XORAZM VILOYATI Qoʻshkoʻpir tumani hokimining
Qarori
QOʻShKOʻPIR TUMANIDA TRAKTORLAR, OʻZIYuRAR ShASSILAR, MELIORATIV YOʻL-QURILISh MAShINALARI VA TRAKTOR TIRKAMALARINI MAJBURIY TEXNIK KOʻRIKDAN OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2021-yil 26-maydagi 27-141-sonli “Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 3-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 6-yanvardagi 8-sonli qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarining (keyingi oʻrinlarda “Mashinalar”deb yuritiladi) 2012-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy Davlat hokimiyati toʻgʻrisidagi”gi Qonunining 25, 6-moddalariga asosan qaror qilaman.
1. Tuman Davlat texnika nazorati inspeksiyasi (M.Abdullayev) tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan mashinalarni bir yilda bir marta (1-fevraldan 1-martgacha) texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Mashinalarni texnik koʻrikdan oʻtkazishda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etishga, mashinalar sonini, ularning holatini, amalda mavjudligini roʻyxatdan oʻtkazish maʼlumotlarini aniqlashtirishga alohida eʼtibor qaratilsin.
2. Tumandagi mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Tumandagi mashinalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish grafigi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
4. Mazkur qaror qabul qilinishi bilan tuman hokimining 2012-yil 8-fevraldagi 12-f sonli farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Tuman Davlat texnika nazorati inspeksiyasi (M.Abdullayev) belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilmagan mashinalardan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 139-moddasiga asosan foydalanishni taqiqlash choralari koʻrilsin.
6. Ushbu qaror “Hayot koʻzgusi” gazetasi orqali eʼlon qilinsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim M.I. ALLABERGANOV
Qoʻshkoʻpir t.,
2012-yil 29-avgust,
917-k-son