Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimining
Qarori
Shaharda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021-yil 7-maydagi 219/30-VI-sonli “Samarqand viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 25-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun shaharda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida hamda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 13-sentabrdagi 419-sonli xatini koʻrib chiqib, shahar hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida shahardagi korxona, tashkilot va muassasalar uchun xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 4168 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 92 kishi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 97 kishi;
(1-bandning uchinchi xatboshisi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimning 2014-yil 24-yanvardagi 44-q-sonli qarori tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 20 kishi;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimining 2014-yil 24-yanvardagi 44-q-sonli qarori tahririda)
nogironlar uchun 9 kishi;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar 20 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun 11 kishi.
(1-bandning yettinchi xatboshisi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimining 2014-yil 24-yanvardagi 44-q-sonli qarori tahririda)
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 17 kishi.
(1-band Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar hokimining 2014-yil 24-yanvardagi 44-q-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
2. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
3. Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini shahar hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
5. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (S. Boboyev) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
6. Shahar hokimining 2012-yil 16-sentabrdagi 501-Q-sonli qarori 2013-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim v. v. b. M. BOBOYEV
Kattaqoʻrgʻon sh.,
2013-yil 3-oktabr,
650-q-son