Xoʻjalik sudlari tomonidan 2014-yil va 2015-yilning birinchi choragi davomida apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni qayta koʻrish boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
MAʼLUMOT
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan xoʻjalik sudlari tomonidan 2014-yil va 2015-yilning birinchi choragi davomida apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni qayta koʻrish bilan bogʻliq sud amaliyoti umumlashtirildi.
1. Vakilning sud hujjati ustidan shikoyat qilish vakolati vakil qilayotgan shaxs bergan ishonchnomada maxsus nazarda tutilmagan boʻlsa, bunday vakil tomonidan imzolangan apellatsiya shikoyati XPK 162-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytariladi.
Ohangaron shahar “Suvoqova” IChShK viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar yakka tartibdagi tadbirkor G.Yuldashevadan 52 655 961,60 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan. Apellatsiya shikoyati ishonchnoma asosida harakat qiluvchi javobgarning ishonchli vakili I. Imanov tomonidan imzolangan.
XPKning 52-moddasiga koʻra xoʻjalik sudida ish yuritish vakolatlari vakilga uni vakil qilgan shaxs nomidan barcha protsessual harakatlarni amalga oshirish huquqini beradi, daʼvo arizasini imzolash, ishni hakamlik sudiga topshirish, daʼvo talablaridan qisman yoki butunlay voz kechish va daʼvoni tan olish, daʼvo predmetini yoki asosini oʻzgartirish, kelishuv bitimini tuzish, vakolatlarni boshqa shaxsga topshirish (ishonib topshirish), sud hujjati ustidan shikoyat qilish, protest keltirish toʻgʻrisidagi arizani imzolash, sud hujjatining majburiy tartibda ijro etilishini talab qilish, undirilgan mol-mulk yoki pulni olish bundan mustasno. Vakilning ushbu moddada koʻrsatib oʻtilgan harakatlarning har birini amalga oshirishga boʻlgan vakolatlari vakil qilayotgan shaxs bergan ishonchnomada maxsus nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Biroq, javobgar tomonidan uning vakili I. Imanovga berilgan ishonchnomada vakilning sud hujjati ustidan shikoyat berish vakolati ishonchnomada maxsus nazarda tutilmagan.
XPK 162-moddasi birinchi qismining 1-bandiga binoan apellatsiya shikoyati (protesti) imzolanmagan yoxud uni imzolashga huquqi boʻlmagan shaxs yoki mansab mavqeyi koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytaradi.
Shu bois, sud asocli ravishda javobgarning apellatsiya shikoyatini qaytargan.
2. Apellatsiya shikoyat (protest)ining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari nafaqat taraflarga, balki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ham yuborishi shart. Ushbu normaga rioya qilinmasdan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) XPK 162-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytariladi.
Toshkent shahar Hamza tumani hokimligi viloyat xoʻjalik sudiga “Qibray hamkor savdo” davlat unitar korxonasiga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar zimmasiga u tomonidan Hamza tumani, Choʻlpon va loyihadagi G-40 koʻchalari kesishuvida noqonuniy qurilgan savdo doʻkonlarni buzish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Hamza tuman Yer resurslari va davlat kadastri xizmati, Toshkent shahar “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” davlat korxonasi, Toshkent shahar Arxitektura va qurilish boshqarmasi hamda Qibray tuman “Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri” davlat korxonasi ishga daʼvo predmetiga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiyasi sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan.
XPKning 160-moddasida apellatsiya shikoyati (protesti) ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga shikoyatning va unga ilova qilingan, bu shaxslarda boʻlmagan hujjatlarning nusxalarini yuborilishi belgilangan.
XPK 162-moddasi birinchi qismining 2-bandiga binoan apellatsiya shikoyatiga (protestiga) uning nusxalari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga joʻnatilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan boʻlsa, sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytaradi.
Mazkur holatda javobgar tomonidan apellatsiya shikoyatiga ushbu shikoyatning nusxasi faqat daʼvogar (Hamza tuman hokimligi)ga joʻnatilganligini tasdiqlovchi dalil ilova qilingan. Yaʼni apellatsiya shikoyatning uchinchi shaxslarga joʻnatilganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinmagan.
Bunday holatda apellatsiya shikoyati XPK 162-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytarilishi lozim boʻlsada, sudya apellatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilgan.
3. Davlat bojini toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma faqat obyektiv asoslar boʻlganda va davlat bojini toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdordagi pul mablagʻlari bank hisob raqamida mavjud emasligi hujjatlar bilan tasdiqlangan hollarda qanoatlantirilishi mumkin. Bunday hujjatlar taqdim etilmaganida iltimosnomani qanoatlantirish rad etiladi.
“Mediator-Agro” MChJ viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Qozogʻiston Respublikasida joylashgan “Muka Line” masʼuliyati cheklangan xoʻjalik shirkatidan 55 470 AQSh dollari asosiy qarz va 480 000 AQSh dollari miqdorida penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 55 470 AQSh dollari asosiy qarz va 5 547 AQSh dollari miqdorida penya undirilgan. Shuningdek, javobgardan respublika budjeti (Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi)ga 5 345 AQSh dollari miqdorida davlat boji undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va unda oʻtkazib yuborilgan apellatsiya shikoyatini berish muddatini tiklash hamda javobgarning moliyaviy ahvoli ogʻirligi sababli davlat boji toʻlashni kechiktirish soʻralgan.
Sudning ajrimi bilan apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrishga tayinlangan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 180-son qarorining 7-bandida XPK 91-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, alohida hollarda xoʻjalik sudi daʼvogarning arizasiga koʻra uning mulkiy ahvoliga qarab, davlat bojini toʻlashni kechiktirishga yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqliligi, xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilinganda ham davlat bojini toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berishga haqliligi haqida tushuntirish berilgan. Ushbu Plenum qarorining 7.2 va 7.3-bandlarida davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma faqat obyektiv asoslar boʻlganda va taqdim etilgan hujjatlar davlat boji toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdordagi pul mablagʻlari bank hisob raqamlarida mavjud emasligini tasdiqlagan hollarda qanoatlantirilishi mumkinligi, bunday hujjatlar boʻlmaganida iltimosnomani qanoatlantirish rad qilinishi, iltimosnomani qanoatlantirish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilishi, ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari koʻrsatilishi kerakligi belgilangan.
Ammo mazkur holatda Plenum qarorining ushbu talabiga rioya qilinmagan. Javobgar apellatsiya shikoyatiga davlat boji toʻlash uchun zarur boʻlgan miqdordagi pul mablagʻlari bank hisob raqamlarida mavjud emasligini tasdiqlovchi hujjatni ilova qilmagan boʻlsada, apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilingan. Shuningdek, sudning apellatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimida javobgarning iltimosnomasi qanoatlantirilganligi va qaysi davrga qadar davlat bojini toʻlash kechiktirilganligi yoki boʻlib-boʻlib toʻlash uchun ruxsat berilganligi koʻrsatilmagan.
