boʻlib oʻtdi.
Yigʻinlarning raislari etib saylangan 9756 nafar fuqarodan 5473 nafari (56,1%) oliy maʼlumotga ega (asosan pedagoglar, iqtisodchilar, muhandislar). Ushbu koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasida 82,8%ni, Qashqadaryo viloyatida 79,7%ni, Toshkent shahrida 75,4%ni tashkil etdi. Raislarning 3760 nafari (38,5%) oʻrta maxsus, 523 nafari (5,4%) oʻrta maʼlumotga ega.
Fuqarolar yigʻinlari raislarining 46,6%i ushbu lavozimga birinchi marta saylandi (2011-yilda 40,3%). Maslahatchilar oʻrtasida bu koʻrsatkich 47,2%ni tashkil etdi (39,2% edi).
7208 nafar fuqarolar yigʻinlari raisi (73,9%) davlat organlarida, nodavlat notijorat tashkilotlarda, tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati sohasida boshqaruv ishlarida tajribaga ega.
Saylangan fuqarolar yigʻinlari raislarining 378 nafari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatidir. Shularning 59 nafari Samarqand viloyatida, 48 nafari Fargʻona viloyatida, 40 nafari Toshkent viloyatida saylandi.
Saylangan raislarning 1310 nafari (13,4%) xotin-qizlardir. Bunga doir koʻrsatkichning oʻsishi diqqatga sazovor: rais etib saylangan xotin-qizlar 2006-yilda 9,9%ni, 2008-yilda 11,5%ni, 2011-yilda 12,7%ni tashkil etgan edi. Fuqarolar yigʻinlari raislari etib saylangan xotin-qizlar soni ayrim mintaqalarda mamlakat boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha oshgan. Chunonchi, rais etib saylangan xotin-qizlar soni Andijon viloyatida 22,7%ni, Namangan viloyatida 19,0%ni, Toshkent shahrida 18,7%ni, Buxoro viloyatida 16,4%ni, Toshkent viloyatida 16,0%ni tashkil etadi.
2013-yilda 22 ta takroriy saylov oʻtkazilgan boʻlib (2011-yilda — 25, 2008-yilda — 64), bu tegishli tayyorgarlik ishi samarali boʻlganligidan dalolat beradi. Takroriy saylov saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etgan holda oʻtkazildi va natijada tegishli hududlarda yashayotgan aholining koʻpchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan nomzodlar saylandi.
Shuningdek, saylovda fuqarolar yigʻinlari raislarining 99618 nafar maslahatchisi saylandi. Ularning 44428 nafari (44,6%) oliy maʼlumotga, 36088 nafari (36,2%) oʻrta maxsus maʼlumotga, 19102 nafari (19,2%) oʻrta maʼlumotga ega.
Saylangan maslahatchilarning 30665 nafari xotin-qizlardir (30,8%). Ushbu koʻrsatkich Sirdaryo viloyatida 77,3%ni, Toshkent viloyatida 46,1%ni, Toshkent shahrida 36,4%ni tashkil etdi.
Saylangan maslahatchilarning 1101 nafari, shu jumladan Xorazm viloyatida 193 nafari, Namangan viloyatida 134 nafari, Samarqand viloyatida 130 nafari, Andijon viloyatida 121 nafari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining deputatidir.
Shu bilan birga koʻrsatib oʻtish kerakki, agar butun mamlakat boʻyicha fuqarolar yigʻinlari raislarining 18,0%i yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylangan boʻlsa, Toshkent shahrida bor-yoʻgʻi 1,9%i, Xorazm viloyatida 3,5%i, Buxoro viloyatida 3,8%i saylandi.
Mamlakatda fuqarolar yigʻinlari raislari etib saylanganlar orasida oliy maʼlumotli shaxslar 56,1%ni tashkil etgan boʻlsa, Andijon viloyatida ular 45,7%ni, Toshkent viloyatida 46,3%ni, Namangan viloyatida 47,7%ni, Sirdaryo viloyatida 48,9%ni tashkil etdi.
Jamoatchilik vakillarining saylov jarayonida keng ishtirok etganligi oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqini taʼminladi. Saylov fuqarolarning siyosiy faolligi oshganligini namoyish qildi.
