Xoʻjalik ishlarini koʻrishda sud xarajatlarini undirish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish natijalari haqida
Maʼlumot
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan xoʻjalik sudlari tomonidan 2014-yilda xoʻjalik ishlarini koʻrishda sud xarajatlarini undirish bilan bogʻliq sud amaliyotini umumlashtirish uchun (647 ta) xoʻjalik ishlari va ushbu masala boʻyicha xoʻjalik sudlarida oʻtkazilgan umumlashtirishlar oʻrganib chiqildi.
Davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash masalallari
1. Davlat boji toʻlashni kechiktirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida daʼvo arizasi (ariza)ni qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida daʼvo arizasi (ariza)ni qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari koʻrsatilishi kerak.
“Uztexservis” MChJ Buxoro shahar DSIga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 32 401 341 soʻmlik 85 dona inkasso topshiriqnomalarining ijro etilishi mumkin emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
“Uztexservis” MChJ daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilgan va unda uning hisob raqamlarida pul mablagʻlari mavjud emasligi maʼlum qilinib, bu haqdagi bank maʼlumotnomasi arizaga ilova qilingan va davlat boji toʻlovini hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirib turish soʻralgan.
Sud daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisida ajrim chiqargan. Biroq sudning ajrimida davlat boji toʻlovini kechiktirib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish yoki qanoatalantirishni rad etish haqida maʼlumotlar koʻrsatilmagan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 7.3-bandining birinchi xatboshisiga muvofiq davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi. Ajrimda iltimosnomani qanoatlantirish yoxud uni qanoatlantirishni rad etish asoslari koʻrsatilishi kerak.
2. Daʼvo arizasi uchun davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan toʻlanganda, (korxona uchun uning rahbari yoki taʼsischisi tomonidan davlat boji toʻlangan hollar bundan mustasno), davlat boji toʻlanmagan hisoblanadi va daʼvo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
“Baxtiyor Adolat mezoni” XK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar Buxoro tuman Obodonlashtirish boʻlimi va Buxoro tuman Gʻaznachilik boʻlimidan 10 937 330 soʻm zarar, 3 469 375 soʻm bank foizi, jami 14 406 705 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, XKning daʼvo arizasiga ikkita 80 000 soʻmdan 160 000 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi kvitansiyalar ilova qilingan. Mazkur kvitansiyalardagi toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi degan joyda Akramov Oʻtkir deb koʻrsatilgan. Akramov Oʻtkir “Baxtiyor Adolat mezoni” xususiy korxonasi rahbari boʻlib hisoblanadi. Biroq 80 000 soʻm toʻlov plastik kartochkadan amalga oshirilganligini tasdiqlovchi terminal chekidan koʻrinishicha, toʻlov Salixov Farrux Sobirovich plastik kartochkasidan amalga oshirilgan. Ammo sud mazkur holatga eʼtibor bermasdan, daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilib, ishni mazmunan koʻrib chiqqan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 9-bandiga koʻra davlat boji ishda ishtirok etmayotgan shaxs tomonidan toʻlanishi mumkin emas. Agar davlat boji daʼvogar (arizachi) yoki apellatsiya yoxud kassatsiya shikoyati beruvchi shaxs oʻrniga boshqa shaxs tomonidan toʻlangan boʻlsa (korxona uchun uning rahbari yoki taʼsischisi tomonidan davlat boji toʻlangan hollar bundan mustasno), davlat boji haqiqatda toʻlanmaganligidan kelib chiqish hamda shunday ekan, daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati tegishincha XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandi, 162-moddasi birinchi qismining 3-bandi va 180-moddasi birinchi qismining 4-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
Shu bois, davlat boji xususiy korxona hisob raqamidan yoki uning rahbari tomonidan amalga oshirilmaganligi sababli, daʼvo arizasi XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga muvofiq qaytarilishi lozim edi.
3. Adliya organlari Soliq kodeksi 330-moddasining 23-bandiga asosan xoʻjalik sudlariga faqat davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab daʼvo arizalari (arizalari)ni berganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan. Shu sababli ular oʻzlarining manfaatlari yuzasidan bergan daʼvo arizalari uchun davlat bojini umumiy tartib va miqdorda toʻlaydilar. Aks holda, ularning bunday daʼvo arizalari XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytariladi.
Buxoro viloyat adliya boshqarmasi “Kvadra form” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish, 4 075 500 soʻm jarima va 4 381 141 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan kompyuter texnikasi xarid qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasi Buxoro filialiga eʼlon berilgan. Auksion savdosida “Kvadra form” MChJ gʻolib chiqib, adliya boshqarmasi bilan 5 dona kompyuter texnikasini har birini 1 551 000 soʻmdan 7 755 000 soʻmga yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma imzolagan. Shu kuni boʻlib oʻtgan boshqa elektron savdoda “Kvadra form” MChJ gʻolib chiqib, adliya boshqarmasi bilan 9 dona kompyuter texnikasini har birini 1 402 500 soʻmdan, jami 12 622 500 soʻmga yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma imzolagan.
Adliya boshqarmasi tomonidan shartnomalar shartlariga koʻra 15 foiz toʻlov oldindan amalga oshirilgan. MChJ tomonidan kompyuter texnikalari olib kelib oʻrnatilgan. Ammo olib kelib oʻrnatilgan kompyuter texnikalari shartnomada koʻrsatilgan kompyuterlarga mos kelmaganligi, shuningdek kompyuterlarning ayrim qismlari toʻliq yetkazilmaganligi sababli, kompyuterlar MChJga qaytarilgan.
Adliya boshqarmasi MChJga murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda koʻrsatilgan kompyuter texnikalarini belgilangan muddatlarda yetkazib berishni soʻragan. MChJ tomonidan shartnomalarda koʻrsatilgan kompyuter texnikalarini yetkazib berish oʻrniga adliya boshqarmasiga oldindan toʻlab berilgan pul mablagʻlari qaytarilgan. Shu sababli adliya boshqarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilgan.
Ammo daʼvo arizasiga davlat boji va pochta xarajatlari toʻlaganligini tasdiqlovchi hujjatlar yoki davlat bojini toʻlashni kechiktirib turish toʻgʻrisida iltimosnoma ilova qilinmagan. Birinchi instansiya sudi esa davlat boji va pochta xarajatlari toʻlanmagan boʻlsada, daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilib, ishni mazmunan koʻrib chiqqan.
Soliq kodeksi 330-moddasining 23-bandiga koʻra adliya organlari - davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qilingan daʼvolar hamda berilgan arizalar yuzasidan xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar. Shunday ekan, adliya organlari xoʻjalik shartnomalari boʻyicha oʻzlarining manfaatlari yuzasidan sudga bergan daʼvo arizalari uchun davlat bojini umumiy tartibda toʻlashlari lozim.
Shu bois, adliya organlarining bunday daʼvo arizalari XPK 118-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan qaytarilishi lozim.
4. Sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Daʼvogar “Sharob savdo” UK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Shamshir Yug” MChJdan 17 984 723 soʻm asosiy qarz va 8 992 361 soʻm penya undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, taraflar oʻrtasida mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan boʻlib, daʼvogar javobgarga spirtli ichimliklar yetkazib berish, javobgar esa yetkazib berilgan mahsulotning haqini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Daʼvogar javobgarga 662 710 soʻmlik shisha idishlarda 21 154 100 soʻmlik spirtli ichimliklar yetkazib bergan. Javobgar 662 710 soʻmlik shisha idishlarni daʼvogarga qaytarib bergan boʻlsada, 17 984 723 soʻmlik spirtli ichimliklar uchun toʻlovni amalga oshirmagan.
Shu sababli daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Nizo boʻyicha ish koʻrilayotgan vaqtda daʼvogar sudga ariza bilan murojaat qilib, 8 992 361 soʻm penya undirishdan voz kechishini maʼlum qilgan.
Sud daʼvo talabining penya undirish qismidan voz kechish toʻgʻrisidagi arizani qabul qilib, daʼvoning bu qismi boʻyicha ish yuritishni tugatgan. Daʼvo talabining asosiy qarz qismini qanoatlantirib, javobgardan daʼvogar foydasiga 17 984 723 soʻm undirgan. Shuningdek, sud javobgardan daʼvogar foydasiga oldindan toʻlangan 184 347 soʻm davlat bojini undirishni lozim topgan.
Biroq sud davlat bojini hisoblashda xatolikka yoʻl qoʻygan.