Bundan tashqari, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-son qarorining 5-bandida apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilgan taqdirda, u shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud tomonidan tiklanishi mumkinligi, iltimosnomada apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxs havola etayotgan muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari koʻrsatilishi va asoslantirilishi lozimligi, bunday iltimosnomani koʻrish natijasi boʻyicha ajrim chiqarilishi haqida tushuntirish berilgan.
Mazkur holatda sud tomonidan javobgarning oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnomasi muhokama qilinmagan va uning yuzasidan ajrim chiqarilmagan.
4. Apellatsiya shikoyatiga davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat yoki davlat bojini toʻlashni kechiktirib turish haqidagi iltimosnoma ilova qilinmagan boʻlsa, sud apellatsiya shikoyatini XPK 162-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan qaytaradi.
Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi “Turon Angor” MChJ manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Angor tuman hokimining 2012-yil 30-martdagi 203-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, Angor tuman hokimining 2012-yil 30-martdagi 203-sonli qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Angor tuman hokimligi hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatiga davlat boji toʻlanganligi haqidagi hujjat yoki davlat bojini toʻlashni kechiktirib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma ilova qilinmagan boʻlsada, sud shikoyatni ish yuritishga qabul qilib uni koʻrib chiqqan va hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “d”-kichik bandida xoʻjalik sudlarining qarorlarini qayta koʻrib chiqish haqidagi arizalardan birinchi instansiyada koʻrib chiqish uchun ariza berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji undirilishi belgilangan.
5. Agar sud berilgan apellatsiya shikoyati (protesti)ni qaytarishni lozim topsa, apellatsiya shikoyati (protesti)ni qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyat (protest)ni berishda yoʻl qoʻyilgan barcha kamchiliklar, yaʼni XPK 162-moddasining birinchi qismida keltirilgan asoslardan qaysi mavjud boʻlsa, ularning barchasi toʻliq koʻrsatilishi lozim.
Gʻuzor tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Shoʻrtan Gaz kimyo majmuasi” shuʼba korxonasidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan 10 570 207 961 soʻm qarzdorlikni uning mol-mulkidan undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 23-dekabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan 3 162 626 soʻm soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan qarzdorlik boʻyicha undiruv uning mol-mulkiga qaratilgan.
Javobgar hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, 2015-yil 14-yanvarda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Ammo apellatsiya shikoyati sudning 2015-yil 16-yanvardagi ajrimi bilan qaytarilgan. Sud apellatsiya shikoyatini qaytarishda shikoyat nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalil ilova qilinmaganligini asos qilib koʻrsatgan.
Javobgar ajrimda koʻrsatilgan kamchilikni bartaraf etib, apellatsiya shikoyati bilan qayta murojaat qilgan. Biroq sud 2015-yil 5-fevralda apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisida ikkinchi marta ajrim chiqargan. Bunda, sud apellatsiya shikoyatini qaytarishga apellatsiya shikoyatini berish uchun tegishli tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanmaganligini asos qilib koʻrsatgan. Javobgar birinchi marta apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda ham shikoyat uchun davlat boji toʻlanmagan va uni toʻlashni kechiktirib turish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilinmagan boʻlsada, sudning dastlabki ajrimida ushbu kamchilik koʻrsatilmagan. Natijada, javobgar sud ajrimlarida koʻrsatilgan kamchiliklarni alohida-alohida bartaraf etib, yangidan apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishiga toʻgʻri kelgan. Bu esa, apellatsiya shikoyati berish muddatini oʻtkazib yuborilishiga sabab boʻlgan.
Shu sababli, agar sud berilgan apellatsiya shikoyati (protesti)ni XPKning 162-moddasiga asosan qaytarishni lozim topsa, apellatsiya shikoyati (protesti)ni qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda shikoyat (protest)ni berishda yoʻl qoʻyilgan barcha kamchiliklar, yaʼni qayd etilgan moddaning birinchi qismida keltirilgan asoslardan qay birlari mavjud boʻlsa, ularning barchasini toʻliq koʻrsatishi lozim.
6. Apellatsiya shikoyati (protesti)ni berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomada apellatsiya shikoyati (protesti)ni bergan shaxs muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablarini koʻrsatishi va asoslantirishi lozim.
Bekobod shahar “Suvoqova” IChShK viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Bekobod shahar tibbiyot birlashmasidan 8 460 597,31 soʻm asosiy qarz va 4 230 298,66 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Toshkent viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 8 460 597,31 soʻm asosiy qarz va 1 692 120 soʻm penya undirilgan.
Sudning hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va sudning ajrimi bilan apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrishga tayinlangan.
Ish apellatsiya instansiyasida koʻrilishi jarayonida viloyat prokurori oʻrinbosari tomonidan apellatsiya protesti taqdim qilinib, unda hal qiluv qarorini bekor qilish va yangi qaror qabul qilish soʻralgan. Shuningdek, apellatsiya protestini keltirish muddati uzrli sabalarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb hisoblab, muddatni tiklashni va protestni ish yuritishga qabul qilish soʻralgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi bilan oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilib, apellatsiya protesti ish yuritishga qabul qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya shikoyati hamda protest qanoatlantirilib, hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
XPK 99-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra, ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan protsessual muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaydi.Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida xoʻjalik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida yoki qarorida koʻrsatiladi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-son qarorining 5-bandida apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilgan taqdirda, u shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud tomonidan tiklanishi mumkinligi, iltimosnomada apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxs havola etayotgan muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari koʻrsatilishi va asoslantirilishi lozimligi, iltimosnoma shikoyatda (protestda) yoki alohida arizada bayon etilishi mumkinligi koʻrsatilgan.
Mazkur holatda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma protestda bayon etilgan. Biroq, iltimosnomada muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari koʻrsatilmagan va asoslantirilmagan boʻlsada, sud tomonidan viloyat prokurori oʻrinbosarining oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan.
Shuningdek, XPK 99-moddasining ikkinchi qismiga zid ravishda sudning ajrimida iltimosnoma qanoatlantirilgan boʻlsada, ammo oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaganligi qayd etilmagan.
Yana bir misol.
“Original Grand Plast” MChJ viloyat xoʻjalik sudiga Zangiota tuman hokimligiga nisbatan ariza bilan murojaat qilib, tuman hokimining 2014-yil 23-apreldagi 373-sonli qarorining MChJga tegishli qismini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan MChJning talabi qanoatlantirilgan.
Hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrishga tayinlangan.
Ish apellatsiya instansiyasida koʻrish jarayonida viloyat prokurori oʻrinbosari tomonidan apellatsiya protesti taqdim qilinib, unda hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish soʻralgan. Shuningdek, apellatsiya protestini keltirish muddatini uzrli sabalarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb hisoblab, muddatni tiklash va protestni ish yuritishga qabul qilish soʻralgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi bilan ishni qoʻrish boshqa kunga qoldirilgan va ushbu ajrim bilan apellatsiya protesti ish yuritishga qabul qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya shikoyati toʻliq, protesti esa qisman qanoatlantirilib, hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
XPK 99-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga koʻra xoʻjalik sudi ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra, ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda belgilangan protsessual muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablarini uzrli deb topsa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklaydi.Oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida xoʻjalik sudining hal qiluv qarorida, ajrimida yoki qarorida koʻrsatiladi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-son qarorining 5-bandida apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati oʻtkazib yuborilgan taqdirda, u shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi boʻyicha sud tomonidan tiklanishi mumkinligi, iltimosnomada apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxs havola etayotgan muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari koʻrsatilishi va asoslantirilishi lozimligi, bunday iltimosnomani koʻrish natijasi boʻyicha ajrim chiqarilishi haqida tushuntirish bergan.
Mazkur holatda iltimosnomada muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari koʻrsatilmagan va asoslantirilmagan, sud tomonidan viloyat prokurori oʻrinbosarining oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnomasi muhokama qilinmagan va u yuzasidan ajrim chiqarilmagan.
7. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrim u xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda chiqariladi.
Qarshi shahar DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “SSM Sanoat Servis Markazi” xususiy korxonasidan elektr energiyasi isteʼmolidan boʻlgan 112 430 000 soʻm muddati oʻtgan qarzni uning mol-mulki hisobidan undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan 108 846 000 soʻm asosiy qarz va 358 400 soʻm penyani uning mol-mulki hisobidan undirilgan.
Javobgar hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, 2014-yil 18-iyunda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyati shu kuni qabul qilinib, xoʻjalik sudi devonxonasidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
XPK 163-moddasining birinchi qismiga binoan sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi qarorining 8-bandiga koʻra, apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish masalasi xoʻjalik sudi sudyasi tomonidan yakka tartibda, u xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda hal etiladi.
Ammo, mazkur holatda sudya apellatsiya shikoyatini ish yuritishga qabul qilish hakidagi ajrimni 2014-yil 30-iyunda chiqargan, yaʼni apellatsiya shikoyatini u kelib tushgan kundan boshlab oʻn kundan ortiq muddat oʻtgach uni ish yuritishga qabul qilgan.
8. Apellatsiya instansiyasi sudida ishni koʻrish paytida ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxs tomonidan apellatsiya shikoyati berilganda (protest keltirilganda) apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga alohida ajrim bilan qabul qilinib, keyin muhokama qilinishi lozim.
“DALOL SAIDOLIMXON” MChJ viloyat xoʻjalik sudiga Toshkent viloyati Zangiota tuman hokimligiga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Zangiota tumani “Qatortol” fuqarolar yigʻini hududida joylashgan oʻziga tegishli boʻlgan yer maydonida qurilgan 560 kv.m.dan iborat boʻlgan bino-inshootlarga egalik huquqini eʼtirof etishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Zangiota tuman yer resurslari va kadastr xizmati nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Ishni koʻrish jarayonida javobgar va uchinchi shaxs vakillari daʼvoga nisbatan eʼtiroz bildirib, oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarning orqa tomonida yashovchi fuqarolar bilan oʻtish yoʻli bitta ekanligi va daʼvogarning talabi qanoatlantirilsa, fuqarolar uyga kirish imkoniyatidan mahrum boʻlishini bayon qilgan.
Shu sababli, sudning ajrimi bilan nizo xoʻjalik sudiga taalluqli emasligi bois ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ajrimning ustidan daʼvogar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va sudning ajrimi bilan shikoyat ish yuritishga qabul qilinib, sud majlisi tayinlangan.
Ish koʻrilish jarayonida viloyat prokurori oʻrinbosari tomonidan apellatsiya protesti taqdim qilingan. Mazkur protest sud tomonidan alohida ajrim bilan ish yuritishga qabul qilinmagan.
Protest ish yuritishga qabul qilinganligi haqida apellatsiya instansiyasi sudining qarorida koʻrsatilib, shikoyat hamda protesti qanoatlantirilgan, sudning ajrimi bekor qilingan va ish birinchi instansiya sudiga koʻrish uchun yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi protestni ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan.
XPK 163-moddasining birinchi qismiga koʻra sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Shu bois, sudlov hayʼati apellatsiya protestini ish yuritishga alohida ajrim bilan qabul qilib, keyingina uni apellatsiya shikoyati bilan birgalikda muhokama qilishi lozim edi.
9. Apellatsiya shikoyati (protesti)ni ish yuritishga qabul qilish masalasi sudya tomonidan yakka tartibda hal etiladi, keyingi barcha sud hujjatlari esa hayʼatda qabul qilinadi.
Fuqaro E. Ernazarov viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Toʻytepa metall qurilmalari” AJ zimmasiga 6 113 dona aksiyalarni bozor qiymati boʻyicha 815 478 200 soʻmga sotib olish majburiyatini yuklash hamda javobgardan 40 000 000 soʻm zararni undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgar zimmasiga 6 113 dona aksiyalarni nominal qiymatida 6 113 000 soʻmga sotib olish majburiyati yuklangan.
Hal qiluv qarori ustidan daʼvogar apellatsiya shikoyati berib, sudning 2014-yil 17-fevraldagi ajrimi bilan apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilingan va sud majlisi 2014-yil 4-martga tayinlangan.
Keyinchalik sudga viloyat prokurori oʻrinbosarining apellatsiya protesti kelib tushgan va unda hal qiluv qarorini bekor qilish, protest keltirish muddatini uzrli sabalarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb hisoblab, muddatni tiklash va protestni ish yuritishga qabul qilish soʻralgan.
Apellatsiya protestini ish yuritishga qabul qilish masalasi sudya tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqilgan va 2014-yil 27-fevraldagi ajrim bilan oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklangan, protest ish yuritishga qabul qilingan va ish koʻrish uchun 2014-yil 4-martga tayinlangan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan shikoyat hamda protest qisman qanoatlantirilib, sudning hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni toʻliq qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-son qarorining 8-bandida apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish masalasi xoʻjalik sudi sudyasi tomonidan yakka tartibda, u xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan boshlab oʻn kunlik muddatda hal etilishi, apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilinganidan keyingi barcha sud hujjatlari hayʼatda qabul qilinishi haqida tushuntirish bergan.
