Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OZIQ-OVQAT MAHSULOTINING SIFATI VA XAVFSIZLIGI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonun aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsuloti bilan taʼminlashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
Ushbu Qonunning talablari atir-upa, pardoz-andoz mollari va tamaki mahsulotlariga ham taalluqlidir.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bolalarbop oziq-ovqat mahsulotlari — bolalar organizmining (uch yoshgacha) fiziologik xususiyatlariga javob beradigan maxsus oziq-ovqat mahsulotlari;
Oldingi tahrirga qarang.
sanitariya-epidemiologik xulosa — oziq-ovqat mahsulotining va uni tayyorlash hamda undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalarning sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat;
(2-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar — oziq-ovqat xom ashyosini qayta ishlash yoʻli bilan yoki sunʼiy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga isteʼmol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qoʻshishga moʻljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan oʻxshaydigan biologik faol moddalarning konsentratlari;
oziq-ovqatlar — oziq-ovqat xom ashyosidan tayyorlangan hamda natural yoki qayta ishlangan holida isteʼmol qilinadigan mahsulotlar;
oziq-ovqat mahsuloti — oziq-ovqat xom ashyosi, (shu jumladan etil spirti), oziq-ovqatlar (shu jumladan alkogolli ichimliklar) va ularning tarkibiy qismlari, oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqatlarga tegib turadigan moddalar, materiallar, yordamchi va qadoqlash materiallari hamda ulardan tayyorlangan buyumlar birga;
oziq-ovqat mahsuloti muomalasi — oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyat;
oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilish — oziq-ovqat mahsulotini maʼlum shartlar bilan sotish, yetkazib berish va topshirishning boshqa shakllari;
oziq-ovqat mahsulotining sifati — oziq-ovqat mahsulotining isteʼmol xossalarini belgilab beradigan va uning odamlar hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizligini taʼminlaydigan mezonlar majmui;
Oldingi tahrirga qarang.
oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi — oziq-ovqat mahsulotining sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga mosligi;
(2-moddaning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
oziq-ovqat xom ashyosi — oziq-ovqatlar ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan oʻsimlik, hayvonot, mikrobiologiya, shuningdek minerallar obyektlari, suv;
oziq-ovqatlarni hamda oziq-ovqat xom ashyosini taqqoslash — oziq-ovqatlar hamda oziq-ovqat xom ashyosi aniq turdagi va nomdagi mahsulotga doir normativ va (yoki) texnikaviy hujjatda belgilab qoʻyilgan muhim mezonlarga mos kelishini aniqlash;
oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati (foydalanish muddati) — bu muddat davomida oziq-ovqat mahsulotini saqlash, tashish, realizatsiya qilish chogʻida xavfsizlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilgan taqdirda u foydalanishga yaroqli boʻlib turadi, bu muddat tamom boʻlganidan keyin esa mahsulot odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfli boʻlib qolishi mumkin;
oziq-ovqat mahsulotini qalbakilashtirish — oziq-ovqat xom ashyosining hamda oziq-ovqatlarning xossalari va mezonlarini ataylab oʻzgartirish yoki ularni almashtirib qoʻyish;
oziq-ovqat qoʻshimchalari — oziq-ovqatlarga belgilangan xossalarni baxsh etish va (yoki) ularni saqlab qolish maqsadida ataylab qoʻshiladigan tabiiy holdagi yoki sintez qilingan moddalar, birikmalar;
toksikologiya-gigiyena ekspertizasi — oziq-ovqat mahsuloti ustida amalga oshiriladigan bir turkum laboratoriya tadqiqotlari boʻlib, ular mavjud normalar va qoidalar bilan qiyoslashga moʻljallangan boʻladi;
qadoqlash materiallari, yordamchi materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar — oziq-ovqat mahsulotini muomala jarayonida tashqi taʼsirlardan himoyalash maqsadida ishlatiladigan vositalar.
Oldingi tahrirga qarang.
energetik ichimliklar — tarkibida 150 mg/l.dan ortiq miqdorda kofein va (yoki) inson organizmiga tonusni oʻzgartiruvchi taʼsir koʻrsatish uchun yetarli miqdordagi boshqa komponentlar mavjud boʻlgan ichimliklar.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 9-yanvardagi OʻRQ-514-sonli Qonuniga asosan oʻn sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2019-y., 03/19/514/2450-son — 2019-yil 11-apreldan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonundan va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham huquqiy jihatdan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilab qoʻyilgan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi
Oldingi tahrirga qarang.
