Samarqand viloyati Samarqand shahar hokimining
Qarori
Shahar hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish haqida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) hamda Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-yil 1-2-son) ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Shahar hududidagi mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar tegishli tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Shaharda transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-yanvardan 31-avgustgacha oʻtkazilishi inobatga olinsin.
1-2-ilovalar berilmaydi.
5. Shahardagi yuridik va jismoniy shaxslarga “JV MAN AUTO Uzbekiston” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonaning texnik koʻrik oʻtkazish uchun zarur sharoitlar mavjudligi toʻgʻrisidagi joriy yil 22-yanvardagi 32-sonli taklifiga asosan, ularga tegishli boʻlgan avtobus, oʻrindiqlar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari hamda ularning tirkamalarini qoʻshma korxonaning servis va dillerlik markazida, boshqa turdagi transport vositalarini “Samarqand Avtotexxizmat” OAJga qarashli ustaxonalarida texnik koʻrikdan oʻtkazilishi tavsiya etilsin.
6. Shahardagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomini tasdiqlash haqida”gi qarori 3-band talablaridan kelib chiqib, shahar mudofaa boʻlimi, shahar ichki ishlar boʻlimi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
8. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi J. Urakov zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror qabul qilinishi bilan shahar hokimining 2013-yil 25-fevraldagi 225-Q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. ShUKUROV
Samarqand sh.,
2014-yil 14-fevral,
220-q-son