Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hokimining
Qarori
Tuman aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tuman aholi punktlarining zamonaviy qiyofasini shakllantirish, aholi yashashi uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, yangi qulay uy-joylar qurish, aholi punktlarini, ayniqsa qishloq joylarda obodonlashtirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Shu bilan birga, tumanda aholining qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketishni tashkil etish ishlari qoniqarsiz holatda, tuman Obodonlashtirish boshqarmasining moddiy-texnika bazasi maxsus texnika bilan zarur miqdorda taʼminlanmagan, mavjud poligonlar sanitariya qoidalariga va normalariga javob bermaydi, bir qator joylarda tartibsiz tashkil etilgan axlatxonalardan foydalanilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 315-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2013-y., 49-son, 632-modda) va viloyat hokimining 2013-yil 7-dekabrdagi 283-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda aholi turmush darajasi va sifatini oshirish chora-tadbirlari kompleksini bajarish, tuman aholi punktlarida sanitariya va ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, aholining qattiq maishiy chiqindilarini tashib ketish va joylashtirish boʻyicha sanitariya jihatidan tozalash borasida oʻz vaqtida va sifatli xizmatlarni tashkil etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi 315-sonli qarori va viloyat hokimining 2013-yil 7-dekabrdagi 283-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
2014-2015-yillarda tuman Obodonlashtirish boshqarmasini maxsus texnika bilan jixozlash dasturi 1-ilovaga* muvofiq;
2014-2015-yillarda tuman aholi punktlarida axlatlarni toʻplash shoxobchalarini qurish va ularni konteynyerlar bilan jihozlash dasturi 2-ilovaga* muvofiq;
2014-2015-yillarda Obodonlashtirish boshqarmasining faoliyat koʻrsatayotgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini tartibga solish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi 3-ilovaga* muvofiq;
2014-2015-yillarda tuman hududida Obodonlashtirish boshqarmasining qattiq maishiy poligonlarini qurish va ularni maxsus texnika bilan jihozlash dasturi 4-ilovaga* muvofiq;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturni moliyalashtirish manbasi mahalliy budjeti hisobidan belgilansin;
2014-2015-yillarda tuman markazi, posyolkalari va qishloq aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalashni tashkil etishga doir kompleks tadbirlar (keyingi oʻrinlarda Komleks tadbirlar deb ataladi) 5-ilovaga* muvofiq;
tuman hokimligi darajasida Kompleks tadbirlarni bajarish boʻyicha ishchi guruhi tarkibi 6-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 6-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari A. Mamatov, Iqtisodiyot boʻlimi (T. Qoʻchqorov), tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (X. Abdualimov), Arxitektura va qurilish (S. Togʻayev), Yer resurslari va davlat kadastr xizmati (A. Narzullayev), Tabiatni muhofaza qilish boʻlimi (E. Azimov), tuman Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorat markazi (B. Musayev), qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari quyidagilarni belgilangan tartibda taʼminlasinlar:
uch oy muddatda — axlatlarni toʻplash shoxobchalari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlari qurish uchun aholi punktlarida yer uchastkalarini tanlash va ajratish;
axlatlarni toʻplash shoxobchalari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlari qurishning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash;
har yili 1-yanvargacha — tanlov savdolari oʻtkazish, pudrat shartnomalarini belgilangan tartibda tuzish hamda axlatlarni toʻplash shoxobchalari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlari qurishning yakuniy manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash;
kelgusida tashib ketish xarajatlarini kamaytirish maqsadida, chiqitsiz qayta ishlashni hisobga olgan holda, qattiq maishiy chiqindilarni sortlarga ajratish va utilizatsiya qilishni tashkil etishga doir tadbirlar kompleksini ishlab chiqish;
ular oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatgan holda qattiq maishiy chiqindilarni sortlarga ajratish va qayta ishlash boʻyicha tijorat tashkilotlari tashkil etish.
4. Belgilansinki, qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish xizmatlari koʻrsatish:
tuman markazlari, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarida — tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
5. Tuman Tabiatni muhofaza qilish boʻlimi (E. Azimov) qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash boʻyicha yangidan tashkil etilayotgan poligonlarni davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazishni hamda qattiq maishiy chiqindilarni koʻmib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritishni taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari A. Mamatov va I. Alimqulov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. TILABOV
Gʻallaorol t.,
2013-yil 27-dekabr,
1344-son