XPK 95-moddasining birinchi qismiga koʻra sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Shu bois, birinchi instansiya sudi javobgardan daʼvogar foydasiga 17 984 723 soʻmning 1 foizini, yaʼni 179 847 soʻm undirishi, daʼvo talabining penya qismi uchun toʻlangan davlat bojini esa daʼvogarning zimmasida qoldirishi lozim edi.
5. Daʼvo qisman qanoatlantirilganda, davlat boji boʻyicha sud xarajatlari xoʻjalik sudi tomonidan daʼvogarga qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda, hamda javobgarga — daʼvo talablari rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undiriladi.
“Feruz Fayz Produkt” XK “Temiryo`l Universal Leasing” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Temiryo`l Universal Leasing” MChJning zimmasiga “Feruz Fayz Produkt” xususiy korxonasiga lizing obyektini topshirish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Temiryo`l Universal Leasing” MChJ va “Feruz Fayz Produkt” XK oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, MChJ xususiy korxonaga Samarqand shahri, I.Muminov koʻchasi, 30-uyda joylashgan qiymati 140 000 000 soʻmlik ofis binosini lizingga bergan. Lizing oluvchi lizing obyekti uchun 168 000 000 soʻm toʻlab bergandan keyin lizing beruvchi 30 bank kunida lizing obyektini lizing oluvchiga topshirishi lozim boʻlgan.
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing oluvchi lizing beruvchiga 169 140 393 soʻm toʻlab bergan. Ammo lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga topshirmagan. Shu sababli, “Feruz Fayz Produkt” XK “Temiryo`l Universal Leasing” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Daʼvo arizasiga 1 680 000 soʻm miqdorida davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomasi ilova qilingan.
Oʻz navbatida lizing beruvchi sudga qarshi daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, lizing oluvchidan 124 822 009 soʻm asosiy qarz, 62 411 004 soʻm penya undirishni, lizing shartnomasi bekor qilinganligini eʼtirof etishni va lizing obyektini talab qilib olishni soʻragan. Shuningdek, uning hisob raqamlarida pul mablagʻlari boʻlmaganligi sababli, davlat bojini boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan dastlabki daʼvo qanoatlantirilib, MChJ zimmasiga lizing obyektini xususiy korxonaga topshirish majburiyati yuklangan. Qarshi daʼvo qisman qanoatlantirilib, lizing oluvchidan lizing beruvchi foydasiga 11 640 393 soʻm miqdorida penya undirilgan. Qarshi daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. “Temiryo`l Universal Leasing” MChJdan respublika budjetiga 3 305 674 soʻm, “Feruz Fayz Produkt” XKdan 927 706 soʻm davlat boji undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Birinchi instansiyasi sudi tomonidan sud xarajatlarini taqsimlashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, sudning hal qiluv qarorida dastlabki daʼvo boʻyicha toʻlangan sud xarajatlari xususiy korxona zimmasida qoldirilishi, qarshi daʼvo boʻyicha daʼvoning qanoatlantirilgan qismi boʻyicha davlat boji xususiy korxona zimmasiga yuklatilishi, qanoatlantirish rad etilgan qismi boʻyicha esa – MChJ zimmasiga yuklatilishi koʻrsatilgan. Ammo hal qiluv qarorida undirilgan davlat bojining hisob-kitobi koʻrsatilmagan.
Qarshi daʼvo boʻyicha davlat boji quyidagicha undirilishi lozim edi:
XKdan 187 233 013 (124 822 009 soʻm asosiy qarz, 62 411 004 soʻm penya) soʻm undirish qismi boʻyicha – 1 872 330 soʻm;
MChJdan lizing shartnomasi bekor qilinganligini eʼtirof etish qismi boʻyicha – eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida (961 050 soʻm);
MChJdan lizing obyektini talab qilib olish qismi boʻyicha – 1 400 000 (lizing obyekti qiymatining 1 foizi).
Jami 4 233 380 soʻm davlat boji undirilishi lozim edi.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismidan koʻrinishicha qarshi daʼvo taqdim qilingan kunga qadar lizing toʻlovlari boʻyicha 30 359 607 soʻm qarz mavjud boʻlgan va nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilgunga qadar lizing oluvchi tomonidan qarz qoplangan. Shuningdek, lizing toʻlovlari kechiktirib toʻlab kelinganligi bois lizing beruvchi tomonidan hisoblangan 62 411 004 soʻm penya sud tomonidan asosli deb topilgan. Biroq toʻlanishi lozim boʻlgan penya miqdori majburiyatni buzish oqibatlariga nomutanosibligi sababli sud penya miqdorini 11 640 393 soʻm qismini qanoatlantirgan. Bundan koʻrinadiki, lizing oluvchidan qarshi daʼvo boʻyicha 927 706 soʻm davlat boji 92 770 611 (30 359 607 + 62 411 004) soʻmdan kelib chiqib undirilgan.
Bundan xulosa qilsa boʻladiki, lizing beruvchidan 3 305 674 soʻm davlat boji undirishda sud quyidagi hisob-kitobdan kelib chiqqan: 4 233 380 – 927 706 = 3 305 674.
Shuningdek, sud xarajatlarini taqsimlashda sud XPK 95-moddasining birinchi qismiga havola qilgan boʻlsada, nomaʼlum sabablarga koʻra dastlabki daʼvo qanoatlantirilganligiga qaramasdan, dastlabki daʼvo boʻyicha sud xarajatlari lizing oluvchi zimmasida qoldirgan.
Bundan tashqari, dastlabki daʼvoning talabi nomulkiy talab boʻlganligi sababli u boʻyicha davlat boji eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida, yaʼni 961 050 soʻm toʻlanishi lozim boʻlgan. Ammo xususiy korxona lizing obyektining qiymatidan kelib chiqib, 1 680 000 soʻm miqdorida davlat boji toʻlab chiqqan boʻlsada, sud unga ortiqcha toʻlangan (718 950 soʻm) davlat bojini qaytarmagan.
Shu bilan birga, lizing beruvchining hisob-raqamida pul mablagʻlari boʻlmaganligi sababli, qarshi daʼvoni davlat bojini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan qabul qilishni soʻragan boʻlsada, qarshi daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda lizing beruvchining iltimosnomasi qanoatlantrilganligi koʻrsatilmagan. Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 7.3-bandiga koʻra davlat boji toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda, iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida daʼvo arizasi (ariza), apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatini qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi.
6. Neustoyka miqdori xoʻjalik sudi tomonidan FKning 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, daʼvogar tomonidan oldindan toʻlangan davlat boji boʻyicha xarajatlar neustoykani kamaytirmasdan undirilishi mumkin boʻlgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanadi.
“Oʻzbekkoʻmir” OAJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Asadbek agro servis” MChJdan 40 000 000 soʻm asosiy qarz, 20 000 000 soʻm penya undirishni va taraflar oʻrtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 40 000 000 soʻm asosiy qarz, 4 000 000 soʻm penya, 1 411 050 soʻm davlat boji va 5 000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvogar tomonidan toʻlangan 150 000 soʻm davlat boji daʼvogar zimmasida qoldirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilmagan.
Aniqlanishicha, daʼvogar va javobgar oʻrtasida kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan. Shartnomaga asosan javobgar daʼvogarga 40 000 000 soʻmlik qishloq xoʻjaligi mahsulotari yetkazib berish, daʼvogar esa mahsulotlarni qabul qilib olish va uning haqini toʻlab berish majburiyatini olgan.
Shartnomaga asosan daʼvogar tomonidan javobgar hisob raqamiga 40 000 000 soʻm oʻtkazib berilgan. Biroq javobgar shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmasdan, belgilangan muddatda mahsulotlarni yetkazib bermagan. Shu bois, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Javobgar shartnomada belgilangan majburiyatlarni bajarilmaganligi bois, birinchi instansiya sudi daʼvoning 40 000 000 soʻm asosiy qarz undirish hamda kontraktatsiya shartnomasini bekor qilish haqidagi talablarini qanoatlantirish haqida xulosaga kelgan.
Shuningdek, sud daʼvogarning penya undirish talabini asosli deb hisoblab, FKning 326-moddasiga asosan soʻralgan penya miqdorini 4 000 000 soʻmgacha kamaytirish haqida ham xulosaga kelgan.
Biroq davlat bojini undirishda xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Chunki, daʼvogar daʼvo talablaridan kelib chiqib, 1 561 050 soʻm davlat boji toʻlab chiqqan.