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda qonunchilik bilan belgilanadigan boshqa organlar (bundan keyin matnda davlat nazorati organlari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(4-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 17-yanvardagi OʻRQ-898-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
davlat tomonidan normalash;
oziq-ovqat mahsulotini hamda uni tayyorlashga moʻljallangan va foydalanganda oziq-ovqatga tegib turadigan uskunalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
oziq-ovqat mahsulotini sertifikatlash;
davlat nazorati va tekshiruvi;
oziq-ovqat mahsulotining sifatini va xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini rejalashtirish.
5-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat tomonidan normalash
Oldingi tahrirga qarang.
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasida davlat tomonidan normalashtirish oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga, uni ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, transportda tashish hamda realizatsiya qilish shart-sharoitlariga doir talablarni oʻz ichiga olgan texnik reglamentlarni, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini, fitosanitariya normalarini, qoidalarini hamda gigiyena normativlarini, milliy standartlarni, texnik shart-sharoitlarni (bundan buyon matnda normalar va qoidalar deb yuritiladi) belgilash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar davlat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi va ular oziq-ovqat mahsuloti muomalasi sohasida ish olib borayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-modda. Oziq-ovqat mahsulotini hamda uni tayyorlashga moʻljallangan va foydalanganda oziq-ovqatga tegib turadigan uskunalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oziq-ovqat mahsuloti hamda uni tayyorlashga moʻljallangan va foydalanganda oziq-ovqatga tegib turadigan uskunalar oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalar talablariga mosligi baholanganidan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin ishlab chiqarilishi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi, realizatsiya qilinishi va ishlatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan va uning hududiga olib kirilayotgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga ruxsat berilgan oziq-ovqat mahsulotini va uskunalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanitariya-epidemiologik xulosa berilayotganda davlat sanitariya nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi OʻRQ-429-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 16-son, 265-modda)
Quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
oziq-ovqat mahsulotining har xil turlarini bir xil nomda davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
ayni bir turdagi oziq-ovqat mahsulotini bir xil yoki har xil nomlar bilan qayta-qayta roʻyxatdan oʻtkazish;
tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan oziq-ovqatlarni, ovqatga qoʻshiladigan oziq-ovqat qoʻshimchalari, yembop qoʻshimchalar va biologik faol qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish.
7-modda. Oziq-ovqat mahsulotini, uni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va u bilan savdo qilishga moʻljallangan texnologiyalar, uskunalar, buyumlar va vositalarni sertifikatlash
Oziq-ovqat mahsuloti, uni ishlab chiqarish, saqlash, tashish va u bilan savdo qilishga moʻljallangan texnologiyalar, uskunalar, buyumlar va vositalar ularning normalar va qoidalarga mosligini tasdiqlash maqsadida sertifikatlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar roʻyxati hamda sertifikatlashdan oʻtkazish tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(7-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini nazorat qilish va tekshirish
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi ushbu Qonunning 4-moddasida koʻrsatilgan davlat nazorati organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida nazorat qilinadi va tekshiriladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan normalar va qoidalarga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini taʼminlaydilar. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish tartibi oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalarga, normativ hamda texnologiya hujjatlari talablariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslar bajaradigan ishlar va xizmatlarning xususiyatlarini va shart-sharoitlarini hisobga olgan holda belgilanadi hamda tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishiladi.
Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar normalar va qoidalarning talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda ishlarni amalga oshirishni va xizmatlar koʻrsatishni aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib qoʻyishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlashga doir normalar va qoidalar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.
(8-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-avgustdagi OʻRQ-559-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son)
9-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini rejalashtirish
Oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarishni, oziq-ovqat mollari bilan savdo qilishni, umumiy ovqatlanish tizimini rivojlantirishning respublika va mintaqaviy maqsadli dasturlarini ishlab chiqish chogʻida oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash tadbirlari nazarda tutilmogʻi kerak.
10-modda. Yangi oziq-ovqat mahsulotini yaratish va ishlab chiqarish
Yuridik va jismoniy shaxslar yangi oziq-ovqat mahsulotini yaratish va ishlab chiqarish yoki uni takomillashtirish chogʻida, shuningdek ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqish chogʻida oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini, yaroqlilik muddatini, sifat koʻrsatkichlarini va nazorat qilish usullarini asoslab berishlari shart.