Qonuniylik va xolislikni taʼminlash boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrilganligi natijasida saylov qonunchiligi jiddiy buzilgan holatlar qayd etilmadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarining komissiyalari saylov kampaniyasini aniq va uyushqoqlik bilan oʻtkazdi, fuqarolarning murojaatlariga belgilangan muddatlarda asosli javoblarni berdi, saylov yakunlari boʻyicha batafsil tahliliy axborot tayyorladi.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar komissiyalar tomonidan tezkorlik bilan koʻrib borildi, ular tomonidan batafsil va asoslantirilgan javoblar berildi. Senat Kengashining komissiyasiga saylov masalalari boʻyicha kelib tushgan fuqarolar murojaatlarining soni 226 tani tashkil etdi. Ularning koʻpchilik qismi Toshkent shahridan (20,4%), Qashqadaryo (19,5%) va Surxondaryo (15,5%) viloyatlaridan kelib tushdi.
Koʻrib chiqilgan 226 ta murojaatdan 10 tasi oʻz tasdigʻini topdi, 207 tasi tasdigʻini topmadi, 7 tasi boʻyicha sudga murojaat qilish tavsiya etildi, 2 ta murojaatda takliflar bayon etilgan.
Shuningdek, fuqarolar saylovni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi arizalar bilan sudlarga murojaat qilgan. Chunonchi, berilgan 11 ta arizaning 4 tasi Qashqadaryo viloyatiga, 2 tadan murojaat Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatiga va 1 tadan murojaat Namangan, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahriga toʻgʻri keladi. Tushgan murojaatlarning 4 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi rad etilgan va 5 tasi koʻrib chiqish bosqichida turibdi.
Fuqarolarning ijtimoiy faolligi va huquqiy madaniyati oshganligi ularning mahalla institutini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflarida ham kuzatilmoqda. Ular fuqarolar yigʻinlari xodimlari va faollarining bilim darajasini hamda malakasini oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining qoidalarini amalda roʻyobga chiqarish mexanizmini ishlab chiqish, ular faoliyatini moddiy va moliyaviy taʼminlash, davlat roʻyxatidan oʻtkazishga va boshqa masalalarga taalluqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining raisi S. Artikovaning 2013-yilning noyabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisidagi axborotini tinglab va muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasining raisi S. Artikovaning 2013-yilning noyabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovining yakunlarini tanqidiy tahlil qilsin, ayniqsa, Toshkent shahrida, Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlarida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar ishida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabablarini aniqlasin va sessiyalarda koʻrib chiqsin, ularning bartaraf etilishini taʼminlasin, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha hududiy kengashlar bilan birgalikda fuqarolar yigʻinlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni ishlab chiqsin va roʻyobga chiqarsin.
3. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalarining raislari, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlarning rahbarlari fuqarolar yigʻinlari raislarining (oqsoqollarining) vakolatlari muddatidan oldin tugagan taqdirda, boʻshab qolgan oʻrinlarga qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vaqtida saylov oʻtkazib borsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mamlakat boʻyicha 83 ta (0,9%) fuqarolar yigʻini oʻz binosiga ega emasligini, 3281 ta (33,6%) fuqarolar yigʻini boshqa yuridik shaxslarning balansida turgan binolarda joylashganligini, 1980 ta (20,3%) fuqarolar yigʻini kompyuterlar bilan taʼminlanmaganligini, 4426 ta (45,4%) fuqarolar yigʻini mahalliy davlat hokimiyati organlarida roʻyxatdan oʻtmaganligini hisobga olib, ushbu masalalarni oʻrgansin va ularni hal qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda navbatdagi moliya yili uchun mahalliy budjetlarni shakllantirish vaqtida fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularni jihozlashga mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.
6. Mamlakatimizda 2014-yil Sogʻlom bola yili deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari Davlat dasturi va tegishli hududiy dasturlarning oʻz vakolatlariga taalluqli qismi bajarilishiga alohida ahamiyat bersin.
7. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ushbu Qarorning ijro etilishi haqidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashiga 2014-yil 1-iyulga qadar (2-band boʻyicha 2014-yil 1-fevralga qadar) taqdim etsin.
8. Ushbu Qarorning ijro etilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi (S. Artikova) zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 15-yanvar,
KQ-110-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-y., 1-son, 23-modda)