Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QORAQALPOGʻISTON RESPUBLIKASI, BUXORO VA XORAZM VILOYATLARIDA AHOLIGA VA BYDJET TASHKILOTLARIGA KOʻMIR SOTISHNI TARTIBGA SOLISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari isteʼmolchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-iyuldagi 177-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 341-modda)
2. Belgilansinki:
“Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining 2,1 mlrd soʻm miqdoridagi oʻz mablagʻlari va “Xalq banki” davlat-aksiyadorlik tijorat bankining 1 yil imtiyozli davrni qoʻshgan holda 3 yilgacha muddatga yillik 16 foizli stavka bilan beriladigan 7,4 mlrd soʻm miqdoridagi kredit mablagʻlari hududiy distribyutorlik markazlarini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi;
hududiy distribyutorlik markazlarini tashkil etish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish “Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining loyihalash ishlari boshqarmasi tomonidan 2012-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda amalga oshiriladi;
“Oʻzbekkoʻmir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining “Koʻmir kon qurilish” unitar korxonasi hududiy distribyutorlik markazlarini qurish va jihozlash boʻyicha bosh pudratchi hisoblanadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro va Xorazm viloyatlari hokimliklari hududiy distribyutorlik markazlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratilishini bir oy muddatda taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-iyuldagi 177-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 341-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hududiy distribyutorlik markazlari orqali sotiladigan koʻmirning hajmlari va narxlari yuzasidan nazorat va monitoringni belgilangan tartibda amalga oshirsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabrdagi 1014-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I.Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-fevral,
58-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 8-9-son, 87-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; 2015-y., 26-son, 341-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)