Sud daʼvogarning daʼvo talablarini asosli deb hisoblab, penya miqdorini FKning 326-moddasiga asosan kamaytirgan boʻlsada, javobgardan daʼvogar foydasiga 1 411 050 soʻm davlat boji undirib, 150 000 soʻm davlat bojini daʼvogar zimmasida qoldirgan.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻlashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 17-bandida neustoyka miqdori xoʻjalik sudi tomonidan asosli ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirilganda, daʼvogarning davlat boji boʻyicha xarajatlari, neustoykani kamaytirmasdan undirilishi mumkin boʻlgan summadan kelib chiqqan holda javobgar tomonidan qoplanishi haqida tushuntirish berilgan.
7. Mulkiy tusdagi daʼvo arizalari uchun daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji toʻlanadi.
Daʼvogar “Omad biznes Zarafshon” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Binokor standart plyus” MChJdan 5 400 000 soʻm asosiy qarz va 2 700 000 soʻm penya, jami 8 100 000 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Omad biznes Zarafshon” MChJ va “Binokor standart plyus” MChJ oʻrtasida shartnoma tuzilgan. Unga asosan daʼvogar javobgarga 30 000 dona qiymati 5 400 000 soʻm boʻlgan gʻisht mahsuloti yetkazib bergan. Biroq javobgar tomonidan qabul qilib olingan mahsulot uchun haq toʻlanmagan va natijada daʼvogar oldida 5 400 000 soʻm qarz vujudga kelgan. Shu bois “Omad biznes Zarafshon” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Daʼvo arizasiga 107 635 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 5 400 000 soʻm asosiy qarz, 2 700 000 soʻm penya, 107 635 soʻm davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Shuningdek, sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilganligi sababli javobgardan Oliy xoʻjalik sudining depozit raqamiga asosli ravishda 30 000 soʻm undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “a” kichik bandiga binoan, xoʻjalik sudlariga beriladigan mulkiy tusdagi daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji toʻlanadi.
Mazkur holatda, mulkiy tusdagi daʼvo arizasining daʼvo bahosi 8 100 000 soʻmni tashkil qilganligi, uning 1 foizi 81 000 soʻmni tashkil qilganligi sababli, daʼvogar asosli ravishda davlat bojini eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda toʻlab chiqqan.
8. Xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan SKning 330-moddasida nazarda tutilgan shaxslar ozod qilinadi.
Daʼvogar “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” UK xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Termiz shahar yoʻlovchi trans” UKga shartnoma tuzish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Sudning ajrimi bilan Surxondaryo viloyat Gʻaznachilik boshqarmasi, “2510-sonli harbiylashtirilgan davlat avtokollonasi” nizo predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritish tugatilgan.
Ish apellatsiya instansiya sudida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, javobgar davlat mulki boʻlgan 2510-sonli harbiylashtirilgan davlat avtokollonasiga qarashli 1 328,2 kv.m. maydonda joylashgan bino va inshootlardan ofis, avtopark, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish va omborxona sifatida 2014-yil 1-yanvardan buyon ijara shartnomasi rasmiylashtirmasdan foydalanib kelgan. Ijara markazi javobgarni uch tomonlama ijara shartnomasi tuzish toʻgʻrisida ogohlantirgan. Lekin javobgar ijara shartnomasi tuzishdan asossiz ravishda bosh tortib kelgan.
Shu sababli ijara markazi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarga ijara shartnomasi tuzish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ishni koʻrish jarayonida ijara markazi sudga ariza bilan murojaat qilib, javobgar ijara shartnomasi tuzganligi sababli daʼvodan voz kechishini bildirgan.
Sud ijara markazining arizasini qanoatlantirib, XPKning 86-moddasi 6-bandiga asosan ish yuritishni tugatgan va ijara markazi SK kodeksining 330-moddasiga asosan davlat bojidan ozod etilgan deb hisoblab, undan davlat bojini undirmagan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 14-bandida umumiy qoida boʻyicha ishni koʻrish ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrim chiqarish bilan yakunlanganida davlat boji qaytarilmaydi, toʻlanmagan davlat boji esa daʼvogardan undiriladi.
Daʼvo arizasida daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-sonli Farmoni va SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan davlat boji toʻlovidan ozod etishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 13-noyabrdagi PF-4483-sonli Farmonining 4-bandiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organlari etib Qoraqalpogʻiston Respublikasida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi negizida tashkil etilayotgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi, viloyatlarda va Toshkent shahrida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boshqarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari negizida tashkil etilayotgan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmalari belgilangan.
SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan xoʻjalik sudlarida davlat bojini toʻlashdan Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning hududiy organlari - qoʻmita vakolatlariga muvofiq sudlarga beriladigan daʼvolar va arizalar yuzasidan ozod qilingan.
Qayd etib oʻtilgan qonun hujjatlarida “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” UK Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy organi ekanligi belgilanmagan.
Shunday ekan birinchi instansiya sudining daʼvogar SK 330-moddasi birinchi qismining 19-bandiga asosan davlat bojini toʻlashdan ozod etilganligi toʻgʻrisidagi xulosasi notoʻgʻri hisoblanadi. Shu sababli kassatsiya instansiya sudi birinchi instansiya sudining ajrimini oʻzgartirib, ijara markazidan ishni birinchi instansiya sudida koʻrish bilan bogʻliq 961 050 soʻm davlat bojini respublika budjetiga undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
9. Davlat boji toʻlashdan ozod qilingan davlat va boshqa organ tomonidan daʼvogar manfaatida berilgan daʼvoni qanoatlantirish rad etilganda, daʼvogardan davlat boji undirilmaydi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Agrobank” Muzrabot filiali manfaatida Muzrabot tuman DSI va Surxondaryo viloyat DSBga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, Muzrabot tuman DSIning moliyaviy jarima qoʻllash haqidagi qarori va Surxondaryo viloyat DSBning penya qoʻllash haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo arizani qanoatlantirish rad etilib, OATB “Agrobank”dan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 1 922 100 soʻm davlat boji undirilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Birinchi instansiya sudi soliq idoralari tomonidan qabul qilingan qarorlar bankning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarining buzmaganligi sababli, arz qilingan talabni qanoatlantirishni asosli rad etgan, ammo daʼvogardan davlat boji undirib xatolikka yoʻl qoʻygan.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi SK 330-moddasining 6-bandiga asosan davlat boji toʻlashdan ozod etilgan. Shuningdek, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 29-bandiga koʻra, agar qonun boʻyicha xoʻjalik sudiga davlat va jamiyat manfaatlarini himoya qilish, shuningdek yuridik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarning manfaatlarida prokuror, davlat va boshqa organ tomonidan berilgan daʼvo rad etilganda (ish yuritish tugatilganda, daʼvo koʻrmasdan qoldirilganda), manfaatlari himoya qilinib daʼvo berilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
10. Davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan daʼvogarning daʼvosi qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa) qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda respublika budjetiga undiriladi.
Daʼvogar “Asloybek Savdosi” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar Olmazor tumani hokimi qarorining “Asloybek Savdosi” MChJga nisbatan qismini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilib, tuman hokimi qarorining “Asloybek Savdosi” MChJga tegishli qismi haqiqiy emas deb topilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
SK 330-moddasining 3-bandiga koʻra tadbirkorlik subyektlari xoʻjalik sudlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda, davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan.
Shu sababli “Asloybek Savdosi” MChJ sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda davlat boji toʻlamagan.
SK 337-moddasining oʻninchi qismi va XPK 95-moddasining ikkinchi qismiga asosan daʼvogar davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan taqdirda daʼvo qanoatlantirilsa, davlat boji javobgardan (agar u davlat bojini toʻlashdan ozod etilmagan boʻlsa) davlat daromadiga belgilangan daʼvo summasiga muvofiq undiriladi.
Mazkur holatda, javobgar (tuman hokimligi) davlat bojini toʻlashdan ozod etilmaganligi sababli, sud asosli ravishda Olmazor tuman hokimligidan respublika budjetiga 961 050 soʻm davlat boji undirgan. Biroq sud tuman hokimligidan daʼvogar (“Asloybek Savdosi” MChJ) foydasiga daʼvo arizasi uchun oldindan toʻlab chiqilgan 7 200 soʻm pochta xarajatlarini undirib bermasdan, xatolikka yoʻl qoʻygan.
11. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida xoʻjalik sudiga murojaat qilganda belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlaydi. Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektining maqomi statistika tashkilotlarining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanadi.
Daʼvogar “Goframaster” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Farovon” MChJdan 52 145 500 soʻm asosiy qarz, 26 072 950 soʻm penya, 10 429 180 soʻm jarima, 450 740 soʻm davlat boji va 5 000 soʻm pochta xarajatini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 52 145 500 soʻm asosiy qarz, 6 257 460 soʻm penya, 391 092 soʻm davlat boji va 5000 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrilmagan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Goframaster” MChJ va “Farovon” MChJ oʻrtasida 2013-yil 3-yanvarda oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. 2013-yil 11-oktabrda ushbu shartnomaga qoʻshimcha kelishuv tuzilgan.
