Surxondaryo viloyati Termiz tumani hokimining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 2003 YIL 31 YaNVARDAGI 54-SONLI QARORIGA ASOSAN TUMAN HUDUDIDAGI BARChA YuRIDIK VA JISMONIY ShAXSLARGA TEGIShLI BOʻLGAN AVTOMOTOTRANSPORT VOSITALARINI 2012 YILDA MAJBURIY TEXNIK KOʻRIKDAN OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat kengashining 2021-yil 6-iyuldagi VI-29-26-8-0-K/21-sonli “Surxondaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 8-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda 2012-yil 10-fevraldagi 03-05/004-sonli yigʻilish bayoni talablaridan kelib chiqqan holda 2012-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda yoʻl harakati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkama ulamalarni davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish tuman ichki ishlar boʻlimi (Sh. Toshqulov) va tuman Mudofaa ishlari boʻlimi (Z. Moʻminov)lar zimmasiga yuklatilsin.
3. Mazkur texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
Mulkchilik shakli va sigʻimidan qatʼi nazar, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigi:
birinchi marta 1-martdan 31-iyungacha, ikkinchi marta 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilishi tashkillashtirilsin.
korxonalar, muassasalar, xususiy korxonalardagi mavjud avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomashinalar, mototsikllar va tegishli ulov vositalari 1-martdan 30-iyungacha texnik koʻrikdan oʻtkazilsin;
tuman fuqarolariga tegishli boʻlgan barcha turdagi, shaxsiy transport vositalari 1-yanvardan 31-avgustga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
barcha transport vositalarining texnik holatini topishda ularni tayyorlangan zavod koʻrsatmalariga asosan ishlatish qoida qoʻllanmalariga har bir harakatlanish qismini talabga javob berilishi;
korxona va tashkilotlar rahbarlaridan yoʻl harakati qoidalarida koʻrsatilgandek transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlarga asosan texnik soz xolda taʼminlanishini;
maxsus mashinalar harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratish topshirilsin.
4. 2012-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish maqsadida tuman hokimligining yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash komissiyasi tuzilsin. Komissiya aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
5. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (Sh. Toshqulov)ga har bir korxona tashkilot va muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan reja jadvalini tashkilotlar rahbarlariga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
*2-ilova berilmaydi.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (S. Qodirov) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi avtomototransport vositalarini va shahar elektr transport vositalarni boshqarish huquqini berish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tartibini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalari haydovchilarini bir yilda bir marta yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari va yoʻl harakati xavfsizligi fanidan 30 soatlik dastur asosida mashgʻulot oʻtishlari uchun shart-sharoitlar yaratgan holda toʻliq jalb etilishini taʼminlasinlar.
7. Tumandagi har bir tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari hamda shaxsiy avtomashina egalari zimmasiga:
avtoulovlarni texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini, ularning texnik jihatdan sozligini va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish;
korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga alohida tartib oʻrnatish va xalq xoʻjaligi hisobida boʻlgan ishga yaroqsiz tiklanmaydigan va ishlatilmaydigan mashinalarni hisobdan chiqarish choralarini texnik koʻrikka qadar koʻrib chiqish vazifalari yuklatilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman Mudofaa ishlari boʻlimi, Ichki ishlar boʻlimi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish reja asosida amalga oshirish nazarda tutilsin.
9. Tuman Ichki ishlar boʻlimi (Sh. Toshqulov)ga texnik koʻrikni oʻtkazish sharti boʻyicha tegishli tartibda tuman hokimligi yigʻilishi muhokamasiga kiritish topshirilsin.
10. Tumanda mototsikllar, tirkama-ulamalar hamda shaxsiy transport vositalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
12. Tuman hokimining 2012-yil 20-fevraldagi 128-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari N. Beknazarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim B. XOLNAZAROV
Uchqizil q.,
2012-yil 14-sentabr,
927-son