Biroq mazkur holatda daʼvogarning apellatsiya shikoyati sudʼya tomonidan yakka tartibda 2014-yil 17-fevraldagi ajrim bilan ish yuritishga qabul qilinib, ishni koʻrish 2014-yil 4-martga tayinlangan boʻlsada, apellatsiya protestini ish yuritishga qabul qilish masalasi ham sudya tomonidan yakka tartibda hal qilingan. Vaholanki, apellatsiya shikoyati qabul qilingandan soʻngi barcha protsessual xarakatlar, shu jumladan apellatsiya protestni ish yuritishga qabul qilish ham, apellatsiya hayʼati tomonidan amalga oshirilishi lozim edi.
Yana bir misol.
Poyariq tuman DSI “Payariq qurilish savdo” xususiy korxonasiga nisbatan xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, javobgarga Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 2 484 400 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan ariza rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, arizani qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Biroq apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni koʻrishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Poyariq tuman DSI apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni va arizani qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Shikoyat apellatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 15-apreldagi ajrimi bilan ish yuritishga qabul qilinib, ishni koʻrish 2014-yil 24-aprel kunga tayinlangan. 2014-yil 24-apreldagi sud majlisida “Payariq qurilish savdo” xususiy korxonasi vakili ishtirok etmaganligi sababli, ishni koʻrish 2014-yil 28-aprelga qoldirilgan.
Mazkur ishni koʻrishni keyinga qoldirish haqidagi 2014-yil 24-apreldagi ajrim sudyaning yakka oʻzi tomonidan qabul qilingan. Vaholanki, apellatsiya shikoyati (protesti)ni ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimdan keyingi barcha sud hujjatlari sudlov hayʼati tomonidan qabul qilinishi lozim.
XPKning 15-moddasi uchinchi qismiga koʻra apellatsiya, kassatsiya, nazorat instansiyalarida barcha ishlar xoʻjalik sudi tomonidan hayʼatda koʻriladi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 2007-yil 28-dekabrdagi 173-sonli qarori 8-bandida apellatsiya shikoyati (protesti) ish yuritishga qabul qilinganidan keyingi barcha sud hujjatlari hayʼatda qabul qilinishi belgilangan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan apellatsiya protesti keltirilgan boʻlib, ushbu protest sud majlisida muhokama qilingan boʻlsada, uni ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarilmagan.
Vaholanki, XPKning 163-moddasida sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqarishi belgilangan.
10. Xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) oʻn kun ichida beriladi va ushbu apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Jizzax shahar DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, yakka tartibdagi tadbirkor U.Abdurasulovga nisbatan Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismiga asosan 1 810 240 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2015-yil 14-yanvardagi hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilgan.
XPK 158-moddasining ikkinchi qismiga koʻra xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida beriladi.
Jizzax viloyat prokurorining oʻrinbosari tomonidan 2015-yil 2-fevralda, yaʼni hal qiluv qarori qabul qilinganidan 21 kundan soʻng apellatsiya protesti berilgan.
Protestda muddatning oʻtkazib yuborilishi sabablari bayon qilinmagan hamda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisida iltimosnoma boʻlmasada, apellatsiya protesti sudya tomonidan 2015-yil 12-fevralda ish yuritishga qabul qilingan va ishni koʻrish 2015-yil 4-martga, yaʼni apellatsiya protesti kelib tushgan kundan eʼtiboran 30 kuniga tayinlangan.
Vaholanki, XPK 167-moddasining ikkinchi qismiga asosan xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi.
Yana bir misol.
Guliston tuman DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “Diyorbek Ruxshona Orzusi” xususiy korxonasiga nisbatan 2 745 900 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan ariza qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi ariza boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Biroq apellatsiya instansiya sudi tomonidan nizoni hal etishda protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
XPKning 167-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, xoʻjalik sudining huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) xoʻjalik sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqilishi belgilangan.
“Diyorbek Ruxshona Orzusi” xususiy korxonasining apellatsiya shikoyati Sirdaryo viloyat xoʻjalik sudiga 2014-yil 18-iyun kuni kelib tushgan. Sudning 2014-yil 23-iyundagi ajrimi bilan ishni koʻrish 2014-yil 9-iyulga tayinlanib, tegishli qaror qabul qilingan. Yaʼni, apellatsiya instansiya sudi tomonidan 15 kunlik ishni koʻrish muddati buzilgan holda qaror qabul qilingan.
11. Apellatsiya instansiyasi sudi faqat XPK 170-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirdagina hal qiluv qarorini bekor qilishga va ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi transport prokuraturasi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK manfaatida viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Angren burgʻulash va portlatish ishlari” korxonasidan 507 547 425 soʻm asosiy qarz va 37 254 843 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiyasi sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 223 892 452 soʻm asosiy qarz, 283 654 973 soʻm jarima va 37 254 843 soʻm penya undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan Toshkent viloyat prokurori oʻrinbosari tomonidan apellatsiya protesti keltirilib, unda hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʻrish uchun yuborish soʻralgan. Bunga asos qilib, Transport prokuraturasi javobgardan 507 547 425 soʻm asosiy qarz va 37 254 843 soʻm penya undirishni soʻraganligini, biroq birinchi instansiya sudi daʼvo talablaridan chetga chiqqan holda daʼvo arizasida koʻrsatilmagan 283 654 973 soʻm miqdoridagi jarimani undirganligini, javobgar rahbarining sudga bergan tushuntirish xatida daʼvogar tomonidan korxonaga 262 123 980 soʻm miqdorda jarima qoʻyilayotganligini bildirganligini, ammo sud ish hujjatlaridagi dalillarga yetarlicha baho bermasdan, haqiqatdan javobgarning daʼvogar oldidagi qarzdorligini oʻrganmaganligini, sud Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 3-bandiga zid ravishda birinchi instansiya sudi javobgardan penya hamda jarima undirganligini koʻrsatgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan protest qanoatlantirilgan va hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarorida daʼvogar tomonidan daʼvo talablarini qisqartirish haqida ariza boʻlmasada, birinchi instansiya sudi ish boʻyicha javobgardan 223 892 452 soʻm asosiy qarz va 283 654 973 soʻm jarima undirish toʻgʻrisida asossiz xulosaga kelganligi, XPKning 169-moddasiga binoan ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, xoʻjalik sudi aniqlangan deb hisoblagan ish uchun ahamiyatli holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi, moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlishi bayon qilingan.