Shartnoma va qoʻshimcha kelishuvga asosan daʼvogar tomonidan javobgarga 281 145 900 soʻmlik mahsulotlar yetkazib berilgan. Javobgar tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun toʻlovlar qisman amalga oshirilgan boʻlsada, 52 145 500 soʻmlik mahsulotlar haqi toʻlanmagan.
Shu bois daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Sud daʼvogarning javobgardan asosiy qarz va penya undirish talablarini asosli deb hisoblab, penya miqdorini FKning 326-moddasiga asosan 6 257 460 soʻmga kamaytirishni lozim topgan. Daʼvo talabining jarima undirish qismi asossiz boʻlganligi sababli, uni qanoatlantirish rad etilgan.
Sud davlat bojini undirishda daʼvogarning daʼvo arizasida MChJ kichik biznes subyektiga kirishi haqidagi vajlariga asoslangan boʻlsada, daʼvogar kichik biznes subyektlari turiga kirishini tasdiqlovchi statistika organining maʼlumotnomasi daʼvo arizasiga ilova qilinmaganligiga eʼtibor bermagan va ushbu holatga aniqlik kiritmagan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 26-bandida kichik biznes subyektlarining maqomi daʼvo arizasiga ilova qilinadigan statistika organining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanishi lozimligi haqida sudlarga tushuntirish berilgan.
12. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlangan boʻlib uning daʼvosi rad etilganda, undan davlat boji qoʻshimcha ravishda undirilmaydi.
“Murod taʼmir servis” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Oxangaron sement” AJdan 41 000 000 soʻm moddiy zarar, 47 000 000 soʻm boy berilgan foyda va 314 000 000 soʻm zarar undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan. Sud daʼvogar kichik biznes subyekti sifatida ixtiyoriy ravishda oldindan 2 010 000 soʻm davlat boji toʻlaganligini hisobga olib, MChJdan qoʻshimcha 2 010 000 soʻm davlat boji undirgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Murod taʼmir servis” MChJ va “Oxangaron sement” AJ oʻrtasida shartnoma tuzilgan. Shartnoma shartlari AJ tomonidan lozim darajada bajarilmaganligi sababli, “Murod taʼmir servis” MChJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 26-bandining toʻrtinchi xatboshisiga koʻra, agar xoʻjalik sudiga murojaat qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlangan boʻlib daʼvo talablari qanoatlantirilganda, ishni koʻrish natijasi boʻyicha javobgardan undiriladigan davlat bojining miqdori daʼvogar tomonidan toʻlab chiqilgan summa bilan chegaralanadi. Daʼvo rad etilgan holda, davlat boji daʼvogardan qoʻshimcha ravishda undirilmaydi.
Shu bois kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, hal qiluv qarorining javobgardan qoʻshimcha 2 010 000 soʻm davlat boji undirish qismi bekor qilingan.
13. Xoʻjalik ishi kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyektining daʼvo arizasiga asosan qoʻzgʻatilmagan boʻlib, ushbu ish boʻyicha qabul qilingan sud hujjati ustidan kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyekti (javobgar) apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda, davlat boji umumiy tartibda va miqdorda toʻlanadi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi “ULKAN QURILISH LOGISTIKA” MChJ manfaatida O`zAvtoSanoatLeazing” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida 2012-yil 15-noyabrda tuzilgan lizing shartnomasini bekor qilishni va javobgardan 177 538 711,68 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha taraflar oʻrtasida lizing shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra javobgar daʼvogarga qiymati 501 600 AQSh dollari boʻlgan 7 ta “Hyunday” rusumli texnikani lizingga berish majburiyatini olgan. Daʼvogar javobgarga 147 948 926,4 soʻm miqdorida avans va 29 589 785,28 soʻm komissiya toʻlovini, jami 177 538 711,68 soʻm pul mablagʻini toʻlab bergan. Biroq javobgar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan va lizing obyektlari yetkazib berilmagan. Shu sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi daʼvogar manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, lizing shartnomasi bekor qilingan va javobgardan daʼvogar foydasiga 177 538 711,68 soʻm qarz va 7 200 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Shuningdek, respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga birinchi (nomulkiy) talabdan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida 961 050 soʻm va ikkinchi (mulkiy tusdagi) talabdan daʼvo summasining 1 foizi miqdorida 1 775 387,12 soʻm, jami 2 736 437,12 soʻm davlat boji undirilgan.
Javobgar hal qiluv qaroridan norozi boʻlib sudga apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatiga 443 846,80 soʻm miqdorida davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajati toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjatlari ilova qilingan. Javobgar apellatsiya shikoyati uchun davlat bojini 443 846,80 soʻm miqdorida toʻlaganligini u kichik biznes subyekti hisoblanishi bilan asoslagan va Toshkent shahar statistika boshqarmasining maʼlumotnomasini shikoyatga ilova qilgan.
Javobgarning apellatsiya shikoyati XPK 162-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan, yaʼni davlat boji belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar apellatsiya shikoyatiga ilova qilinmaganligi sababli qaytarilgan.
Sud apellatsiya shikoyatini toʻgʻri qaytargan. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari”ning 2-bandiga koʻra kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida xoʻjalik sudlariga murojaat qilishda ushbu bandning “a”, “g” va “e” kichik bandlarida koʻrsatilgan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlaydilar.
Ushbu Stavkalar 2-bandining “a” kichik bandiga asosan xoʻjalik sudiga mulkiy tusdagi daʼvo arizalari bilan murojaat qilganda, davlat boji daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda toʻlanadi. Yaʼni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida sudga daʼvo arizasi (ariza) bilan murojaat qilishda belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlaydilar. Ushbu ishlar boʻyicha apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari uchun birinchi instansiya sudiga toʻlangan (undirilgan) davlat bojining 50 foizi miqdorida boj toʻlanadi.
Mazkur holatda, ish kichik biznes yoki xususiy tadbirkorlik subyektining daʼvo arizasiga asosan qoʻzgʻatilmaganligi bois, javobgar kichik biznesi subyekti boʻlishidan qatʼii nazar, apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda davlat bojini umumiy tartibda toʻlab chiqishi lozim edi.
14. Ishni apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudlarida koʻrishda davlat boji daʼvo arizasi uchun toʻlangan stavkaning 50 foizi, mulkiy tusdagi nizolar boʻyicha esa nizolashilayotgan summadan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi OATB “Mikrokreditbank”ining Amaliyot boshqarmasi manfaatida “Xumoyunxon biznes” XKga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni, xususiy korxonadan 107 835 544 soʻm kredit qarzi va 2 269 908 soʻm kredit foizini, jami 110 105 452 soʻm undirishni va undiruvni garov (ipoteka) narsasiga qaratishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, OATB “Mikrokreditbank”ning Amaliyot boshqarmasi va “Xumoyunxon biznes” XK oʻrtasida 2013-yil 5-aprelda kredit shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, bank qarz oluvchiga 24 oy muddatga yillik 24 foiz ustama toʻlash sharti bilan 125 000 000 soʻm miqdorida kredit ajratgan.
Kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida bank va XK oʻrtasida 2013-yil 11-aprelda garov (ipoteka) shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra, XKga tegishli boʻlgan qiymati 156 250 000 soʻmlik savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi garovga qoʻyilgan. Kredit shartnomasiga binoan XK olingan kredit summasi va unga hisoblangan foizlarni toʻlov jadvali asosida toʻlab borish majburiyatini olgan. Biroq XK tomonidan toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagan. Shu sababli Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bank manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan, XKdan bank foydasiga 110 105 452 soʻm undirilgan va undiruv garov (ipoteka) narsasiga qaratilgan. Shuningdek, qarz oluvchidan respublika budjetiga 3 094 710 soʻm davlat boji undirilgan.
Javobgar hal qiluv qarorining 2 269 908 soʻm kredit foizlarni undirish qismidan norozi boʻlib apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Apellatsiya shikoyatiga 792 364 soʻm davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasi ilova qilingan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan. Shuningdek, qarz oluvchiga 746 966 soʻm ortiqcha toʻlangan davlat boji qaytarilgan. Bunda sud davlat boji nizolashayotgan summaning 2 foizi miqdorida toʻlanishi lozimligiga asoslangan.
Sudlar sud xarajatlari miqdorini aniqlashda va ortiqcha toʻlangan davlat bojini qaytarishda xatolikka yoʻl qoʻyganlar.
