Andijon viloyati Xalq deputatlari Paxtaobod tumani kengashining
Qarori
Paxtaobod tumani mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yil budjetining asosiy koʻrsatkichlari haqida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 12, 13-moddalariga, “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 14-noyabrdagi 770-II-sonli, Oliy Majlis Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi 399-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Paxtaobod tumani mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi:
Daromadlar qismi boʻyicha:
daromadlar tushumi 12 mlrd 964 mln 544 ming soʻm, mahalliy budjetga viloyat budjetidan oʻtkazib berilgan daromad 3 mlrd 144 mln soʻm respublika budjetidan olingan subvensiyalar jami 32 mlrd 29 mln 725 ming soʻm.
Xarajatlar qismi boʻyicha:
jami xarajatlar 47 mlrd 994 mln 413 ming soʻm miqdorida 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman mahalliy budjetining 2014-yilgi asosiy koʻrsatkichlari:
daromadlar qismi soliq tushumlari boʻyicha 20 mlrd 215 mln 378 ming soʻm, respublika budjetidan olinadigan subvensiyalar 39 mlrd 695 mln 274 ming soʻm, hamma daromadlar 63 mlrd 614 mln 221 ming soʻm mikdorida 2-ilovaga*;
xarajatlar qismi sohalar boʻyicha 63 mlrd 614 mln 221 ming soʻm miqdorida hamda aylanma kassa mablagʻi meʼyori 376 mln 612 ming soʻm miqdorida 3-ilovaga*;
Tuman mahalliy budjetining daromadlari, xarajatlari, ularga ajratiladigan mahalliy budjetlarga yuqori budjetdan oʻtkazib beriladigan daromadlar, subvensiya miqdorlari va aylanma kassa mablagʻlarining meʼyorlari 4-ilovaga*;
umumdavlat soliqlaridan tuman budjetlariga 2014-yil uchun ajratmalar meʼyorlari 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1—5-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman moliya boʻlimi (B. Raximov)ga budjet qonunchiligida belgilangan muddatlarda 2014-yilgi budjet parametrlarini tumandagi tegishli budjet tashkilotlariga yetkazish, shuningdek umumdavlat soliqlaridan mahalliy budjetlarga 2014-yil uchun ajratmalar miqdorlarini tumandagi ixtisoslashgan bank muassasalariga yetkazish vazifasi topshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan:
14-bandiga muvofiq Davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining Davlat budjeti daromadlarining undirilishi hamda xarajatlarini amalga oshirilishidagi faoliyatini kengaytirish, javobgarligi hamda masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Davlat budjeti oldidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida, quyidagi umumdavlat soliqlar:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan qatiy belgilangan daromad soligʻi;
oʻsimlik yogʻi hamda pivo uchun aksiz soliqlari toʻligʻicha mahalliy budjetlarga qoldirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Tuman davlat soliq inspeksiyasi (U. Qamchiyev) mahalliy budjetlarga belgilangan soliq va tushumlarni yil davomida muntazam ravishda undirilishini taʼminlash, tuman boʻyicha mavjud boqimanda qarzlarni keskin kamaytirish borasida aniq tadbirlar ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
6. Barcha ixtisoslashtirilgan tijorat banklari boʻlimlari bilan birgalikda davlat daromadlaridan mahalliy budjetlarga ajratmalarni oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
7. Tuman moliya boʻlimi, tuman davlat soliq inspeksiyasi va bank idoralarining barcha imkoniyatlarini budjetning daromadlar qismi prognoz koʻrsatkichlarining barcha manbaalar boʻyicha toʻliq bajarilishini taʼminlashga safarbar qilish, mahalliy budjetlarning xarajatlar qismining sifatli ijro etilishini, shuningdek budjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishini qattiq nazorat qilish bunda, Oʻzbekiston Respublikasining “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi va “Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisida”gi Qonunlariga hamda Vazirlar Mahkamasining budjet ijrosiga oid qarorlari va farmoyishlari talablariga qatiy rioya etilishini taʼminlash vazifalari topshirilsin.
8. Tuman moliya boʻlimi (B. Raximov) va tuman davlat soliq inspeksiyasi (U. Qamchiyev) hamda tijorat banklari tuman boʻlimlari mazkur qarorning bajarilishi toʻgʻrisida tuman hokimligiga 2014-yil davomida har chorakda va 2015-yilning yanvar oyida yil yakuni boʻyicha axborot berib borsinlar.
9. Tuman “Davr sadosi” gazetasi muharriryati (Z. Kimsanova)ga mazkur qaror matnini gazeta sahifalarida yoritish tavsiya etilsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (M. Qodirov) zimmasiga yuklatilsin.
Xalq deputatlari Paxtaobod tuman kengashi raisi J. XODJIYEV
Paxtaobod sh.,
2014-yil 9-yanvar,
132/26-4-son
(“Davr sadosi” gazetasi, 01.02.2014-y., 5 (3698)-son)