O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
“Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimida investitsiya takliflarini va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish va kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 21-dekabrda 2741-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 12-iyundagi 254-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2741-1, 12.06.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-son “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda o‘zlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-avgustdagi 215-son “Istiqbolli investitsiya takliflarini kelishish mexanizmini hamda xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. “Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimida investitsiya takliflarini va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish va kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri E. G‘ANIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
2015/23-10-son
Iqtisodiyot vaziri G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
104-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 9-noyabr,
98-son
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2015-yil 9-noyabrdagi 2015/23-10, 104, 98-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimida investitsiya takliflarini va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish va kelishish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-sonli “Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish hamda o‘zlashtirish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-avgustdagi 215-sonli “Istiqbolli investitsiya takliflarini kelishish mexanizmini hamda xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish jarayonini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi” tizimida investitsiya takliflarini va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish va kelishish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Investitsiya takliflarining yagona elektron bazasi (bundan buyon matnda ITYAEB deb yuritiladi) — loyiha to‘g‘risidagi barcha kerakli ma’lumotlar saqlanadigan, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (bundan buyon matnda TIAISV deb yuritiladi) tomonidan shakllantiriladigan investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlari elektron bazasi hisoblanuvchi ixtisoslashtirilgan axborot tizimi;
investitsiya taklifi — tashabbuskor tomonidan ishlab chiqilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etishni ko‘zda tutuvchi loyihani amalga oshirishga oid taklif;
loyiha tashabbuskorlari — vazirliklar, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari — ularning tasarrufiga kiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirilishga taklif etilayotgan loyihalar bo‘yicha, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yirik korxonalar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, vazirliklar, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tasarrufiga kirmaydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan amalga oshirishga taklif etilayotgan loyihalar bo‘yicha;
xorijiy investorlar va kreditorlar — xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va xalqaro moliya va iqtisodiy institutlari;
vakolatli organlar — investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini o‘z vakolatlari doirasida kelishishni ta’minlovchi davlat boshqaruvi organlari — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, TIAISV, Moliya vazirligi;
hududiy investitsiya dasturi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan yillik asosda ishlab chiqiladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va TIAISV bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan dastur;
Davlat investitsiya dasturi — Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan, Hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish bilan amalga oshiriladigan Investitsiya loyihalarining manzilli dasturlarini, shuningdek xorijiy investorlar va kreditorlarni izlash va tanlash ishlari olib borilayotgan Ustuvor investitsiya takliflarining yig‘ma ro‘yxatini o‘z ichiga olgan hujjat.
2. ITYAEBni shakllantirish va ishlashidan asosiy maqsad xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish uchun investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini vakolatli organlar bilan kelishish jarayonini soddalashtirish va jadallashtirish hisoblanadi.
2-bob. ITYAEB tizimining ishlashi va unga kirish
3. Loyiha tashabbuskorlari va vakolatli organlarning ITYAEB tizimiga kirish huquqi tizimning texnik ma’muri hisoblanadigan TIAISV tomonidan taqdim etiladi.
4. ITYAEB tizimining uzluksiz ishlashi va texnik qo‘llab-quvvatlash TIAISV hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ta’minlanadi.
5. ITYAEB tizimini shakllantirish butunjahon Internet tarmog‘i orqali amalga oshiriladi.
6. Loyiha tashabbuskorlari har yili Davlat investitsiya dasturi va hududiy investitsiya dasturlari tegishli ravishda tasdiqlangandan keyin 30 kun mobaynida xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish talab qilinadigan investitsiya takliflari va loyihalar pasportlarini ishlab chiqadi va barcha parametrlarini ko‘rsatgan holda ITYAEB tizimiga kiritadi.
7. Vakolatli organlar quyidagi muddatlarda investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini kelishadi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi — investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelib tushgan kundan boshlab 10 kun mobaynida;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi — investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelib tushgan kundan boshlab 10 kun mobaynida;
TIAISV — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelib tushgan kundan boshlab 3 kun mobaynida.
3-bob. Investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini ITYAEB tizimida kiritish va kelishish
8. Investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportini vakolatli organlar bilan kelishish ketma-ketligi loyiha tashabbuskori tomonidan investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportini ITYAEB tizimida kiritish bosqichida avtomatik tarzda o‘rnatiladi.
9. Investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kiritilgandan so‘ng, loyiha tashabbuskori ITYAEB tizimida o‘rnatilgan ketma-ketlikka muvofiq investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportini vakolatli organlar bilan kelishish uchun yuboradi. Bunda investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportiga ITYAEB tizimi tomonidan tegishli tartib raqami beriladi.
10. Investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti tegishli vakolatli organga jo‘natish jarayoni tugallangan vaqtdan boshlab unga ITYAEB tizimida avtomatik tarzda “Kelishish kutilmoqda” maqomi beriladi.
11. Investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelishish uchun kelib tushgan vakolatli organ uni mazkur Nizomning 7-bandi bilan belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqadi va ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish va o‘zlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomining 1 va 1a-sonli ilovalariga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlarning sifati va to‘liqligi bo‘yicha e’tirozlar aniqlangan holatda, investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelishilishida sabablarini ko‘rsatgan holda rad etadi. Bunda investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportiga ITYAEB tizimida avtomatik tarzda “Qaytarildi” maqomi beriladi;
investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti bo‘yicha e’tirozlar mavjud bo‘lmagan holatda uni kelishadi. Bunda investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportiga ITYAEB tizimida avtomatik tarzda “Kelishildi” maqomi beriladi.
12. Loyiha tashabbuskori investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelishilishida rad etilgan kundan boshlab 3 kun mobaynida uni qayta ishlab chiqishi va bevosita investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti kelishilishida rad etgan vakolatli organga qaytadan kelishish uchun taqdim etishi kerak.
13. Investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportini barcha vakolatli organlar bilan kelishish jarayoni tugagandan so‘ng investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti TIAISV qoshidagi Xorijiy investitsiyalarni axborot bilan ta’minlash va ko‘maklashish agentligi “O‘zinfoinvest”ning www.uzinfoinvest.uz saytida (bundan buyon matnda sayt deb yuritiladi) joylashtiriladi. Bunda investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportiga ITYAEB tizimida avtomatik tarzda “E’lon qilindi” maqomi beriladi.
14. “E’lon qilindi” maqomini olgan investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti loyiha tashabbuskori tomonidan tahrir qilinmaydi va har bir sayt foydalanuvchisi uchun ochiqdir.
15. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilingan investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasportiga TIAISV tomonidan ITYAEB tizimida “Amalga oshirildi” maqomi beriladi, shundan so‘ng investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti to‘g‘risidagi ma’lumotlar saytdan chiqariladi.
16. Keyingi yilda Davlat investitsiya dasturiga kiritilmagan istiqbolli loyihalarga TIAISV tomonidan “Tugatildi” maqomi beriladi, shundan so‘ng investitsiya taklifi va istiqbolli loyiha pasporti to‘g‘risidagi ma’lumotlar saytdan chiqariladi.
4-bob. Loyihalar tashabbuskorlarining huquq va majburiyatlari
17. Loyiha tashabbuskorlari:
ITYAEB tizimi texnik ma’muridan mazkur tizimdan foydalanishda texnik yordam va maslahatlar olish;
vakolatli organlar bilan kelishish uchun ITYAEB tizimiga investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini kiritish;
investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlari yoki ularning alohida parametrlarini ular vakolatli organlar tomonidan kelishilishida rad etilgandan so‘ng qayta ishlab chiqish huquqiga ega.
18. Loyiha tashabbuskorlari:
mazkur Nizomning 6-bandi bilan belgilangan muddatni buzmaslikka;
keyinchalik ITYAEB tizimida vakolatli organlar bilan kelishilgan holda muntazam ravishda investitsiya takliflari va loyihalar pasportlari parametrlari yangilanishga;
investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini ITYAEB tizimiga kiritishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-iyuldagi PQ-927-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etish va o‘zlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomining 1 va 1a-sonli ilovalariga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlarni sifatli va to‘liq taqdim etilishini ta’minlashga majbur.
19. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xorijiy investitsiyalarni jalb etishni ko‘zda tutuvchi xususiylashtirilayotgan obyektlar va davlat aktivlari bo‘yicha salohiyatli xorijiy investorlar va kreditorlar doirasini aniqlash, shuningdek kelgusida ular bilan hamkorlik qilish maqsadida, investitsiya takliflari va istiqbolli loyihalar pasportlarini ITYAEB tizimiga kiritish orqali xususiylashtirilayotgan obyektlar va davlat aktivlari ro‘yxatini TIAISVga taqdim etadi. Bunda ularni saytda joylashtirishda vakolatli organlar bilan kelishish tartib-taomili talab etilmaydi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
20. Mazkur Nizomning talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
21. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. MIRZAXIDOV
2015-yil 9-noyabr
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D. XIDOYATOV
2015-yil 9-noyabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
2015-yil 9-noyabr
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 51-son, 635-modda)