XPK 168-moddasining 5-bandiga koʻra xoʻjalik sudi ishni apellatsiya instansiyasida koʻrgach hal qiluv qarorini bekor qilishga va ushbu Kodeks 170-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Mazkur holatda bunday XPK 170-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlmasada, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborgan va bu bilan protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan.
Yana bir misol.
“BULOK” MChJ manfaatida viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar UYa 64/65-muassasasidan 1 926 500 soʻm asosiy qarz va 963 250 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Toshkent viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 1 926 500 soʻm asosiy qarz va 385 300 soʻm penya undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilib, unda daʼvo qilinayotgan qarzdorlikning vujudga kelganiga 5 yildan ziyod vaqt oʻtganligi va javobgarda ushbu kreditor qarzdorlikni tasdiqlovchi biron-bir asosli hujjat yoʻqligini koʻrsatilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya shikoyati qanoatlantirilgan va hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarorida birinchi instansiya sudi ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, shuningdek sud shartnoma boʻyicha sudlovga tegishlilik qoidalarini buzganligi, daʼvo talabi taraflar oʻrtasida tuzilgan 3 ta shartnomadan kelib chiqqanligi, uning birida taraflar oʻrtasida kelib chiqadigan barcha nizolar Toshkent shahar xoʻjalik sudida koʻrib chiqilishi belgilanganligi, bunday holatda sud XPKning 33-moddasiga asosan ishni boshqa sudga oʻtkazishi lozimligi, sud esa ishni boshqa sudga oʻtkazishi oʻtkazmaganligi, XPK 169-moddasining 4-bandiga binoan moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi xoʻjalik sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻlishi bayon qilingan.
XPK 168-moddasining 5-bandiga koʻra xoʻjalik sudi ishni apellatsiya instansiyasida koʻrgach hal qiluv qarorini bekor qilishga va ushbu Kodeks 170-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga haqli.
Biroq mazkur holatda XPK 170-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻlmasada, apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborgan va bu bilan protsessual huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya instansiyasining qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilgan.
12. Ajrim ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti)ni koʻrish natijalari boʻyicha apellatsiya instansiyasi qaror qabul qiladi.
Oʻzbekiston Hakamlik sudlari Assotsiatsiyasi Jizzax viloyat vakolatxonasi huzuridagi Jizzax tumanida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan “Elus” IIChK va “Sardorbek Nuri” MChJ oʻrtasida tuzilgan kelishuv bitimi tasdiqlangan. Ushbu kelishuv bitimiga koʻra “Elus” IIChK daʼvogar MChJga 147 000 000 soʻm qarzdorlik summasini hamda 735 000 soʻm hakamlik yigʻimi va 7 000 soʻm pochta xarajatini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Biroq “Elus” IIChK tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarori ixtiyoriy bajarilmagan va shu bois MChJ viloyat xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijroga qaratish uchun ijro varaqasini berishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ariza qanoatlantirilib, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) viloyat xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddatini tiklashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Palataning arizasi qanoatlantirilgan.
Sudning ajrimi ustidan “Elus” IIChK tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va unda ijro varaqasini ijroga taqdim etish muddatini tiklash haqidagi ariza bilan faqat undiruvchi murojaat qilishi mumkinligi, biroq Palata undiruvchi emasligi va ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanmasligi bayon qilinib, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishni va Palataning arizasi boʻyicha ish yuritishni tugatishni soʻragan.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi bilan apellatsiya shikoyati qanoatlantirilib, sudning ajrimi bekor qilingan va Palataning arizasi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
XPK 171-moddasining birinchi qismiga binoan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilinib, u barcha sudyalar tomonidan imzolanadi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 173-son qarori 21-bandining toʻrtinchi xatboshisida ajrim ustidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti)ni koʻrish natijalari boʻyicha apellatsiya instansiyasi qaror qabul qilishi haqida tushuntirish bergan.
Biroq mazkur holatda apellatsiya instansiyasi ajrim ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilish oʻrniga ajrim chiqargan.
13. Javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati uchun toʻlangan davlat boji, agar shikoyat qanoatlantirilgan boʻlsa, davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan daʼvogar hisobidan javobgarga qoplanadi.
Fuqaro M. Xolmatova “Qoʻyliq” agrofirmada mehnat faoliyatini olib borayotgan vaqtda mayiblangan. Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi tomonidan berilgan maʼlumotnomaga asosan M. Xolmatova 2-guruh nogironlik nafaqasiga chiqarilgan. Shu bois, fuqaro M. Xolmatova Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisobidan 1995-yildan boshlab har oyda pensiya olib kelgan. M. Xolmatovaga Pensiya jamgʻarmasi hisobidan 2013-yilning iyun oyidan 2014-yilning iyun oyiga qadar jami 4 939 178 soʻm toʻlangan.
Ushbu summani ixtiyoriy toʻlab berish uchun Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Zangiota tuman boʻlimi “Qoʻyliq” agrofirmaga talabnoma bilan murojaat qilgan.
Biroq javobgar tomonidan talabnoma oqibatsiz qoldirilgan. Shu sababli daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgardan 4 939 178 soʻm undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 4 939 178 soʻm asosiy qarz va 5 000 soʻm pochta xarajati hamda respublika budjeti (Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi)ga 96 105 soʻm davlat boji undirilgan.
Sudning hal qiluv qarori ustidan javobgar tomonidan apellatsiya shikoyati berilgan va unga 48 053 soʻm davlat boji hamda 5 000 soʻm pochta xarajati toʻlanganligini tasdiqlovchi dalillar ilova qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni rad etish haqida yangi qaror qabul qilingan.
XPK 95-moddasining birinchi qismiga koʻra sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya shikoyati berishlari bilan bogʻliq sud xarajatlari ushbu moddada bayon qilingan qoidalarga muvofiq taqsimlanishi belgilangan.
Mazkur holatda javobgar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda 48 053 soʻm davlat boji hamda 5 000 soʻm pochta xarajatlarini toʻlagan. Shu bois apellatsiya instansiyasi sudi daʼvoni rad etganligi uchun daʼvogardan javobgarga ushbu sud xarajatlari undirib berilishi lozim edi. Ammo, apellatsiya instansiyasi sudi Soliq kodeksi 330-moddasining 12-bandida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari xoʻjalik sudida zarar yetkazuvchidan quyidagi summalarni undirish toʻgʻrisidagi regress daʼvolar boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod etilganligi sababli javobgarga u tomonidan sarf qilingan sud xarajatlarini undirmay, xatolikka yoʻl qoʻygan.
14. Apellatsiya shikoyati (protesti)ni ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrim va apellatsiya shikoyati (protesti)ni koʻrish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror ishda ishtirok etuvchi shaxslarga XPKning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuborilishi lozim.
