Surxondaryo viloyati xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining
Qarori
Termiz shahrining 2014 yilgi mahalliy budjeti parametrlari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-II-son «Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida»gi qarorining ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida»gi Qonuniga asosan xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ushbu qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti, budjet taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdori belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
3. Termiz shahar hokimligi:
iqtisodiyotni yanada liberallashtirish yuzasidan iqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashni, aholining daromadlar darajasini va turmush farovonligini oshirishga, ijtimoiy dasturlar ustuvor tarzda moliyalashtirilishini va budjet mablagʻlari iqtisod qilinishini taʼminlasin;
iqtisodiyot va aholi zimmasidagi mahalliy soliq yukini izchillik bilan kamaytirish borasidagi ishlarni davom ettirsin, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ishchanlik faolligini oshirishga, korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini, eng avvalo, olingan daromadlarni tasarruf etish masalalaridagi mustaqilligini kengaytirishga koʻmaklashadigan chora-tadbirlar qabul qilinsin;
ijtimoiy sohaga qilinadigan davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlimni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlanishi xarajatlarini yanada kuchaytirish yoʻli bilan aholi turmush farovonligini oshirish boʻyicha choralarni roʻyobga chiqarishni davom ettirsin;
mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotda yangi yuqori texnologik korxonalar va ishlab chiqarishlar ildam rivojlantirilishini taʼminlashga, ishlab turgan quvvatlarni modernizatsiyalash va texnik yangilash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar dasturlarini amalga oshirishni, ishbilarmonlik muhitini hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligini tubdan yaxshilashni davom ettirsin;
budjet mablagʻlaridan va budjetdan tashqari mablagʻlarning maqsadli, manzilli va samarali foydalanishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini takomillashtirish boʻyicha davlat xaridlari jarayonini tartibga soladigan, davlat xaridlarini joylashtirishda oshkoralikni, ochiq-oydinlikni taʼminlashga hamda raqobat muhitini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilangan vazifalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlasin;
soliq-budjet qonunchiligining mohiyatini, ahamiyatini hamda mexanizmlarini barcha soliq toʻlovchilar va budjetdan mablagʻ oluvchilar eʼtiboriga yetkazish yuzasidan seminarlar hamda boshqa turdagi tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borishni tashkillashtirsin.
4. Shahar Davlat soliq inspeksiyasi budjetga toʻlovlar toʻliq undirilishini, shahar moliya boʻlimi xarajatlarning mahalliy budjetlardan oʻz vaqtida moliyalashtirilishini taʼminlasinlar va budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish ustidan qatʼiy va taʼsirchan nazorat oʻrnatsinlar.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining «Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari» boʻyicha doimiy komissiyasi raisi zimmasiga yuklatilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi Sh. ARIPOVA
Termiz sh.,
2013-yil 31-dekabr,
94/19-4-son