jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani hokimining
Qarori
2014-yilda tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 25-26-son, 225-modda, 2009-y., 52-son, 553-modda) hamda (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami 1999-y., 7-son, 40-modda) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomni ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy himoya qilish markaziga roʻyxatga olingan fuqarolarga ularning vaqtincha ish haqi olishi va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, Markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ishsizlar oʻrtasida boqimandalikning oldini olish, birinchi marta ish qidirayotgan hamda kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb qilish va Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga asosan tumanda 2014-yil davomida haq toʻlanadigan jamoat ishlari ilovada* koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilotlarda amalga oshirilishi tashkil etilsin.
ilova berilmaydi.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (I. Qobulov)ga ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlariga;
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 23-bandiga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxonalar va tashkilotlar boʻyicha 50 foizi ish beruvchilar mablagʻlari va 50 foizi mahalliy budjet va Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha 75 foizi ish beruvchilar mablagʻlari va 25 foizi Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobiga amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarning haq toʻlanadigan jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot 3 kun muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin.
5. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlarning uyiga borib, ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (I. Qobulov)ga korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin. Haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 21-yanvar kungi 63-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Bobobekov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim M. BOBOBEKOV
Gagarin sh.,
2014-yil 19-fevral,
100-son