“Toshkent elektr tarmoqlari” AJ viloyat xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Qibray tumani xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimidan 51 140 184,28 soʻm asosiy qarz va limitdan ortiqcha elektr energiyasidan foydalanganligi uchun 29 615 131,28 soʻm penya undirishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Toshkent viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi nizoning predmetiga mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 16 217 187,53 soʻm asosiy qarz, 7 668 144,60 soʻm jarima va 1 921 192,28 soʻm penya undirilgan.
Hal qiluv qarori ustidan javobgar apellatsiya shikoyati bergan, sudning ajrimi bilan shikoyat ish yuritishga qabul qilinib, sud majlisi tayinlangan.
XPKning 163-moddasiga koʻra sudya apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ajrimda apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish vaqti va joyi koʻrsatiladi. Ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi.
Mazkur holatda ushbu protsessual huquq normasiga talabiga rioya qilinmagan va sudning apellatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrim uchinchi shaxs (Toshkent viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi)ga yuborilmagan, natijada apellatsiya instansiyasi sudi ishni uchinchi shaxs ishtirokisiz koʻrib chiqqan.
Shuningdek, XPK 171-moddasining toʻrtinchi qismiga binoan apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror besh kunlik muddatda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, qaror axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.Ammo apellatsiya instansiyasi sudining qarori uchinchi shaxsga yuborilmasdan xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Yana bir misol.
Daʼvogar “219-sonli maxsus qurilish” MChJ xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Qurilishmashservis” xususiy korxonasidan 19 465 514 soʻm asosiy qarz va 9 732 757 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Biroq apellatsiya instansiyasi sudining qarori ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi dalil ishda mavjud emas.
Vaholanki, XPK 171-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda ishda ishtirok etuvchi shaxslarga topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi yoki tilxat olib topshiriladi, ularning elektron manzillari mavjud boʻlgan taqdirda esa, qaror axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
15. Agar daʼvo yuridik shaxsning oʻziga emas, balki uning alohida boʻlinmasiga nisbatan taqdim etilib, yuridik shaxsning oʻzi ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan boʻlsa, bu holat hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga asos boʻladi.
Nishon tuman DSI xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Savdoenergo” AJ Talimarjon filialiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-605-sonli qaroriga asosan eng kam oylik ish haqining 200 baravari, yaʼni 12 584 000 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, “Savdoenergo” AJ Talimarjon filialiga nisbatan eng kam oylik ish haqining 200 baravari, yaʼni 12 584 000 soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllanilgan.
Apellatsiya instansiyasining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashining qarori bilan tasdiqlangan reja hamda DSIning buyruqlariga asosan “Savdoenergo” AJ Talimarjon filialining moliyaviy xoʻjalik faoliyatida soliq qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan tekshirish oʻtkazilgan.
Tekshirishda “Savdoenergo” AJ Talimarjon filiali tomonidan alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish qoidalari buzilgan holda 2012-yil iyun-iyul oylarida 13 653 500 soʻmlik alkogolli mahsulotlar sotilib, 650 400 soʻm foyda olinganligi aniqlangan.
Aniqlangan holat boʻyicha DSIning “Savdoenergo” AJ Talimarjon filialiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 16-martdagi “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-605-sonli qaroriga asosan eng kam oylik ish haqining 200 baravari, yaʼni 12 584 000 soʻm miqdorida moliyaviy jarima undirish toʻgʻrisida qarori qabul qilingan. Ushbu qaror “Savdoenergo” AJ Talimarjon filiali tomonidan ixtiyoriy ijro qilinmaganligi sababli, DSI sudga murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi “Savdoenergo” AJ Talimarjon filiali yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmasada, AJni ishga jalb qilmasdan ishni koʻrib chiqib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Vaholangki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Birinchi instansiya sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksining qoʻllanilishi toʻgʻrisida”gi qarorining 9-bandiga koʻra,agar daʼvo yuridik shaxsning oʻziga emas, balki uning alohida boʻlinmasiga nisbatan taqdim etilgan boʻlsa, u holda yuridik shaxsning oʻzini ishda ishtirok etishga jalb qilish sud tomonidan XPKning 38-moddasiga muvofiq hal etiladi. Daʼvo qanoatlantirilgan taqdirda, undiriladigan summa ishga tegishli javobgar sifatida jalb qilingan yuridik shaxsdan undirilishi lozim.
Ammo, apellatsiya instansiya sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ishni koʻrishda yoʻl qoʻyilgan xatoliklarga eʼtibor bermasdan hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining va apellatsiya instansiyasi sudining qarorlarini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
16. Birinchi instansiya sudida davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan daʼvogarning daʼvosi rad etilib, davlat boji undirilmagan boʻlsa va keyinchalik apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hal qiluv qarori oʻzgartirilsa yoki yangi qaror qabul qilinsa, davlat boji birinchi instansiya sudi uchun ham undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat boshqarmasi “Xorazmpaxtasanoat” XABning manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Uzprommashimpeks” DATSKdan 10 007 579 000 soʻm asosiy qarz va 10 007 579 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2013-yil 18-sentabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo rad etilgan. Daʼvogar davlat boji toʻlashdan ozod etilganligi uchun davlat boji undirilmagan.
Apellatsiya instansiyasi sudining 2015-yil 9-yanvardagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, yangi qaror qabul qilingan. Daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, “Uzprommashimpeks” DATSKdan “Xorazmpaxtasanoat” XAB foydasiga 2 087 318 241 soʻm asosiy qarz va 100 075 790 soʻm davlat boji undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudi davlat bojini undirishda xatolikka yoʻl qoʻygan.
Birinchi instansiya sudida daʼvo rad etilib, daʼvogar davlat boji toʻlashdan ozod etilganligi bois davlat boji undirilmagan boʻlsa, apellatsiya instansiyasida hal qiluv qarori oʻzgartirilsa yoki daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilinsa, apellatsiya instansiyasi sudi davlat bojini birinchi instansiya sudi uchun ham undirishi lozim edi. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari”ning 2-bandi “a” kichik bandiga koʻra mulkiy tusdagi daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji undiriladi. Sud esa ushbu summani undirmagan.
Shuningdek, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilganligi uchun davlat boji daʼvo talabining 1 foizi miqdorida (100 075 790 soʻm) undirilgan. Vaholangki, Vazirlar Mahkamasining1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari”ning 2-bandi “d” kichik bandiga muvofiq, xoʻjalik sudlarining qarorlarini qayta koʻrib chiqish haqidagi arizalardan birinchi instansiyada koʻrib chiqish uchun ariza berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi, mulkiy tusdagi nizolar boʻyicha esa talashilayotgan summadan kelib chiqib davlat boji undiriladi.
