Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
“OʻZBEKKOʻMIR” OAJNING HUDUDIY DISTRIBYuTORLIK MARKAZLARI ORQALI SOTILADIGAN KOʻMIRNING ChAKANA NARXINI ShAKLLANTIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 24-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2392]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2018-yil 29-yanvardagi 11, 01/15-1-10/08-sonli “Oʻzbekkoʻmir” OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan koʻmirning chakana narxini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2392-1, 06.02.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-fevraldagi 58-sonli “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari aholisi va budjet tashkilotlariga koʻmir sotishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, 8-9-son, 87-modda) qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. ”Oʻzbekkoʻmir” OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan koʻmirning chakana narxini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-sentabr,
70-son;
Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi v. b. U. TURDIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-sentabr,
UT 02/4-17/3640-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2012-yil 12-sentabrdagi 70, UT 02/4-17/3640-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Oʻzbekkoʻmir” OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan koʻmirning chakana narxini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida
nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-fevraldagi 58-sonli “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari aholisi va budjet tashkilotlariga koʻmir sotishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, 8-9- son, 87-modda) qaroriga muvofiq, “Oʻzbekkoʻmir” OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan koʻmirning chakana narxini shakllantirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
chakana narx — “Oʻzbekkoʻmir” OAJning hududiy distribyutorlik markazlari orqali aholi va budjet tashkilotlariga (keyingi oʻrinlarda isteʼmolchilar deb yuritiladi) sotiladigan koʻmirning narxi;
hududiy distribyutor markazi — hududlarda oʻzining filiallariga ega boʻlgan, isteʼmolchilarga koʻmirni sotish funksiyasini amalga oshiruvchi “Oʻzbekkoʻmir” OAJ tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi).
2. Mazkur Nizom “Oʻzbekkoʻmir” OAJ va Markazlarga nisbatan tatbiq etiladi.
II. Markazlar orqali isteʼmolchilarga sotiladigan koʻmirning chakana narxini shakllantirish
3. Markazlar orqali isteʼmolchilarga sotiladigan koʻmirning chakana narxi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan shakllantiriladi va belgilanadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida Markazlar orqali isteʼmolchilarga sotiladigan koʻmirning yagona chakana narxi belgilanadi.
4. Markazlar orqali isteʼmolchilarga sotiladigan koʻmirning chakana narxi quyidagilardan shakllanadi:
koʻmirning markasi va navidan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan deklaratsiya qilingan “Oʻzbekkoʻmir” OAJning ulgurji- sotish narxidan;
“Oʻzbekkoʻmir” OAJning yuklab joʻnatish omboridan Markazlarning koʻmir saqlash omborlariga qadar boʻlgan masofaga yetkazib berish bilan bogʻliq transport xarajatlaridan;
Markazlarning rentabellik darajasini inobatga olgan holdagi xarajatlaridan (keyingi oʻrinlarda Markazlar xarajatlari deb yuritiladi).
Oʻrtacha tarzda aniqlanadigan 1 tonna koʻmirning chakana narxi koʻmirning markasi va navidan kelib chiqqan holda ulgurji sotish narxidan, temir yoʻl, avtomobil transporti orqali transportirovka qilish xarajatlari va boshqa transportirovka bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlaridan, shuningdek Markazlarning sof foyda boʻyicha rentabellik darajasini inobatga olgan holdagi kapital quyilmalarni moliyalashtirish, kredit, qarz va lizing toʻlovlari boʻyicha asosiy qarzni qaytarish uchun zarur boʻlgan xarajatlaridan hosil boʻladi. Transportirovka bilan bogʻliq boʻlgan oʻrtacha xarajatlar va Markazlarning xarajatlari transportirovka boʻyicha umumiy prognoz xarajatlar va Markazlarning umumiy prognoz xarajatlarini muayyan prognoz davr uchun yetkazib berilishi kutilayotgan koʻmir hajmiga (tonnada) boʻlish orqali aniqlanadi.
5. Koʻmirning yagona chakana narxini shakllantirish uchun “Oʻzbekkoʻmir” OAJ Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza kiritadi:
“Oʻzbekkoʻmir” OAJning koʻmir yuklab joʻnatish omboridan Markazlarning koʻmirni saqlash omborlariga qadar koʻmirni yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarining batafsil bayoni;
rentabellik darajasini inobatga olgan holdagi Markazlarni saqlash xarajatlarining batafsil bayoni.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻmirning chakana narxini shakllantirish bilan bogʻliq qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olishga haqli.
6. Mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar quyidagi talablarni inobatga olib rasmiylashtiriladi:
taqdim etilgan materiallar tikilgan, tartib raqami qoʻyilgan, “Oʻzbekkoʻmir” OAJ rahbarining imzosi va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak, moliyaviy hujjatlar esa “Oʻzbekkoʻmir” OAJ rahbari va bosh buxgalteri tomonidan birgalikda imzolangan boʻlishi kerak;
hujjatlar oldingi toʻrt chorak va oldingi kalendar yil uchun taqdim etiladi;
asoslashda maʼlumotlar bir yil hisobiga koʻrsatiladi.
7. “Oʻzbekkoʻmir” OAJ tomonidan koʻmirning chakana narxini shakllantirish boʻyicha asoslantiruvchi hujjatlar toʻliq hajmda taqdim etilmagan yoki iqtisodiy asoslanmagan hisobotlar taqdim etilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi taqdim qilingan hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida aniqlangan kamchiliklarni yozma bayon etgan (tushuntirgan) holda qaytaradi.
Hujjatni takroran koʻrib chiqish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan arizachiga avval yozma ravishda qayd etilmagan yangi eʼtirozlar bildirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. “Oʻzbekkoʻmir” OAJ tomonidan taqdim qilingan mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlarni toʻliq hajmda olgandan keyin oʻn kun muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻmirning chakana narxini belgilashga majbur. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qabul qilgan qarori toʻgʻrisida “Oʻzbekkoʻmir” OAJni yozma ravishda xabardor qiladi.
9. “Oʻzbekkoʻmir” OAJ, Markazlar va isteʼmolchilar bilan oʻzaro hisob-kitoblar tartibi va koʻmirni yetkazib berish muddatlari qonunchilikka muvofiq tuzilgan shartnomalarga asosan belgilanadi. Bunda, Markazlar tomonidan koʻmirni sotish “Oʻzbekkoʻmir” OAJ bilan tuzilgan vositachilik shartnomasiga asosan amalga oshiriladi. Markazlarning xarajatlarini qoplash va rentabellik darajasini taʼminlash uchun zarur boʻlgan vositachilik haqi “Oʻzbekkoʻmir” OAJ tomonidan belgilanadi va vositachilik shartnomasida koʻrsatiladi.
III. “Oʻzbekkoʻmir” OAJ va Markazlar oʻrtasida hisob-kitoblarni amalga oshirish
10. Markazlarning talabnomalariga asosan “Oʻzbekkoʻmir” OAJ koʻmirni yuklashda Markazlarning koʻmir omborlari joylashgan joyiga koʻmirni temir yoʻl va/yoki avtomobil transporti orqali yetkazib berishni taʼminlaydi.
11. Koʻmirni Markazlar orqali aholiga sotish fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
Markazlar toʻlovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qiluvchi hisob-kitob terminallari bilan taʼminlangan boʻlishlari lozim.
12. Markazlar koʻmir sotishdan tushgan tushumni uch bank kunidan kechiktirmasdan vositachilik shartnomasida belgilangan vositachilik haqi summasini ushlab qolgan holda “Oʻzbekkoʻmir” OAJning hisob-raqamiga oʻtkazib berishlari lozim.
13. Koʻmirni sotishda hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasining 2007-yil 29-dekabrdagi 111, 2007-66-son (roʻyxat raqami 1760, 2008-yil 21-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 3-4-son, 15-modda) “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Hisobvaraq-fakturalar hisobini yuritish va toʻldirish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Yakuniy qoidalar
14. Koʻmirni Markazlarga yetkazib berish “Oʻzbekkoʻmir” OAJ va Markazlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga haqqoniy, aniq va asoslangan hujjatlarni taqdim etish boʻyicha javobgarlik “Oʻzbekkoʻmir” OAJ va “Oʻzbekenergo” DAK zimmalariga yuklatiladi.
16. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar, qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
17. Mazkur Nizom “Oʻzbekenergo” DAK va “Oʻzbekkoʻmir” OAJ bilan kelishilgan.
“Oʻzbekenergo” DAK Boshqaruv raisi B. TEShABAYEV
2012-yil 10-sentabr,
“Oʻzbekkoʻmir” OAJ Bosh direktori M. QOSIMOV
2012-yil 10-sentabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 39-son, 454-modda)