XORAZM VILOYATI Yangiariq tumani hokimining
Qarori
TUMANDAGI TRANSPORT VOSITALARINI MAJBURIY TEXNIK KOʻRIKDAN OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2021-yil 26-maydagi 27-141-sonli “Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 3-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq, transport vositalarining 2012-yildagi majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asoslanib qaror qilaman.
1. Tumandagi yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan avtomatotransport vositalarining texnik koʻrigi 1 yilda 1 marotaba (1-martdan 10-iyungacha), shuningdek tijorat asosida yoʻlovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar 1 yilda 2 marotaba (1-martdan 10-iyungacha va 12-sentabrdan 31-oktabrgacha), jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilsin.
Ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin, ushbu bandning birinchi xatboshisida qayd etilgan bir yilda ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno.
* 1-2 ilovalar berilmaydi.
3. “Oʻzagrosugʻurta” davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi ochiq aksiyadorlik jamiyati tuman boʻlimi (X.Egamberdiyev) Oʻzbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash borasidagi ishlarni tashkillashtirsin.
4. Tuman tibbiyot birlashmasi (A. Madraximov) texnik koʻrik davrida haydovchilarning tibbiy holatini tekshirishda tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tuman inspeksiyasi (M.Qurbonov) transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zaharli gazlarni oʻlchashda komissiya aʼzolariga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
5. Ushbu qaror tuman hokimligining rasmiy nashri boʻlgan “Yangiariq ovozi” gazetasi orqali eʼlon qilinsin.
6. Transport vositalarini texnik koʻrikka jalb qilishda Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, tuman ichki ishlar boʻlimi xodimlari va jamoatchilik amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2011-yil 5-martdagi 113-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman ichki ishlar boʻlimi, Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga avtomototransport vositalarining texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2012-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari K. Otajonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh.Q BEKChANOV
Yangiariq t.,
2012-yil 24-fevral,
80-k-son