Xususan, birinchi instansiya sudida daʼvo boʻyicha davlat boji quyidagicha undirilishi lozim boʻlgan:
qarz oluvchidan 110 105 452 (107 835 544 soʻm kredit qarzi va 2 269 908 soʻm kredit foizi) soʻm undirish qismi boʻyicha – 1 101 054 soʻm (yaʼni nizolashayotgan summaning 1 foizi);
kredit shartnomasini bekor qilish qismi boʻyicha – eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida (915 300 soʻm).
Jami 2 016 354 soʻm.
Biroq birinchi instansiya sudi qarz oluvchidan 3 094 710 soʻm miqdorda davlat boji undirgan va hal qiluv qarorida undirilgan davlat bojining hisob-kitobini koʻrsatmagan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “d”-kichik bandiga binoan xoʻjalik sudlarining qarorlarini qayta koʻrib chiqish haqidagi shikoyatlardan davlat boji birinchi instansiyada koʻrib chiqish uchun ariza berilganda toʻlanadigan stavkaning 50 foizi, mulkiy tusdagi nizolar boʻyicha esa talashilayotgan summadan hisoblanadi.
Qarz oluvchi hal qiluv qarorining bank foydasiga 2 269 908 soʻm bank foizi undirish qismidan norozi boʻlganligi bois, davlat boji ushbu summaning 1 foizi, yaʼni 22 699 soʻm miqdorida toʻlanishi lozim boʻlgan. Apellatsiya instansiyasi sudi esa davlat boji nizolashayotgan summaning 2 foizi miqdorida toʻlanishi lozim deb koʻrsatgan.
15. Ishni koʻrish jarayonida taraflar oʻrtasida nizoni hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilganda, daʼvo arizasi XPK 88-moddasining 2-bandiga asosan koʻrmasdan qoldiriladi, sud xarajatlari daʼvogar zimmasiga yuklanadi.
Daʼvogar OATB “Ipak Yoʻli” banki Amaliyot boshqarmasi javobgar “PLC ASIA” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan 1615-sonli bank hisobvaragʻi shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, OATB “Ipak Yoʻli” banki Amaliyot boshqarmasi va “PLC ASIA” MChJ oʻrtasida bank hisobvaragʻi shartnomasi tuzilgan. Unga koʻra bank MChJning arizasiga asosan bank hisobvaraqlarini ochish hamda hisob-kitob va kassa xizmatlarini koʻrsatish majburiyatini olgan. MChJ tomonidan bankda ochilgan hisobvaraqlar boʻyicha bir yil davomida operatsiyalar amalga oshirilmagan.
Shu sababli bank xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ishni koʻrish jarayonida taraflar oʻrtasida nizoni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi qoshidagi hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan. Shu bois bank sudga ariza bilan murojaat qilib, uning daʼvosiga asosan qoʻzgʻatilgan xoʻjalik ishi boʻyicha ish yuritishni tugatishni va toʻlangan davlat bojini qaytarishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan, yaʼni nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmaganligi sababli ish yuritishni tugatgan. Bankka daʼvo arizasi uchun oldindan toʻlangan 961 050 soʻm davlat bojini qaytarish haqida maʼlumotnoma berilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
Sud ish yuritishni tugatib va bankka davlat bojini qaytarib protsessual huquq normasining buzilishiga yoʻl qoʻygan.
XPK 86-moddasining 1-bandiga koʻra nizo xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli boʻlmasa xoʻjalik sudi ish yuritishni tugatadi.
Mazkur holatda, nizo iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar oʻrtasida fuqaroviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan va XPK 24-moddasining 2-bandiga binoan shartnomani bekor qilish haqidagi nizo xoʻjalik sudi tomonidan hal etiladigan nizo hisoblanadi.
Shu bois sud XPK 86-moddasining 1-bandiga asosan, yaʼni nizoni xoʻjalik sudida koʻrish uchun tegishli emas deb hisoblab ish yuritishni tugatib, xatolikka yoʻl qoʻygan.
XPK 88-moddasining 2-bandiga binoan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning ushbu nizoni hakamlik sudiga koʻrish uchun topshirish toʻgʻrisidagi kelishuvi boʻlib, hakamlik sudiga murojaat qilish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa va agar ishning xoʻjalik sudida koʻrilishiga qarshi boʻlgan javobgar birinchi arizasidan kechiktirmay nizoni mazmunan hal etishni hakamlik sudiga topshirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilsa, xoʻjalik sudi daʼvoni koʻrmasdan qoldiradi.
Vaholanki, sud bankning yuqoridagi arizasini XPK 88-moddasining 2-bandiga tayangan holda hal etib daʼvoni koʻrmasdan qoldirishi va davlat bojini daʼvogar zimmasida qoldirishi lozim edi.
16. Sud tomonidan ortiqcha toʻlangan davlat boji qaytarilganda, hal qiluv qarorida davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatiladi.
“Toza Sharob savdo” UK xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Liga Avto Buxara” MChJdan 19 872 000 soʻm undirishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. UK daʼvo arizasi uchun 100 000 soʻm davlat boji toʻlab, unga Buxoro viloyati statistika boshqarmasining “Toza Sharob savdo” UK kichik biznes subyekti hisoblanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasini ilova qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, “Liga Avto Buxara” MChJdan daʼvogar foydasiga 17 664 000 soʻm zarar, 441 600 soʻm bank foizi va 95 528 soʻm sud xarajatlari, jami 18 201 128 soʻm undirilgan.
Shuningdek, daʼvogarga daʼvo arizasi uchun ortiqcha toʻlangan 640 soʻm davlat boji qaytarilgan.
Ammo sud ortiqcha toʻlangan 640 soʻm davlat bojini qaytarishga asos boʻlgan holatlarni hal qiluv qarorida koʻrsatmagan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 19-bandiga asosan sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatiladi.
Yana bir misol.
TIF “Milliy banki” xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “NICE PHARM” MChJdan 97 967 123,29 qarzdorlikni undirishni hamda undiruvni garov mulki boʻlgan “NICE PHARM” MChJga tegishli Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani U. Musayev q.f.y. Tuyaboʻgʻiz mahallasidagi savdo doʻkoniga qaratishni soʻragan.
Daʼvo arizasiga 1 959 342,47 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 2-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qanoatlantirilgan hamda undiruv garovga qoʻyilgan mulkka — Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumani U. Musayev q.f.y. Tuyaboʻgʻiz mahallasidagi savdo doʻkoniga qaratilgan. “NICE PHARM” MChJ hisobidan TIF “Milliy banki” foydasiga 979 671 soʻm davlat boji undirilgan.
TIF “Milliy banki”ga ortiqcha toʻlangan 979 671 soʻm davlat boji respublika budjetidan qaytarilgan. Ammo sud ortiqcha toʻlangan 979 671 soʻm davlat bojini qaytarishga asos boʻlgan holatlarni hal qiluv qarorida koʻrsatmagan.
Vaholanki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi qarorining 19-bandiga asosan sudning hal qiluv qarori, ajrimi va qarorida davlat bojini toʻliq yoki qisman qaytarish uchun asos boʻlgan holatlar koʻrsatiladi.
17. Daʼvogar tomonidan davlat boji ortiqcha toʻlanganda, ishni koʻrish natijalaridan qatʼii nazar, davlat bojining ortiqcha toʻlangan qismi XPK 93-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda daʼvogarga qaytariladi.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, daʼvogar xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda daʼvo arizasiga 161 404 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomasi ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 8 070 187 soʻm asosiy qarz, 100 000 soʻm penya va 161 404 soʻm oldindan toʻlangan davlat boji va 4 500 soʻm pochta xarajatlari undirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boji stavkalari” 2-bandining “a” kichik bandiga koʻra mulkiy tusdagi daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 1 foizi miqdorida, lekin eng kam oylik ish haqidan kam boʻlmagan miqdorda davlat boji undiriladi.
Daʼvo arizasida bildirilgan jami talab 8 192 044 soʻmni tashkil etgan. Daʼvo bahosining 1 foizi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kam boʻlganligi sababli, daʼvo arizasi uchun u berilgan vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorida, yaʼni 96 105 soʻm davlat boji toʻlanishi lozim boʻlgan.
Shu sababli sud javobgardan daʼvogar foydasiga oldindan toʻlangan 96 105 soʻm davlat bojini undirishi va 65 299 soʻm ortiqcha toʻlangan davlat bojini daʼvogarga qaytarishi kerak edi.
