Toshkent shahar Shayxontohur tumani hokimining
Qarori
Shayxontohur tumanida 2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 4-iyundagi 390/41-6-sonli “Toshkent shahar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; 5-son, 124-modda, 9-son, 229-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 25-26-son, 225-modda; 2009-y., 52-son, 553-modda) 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 46-modda) 353-son qarori ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida roʻyxatga olingan fuqarolarga ularning vaqtincha ish haqi olishi va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, birinchi marta ish qidirayotgan va kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Shayxontohur tumanida 2014-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona va tashkilotlar roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarning mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxona va tashkilotlar boʻyicha 50 foizi ish beruvchilar mablagʻlari va 50 foizi mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
boshqa korxona va tashkilotlar boʻyicha 75 foizi ish beruvchilar mablagʻlari hisobidan 25 foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarni jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, 3 kunlik muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin.
3. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A. Mamatov):
korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
4. Shayxontohur tuman hokimining 2013-yil 13-fevraldagi “Shayxontohur tumanida 2013-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 57-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Shayxontohur tuman hokimining oʻrinbosari K. Zaxidov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim M. MIRQOSIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 9-yanvar,
11-son
Tuman hokimining 2014-yil 9 yanvaodagi 11-sonli qaroriga
ILOVA
ILOVA
Shayxontohur tumanida 2014-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona va tashkilotlar roʻyxati
| № | Korxona va tashkilotlar nomi | Haq toʻlanadigan jamoat ishi turlari | Jalb qilinganlar soni | Mehnatga haq toʻlash foizi | ||
| Ish beruvchi korxona mablagʻi hisobidan | Mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan | Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan | ||||
| 1. | Tuman obodonlashtirish boshqarmasi | Obodonlashtirish ishchisi farrosh, qorovul | 55 | 50 | 50 | — |
| 2. | Xususiy uy joy, mulkdorlar shirkatlari | Ishchi, farrosh supuruvchi, elektrchi, bogʻbon | 50 | 75 | — | 25 |
| 3. | Tuman xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash na tashkil etish boʻlimi | Qorovul, oshpaz, farrosh, bufetchilar | 15 | 50 | 50 | — |
| 4. | Tuman tibbiyot birlashmasi | Ishchi, kasalxonalarda va boshqa muassasalardagi bemorlarga qarash ishlari | 15 | 50 | 50 | — |
| 5. | “Shayxontoxur Maxsustrans” davlat korxonasi | Ishchi, farrosh, qorovul, supuruvchi | 15 | 50 | 50 | — |
| | Jami | | 106 | | | |