Yaʼni javobgardan ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilganligi uchun 50 037 895 (10 007 579 000 x 1% = 100 075 790 : 2) soʻm hamda birinchi instansiyasi sudida koʻrganligi uchun100 075 790 soʻm, jami 150 113 685 soʻm davlat boji undirishi lozim edi.
17. Apellatsiya shikoyatida yangi talabning bildirilganligi uni qabul qilishni rad etish uchun asos boʻlmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi “Agrobank” OATB Samarqand viloyat hududiy filiali manfaatida “Sam avangard stroy servis” MChJ va “Oʻzvinsanoat-xolding” kompaniyasiga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, qarz oluvchi va bank oʻrtasida tuzilgan 2012-yil 20-iyundagi 37-sonli kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni va 1 224 580 672 soʻm kredit qarzini undirishni hamda undiruvni ularga tegishli boʻlgan boshqa likvidli mol-mulklariga qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo ariza qisman qanoatlantirilib, qarz oluvchi va bank oʻrtasida kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinib, “Sam avangard stroy servis” MChJ va “Oʻzvinsanoat-xolding” kompaniyasi hisobidan bank foydasiga 1 215 349 191 soʻm undirilgan va undiruv javobgarlarning barcha likvidli mol-mulklariga qaratilgan. Daʼvo talabining 9 236 481 soʻm penya undirish qismini qanoatlantirish rad etilgan.
“Oʻzvinsanoat-xolding” kompaniyasi XPKning 159-moddasida belgilangan tartibda apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, “Agrobank” OATB Samarqand viloyat hududiy filiali (kredit beruvchi) va “Sam avangard stroy servis” MChJ (kredit oluvchi) hamda “Oʻzvinsanoat-xolding” kompaniyasi (kafil) oʻrtasida 2012-yil 20-iyundagi (raqamsiz) kafillik shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
XPKning 166-moddasining uchinchi qismiga koʻra, ish birinchi instansiyada koʻrilganda taqdim etilmagan yangi talablar apellatsiya instansiyasida qabul qilinmaydi va koʻrilmaydi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Xoʻjalik sudi Plenumining “Apellatsiya instansiyasi sudida ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasi Xoʻjalik protsessual kodeksini qoʻllash haqida”gi 2007-yil 28-dekabrdagi 173-sonli qarori 11-bandiga asosan apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudida koʻrishda taqdim etilmagan yangi talablarni qabul qilishga yoki koʻrib chiqishga haqli emas (XPK 166-moddasining uchinchi qismi). Bunda yangi talablar deganda, birinchi instansiya sudida koʻrib chiqilmagan moddiy-huquqiy talablar hamda birinchi instansiya sudida ishni koʻrishda ishtirok etmagan shaxsga nisbatan taqdim etilgan talablar tushunilishi lozim.
Shunga asosan, sud apellatsiya shikoyatini qabul qilishni rad etishni lozim topgan.
Biroq, apellatsiya shikoyatida yangi talabning bildirilganligi uni qabul qilishini rad etish uchun asos boʻlmaydi. Mazkur holatda apellatsiya shikoyati XPKning 159-moddasida belgilangan tartibda berilganligi uchun, shikoyat ish yurituvga qabul qilinib, u mazmunan koʻrilib, tegishli qaror qabul qilinishi lozim edi.
18. Apellatsiya instansiyasi sudi ishni mavjud va qoʻshimcha taqdim etilgan dalillar boʻyicha qayta koʻrishi sababli, ushbu instansiya sudi ham ishda ishtirok etuvchi shaxsning iltimosnomasiga asosan ekspertiza tayinlashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasi ATB “Agrobank” Shahrixon filialining manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Noʻʼmon xoji” fermer xoʻjaligidan 88 236 000 soʻm asosiy qarz, 1 001 000 soʻm foiz, 4 163 150 soʻm penya undirish va undiruvni javobgarning garovdagi mol-mulkiga qaratishni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan ATB “Agrobank” ishga daʼvogar sifatida jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Aniqlanishicha, ATB “Agrobank” Shahrixon filiali bilan “Noʻʼmon xoji” FX oʻrtasida kredit shartnomasi tuzilgan. Kredit shartnomasiga asosan javobgarga parrandachilikni rivojlantirish uchun 100 000 000 soʻm miqdorida 36 oy muddatga, yiliga 14 foiz qoʻshimcha haq toʻlash sharti bilan kredit ajratilgan.
Kredit mablagʻini qaytarilishini taʼminlash maqsadida javobgarga tegishli boʻlgan 1988-yilda ishlab chiqarilgan traktor, 1988-yilda ishlab chiqarilgan tirkama hamda Shaxrixon QFY, Tegirmonboshi qishlogʻida joylashgan bino va inshootlar garovga qoʻyilgan. Taraflar oʻrtasida garovga qoʻyilayotgan mol-mulklarning qiymatini belgilash toʻgʻrisida kelishuv dalolatnomasi tuzilib, unga koʻra garovga qoʻyilayotgan traktor 5 000 000 soʻm, tirkama 2 000 000 soʻm hamda koʻchmas mulk 118 000 000 soʻmga baholangan.
Javobgar tomonidan kredit shartnomasida belgilangan kredit va unga hisoblangan foizlarni qaytarish jadvaliga rioya qilinmagan, natijada u 2013-yil oktyabr oyi holatiga kredit qarzidan 46 736 000 soʻm qaytarishi lozim boʻlsada, 11 764 000 soʻm qaytarilgan. Muddatida toʻlanmagan foizlar 1 001 000 soʻmni hamda hisoblangan penya 4 163 150 soʻmni tashkil etgan.
Shu sababli daʼvogar 88 236 000 soʻm kredit summasini muddatidan oldin qaytarib berishni hamda unga hisoblangan 1 001 000 soʻm kredit foizi va shartnoma shartlarini buzganlik uchun 4 163 150 soʻm penya undirishni, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining majlisida javobgar vakili qatnashmagan.
FKning 735-moddasiga koʻra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.
FKning 279-moddasiga muvofiq, garovga oluvchining talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan taʼminlangan majburiyatni oʻzi javobgar boʻlgan vaziyatlarda bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishi mumkin.
Ushbu moddalar hamda boshqa normativ hujjatlarga tayangan holda, daʼvo talablari qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 88 236 000 soʻm kredit summasi, unga hisoblangan 1 001 000 soʻm foiz, 4 163 150 soʻm penya hamda 5 000 soʻm pochta harajatlari undirilgan, undiruv garovdagi mol-mulklarga qaratilib, ularni sotuvga chiqarishdagi boshlangʻich narxi taraflar oʻrtasida tuzilgan kelishuv dalolatnomasiga asosan belgilangan.