XPK 93-moddasining uchinchi qismiga koʻra davlat boji toʻlangan, lekin xoʻjalik sudiga kelib tushmagan yoki u qaytargan arizalar, apellatsiya yoki kassatsiya shikoyatlari boʻyicha hamda bojni toʻliq yoki qisman qaytarishni nazarda tutuvchi sud hujjatlari boʻyicha uni qaytarish sud tomonidan berilgan maʼlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
18. Ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilganligi sababli ish yuritish tugatilganda, davlat boji daʼvogarga toʻliq qaytariladi.
“UzDEUavto” AJning huquqiy vorisi “GM Uzbekistan” AJ “Ark-Trans” AJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Ark-Trans” AJning inkasso topshiriqnomasini bekor qilishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “UzDEUavto” AJdan “Ark-Trans” AJ foydasiga 443 850 AQSh dollari undirilgan. Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach “Ark-Trans” AJga ijro varaqasi berilgan. Ijro varaqasiga asosan “Ark-Trans” AJ bankka “UzDEUavto” AJning bankdagi hisob raqamlaridan 443 850 AQSh dollarini soʻzsiz undirish uchun inkasso topshiriqnomasini taqdim qilgan.
Shu sababli “UzDEUavto” AJning huquqiy vorisi “GM Uzbekistan” AJga nisbatan 2013-yil 17-dekabrda xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Ishni koʻrish jarayonida Davlat statistika qoʻmitasining 2013-yil 28-iyundagi xati taqdim qilingan. Unga koʻra, “Ark-Trans” AJ tugatilgan korxonalar roʻyxatiga kiritilganligi maʼlum qilingan.
Shu bois birinchi instansiya sudi ishda ishtirok etuvchi shaxs boʻlmish tashkilot tugatilganligini asos qilib, XPK 86-moddasining 4-bandiga tayanib ish yuritishni tugatgan.
SK 342-moddasi birinchi qismining 9-bandiga asosan agar ishda qatnashayotgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa, davlat boji toʻliq qaytarilishi kerak.
Ushbu qonun normasidan kelib chiqib, birinchi instansiya sudi daʼvogar tomonidan daʼvo arizasi uchun oldindan toʻlangan davlat bojini qaytargan.
19. Bir vaqtning oʻzida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan daʼvo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha va nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalarga koʻra har bir talab boʻyicha alohida-alohida davlat boji toʻlanadi.
Daʼvogar “KAPITAL SUG`URTA” AJ javobgar “O`ZKOMMUNISSIQLIKTA`MIR” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga dʼavo arizasi bilan murojaat qilib, AJning MChJ ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymatini, yaʼni 103 463 768 soʻmni undirishni hamda MChJga jamiyatning taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish majburiyatini yuklashni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “KAPITAL SUG`URTA” AJ “O`ZKOMMUNISSIQLIKTA`MIR” MChJning ishtirokchisi (taʼsischisi) boʻlgan. AJning ulushi MChJ ustav fondi (kapitali)ning 23,1 foizini tashkil qilib, ulushning nominal qiymati 51 210 390 soʻmga teng boʻlgan.
Daʼvogar javobgarga 2012-yilning fevral va aprel oylarida xatlar bilan murojaat qilib, taʼsischilar safidan chiqishini maʼlum qilgan. U jamiyat ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymatini toʻlashni talab qilgan.
Biroq javobgar tomonidan daʼvogarning murojaatini muhokama qilish uchun taʼsischilarning umumiy yigʻilishi oʻtkazilmagan. MChJning taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmagan va daʼvogarga uning MChJ ustav fondidagi ulushining haqiqiy qiymati toʻlab berilmagan.
Shu bois “KAPITAL SUG`URTA” AJ xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan va unga 1 034 627,68 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatini ilova qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 103 463 768 soʻm qarz, 1 034 627,68 soʻm davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajatlari undirilgan. Daʼvoning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek, daʼvogardan rad qilingan (nomulkiy) talabdan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida 961 050 soʻm davlat boji undirilgan.
XPK 92-moddasining uchinchi qismiga muvofiq bir necha mustaqil talablardan iborat boʻlgan daʼvoning bahosi barcha talablarning summasi bilan belgilanadi.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 10-bandiga koʻra mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari (arizalar) bilan murojaat qilinganda davlat boji miqdori undiriladigan summadan kelib chiqib aniqlanadi. Nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalaridan (arizalardan), bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi arizalardan, shartnomani tuzish, oʻzgartirish yoki bekor qilishdan kelib chiqadigan nizo boʻyicha davlat boji eng kam oylik ish haqining miqdoridan kelib chiqqan holda toʻlanadi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida bir vaqtning oʻzida mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega boʻlgan daʼvo arizalari (arizalar) uchun mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha va nomulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalarga koʻra har bir talab boʻyicha alohida-alohida davlat boji toʻlanishi belgilangan.
Mazkur holatda, daʼvogar sudga murojaat qilishda ikkinchi nomulkiy xususiyatdagi talab boʻyicha davlat boji toʻlamaganligi sababli, sud asosli ravishda daʼvogardan davlat byujdetiga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida, yaʼni 961 050 soʻm davlat boji undirgan.
Yana bir misol.
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi “Mikrokreditbank” Mangʻit filiali manfaatida javobgarlar “Jumamurot Qurbonboyev” FX va “Ellikqalʼa neftbazasi” DUKga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, bank va FX oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni hamda javobgarlardan solidar tartibda 643 239 000 soʻm asosiy qarz va 128 200 000 soʻm bank foizini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudning hal qiluv qarori bilan daʼvo talabi qisman qanoatlantirilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan. Javobgarlardan solidar tartibda bank foydasiga 618 038 962 soʻm asosiy qarz va 16 797 114 soʻm kredit foizi undirilib, daʼvo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan. Shuningdek, FX hisobidan bank foydasiga 5 000 soʻm pochta xarajatlari va respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 7 263 661 soʻm davlat boji undirilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi daʼvoni qisman qanoatlantirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan boʻlsada, ammo daʼvo talabining shartnomani muddatidan oldin bekor qilish qismi boʻyicha FXdan davlat boji undirish masalasini hal etmagan.
Shu sababli, kassatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorining fermer xoʻjaligi hisobidan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga “7 263 661” soʻm davlat boji undirish qismini “8 629 690” soʻmga oʻzgartirishni lozim topgan.
Boshqa sud xarajatlarini undirish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllash masalalari
20. Sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan, shu jumladan sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan tashkil topadi va ular ishda ishtirok etuvchi shaxslarga qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Urganch shahar DSI xoʻjalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, “KHOREZM IDEAL TRADE” MChJga nisbatan 1 890 035 550 soʻm moliyaviy jarima qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan ariza toʻliq qanoatlantirilib, MChJga nisbatan 1 890 035 550 soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan. Shuningdek, MChJ hisobidan respublika budjeti (Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi)ga 961 050 soʻm davlat boji undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Birinchi instansiya sudi MChJga nisbatan 1 890 035 550 soʻm jarima qoʻllab, MChJ hisobidan respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarining rivojlantirish jamgʻarmasiga 961 050 soʻm davlat boji undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan boʻlsada, biroq sud hal qiluv qarorining xulosa qismida arizachi tomonidan oldindan toʻlab chiqilgan 5 000 soʻm pochta xarajatlarini undirish masalasini hal etmagan.
Vaholanki, XPK 95-moddasining birinchi qismiga binoan sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Shu bois, sud arizachi tomonidan pochta xarajatlari oldindan toʻlab chiqilganligini inobatga olib, MChJ hisobidan DSI foydasiga 5 000 soʻm pochta xarajatlarini undirish masalasini hal etishi lozim edi.
21. Daʼvogarning daʼvo talabi qanoatlantirilganda, sud xarajatlari, shu jumladan pochta xarajatlari javobgar zimmasiga yuklanadi.
“O`zGEORANGMETLITI” DUK va “SVETMET-SERVIS” MChJ oʻrtasida shartnoma tuzilgan va unga koʻra MChJning Toshkent shahar, Mustaqillik koʻchasi, 59-uyda joylashgan binoning 224 725 000 soʻmga teng 3064,13 kv.m maydoni daʼvogarga oʻtkazilishi lozim boʻlgan.
Daʼvogar tomonidan MChJning hisob raqamiga 224 725 000 soʻm oʻtkazib berilgan. Ammo MChJ shartnoma boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan.
Shu sababli daʼvogar MChJning huquqiy vorisi “Polvonlar Milliy ensiklopediyasi” MChJga nisbatan xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 224 725 000 soʻm undirib berishni soʻragan. Daʼvo arizasiga 2 247 250 soʻm miqdorida davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajati toʻlaganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomalari ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvoni qanoatlantirish rad etilgan va sud xarajatlari daʼvogar zimmasida qoldirilgan.
