XORAZM VILOYATI Shovot tumani hokimining
Qarori
IJTIMOIY MUHOFAZAGA MUHTOJ, ISh TOPIShDA QIYNALAYOTGAN ShAXSLARNI IShGA JOYLAShTIRISh UChUN ISh OʻRINLARINI BAND QILIB QOʻYISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining 2021-yil 26-maydagi 27-141-sonli “Xorazm viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 3-iyundan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Viloyat adliya boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari A.Allayarovning tuman hokimining nomiga 2011-yil 26-oktabrdagi 1979/2185-sonli yozishmasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”ti Qonunining 7, 17-moddasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asoslanib, qaror qilaman.
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni 2012-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda xodimlarning oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 201 ta ish oʻrni, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga hamda koʻp bolali ota-onalar uchun 26 foiz (53 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 50 foiz (100 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 11 foiz (22 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (6 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 3 foiz (6 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 7 foiz (14 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasini belgilaydi.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin. Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga hamda koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari ushbu toifadagi muayyan kasb-hunarga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyiladigan kasb va lavozimlar 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlansin.
6. Ushbu qarorni bajarmagan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
7. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman xokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
8. Ushbu qaror “Shovot istiqboli” gazetasida eʼlon qilinsin.
9. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga (A.Tajiyev) bir hafta muddatda mazkur qarorni 1-bandda koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
Hokim K.R. KURYaZOV
Shovot t.,
2011-yil 27-oktabr,
1134-son