Oziq-ovqat mahsulotining sifat koʻrsatkichlari, uning xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar majburiy boʻlib, ushbu mahsulotning normativ hujjatlariga kiritiladi.
Sifati va xavfsizligi muayyan vaqt oʻtganidan keyin oʻzgarishi hamda odamlarning hayoti va salomatligiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻladigan oziq-ovqat mahsulotiga yaroqlilik muddati belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yangi oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishga, yangi texnologiya jarayonlarini, uskunalarni joriy etishga ular toksikologiya-gigiyena ekspertizasidan, hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat xom ashyosi esa davlat veterinariya xizmati tomonidan oʻtkaziladigan veterinariya va veterinariya-sanitariya ekspertizasidan keyin va (yoki) mahsulot belgilangan qoidalar va normalarga mosligi haqida davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlarning sanitariya-epidemiologik xulosasi, davlat veterinariya xizmatining veterinariya xulosasi olinganidan hamda oziq-ovqat mahsuloti davlat reyestriga kiritilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
(10-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
11-modda. Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish
Oziq-ovqat mahsulotini yuridik va jismoniy shaxslar normalar va qoidalar talablariga muvofiq ishlab chiqaradilar.
Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarishda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan oziq-ovqat xom ashyosidan, oziq-ovqat qoʻshimchalardan, qadoqlash va yordamchi materiallardan va ulardan ishlangan buyumlardan, uskunalardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Tarkibida giyohvandlik moddalari boʻlgan oziq-ovqat qoʻshimchalari, yembop qoʻshimchalar va biologik faol qoʻshimchalarni ishlatish taqiqlanadi.
Ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotining sifati belgilangan normalar va qoidalar talablariga mos boʻlishi ushbu Qonun 7-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mahsulotlarning sifati esa sertifikat bilan ham tasdiqlanishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Hayvonlardan olinadigan oziq-ovqat xom ashyosini yetishtirish chogʻida veterinariya dori vositalarini va ozuqabop qoʻshimchalarni qoʻllashga ular belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
(11-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Oʻsimliklardan olinadigan oziq-ovqat xom ashyosini yetishtirish chogʻida zaharli kimyoviy moddalar va mineral oʻgʻitlarni qoʻllanishiga ular toksikologiya-gigiyena ekspertizasidan oʻtkazilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
12-modda. Oziq-ovqatlarni qadoqlash, oʻrash va tamgʻalash
Oldingi tahrirga qarang.
Oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, oʻralgan (barcha muomala bosqichlarida sifati va oziqlik qimmati saqlanib qolishini taʼminlaydigan) va qonunchilikka muvofiq tamgʻalangan holda chiqarishlari shart.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qadoqlangan va oʻralgan oziq-ovqatlar, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, oziq-ovqat qoʻshimchalari yorliqlarga (suqma varaqalarga) ega boʻlishi, ularda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
oziq-ovqatning nomi;
oziq-ovqatni nimaga moʻljallanganligi (bolalarga maxsus moʻljallangan mahsulotlar va parhez taomlar uchun);
tayyorlovchining nomi;
tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);
oziq-ovqat tarkibiga kirgan narsalar, shu jumladan oziq-ovqat qoʻshimchalarining nomi;
oziqlik qimmati, navi;
saqlash shart-sharoitlari;
tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;
tayyorlash usuli (masalliqlar hamda maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
ogʻirligi;
foydalanish usuli (biologik faol qoʻshimchalar: oziq-ovqat qoʻshimchalari, maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
muvofiqlik belgisi (mahsulotini muvofiqlik belgisi bilan tamgʻalash huquqini beradigan litsenziyasi bor korxonalar uchun);
normativ yoki texnikaviy hujjatlarning nomerlari.
13-modda. Oziq-ovqatlarni saqlash va tashish
Oziq-ovqatlarni saqlaydigan va tashiydigan yuridik va jismoniy shaxslar normalar va qoidalarga rioya etishlari, oziq-ovqat sifati saqlanishini va xavfsizligini taʼminlashlari shart.
14-modda. Oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilish
Majburiy sertifikatlanadigan oziq-ovqat mahsuloti yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini tasdiqlaydigan moslik sertifikati yoki muvofiqlik belgisi boʻlgan taqdirda realizatsiya qilinadi.
