Andijon viloyati Andijon tumani hokimining
Qarori
Andijon tumanining 2014-yil birinchi yarmi uchun “Aholini ish bilan taʼminlash” dasturi haqida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining 2021-yil 3-maydagi 116/24-6-sonli “Andijon viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 28-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-sonli “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 8-maydagi 95-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasi 3-bandi va viloyat hokimi qarorlari ijrosini tumanimizda bajarilishini taʼminlash maqsadida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan 2014-yilning birinchi yarim yilligi uchun “Aholini ish bilan taʼminlash” dasturi ishlab chiqildi.
Ushbu Dastur markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda boshqa normativ huquqiy hujjatlarga asosan bajarilmoqda. 2014-yilning birinchi yarmida “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi dastur boʻyicha tuman fuqarolarini ijtimoiy himoyalash va ishsizlikni kamaytirish, xar bir oilaning moddiy manfaatdorligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, kasb-hunarga oʻrgatish, qishloq joylarda yangi ishchi oʻrinlari yaratish, guzarlar, kichik sanoat korxonalarini barpo qilish bilan birga xalq farovonligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Andijon tumani Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan 2014-yil birinchi yarim yilligi uchun ishlab chiqilgan “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tumandagi barcha boʻlimlar, uyushmalar va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot, xoʻjalik, muassasalarga mazkur Dasturda belgilangan tadbirlarning toʻla bajarilishini taʼminlash vazifasi topshirilsin.
3. Tumandagi shahar fuqarolar yigʻini va qishloq fuqarolar yigʻinlari raislari zimmasiga:
Hududlaridagi ishsiz fuqarolarni aniqlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, chetga ishlash maqsadida chiqib ketayotgan fuqarolarni aniqlash, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlashda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yaqindan koʻmaklashish vazifasi yuklatilsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi v. b. (U. Matqosimov)ga:
a) yangi tashkil etilgan kichik va oʻrta biznes subyektlaridagi va xususiy tadbirkorlik yoʻnalishida barpo etilgan yangi ishchi oʻrinlari hisobini yuritish, boʻsh ish oʻrinlariga kadrlar tayyorlash, iqtisodiy inqirozga uchragan korxonalardan boʻshab chiqayotgan fuqarolarga qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratish, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish belgilangan korxonalarga ishga joylashtirish, korxonalardagi mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarni oʻrganish va ishsiz fuqarolarni boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirish;
b) kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va harbiy xizmatni oʻtab kelgan yoshlarni hamda jazoni oʻtash joylaridan ozod qilingan fuqarolarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkalarini tashkil etish; yangi barpo qilinayotgan ish oʻrinlariga ishchi kuchlarini oʻz vaqtida yuborish, ish bilan band boʻlmagan aholini ijtimoiy himoyaga olish, buning uchun qayta kasbga oʻqitish, korxonalar va tashkilotlar bilan shartnomaga muvofiq haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilish va xalq hunarmandchiligini rivojlantirish uchun tegishli tashkilotlar va xalq ustalari bilan shartnomalar asosida ish olib borib, dasturda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, mazkur dasturda koʻrsatilgan kasbga qayta oʻqitish, milliy hunarmandchilik, haq toʻlanadigan jamoat ishlari toʻgʻrisidagi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilganda, ushbu dasturga tegishli oʻzgartirishlar kiritish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, yangi ish oʻrinlarini yaratishga tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birga tuman hokimligi iqtisodiyot boʻlimi (M. Noʻmonjonov), tuman Davlat soliq inspeksiyasi (Gʻ. Yusupov), tuman statistika boʻlimi (A. Joʻrayev), tuman hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyasi (F. Rasulov), tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (A. Abdixakimov) va tuman fermyerlar Kengashi raisi v. b. (A. Usmonov)lar bevosita masʼuldirlar hamda ular tomonidan bu borada tuziladigan hisobotlarni har birida bir xilligi taʼminlansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qaror tasdiqlanishi munosabati bilan “Andijon tongi” roʻznomasi nashrlarida eʼlon qilinishi hamda keng ommaga yetkazilishi “Andijon tongi” roʻznomasi bosh muharriri (A. Nazarov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi rahbari v. b. U. Matqosimov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim U. ISAMIDINOV
Andijon t.,
2014-yil 24-aprel,
230-q-son