sirdaryo viloyati Boyovut tumani hokimining
Qarori
Tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida” gi Qonunning 22-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyulidagi 353-sonli qaroriga ilova qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomga asoslanib qaror qilaman:
1. Tumandagi tashkilot, korxonalar, muassasalar, xoʻjaliklar bilan tuman Bandlikka koʻmaklashuvchi markaz oʻrtasida 2014-yilda tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan jamoat ishlari tashkil qilinsin. (roʻyxat ilova* qilinadi).
* Ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin:
2.1. Davlat hokimiyati organlariga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha 50 (ellik) foiz mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilsin.
2.2. Boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha 75 (yetmish besh) foiz ish beruvchilar mablagʻlaridan va 25 (yigirma besh) foiz ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
2.3. Aholini ish bilan taʼminlashda noqulay vaziyatlar bilan bogʻliq istisno xollarda, shuningdek haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish uchun ish beruvchilarni qiziqtirish maqsadida haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga quyidagi miqdorlarda qoplanishi koʻzda tutilsin:
joylarda davlat hokimiyati organlari mulkchi boʻlgan korxonalarda, xoʻjalik hisobidagi korxonalardan tashqari, mehnatga haq toʻlash xarajatlarining koʻpi bilan 75 (yetmish besh) foizi;
boshqa korxonalarda mehnatga haq toʻlash uchun koʻpi bilan 50 (ellik) foizi miqdorida:
3. Haq toʻlanadigan ishlarni bajarish uchun yuborilgan shaxslarga korxonalarda amalda boʻlgan stavkalar va lavozimlar maoshlari ishbay narxlardan kelib chiqqan holda, amalda bajarilgan ish uchun, ammo amalda ishlagan vaqt uchun ishsizlik boʻyicha nafaqa miqdori 15 (oʻn besh) foizga koʻpaytirilgandan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi toʻlansin.
4. Jamoat ishlariga jalb etish va ishchilar bilan taʼminlash tuman Bandlikka koʻmaklashuvchi markaz va tashkilotlar, korxonalar, muassasalar, xoʻjaliklar bilan hamkorlikda amalga oshirilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilib borish tuman hokimining oʻrinbosari E. Ernazarovga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim D. BOTIROV
Boyovut t.,
2013-yil 9-sentabr,
1301-son