Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hokimining
Qarori
Tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 25-26-son, 225-modda, 2009-yil 52-son, 553-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-yil, 7-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizom ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy himoya qilish markazida roʻyxatga olingan fuqarolarga ularning vaqtincha ish haqi olishi va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, Markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ishsizlar oʻrtasida boqimandalikning oldini olish, birinchi marta ish qidirayotgan hamda kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga asosan tumanda 2014-yil davomida haq toʻlanadigan jamoat ishlari ilovada koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilotlarda amalga oshirilishi tashkil etilsin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (K. Qoʻziyev)ga:
ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 23-bandiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha ellik foiz ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarning haq toʻlanadigan jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot 3 kun muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin.
5. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (K. Qoʻziyev)ga:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari I. Alimqulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. TILABOV
Gʻallaorol t,
2014-yil 14-yanvar,
27-son
Gʻallaorol tuman hokimining 2014-yil 14-yanvardagi 27-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarining turlari va mazkur ishlarni 2014-yilda tashkil qiladigan korxona, tashkilot va muassasalar
ROʻYXATI
| T/r | Korxona, tashkilot va muassasalar nomi | Ish turlari | Ish mazmuni |
| 1. | “Gʻalla” IIChB, Sanzor Parranda xususiy korxonasi |
Agrosanoat kompleksidagi mavsumiy ishlar | Hududlarni koʻkalamzorlashtirish, oʻtkazilgan daraxtlarni parvarish qilish va qishloq xoʻjalik mahsulotlarni yigʻishtirish, xirmonni tayyorlash, mol boqish va boshqa ish turlari |
| 2. | Tuman tibbiyot birlashmasi, viloyat bolalar sanatoriyasi, “Marjon-suv” sanatoriyasi |
Hududni obodonlashtirish | Bemorlarga qarash va nogironlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish |
| 3. | Yoʻl qurilish boshqarmasi | Yoʻl atroflarini obodonlashtirish | Hududlarni koʻkalamzorlashtirish, oʻtkazilgan daraxtlarni parvarish qilish, qor kurash, yaxmalakni yoʻq qilish, qor muzini koʻchirish |
| 4. | “Suv tarmoqlari” davlat korxonasi | Qurilish-montaj ishlari | Suv quvurlarining tarmoqlarini qurish va transheya qazish |
| 5. | “Obodonlashtirish” boshqarmasi, Tuyatortor KLI irrigatsiya tizimi boshqarmasi | Koʻchalarni obodonlashtirish | Hududlarni tozalash, qishki va yozgi yigʻishtirishlar, hududlarni koʻkalamzorlashtirish, oʻtkazilgan daraxtlarni parvarish qilish, qor va qor muzini koʻchirish |
| 6. | Gʻallaorol dehqon bozori, Payshanba dehqon bozori va Lalmikor dehqon bozori |
Hududlarni obodonlashtirish | Qishloq xoʻjalik mahsulotlarni saqlash va saralash |
| 7. | Tumandagi faoliyat koʻrsatayotgan barcha fermer xoʻjaliklari | Mavsumiy dala ishlari | Qishloq xoʻjaligidagi mavsumiy ishlarni bajarish, mahsulotlarni saqlash va saralash |