Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimining
Qarori
Shahar hokimining 2013-yil 3-oktabrdagi 650-q-sonli “Shaharda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 543-modda) hamda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 503-sonli xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Shahar hokimining 2013-yil 3-oktabrdagi 650-q-sonli “Shaharda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarorining (“Kattaqoʻrgʻon tongi” gazetasi 29-(688) soni) birinchi bandi bilan tasdiqlangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun korxona, muassasa, tashkilotlarda band qilingan ish oʻrinlari roʻyxati ilovaga* muvofiq qayta tasdiqlansin.
Ilova berilmaydi.
2. Qaror birinchi bandining uchinchi va toʻrtinchi, yettinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun — 97 kishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga — 20 kishi;”
“jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun — 11 kishi”.
quyidagi tahrirda sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin;
“odam savdosidan jabrlanganlar uchun — 17 kishi”.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari M. Babayev zimmasiga yuklansin.
4. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim Sh. RAXMONOV
Kattaqoʻrgʻon sh.,
2014-yil 24-yanvar,
44-q-son