Daʼvogar hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan. Shikoyatga 1 123 625 soʻm miqdorda davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajati toʻlaganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomalarini ilova qilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilingan va daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilinib, javobgardan daʼvogar foydasiga 224 725 000 soʻm va oldindan pochta xarajatlari uchun toʻlangan 7 200 soʻm undirilgan. Shuningdek, javobgardan respublika budjeti (Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi)ga 3 370 875 soʻm davlat boji undirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan apellatsiya instansiyasi sudining qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 21.1-bandiga binoan, agar hal qiluv qarori daʼvogar foydasiga qabul qilingan boʻlsa, u holda toʻlangan davlat boji unga javobgardan undiriladi.
Mazkur holatda, daʼvogar sudga daʼvo arizasi va apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilganda davlat bojini toʻlab chiqqanligi sababli, apellatsiya instansiyasi sudi davlat bojini javobgardan davlat budjetiga emas, balki daʼvogarga undirib berishi lozim edi. Shuningdek, apellatsiya instansiyasi sudi pochta xarajatlarini faqat apellatsiya instansiyasi sudiga toʻlab chiqqan summasini emas, balki birinchi instansiya sudiga toʻlangan pochta xarajatini ham javobgardan daʼvogar foydasiga undirishi lozim edi.
Yana bir misol.
“Pahlavon-Ko” QK xoʻjalik sudiga DSI va “Matlubot Omad Savdo” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, DSIning inkasso topshiriqnomalarini ijro etilishi mumkin emas deb topishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, QKning Olmazor tuman DSIda roʻyxatdan oʻtgan “Matlubot Omad Savdo” MChJning oldida debitorlik qarzdorligi mavjud boʻlganligi sababli, DSI tomonidan “Pahlavon-Ko” qoʻshma korxonasining bankdagi hisob raqamidan 36 864 000 soʻm pul mablagʻlarini soʻzsiz undirish uchun 20648-sonli va 25 379 000 soʻm pul mablagʻlarini soʻzsiz undirish uchun 20654-sonli inkasso topshiriqnomalari bankka taqdim qilingan.
Inkasso topshiriqnomalari qoʻyilishidan norozi boʻlgan “Pahlavon-Ko” qoʻshma korxonasi xoʻjalik sudiga DSI va “Matlubot Omad Savdo” MChJga nisbatan daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
Daʼvo arizasida “Pahlavon-Ko” qoʻshma korxonasining moliyaviy ahvoli ogʻir boʻlganligi sababli, davlat bojini toʻlashni hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirib turish soʻralgan.
Sudning ajrimi bilan daʼvo arizasi ish yuritishga qabul qilingan va sud daʼvogarning mulkiy ahvolini inobatga olib, davlat bojini toʻlashni nizo boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar kechiktirgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo toʻliq qanoatlantirilib, DSIning inkasso topshiriqnomalari ijro etilishi mumkin emas deb topilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
XPK 90-moddasining birinchi qismiga binoan sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan: sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan, xoʻjalik sudi tayinlagan ekspertizani oʻtkazish, guvohni chaqirish, dalillarni oʻz joyida koʻzdan kechirish uchun toʻlanishi kerak boʻlgan summa, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek ishni koʻrish bilan bogʻliq boshqa xarajatlardan tashkil topadi.
Shuningdek, XPK 95-moddasining birinchi qismiga koʻra sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Mazkur holatda, Soliq kodeksi 330-moddasining 21-bandiga koʻra davlat soliq xizmati organlari xoʻjalik sudlarida barcha ishlar va xujjatlar boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod qilinganligi sababli sud asosli ravishda javobgar (DSI)dan respublika budjetiga davlat boji undirmagan. Biroq, DSIdan daʼvogar foydasiga oldindan toʻlangan 7 200 soʻm pochta xarajatlarini undirmasdan xatolikka yoʻl qoʻygan.
22. Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza uchun pochta xarajatlari umumiy tartibda va miqdorda toʻlanadi.
“Faridun fayz savdo” XK xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Sirdaryopaxtasanoat” HABdan 145 980 670 soʻm hujjatlar asosida tan olingan debitorlik qarzini undirish uchun sud buyrugʻi berishni soʻragan.
Ariza qanoatlantirilib, sud buyrugʻi berilgan.
Qarzdordan arizachi foydasiga 145 980 670 soʻm asosiy qarz, 729 903 soʻm davlat boji va 2 500 soʻm pochta xarajatlari undirilgan.
Sud davlat boji miqdorini toʻgʻri hisoblab undirgan boʻlsada, pochta xarajatlarini undirishda xatolikka yoʻl qoʻygan.
Sirdaryo viloyat xoʻjalik sudi tomonidan belgilangan, ishlarni koʻrish bilan bogʻliq pochta xarajatlari uchun toʻlov 5 000 soʻmni tashkil qiladi.
XPKning 106-moddasiga muvofiq, sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza uchun sudga daʼvo bilan umumiy tartibda murojaat qilinganda nizolashilayotgan summa asosida hisoblab chiqilgan stavkaning ellik foizi miqdorida davlat boji toʻlanishi nazarda tutilgan. Yaʼni, ushbu tartib faqat davlat boji toʻloviga nisbatan tadbiq qilinishi, pochta xarajatlari uchun toʻlov esa, daʼvo bilan umumiy tartibda murojaat qilinganda, toʻlab chiqilishi lozim boʻlgan summada toʻliq toʻlanishi kerak.
Xuddi shunday xatolikka 12-1412/2074-sonli ish boʻyicha ham yoʻl qoʻyilgan.
23. Sud boshqaruvchisi tomonidan xoʻjalik sudiga beriladigan daʼvo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanmasdan qabul qilinganda, ishni koʻrish natijasi boʻyicha davlat boji respublika budjeti hamda Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga, pochta xarajatlari esa sudning depozit raqamiga undiriladi.
“ATTORLIK” AJ sud boshqaruvchisi Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga nisbatan ariza bilan murojaat qilib, sud ijrochisining harakatsizligini noqonuniy deb topishni soʻragan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, Toshkent shahar xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “SALUX JPS” MChJdan “ATTORLIK” AJ foydasiga 6 822 575 342 soʻm undirilgan. Hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgach “ATTORLIK” AJga ijro varaqasi berilgan. Ijro varaqasi sudning hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun Sud departamentining Yakkasaroy tuman boʻlimiga topshirilgan.
Xoʻjalik sudining hal qiluv qarori bilan “ATTORLIK” AJ bankrot deb topilgan va tugatishga doir ish boshlangan.
Tugatish jarayonida sud boshqaruvchisi tomonidan AJning kreditorlik va debitorlik qarzlari mavjudligi aniqlanib, tegishli roʻyxatlar tuzilgan. Unga koʻra, “SALUX JPS” MChJdan 6 822 575 342 soʻm undirish toʻgʻrisidagi Toshkent shahar xoʻjalik sudining hal qiluv qarori ijro etilmay qolganligi aniqlangan. Shu sababli sud boshqaruvchisi xoʻjalik sudiga Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga nisbatan ariza bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talab qanoatlantirilib, sud ijrochisining harakatsizligi noqonuniy deb topilgan. Sud departamentining Yakkasaroy tuman boʻlimi zimmasiga sud hujjatini ijro etish chorasini koʻrish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, Sud departamentining Toshkent shahar hududiy boshqarmasidan respublika budjetiga 915 300 soʻm davlat boji va 7 200 soʻm pochta xarajatlari undirilgan.
Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2006-yil 27-yanvardagi “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini xoʻjalik sudlari tomonidan qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining 16-bandida Qonun 19-moddasining birinchi qismiga va XPK 91-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan bankrotlik taomilini amalga oshirishda sud boshqaruvchisi tomonidan xoʻjalik sudiga beriladigan daʼvo arizalari va arizalar oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanmasdan qabul qilinishi belgilangan. Shu bois sud boshqaruvchisining arizasini sud oldindan davlat boji hamda pochta xarajatlari toʻlanmagan boʻlsada, qabul qilib toʻgʻri xulosaga kelgan. Biroq sud ishni koʻrish natijasi boʻyicha javobgardan pochta xarajatlarini respublika budjetiga undirib notoʻgʻri qilgan. Chunki, pochta xarajatlari bu sudning xarajatlari boʻlib, u sudning depozit raqamiga undirilishi lozim edi.