Oziq-ovqat mahsulotini chakana sotish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Oziq-ovqat mahsuloti bilan savdo qilishga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shu maqsadlar uchun ajratilgan joylarda yoʻl qoʻyiladi.
Quyidagi hollarda oziq-ovqat mahsulotini realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi:
mahsulot sifati belgilangan normalar va qoidalar talablariga muvofiq boʻlmasa, majburiy sertifikatlanadigan mahsulotlar uchun esa moslik sertifikati boʻlmasa;
saqlash va realizatsiya qilish uchun tegishli sharoit boʻlmasa;
yaroqlilik muddati tugagan boʻlsa;
mahsulot qalbakilashtirilgan boʻlsa;
mahsulotlarni taqqoslash mumkin boʻlmasa.
Oldingi tahrirga qarang.
Energetik ichimliklarning oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(14-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 9-yanvardagi OʻRQ-514-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2019-y., 03/19/514/2450-son — 2019-yil 11-apreldan kuchga kiradi)
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oziq-ovqat mahsulotini olib kirish
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsuloti ushbu Qonunda koʻrsatilgan normalar va qoidalarning talablariga muvofiq boʻlishi shart.
Chetdan olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotini yetkazib beruvchi uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ishlab chiqaruvchining va eksport qiluvchi mamlakat maxsus vakil qilgan organning ushbu mahsulot xavfsiz ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarini, tegishli ekspertiza oʻtkazish zarur boʻlganida esa oziq-ovqat mahsulotining namunalarini taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Chetdan olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsuloti, texnologiyalar va uskunalar qonunchilikka muvofiq majburiy sertifikatlanishi lozim.
(15-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsuloti sifati va xavfsizligining normalar va qoidalariga mosligi davlat nazorati organlari tomonidan bojxona organlari bilan birgalikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
16-modda. Oziq-ovqat mahsulotini olib qoʻyish
Oldingi tahrirga qarang.
Odamlar hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan oziq-ovqat mahsuloti tegishli davlat nazorati organlarining qaroriga muvofiq qonunchilikda belgilangan tartibda olib qoʻyilishi kerak.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
17-modda. Qoidalar va normalarga mos kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish hamda uni yoʻq qilib tashlash
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yaroqlilik muddati oʻtgan, sifatsizligi belgi berib turgan, taqqoslash va ishlab chiqaruvchisini aniqlash mumkin boʻlmagan, shuningdek sanitariya-gigiyena ekspertizasi, laboratoriya tekshiruvlari va (yoki) veterinariya, veterinariya-sanitariya ekspertizasi va sertifikatlashtirish sinovlari natijalariga koʻra davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlari tomonidan ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilish va realizatsiya qilinishdan olib tashlanadi, u belgilangan maqsadda ishlatilmasligi hamda qayta ishlanishi yoki yoʻq qilib tashlanishi kerak.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Oziq-ovqat mahsulotini qayta ishlash yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari uchun egasi tomonidan tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishib olinadi.
Oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish (uni qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash uning egasi tomonidan yoki mahsulot egasi shu ishlarni bajarishni shartnoma boʻyicha topshiradigan tashkilotlar tomonidan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga davlat hokimiyati mahalliy organlarining, davlat nazorati organlarining, soliq organlarining va jamoatchilikning vakillari kiradi.
Oziq-ovqat mahsuloti hayvonlarga yem sifatida ishlatilgunicha yoki yoʻq qilib tashlagunicha alohida joyda (rezervuarda), alohida hisobda, miqdorini, ishlatish (qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari aniq koʻrsatilgan holda saqlanishi kerak. Bunday mahsulotning but saqlanishi uchun uning egasi javobgar boʻladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ekspertiza qilish, yoʻq qilib tashlash usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish va yoʻq qilib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni uning egasi toʻlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oziq-ovqat mahsulotining egasi davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlariga ushbu mahsulotdan foydalanilganligi yoki u yoʻq qilib tashlanganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani taqdim etadi.
(17-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
18-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(18-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 30-avgust,
483-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 239-modda; 2003-y., 5-son, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 113-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 16-son, 265-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son; 10.01.2019-y., 03/19/514/2450-son, 30.08.2019-y., 03/19/559/3670-son, 13.11.2019-y., 03/19/583/4016-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 27.04.2021-y., 03/21/685/0373-son; 25.05.2022-y., 03/22/771/0448-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 18.01.2024-y., 03/24/898/0046-son)