Hal qiluv qaroridan norozi boʻlgan javobgar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, kredit mablagʻlari shartnomada belgilangan muddatdan kechiktirib oʻtkazilganligi, koʻchmas mulkka nisbatan belgilangan boshlangʻich narxdan norozi ekanligi, oradan vaqt oʻtib koʻchmas mulklar narxining oshganligi, bundan tashqari, bino va inshootlarda qoʻshimcha qurilish-montaj, taʼmirlash ishlari olib borilganligini inobatga olib, uning haqiqiy bozor narxini ekspertiza tayinlash orqali aniqlashni soʻragan hamda qoʻshimcha dalillarni taqdim etgan.
Lekin apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masala umuman muhokama qilinmagan va iltimosnoma oqibatsiz qoldirilgan hamda taqdim etilgan qoʻshimcha dalillar oʻrganilmagan.
Vaholangki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 20-iyundagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan ekspertizaga oid qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotining ayrim masalalari haqida”gi 261-sonli sonli Qarorining 7-bandida apellatsiya instansiyasi sudi ishni mavjud va qoʻshimcha taqdim etilgan dalillar boʻyicha qayta koʻrishi sababli, ushbu instansiya sudi ham ishda ishtirok etuvchi shaxsning ogʻzaki yoki yozma iltimosnomasiga koʻra ekspertiza tayinlashga haqli ekanligi toʻgʻrisida sudlarga tushuntirish berilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 13/150-sonli qarorining 23-bandi ikkinchi qismida garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymati yuzasidan nizo vujudga kelgan hollarda, taraflarning iltimosnomasi boʻyicha tayinlangan mutaxassis (ekspert)ning xulosasiga koʻra belgilanishi taʼkidlangan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, apellatsiya instansiyasi garovga qoʻyilgan koʻchmas mulk bilan bogʻliq nizo kelib chiqqanligi bois, javobgarning ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasini qanoatlantirib, ekspertiza tayinlashi va ekspert xulosasini har tomonlama, toʻliq va xolis baholab, koʻchmas mulkning haqiqiy narxini belgilashi lozim edi.
19. XPK 166-moddasining ikkinchi qismiga asosan sud apellatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan vajlar bilan cheklanib qolmaydi hamda hal qiluv qarorining qonuniyligi va asoslantirilganligini toʻla hajmda tekshiradi.
“Urganchsuvqurilishmontaj” unitar korxonasi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatdan va moliyaviy taʼminlash departamenti Xorazm viloyat xududiy boshqarmasi va Xozarasp tuman sud ijrochilari boʻlimiga nisbatan xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, Sud ijrochilari Xozarasp tuman boʻlimining qarorini noqonuniy deb topib, uni bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi unitar korxona tomonidan ariza sudga taqdim etilgandan keyin Sud ijrochilari Xozarasp tuman boʻlimining qarori Sud departamenti Xorazm viloyat xududiy boshqarmasi tomonidan bekor qilinganligini asos qilib, arizani rad etgan va Sud departamenti Xorazm viloyat xududiy boshqarmasi hisobidan 961 050 soʻm davlat boji undirgan.
Sud departamenti Xorazm viloyat xududiy boshqarmasi apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilib, hal qiluv qarorining 961 050 soʻm davlat boji undirish qismini bekor qilishni soʻragan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Bunday qarorni qabul qilishda apellatsiya instansiyasi sudi quyidagilardan kelib chiqqan.
XPKning 166-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, sud apellatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan vajlar bilan cheklanib qolmaydi hamda hal qiluv qarorining qonuniyligi va asoslantirilganligini toʻla hajmda tekshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2009-yil 10-apreldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qoʻllashda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalari haqida”gi 06/196-sonli qarorining 16-bandi beshinchi xatboshisiga koʻra sud ijrochisining u yoki bu qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqilmaydi va bunday arizalar XPK 117-moddasining 1-bandiga asosan qabul qilinmaydi, qabul qilinganlari esa, XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan tugatilishi lozim.
Vaholangki birinchi instansiyasi sudi talab xoʻjalik sudiga taalluqli boʻlmasada, uni qabul qilib mazmunan koʻrib chiqqan.
Shu sababli apellatsiya instansiyasi sudi hal qiluv qarorini bekor qilish va ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida asosli xulosaga kelgan.
20. Ishda sud majlisi bayonnomasining mavjud emasligi xoʻjalik sudining qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga asos boʻladi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasi “Qarshisanoatuyjoyqurilish” MChJ manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Muborak taʼminot bazasi”dan 32 967 480 soʻm asosiy qarz, 16 483 740 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 32 967 480 soʻm asosiy qarz va 3 000 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Biroq, ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilgan vaqtda sud majlisi bayonnomasi yuritilmagan. Vaholanki, XPKning 188-moddasi 8-bandiga koʻra ishda sud majlisi bayonnomasining boʻlmasligi hal qiluv qarori yoki qarorni bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun yuborishga asos boʻladi.
Shu sababli kassatsiya instansiya sudi tomonidan apellatsiya instansiyasi sudining qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun apellatsiya instansiyasi sudiga yuborildi.
21. Apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan berilgan apellatsiya shikoyatini Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksining 117-moddasi 1-bandiga asosan qabul qilish rad etiladi.
Denov shahar “Bobodehqon bozori” OAJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bozor hududida 309 kv.m maydondan foydalanib kelayotgan “Dilmurodova Nozima” XKdan bozor infratuzilmasidan foydalanganlik uchun 10 488000 soʻm yigʻimni undirishni soʻragan.
Sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Javobgarning hal qiluv qaroridan norozi boʻlib bergan apellatsiya shikoyati, shikoyatni berish muddatini tiklash haqida iltimosnoma ilova qilinmaganligi sababli sudning ajrimi bilan qaytarilgan.
Javobgar apellatsiya shikoyatini qaytarish haqidagi ajrimdan norozi boʻlib apellatsiya instansiyasi sudiga qaytadan apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Sudning ajrimi bilan apellatsiya shikoyati Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksining 162-moddasi uchinchi qismiga asoslanib qaytarilgan.
Vaholangki Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi 162-moddasining uchinchi qismida shikoyatni qaytarish asoslari emas, balki shikoyat qilish tartibi belgilangan. Unga koʻra, apellatsiya shikoyati (protesti)ni qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) mumkin. Yaʼni XPK qoidalariga koʻra apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan faqatgina kassatsiya instansiyasi sudiga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Apellatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat apellatsiya instansiya sudida koʻrilmaydi. Shu sababli sud shikoyatni Xoʻjalik protsessual kodeksining 117-moddasining 1-bandini qoʻllangan holda qabul qilishni rad etishi lozim edi.
2015-yil 31-mart.