24. Sud hujjati bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan xoʻjalik sudiga yuborilganda, sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ham ishni yangidan koʻrayotgan xoʻjalik sudi tomonidan toʻlangan davlat boji hamda daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor F. Artikov xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, “Kafil sugʻurta” MChJdan 59 362 300 soʻm sugʻurta hodisasi tufayli yetkazilgan zarar, 8 904 345 soʻm jarima, 1 000 000 soʻm huquqini himoya qilish uchun qilgan xarajati va 180 000 soʻm ekspertiza xarajatlarini undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilgan va ixtiyoriy toʻlangan 347 234 soʻm davlat boji tadbirkor zimmasida qoldirilgan.
Apellatsiya instansiya sudining qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, tadbirkorning daʼvo arizasini qisman qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul qilingan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan sud qarorlari bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
Ishni yangidan koʻrgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, sugʻurta kompaniyasidan sugʻurta toʻlovi va zarar summasi hamda daʼvo taqdim etilganda toʻlangan davlat boji summasi undirilgan.
Ushbu holatda, birinchi instansiya sudi javobgardan faqat birinchi instansiya sudida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini undirib xatolikka yoʻl qoʻygan. Chunki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2008-yil 18-apreldagi “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi qarori 22-bandining uchinchi xatboshisiga asosan, sud hujjati bekor qilingan hamda ish yangidan koʻrish uchun sud hujjati bekor qilingan xoʻjalik sudi instansiyasiga yuborilganda, davlat boji boʻyicha sud xarajatlarini taqsimlash masalasi ishni yangidan koʻrayotgan xoʻjalik sudi tomonidan toʻlangan davlat boji va daʼvo talablarining qanoatlantirilgan miqdori hisobga olingan holda hal etiladi.
Bunda sudlar ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajati davlat bojidan qonun bilan ozod qilingan shaxslardan ham undirib olinishiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Shunga koʻra sud barcha instansiya sudlarida ishni koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini ham nizoning kelib chiqishida aybdor boʻlgan tarafdan undirishi lozim edi.
25. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha XPKning 95-moddasiga muvofiq undiriladi.
Daʼvogar 25-sonli maktabgacha taʼlim muassasasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Xurshid” XIChKdan 309 000 soʻm asosiy qarz va 1 030 000 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, javobgardan daʼvogar foydasiga 515 000 soʻm penya undirilgan. Daʼvoning qolgan qismi rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Javobgar birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori va apellatsiya instansiyasi sudining qaroridan norozi boʻlib kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
Kassatsiya shikoyati ish yuritishga qabul qilinib, sud majlisi 2014-yil 8-sentabrga videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish uchun tayinlangan. Shu kuni sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkazilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori bilan birinchi va apellatsiya instansiyalari sud hujjatlari oʻzgarishsiz qoldirilgan. Biroq kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq sud xarajatlari undirilmagan.
Vaholanki, XPK 90-moddasining uchinchi qismiga asosan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning summasi xoʻjalik sudi tomonidan belgilanadi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksning 95-moddasiga muvofiq undiriladi.
Shu bois kassatsiya instansiyasi sudi XPK 95-moddasining birinchi qismiga asosan kassatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilganligini inobatga olib, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq sud xarajatlarini javobgar “Xurshid” XIChKdan undirishi lozim edi.
26. Sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar sud xarajatlari hisoblanib, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda yuklanadi.
Mirzachoʻl tuman fermerlar kengashi “Oʻzbekiston baxmali” FX manfaatida daʼvo arizasi bilan xoʻjalik sudiga murojaat qilib, “Qishloqxoʻjalikkimyo” AJdan 3 922 423 soʻm asosiy qarz va 1 961 211 soʻm penya undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan daʼvo talablarini qanoatlantirish rad etilgan.
Apellatsiya instansiyasi sudining qarori bilan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ishdagi hujjatlardan koʻrinishicha, “Oʻzbekiston baxmali” FX va “Qishloqxoʻjalikkimyo” AJning Mirzachoʻl tuman filiali oʻrtasida qishloq xoʻjaligi korxonalariga mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalarni yetkazib berish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan. Unga koʻra javobgar FXga mineral oʻgʻitlar va kimyoviy vositalarni yetkazib berishi, FX esa yetkazib berilgan mahsulot uchun haq toʻlash majburiyatini olgan.
FX “Qishloqxoʻjalikkimyo” AJning Mirzachoʻl tuman filialidan 32 878 371 soʻmlik mahsulot qabul qilib olib, mahsulotlarni ekin maydoniga yetkazib olib kelish uchun fermer xoʻjaligi tomonidan jami 3 922 423 soʻm xarajat qilingan. Shu sababli Mirzachoʻl tuman fermerlar kengashi FX manfaatida xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.
XPK 90-moddasining birinchi qismiga koʻra sud xarajatlari davlat bojidan va ishni koʻrish bilan bogʻliq chiqimlardan, chunonchi:
sud hujjatlarini yuborish bilan bogʻliq pochta xarajatlaridan;
sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlardan tashkil topadi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning summasi xoʻjalik sudi tomonidan belgilanishi va ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Kodeksning 95-moddasiga muvofiq undirilishi, ikkinchi qismida esa, daʼvogar toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan davlat boji, agar javobgar boj toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa, qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan respublika budjeti daromadiga undirilishi belgilangan.
Dyemak, sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq xarajat ham sud xarajati hisoblanadi va u ishda ishtirok etuvchi shaxslardan ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha XPKning 95-moddasiga muvofiq har bir sud instansiyasi uchun alohida undirib olinishi lozim.
Kassatsiya instansiyasi sudining 2014-yil 12-noyabrdagi qarori bilan ish videokonferensaloqa rejimida koʻrilib, sud qarorlari oʻzgarishsiz qoldirilgan. Shunga koʻra kassatsiya instansiyasi sudi XPK 95-moddasining birinchi qismiga tayanib asosli ravishda FXdan ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq sud xarajatlarini undirgan.
27. Kredit boʻyicha qarzdorlik summasini undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab bitta daʼvo talabi hisoblanganligi sababli davlat bojining miqdori qarzdorlik summasining 1 foizini tashkil etadi.
TIF “Milliy banki” xoʻjalik sudiga murojaat qilib, javobgarlar “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hamda “FARXOD DEHQON BOZORI” AJdan 231 935 511,72 qarzdorlikni undirishni hamda undiruvni garov mulki boʻlgan “FARXOD DEHQON BOZORI” AJga tegishli Toshkent shahri Uchtepa tumani M. Uygʻur koʻchasi koʻchasi “Koʻkcha Oqtepa” bozoridagi shoxobchaga qaratishni soʻragan.
Daʼvo arizasiga 4 174 840 soʻm davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati ilova qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2014-yil 4-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qanoatlantirilgan hamda undiruv garov mulki boʻlgan Toshkent shahri Uchtepa tumani M. Uygʻur koʻchasi “Koʻkcha Oqtepa” bozoridagi shoxobchaga qaratilgan. “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hisobidan TIF “Milliy banki” foydasiga 4 638 710,24 soʻm, “ELGA XIZMAT FARXOD” ShK hisobidan davlat budjetiga 2 180 644,87 soʻm davlat boji undirilgan.
Ish apellatsiya va kassatsiya tartibida koʻrilmagan.
SK 342-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganida davlat boji toʻliq yoki qisman qaytarilishi kerak.
Mazkur holatda daʼvogar qarzdorlikni undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi daʼvo talabi bilan murojaat qilib, summani undirish haqidagi talab boʻyicha – undirilishi soʻralayotgan summaning 1 foiz hamda ushbu summani undirishni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab boʻyicha ham – undirilishi soʻralayotgan summaning 1 foizi miqdorida davlat bojini toʻlagan.
Vaholanki, kredit boʻyicha qarzdorlik summasini undirish hamda undiruvni garovdagi mulkka qaratish haqidagi talab bitta daʼvo talabi boʻlganligi sababli undirilishi soʻralayotgan summaning 1 % miqdorida davlat bojini toʻlash yetarli hisoblanadi.
Shu bois birinchi instansiya sudi daʼvogar tomonidan ortiqcha toʻlangan davlat bojini davlat budjetidan qaytarishi lozim edi.
Shu bilan birga daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda davlat bojini toʻlab chiqqanligi sababli, birinchi instansiya sudi davlat bojini javobgardan davlat budjetiga emas, balki daʼvogarga undirib berishi kerak edi.
Chunki, Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik sudlari tomonidan davlat boji toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2008-yil 18-apreldagi qarorining 21.1-bandida agar hal qiluv qarori daʼvogar foydasiga qabul qilingan boʻlsa, u holda toʻlangan davlat boji unga javobgardan undirilishi haqida tushuntirish berilgan.
Toshkent sh.,
2014-yil 31-dekabr,